Demokratiyaning ilg‘or mexanizmi

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgani yurtimizning ilg‘or demokratik mamlakat sifatidagi yuksalishida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnomasida demokratiyaning ilg‘or mexanizmi sifatida jamoa bo‘lib elektron murojaat kiritish tartibini joriy etishni taklif etgandi. Ana shu g‘oya asosida yaratilgan “Mening fikrim” portalining ish boshlaganiga hali uch oy ham to‘lmasdan mamlakatimiz fuqarolarining davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini emin-erkin ifoda eta oladigan muhim maydoniga aylanib ulgirdi.
Portal orqali Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Ya’ni, har bir fuqaro o‘zining konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, mamlakat qonunchilik tizimini rivojlantirish borasida o‘z fikrlarini bildirishi uchun zamonaviy vositaga ega bo‘ldi.
“Mening fikrim” portali kontseptsiyasini ishlab chiqishda o‘ndan ziyod rivojlangan davlatning tajribasi o‘rganildi. Ushbu loyiha Konrad Adenauer fondi bilan hamkorlikda germaniyalik ekspertlar tomonidan xalqaro ekspertizadan o‘tkazildi va taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu bilan birga Oliy Majlis a’zolari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari hamda NNTlar vakillari ishtirokida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

TILI — XALQCHIL, TOPISH — QULAY

Qonun yaratish jarayonida fuqarolarning faolligini oshirishga qaratilgan ushbu zamonaviy portal dizayni sodda. Undagi har bir bo‘lim alohida joylashtirilgan, yaxlit kompozitsion yechimga ega. Internetdan ko‘p ham foydalanavermaydigan odam uchun, ayniqsa, navigatsiyasi qulay, xalqchil.
Istalgan fuqaro Yagona identifikatsiya tizimida (id.gov.uz) o‘z shaxsini tasdiqlaganidan so‘ng, “Mening fikrim” veb-portalining bosh sahifasidagi maxsus tugmani bosib, tegishli joyga murojaat matnini kiritadi.
Ushbu murojaatni Yagona identifikatsiya tizimi (id.gov.uz) orqali o‘z shaxsini tasdiqlagan foydalanuvchilardan kamida 5 nafari qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi. Ayni maqsadda har qanday murojaat foydalanuvchilar e’tiboriga havola qilinadi.
Agar murojaat yetarli miqdorda ovoz to‘plasa, u Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan ekspertizaga qabul qilinadi. Bu yerdagi ekspertlar murojaatni o‘rnatilgan talablarga muvofiqligini tekshirish uchun ko‘rib chiqadilar.
Institut ekspertlari murojaatga ijobiy xulosa berganidan so‘ng bir kun ichida murojaat umumiy ovoz berish uchun «Mening fikrim» veb-portalida e’lon qilinadi.
Fuqaro tomonidan berilgan murojaatga umumiy ovoz berish e’lon qilinganidan so‘ng 90 kun davomida amalga oshiriladi. Oliy Majlis palatalariga yuborilgan murojaat fuqarolarning kamida 10 000 ovozini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yuborilgan murojaat kamida 5 000 ovozni, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yuborilgan murojaat 1 000 ovozni to‘plashi talab etiladi.
Yetarli miqdordagi ovozlarni to‘plagan murojaat Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan keyingi kundan kechiktirilmay vakolatli davlat organlariga yuboriladi.
Oliy Majlis palatalari, mahalliy xalq deputatlari Kengashlari tomonidan murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinadi va «Mening fikrim» veb-portalida joylashtiriladi. Murojaatni ko‘rib chiqish va u bo‘yicha qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmasligi kerak.
Veb-portal Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator “UZINFOCOM” — mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan.

RAQAMLAR SO‘ZLAGANDA

O‘tgan qisqa davr — joriy yilning iyul oyi holatiga ko‘ra, mazkur platformaga 1210 jamoaviy murojaat kelgan.
Ularni sohalar bo‘yicha tasniflaganda eng katta raqam fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalariga tegishli — 19 ta.
Murojaatlar haqida foydalanuvchilar 16 422 izoh yozib qoldirishgan. Ayni paytda ulardan 97 tasi ovoz berish jarayonida. 124 tasi o‘z yo‘nalishlariga ko‘ra tegishli mutaxassislar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Eng muhimi, ushbu murojaatlarning oltitasi bugungi kunda qonuniy asosda qo‘llab-quvvatlash jarayonida turibdi.

TASHKILIY-HUQUQIY ASOS

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatida qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, jumladan, internet tarmog‘ida maxsus “maydon”lar yaratish zarurligini alohida ta’kidlangan edi.
Shulardan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 34-bandida “Mening fikrim” maxsus veb-portali orqali O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat qilish tartibini joriy etish belgilandi.
“Mening fikrim” veb-portali mamlakatimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligini, qabul qilinayotgan qonunlarning hayotiy va samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 ODAMLAR NIMA DEYDI?

Respublikamizda faoliyat yuritayotgan aloqa operatorlariga SMS orqali reklama tarqatishni man qilish haqida fuqaro A.Jumaniyozov muallifligidagi jamoaviy murojaatda xususan shunday deyilgan:
“Taklifimiz, mobil aloqa operatorlarining SMSlarini tartibga solish kerak. Deyarli barchamiz qo‘l telefonlaridan foydalanamiz. Bunda har kim o‘z zaruriyatiga qarab aloqa uchun mablag‘ sarflaydi. Ko‘pchilik (SMSlar) buyruq tarzida bo‘lgani uchun yozilgan raqamlarga terib ham ko‘rishadi. Oqibati esa ma’lum — kontent provayderi abonentning pulini quritadi”.

Fuqaro R.Ahmedov esa O‘zbekistonda onlayn oliy ta’lim tizimini joriy etish taklifini ilgari surgan:
“Har yili oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish talab darajasidan ancha yuqori bo‘lishi bu sohada qo‘shimcha tadbirlarni amalga oshirish lozimligini anglatmoqda. Xorijiy onlayn ta’lim platformalari bo‘lmish — Coursera, Edx va UdaCity tizimlari kabi onlayn oliy ta’lim dasturini yaratishni taklif qilaman. Onlayn oliy ta’lim dasturi yagona sayt orqali talabalarni cheksiz qabul qiladi”.

Fuqaro J.Arslonov yosh oila chegarasini 30 dan 35 yoshgacha uzaytirish haqidagi taklif bilan murojaat qilgan:
“Yosh oila toifasi bizga ba’zi bir imkoniyatlar, jumladan, daromad solig‘i, kreditlar, uy-joy olish kabi munosabatlarda imtiyozlar taqdim etadi. Hozirgi kunda yoshlarimiz o‘rtasida turmush qurish kechikib bormoqda. Bunga sabab turmush qurayotgan yoshlar, eng avvalo, moliyaviy holatini yaxshilab, keyin turmush qurishni o‘ylaydi va bu turmush qurishni kechikishiga olib keladi, aksar hollarda 30 yoshdan keyin turmush qurayotganlar kam emas. Shuning uchun, yosh oila chegarasini 30 yoshdan 35 yoshga ko‘tarish taklifini bildiraman. Ushbu taklif amalga oshirilsa, yosh oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimida yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratiladi”.

I.Tillaboev maktab direktorlari saylovini joriy etishni taklif qildi:
“Maktab direktorlari maktab joylashgan hududda ta’lim va tarbiya uchun asosiy javobgar va mas’ul shaxslardan biri hisoblanadi. Ko‘p hollarda, garchi munosib bilim, tajriba va salohiyatga ega bo‘lmasa ham maktab direktorligi lavozimiga tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari o‘zlari istagan shaxslarni tayinlaganiga guvoh bo‘lamiz. Bu albatta, farzandlarimizning tarbiyasida o‘zining salbiy natijasini ko‘rsatmay qolmaydi. Buning oldini olish uchun Xalq ta’limi vazirligi huzurida ko‘p yillik tajribaga ega, halol, faxrli pedagoglardan iborat tarkibda Kengash tuzish lozim. Bu, o‘z navbatida, Kengash tomonidan nomzodlarni ko‘rib chiqish va direktorlikka munosib nomzodni saylash imkoniyatini yaratadi”.

Ha, “Mening fikrim” portali omma orasidagi fikrlar maydoniga aylanishga ulgurdi. U shuningdek, allaqachon ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga xos aks-sado bera boshlagani ham juda quvonarli holdir.
Qayd etilgan murojaatlarning aksariyati nafaqat portalning o‘zida, balki qator mashhur ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan “Facebook”da keng bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, haqiqatan ham berilayotgan takliflar bugungi kunda xalqimizni o‘ylantirayotgan masalalar sirasiga kiradi.

EKSPERTLAR FIKRI

“Hurriyat” gazetasi “Mening fikrim” portalining hozirgi faoliyati bo‘yicha mutaxassislar fikrini bilish uchun ularga murojaat qilib, quyidagi javoblarni oldi.
Rasul KUSHYERBAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati:
— Har bir fuqaro jamiyatdagi muayyan o‘zgarishlarga nisbatan o‘z fikri va qarashlarini erkin bildirish bilan birga uni amaliyotga tatbiq qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi demokratiyaning muhim ko‘rinishlaridandir. Zamonaviy axborot texnologiyalarini davlat va jamiyat boshqaruvi sohalariga keng tatbiq etish mana shunday ulkan qulayliklarni yaratish imkonini bermoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan amaliyotga tatbiq qilinayotgan “Mening fikrim” platformasi fuqarolarning qonun hujjatlarini o‘zgartirish yoki yangi tashabbuslari, g‘oyalarini bilvosita emas, balki bevosita amalga oshirish, jamoatchilikning bunga aniq munosabatini bildirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilayotir. Tashabbuslarni ilgari surish, takliflar bildirish va amaliyotga joriy etishda platforma doirasida hali ayrim kamchiliklar bo‘lishi tabiiy. Biroq, muhimi bunday noyob institutni tashkil etish yo‘lidagi dastlabki qadamlar tashlangani. O‘ylaymanki, vaqt o‘tgan sayin platforma takomillashib boraveradi.

Avazbek MADAMINOV,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i:
— “Mening fikrim” portalining ishga tushirilishi har bir shaxsning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan belgilangan siyosiy huquqlarining kafolati yanada mustahkamlanganligidan dalolatdir.
Butun dunyoga mashhur “Change.org” onlayn-platformasi singari bu portalni ham yanada takomillashtirish va ommalashtirish lozim, deb o‘ylayman. Yangi portal imkoniyatidan nafaqat mamlakatimizda, balki chet ellarda tahsil olayotgan, yashayotgan yoki ishlayotgan vatandoshlarimizning ham oson va qulay foydalana olishlari uchun sharoitlar yaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Shu o‘rinda taklifim bor edi. Masalan, moderatorlik funktsiyasi soddalashtirilsa yoki umuman olib tashlansa, bunday holat mazkur onlayn-platforma faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, u hozirgidan ham ommalashgan bo‘lar edi.

Ta’kidlash kerakki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Mening fikrim» veb-portali orqali kelib tushgan jamoaviy murojaatni birinchi marta ko‘rib chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining matbuot xizmatiga tayanib «xs.uz» xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, portalda joriy yilning iyun oyida fuqaro N.Makarenko tomonidan «Qishloq va shahar hududlarida daraxtlarni muhofaza qilish tizimini isloh etish to‘g‘risida»gi elektron jamoaviy murojaat joylashtirilgan. Murojaat parlamentimiz tomonidan tasdiqlangan Nizom talablari asosida 10 ming ovoz to‘plagandan so‘ng, ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Mazkur murojaatda qishloq va shaharlarda daraxtlarni noqonuniy kesishning oldini olish, kesishga ruxsatnomalar berish tartibini takomillashtirish, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq takliflar bildirilgan.
«Mening fikrim» veb-portalida ko‘tarilgan ushbu masala ilk bor mamlakatimiz parlamenti — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2018 yil 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritilib, deputatlar tomonidan atroflicha muhokama etildi.
Jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi unda ko‘tarilgan masalalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tegishli qaror qabul qildi.

Beruniy ALIMOV
sharhlovchi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.