Davlat xizmatlari: ishonch mustahkamlanmoqda. Endi “soqqang”ga ham, okangga ham ishonma!

Shunday toifa bor. Har doim, hamma narsadan norozi. Issiq ham yoqmaydi, sovuq ham. Ko‘nglini topish qiyin. Ana shunday tanishim to‘ng‘illab qoldi. Emishki, o‘g‘ilchasini bog‘chaga joylashtirish uchun tuman davlat xizmatlari agentligiga murojaat qilgan ekan, navbatga yozib qo‘yishibdi. Sababi — bo‘sh o‘rin yo‘q.

“Ilgari yaxshi edi, — deydi u. — “Soqqasi”ni bersang, ish oson bitardi. Endi kutishga to‘g‘ri keladi”.
Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva aqidasi bilan yashovchi, odiiy ma’lumotnomani ham choychaqa evaziga olishga o‘rgangan bunday odamlar kam emas. Tanish-bilishi yoki pulining qudratiga ishonib, “bir tepsa, istalgan eshikni ocha oladigan” olg‘irlar sabab odamlar davlat tashkilotlariga ishonmay qo‘ygandi.
Inson tug‘ilganidan, to umrining oxiriga qadar turli xizmatlarga ehtiyojda yashaydi. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomami, pasport yoki talabalik bileti — barini olish uchun, albatta, davlat idoralariga ishi tushadi. Biroq ayrim idoralarda tomir otgan hujjatbozlik, sansolarlik, poraxo‘rlik sabab hammaning ham ularga borishga yuragi dosh bermaydi. Bir hujjatni olish uchun o‘n eshikka kirib chiqish, mulozamat ko‘rsatish, mas’ullarning qosh-qovog‘iga qarash, zumda hal bo‘ladigan masalani haftalab, oylab kutishga majbur edi. Bu orada sarf bo‘lgan mablag‘u quvvatni aytmay. Xo‘sh, bugun-chi? Bugun ham odamlar o‘shanday asabiy, eshikma-eshik, navbatma-navbat yuribdimi?
Yo‘q, bugun bari shiddat bilan o‘zgarmoqda. Xalqdan uzilib qolgan idoralarga nisbatan aholida qayta ishonch uyg‘onmoqda.
Chunki jamiyatda adolatni tiklashni maqsad qilgan katta bir tuzilma — Davlat xizmatlari agentligi va uning joylardagi markazlari ishga tushdi.
Keling, boshidan boshlaylik. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida Xalq qabulxonasiga bir yilda bir yarim million murojaat tushganini va xalq qabulxonalari asosida tezkor davlat xizmatlari agentligi tashkil etish zarurligini aytib o‘tdi. Qisqa muddat ichida ana shunday agentlik tashkil etildi.
Joylarda ish boshlagan xalq manfaatlarining yangicha ifodachisi bo‘lmish davlat xizmatlar agentliklari sabab bugun sansalorlik, o‘zibo‘larchilik, ko‘zbo‘yamachilik, korruptsiya kabi illatlarga chek qo‘yilmoqda.
— Ilgarilari “yagona darcha” markazlari faoliyat yuritardi. Tan olish kerak, ko‘pchilik ularning faoliyati haqida tushunchaga ega emasdi va darchalar ko‘proq tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilardi. Ammo joriy yilning 1 yanvaridan boshlab ularning o‘rniga tashkil etilgan davlat xizmatlari agentligi bugungi kunda barcha davlat xizmatlarini o‘zida jamlashga va aholining og‘irini yengil qilishga harakat qilmoqda, — deydi O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi boshqarmasi boshlig‘i Mahmud Abdijoliev. — O‘tgan yili markazlar orqali ko‘rsatilgan xizmat turlari o‘ttiz ikkitani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ularning soni yuztaga yetdi. Bu o‘tgan davr mobaynida xizmat turlari uch barovar oshirildi, degani. 1 iyundan o‘ta dolzarb 31 xizmat ro‘yxati belgilandi va ayni kunlarda joylarda sinov tariqasida qo‘llanilmoqda.
Yangi agentlik tuzilmasi barcha davlat idoralari va Adliya vazirligi huzuridagi «Yagona darcha» markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni o‘zida birlashtiradi.
Ayni kunlarda mamlakatimizda Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va 201ta Davlat xizmatlari markazi faoliyat yuritmoqda. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar turining ortayotgani bois mazkur markazlarga odamlar murojaati keskin ortayotir. Jumladan, o‘tgan yili markazlarga kunlik aholi murojaati o‘rtacha 20-40 kishini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda mazkur ko‘rsatkich 350-600 nafarga yetgan. Raqamlar isbotini aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar darajasidan bilsa ham bo‘ladi. 2017 yili markazlar orqali jami 120 ming xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilning aprel-iyun oylarining o‘zida 1 mln 35 ming xizmat taqdim etilgan. Bugunga qadar eng ko‘p ko‘rsatilgan xizmatlar ro‘yxatining boshida elektron raqamli imzo berish, bolalarni davlat MTMlariga qabul qilish, fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish kabi davlat xizmatlari turibdi.
— Aholi kun sayin mazkur markazlar orqali istalgan muammosini oson hal etishga ishonayotgan bir mahalda, yangi, zamonaviy, innovatsion, keluvchilar uchun barcha qulayliklarga ega Davlat xizmatlari markazi binolarini tezroq qurish muhim ahamiyat kasb etmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori Halilillo To‘raxo‘jaev. — Bugun bu borada ham qizg‘in ish olib borilmoqda. Avvaliga Namangan shahri, keyinchalik Qo‘qonda barpo etilgan bo‘lsa. Endi Andijon, Samarqand, Nukus, Mirzacho‘l, Termiz va Toshkent shaharlarida ham Davlat xizmatlari markazlarining innovatsion binolarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etishga kirishildi. Joriy yilning oxiriga qadar ellikka yaqin zamonaviy va innovatsion bino ishga tushiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari (DXM) binolarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, binolarni barpo etishda investorlarga bir qator qulaylik va imtiyozlar taqdim etilmoqda. Xususan, investorlarga ma’qullangan namunaviy loyihalarga muvofiq binolarni va tegishli infratuzilmani qurish uchun, zarur yer uchastkalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bepul ajratilishi; tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlari uchun binolariga tutash qo‘shimcha ob’ektlarni qurish uchun yer uchastkalarining ajratilishi; 5 yil muddatga yer solig‘i va mulk solig‘i, yuridik shaxslarning foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etilishi hamda tijorat banklariga binolarni qurish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan birga 10 yil muddatga kreditlar berish ko‘zda tutilgan.
Afsuski, yaratilayotgan shuncha qulayliklarga qaramay, ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan idoralar ham yo‘q emas. Agentlik xodimlarining so‘zlariga qaraganda, agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida o‘n mingdan ortiq qonun buzilishlari aniqlangan. Ularning qariyb olti mingga yaqini hokimlik organlari tomonidan sodir etilgan. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, qurilish va kadastr idoralari hissasiga to‘g‘ri kelgan qonunbuzarliklar ham oz emas. Chindan, yangicha imkoniyatlar ayrim davlat organlariga yoqmasligi aniq. Boisi, hujjatbozlikdan charchagan, yugur-yugurdan sillasi qurigan xalq o‘z “xohishi” bilan kursidagilarning “og‘zini moylab”, ko‘nglini ovlashga o‘rganib qolgan edi. “Xo‘jayinlar”ning tegirmoni ham tinimsiz aylanardi. Endi-chi? Endi adolat kuchga kirib, shaffof, qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan paytda muammosini osongina hal etish mumkinligini anglagan xalq “akaxon”u “opaxon”larni yo‘qlamay qo‘ymoqda. “Yo‘qlovlar”ning kamayayotganidan tashvishga tushayotganlar esa tabiiyki, mazkur tizim faoliyatiga zimdan qarshilik ko‘rsatishga urinmoqda.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda DXA faoliyatidan norozi bir post qo‘yildi. Holat yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borgan davlat xizmati xodimlari ta’nalar asossiz ekanini aniqladi. Uni FHDYo mudirasi yozgan ekan.
— Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ish vazifasidan ozod etilgan shaxslar ham bo‘layotir, — deydi agentlik matbuot xizmati bo‘lim boshlig‘i Sevara Zokirova. — O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 23 iyulda qabul qilingan “Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga binoan (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 215(5) va 245(5) moddalari), vazifasiga sovuqqon munosabatda — arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etgan yoki davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini buzgan mansabdor shaxslar hamda davlat xizmatchilari javobgarlikka tortiladi. Boshqacha aytganda, mansabdor shaxslar va xizmatchilar eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi uchun sabab bo‘ladi. Kuni kecha Shayxontohur tumani hokimligi mas’ul xodimi davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzganligi uchun ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan ma’muriy jarimaga tortildi. U eng kam oylik ish haqining besh baravari, ya’ni 921 500 so‘m miqdorida jarima to‘ladi.
Shuningdek, joriy yil sinov tariqasida abiturientlar Xalq qabulxonalari huzaridagi Davlat xizmatlari markazlari orqali Toshkent Yuridik universitetiga hujjatlarini topshirdi. Buning uchun abiturientlardan pasport, o‘rta yoki o‘rta-maxsus ta’limni tasdiqlovchi hujjat va tibbiy ma’lumotnoma talab etildi. Hujjatning asl nusxasi egalariga qaytarildi. Aytish kerakki, mazkur xizmat vaqt va yo‘l xarajatlari, turar joy bilan bog‘liq tashvishlarga barham berdi va o‘zini oqladi. Shu bois kelgusi yildan boshlab barcha oliy o‘quv yurtlari abiturientlarning hujjatlarni topshirishi shahar va tumanlardagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Go‘zal MALIKOVA
“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.