Shubhali giyoh

Jurnalist Zubayda Zohidovaning “Hurriyat” gazetasining joriy yildagi 32-sonida e’lon qilingan “SARXONANING TUTUNI” maqolasida tungi klublardagi nazoratdan chiqa boshlagan ayanchli ahvol va mijozlarining ne ko‘ylarga tushayotgani mufassal yoritilgan. Xususan, “Ayrim ustasi farang tadbirkorlar chilimga tamaki bargidan tashqari shubhali giyohlarning yog‘idan ham” qo‘shishlari aytilgan. Aslini olganda, ayni xatar haqida gazeta ilgari ham bong urgan. Kaminaning “Tungi diskotekalar kimlar uchun?” (“Hurriyat”, 2012 yil 10 oktyabr) maqolasi bunga misol.

O‘zbekiston — dunyoviy mamlakat. Rivojlangan demokratik davlatlarda bo‘lgani kabi, bizda ham aholi va yurtimizga keladigan mehmonlarning ayrim qatlamlarini o‘ziga jalb etuvchi tungi dam olish maskanlariga, ehtimol, ehtiyoj bordir. Ammo barcha sohalarda bo‘lgani kabi, bu jabhada ham qat’iy tartib o‘rnatilishi darkor. Davlatga soliqlarni halol to‘lashdan to tungi muassasaga kirib-chiqish, iste’mol qilinayotgan taomlaru ichimliklargacha — barchasi mutaraqqiy mamlakatlardagi singari  nazoratda bo‘lmog‘i lozim.
Ayni paytda tanganing ikkinchi tomonini ham esdan chiqarmasligimiz shart. Tungi hayoti qaynoq mashhur shaharlarning axloqiy va madaniy tanazzulga yuz tutayotganini ahli dunyo ko‘rib turibdi. Ulardagi “gey-barlar”, “gey-klublar”, “gey-paradlar” kabi chirkin hodisotlar “Pochemu «ma’naviyat» pogubit Tashkent?”, deb g‘avg‘o ko‘tarayotgan jurnalist (gazeta.uz) uchun balki fojea emas, tabiiy holdir. Ammo aholisining asosiy qismi mo‘min-musulmon O‘zbekistonga, uning “Islom madaniyatining poytaxti” degan ulug‘ bir rutbaga sazovor bosh kenti — Toshkent shahriga aslo yarashmaydi.
Afsuski, maqola muallifi janob Nikita Makarenkoning negadir yurtimizda bo‘y ko‘rsatayotgan ma’naviy yuksalishlarga, umuman, ma’naviyatga toqati yo‘qligi seziladi.
Eng achinarlisi ham shunda.
Shaharni odamlar barpo qiladi. Lekin qanday odamlar? Qanaqa shaharni? Bu ularning bevosita ma’naviy sarvatiga bog‘liq. Yana shunisi ham haqiqatki, shaharni odamlar barbod qilishi ham mumkin. Shuning uchun Forobiy bobomiz “Madinat ul-fozila” asarida tasvirlagan ideal shahar aholisi aynan ma’naviy barkamol kishilardan iboratdir. Unda demokratiyaning sharqona va aytish mumkinki, eng go‘zal namunasi ilgari suriladi. Shu bois kimlardir o‘zini tomdan tashlasa, oxirini o‘ylamay orqasidan kalla tashlayverish komil inson tarbiyasini birinchi o‘ringa qo‘ygan Sharq ahli uchun xos emas.
Ma’naviyati past jamiyatni iqtisodiy taraqqiyot bilan to‘ydirib, rozi qilib bo‘lmaydi. Ma’naviy inqirozga yuz tutgan jamiyat korruptsiya botqog‘iga bo‘g‘zigacha botmaydimi? Insoniy qiyofasini yo‘qotgan odamlar bir-biriga bo‘riday hujumga o‘tmaydimi? Allohni unutgan, iymonsiz, vijdonsiz, insofsiz odamdan yaxshilik kutib bo‘ladimi?
Boyish. Uning yo‘llari ko‘p. Yetim-esir, beva-bechoraning haqqi hisobiga ham boyish mumkin. Narkobiznes, killerlik, fahsh qilmishlar ortidan ham boyish mumkin. Poraxo‘rlik, xalq mulkini o‘marish hisobiga ham boyish mumkin...
 Bular tubanlikdan kelib chiqadi. Tubanlikning ildizi esa ma’naviy-axloqiy buzilishga borib taqalishi ayon.
“Tabassumdan yiroq odam do‘kon ochmasin”, deydi xitoyliklar. Samimiy tabassum — ma’naviyatning uzvidir. Darhaqiqat, hammamiz ham o‘ziga to‘q, farovon, erkin jamiyatda yashashni xohlaymiz. Biroq o‘zimiz yaratayotgan shu to‘kis turmushimizni qora bo‘yoqlarda ko‘rishimiz insofdanmi?
Bu yurtga qorni to‘ygan joyni Vatan deb bilguvchi ko‘chmanchilar emas, balki o‘z kishvarini, shahrini jon-dildan sevadigan fidoyilar kerak.
Shu o‘rinda taniqli yozuvchi Tohir Malikning quyidagi fikrlari yodga tushadi: “Bundan 15 yil oldin “Talvasa” romanini yozayotganimda asarim uchun tungi klublardagi muhitni o‘rganganman. O‘shanda u yerga insonlar emas, odam shaklidagi maxluqlar kirishiga guvoh bo‘lganman. Men u joyni tungi klub emas, “buzuqlik klubi” degan bo‘lardim. O‘shanda ko‘p sirlarga ham guvoh bo‘lganman. Tungi klublarga kirganlar biladi, uni o‘ziga tortadigan ohanrabosi bor. Bu nima, bilasizlarmi? Afyun. Ular afyun zarralarini xonadagi havo sovutkichlarining ustiga sepib qo‘yishadi. Keyin havoga qo‘shilgan mast qiluvchi hid klubga kirganlarning hushini o‘g‘irlaydi. Tadbirkor niqobi ostida tungi klublarni ochib, falon so‘m pul topayotgan do‘stlarim, Prezidentimiz sizlarga yaratib berayotgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilmang! Harom luqmani bolangizga yedirmang, degan bo‘lardim. Bizga bunday klublarning umuman keragi yo‘q”.
Janob N.Makarenkoning “ma’naviyat” so‘zini anchayin masxaralab, hatto tahqirlab yozgan qutqu to‘la maqolasidan avomning boshini aylantiradigan shubhali hid burqsib turibdi.

Mansur JUMAYEV
jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.