Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning sobiq Prezidenti Husni Muborakning oltinlari qayerda?

Axborot maydonida soxta xabarlar va ma’lumotlar ko‘paymoqda. Feyk — ingliz tilidagi “fake”, ya’ni soxta, uydirma, yolg‘on so‘zidan olingan. Bu o‘zbek tiliga, ayniqsa, jurnalistlarimiz tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilmoqda. Biroq, ayrim holatlarda tushunib-tushunilmasdan, norasmiy ma’lumot ma’nosida ham qo‘llanilayapti.
Bu noto‘g‘ri albatta.

ENG MASHHUR SO‘Z

Umuman olganda feyk — asosan internet kanallari orqali tarqatilishi urf bo‘layotgan soxta xabarlar yoki ma’lumotlardan iborat.
Ingliz tilining eng nufuzli izohli lug‘atlaridan biri — Collins “fake news”ni “yangilik sifatida tarqatiladigan yolg‘on, ba’zan shov-shuvli axborot” sifatida tavsiflaydi.
Qayd etish o‘rinliki, jahon matbuotida 2016 yildan buyon ushbu so‘z birikmasining ishlatilishi qariyb 400 foizga o‘sgan. Shu sababli Collins tuzuvchilari “fake news”ni “2017 yilning eng mashhur so‘zi” sifatida e’tirof etganlar.
Feyk odatda ochiqdan-ochiq yolg‘on faktlar, uydirma raqamlardan tashkil topadi. Shu sababdan ularni aniqlash va inkor etish professional nuqtai nazardan qiyinchilik tug‘dirmaydi. Aksariyat feyklar shov-shuvli, vahimali sarlavhalar ostida beriladi.
Ammo feyklarning keng tarqalgan yana bir turi mavjudki, ular har tomonlama puxta tayyorlanadi. Go‘yoki muallif rasmiy hujjatlar, tekshiruv-tahlil xulosalariga tayanadi. Ko‘rinishidan haqiqiy materialdan farq qilmaydi. Ularni umumiy yangiliklar oqimi orasidan payqab olish qiyin.
Aynan shuning uchun ham “puxta yolg‘onlar” omma orasiga ancha chuqur kirib boradi. Hatto media va axborot savodxonligi bor kishini ham ishontira olish kuchiga ega.

MISOLLAR KO‘P

“Darakchi”da keltirilgan bir fakt bunga yorqin misol. Gazetaning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim guruhlar tomonidan Jizzax viloyatidagi maktablardan birining 29 yoshli kotibasi o‘z joniga qasd qilgani keng muhokama etilgan. Emishki, qiz shunga majbur bo‘lgan. Sababi, ish joyida kimdir uning bilan “ishqiy munosabatda bo‘lgan” va qiz  bechora... Gazeta vakili surishtirib ko‘rsa, vaziyat butunlay boshqacha: kotiba bolaligida avtomobilda qattiq avariyaga uchraganligi sababli xastalikka chalingan va kasallik oqibatida uyqusida abadiy ko‘z yumgan. Marhumaning pok ruhini, ota-onasi, aka-ukalarini badnom qilgan bunday “xabar”larni tarqatish gunohi azim ekanligini har bir inson bilishi va Xudodan qo‘rqishi kerak.
2018 yil 17 fevral kuni “Qalampir.uz” yangiliklar saytida e’lon qilingan maqolada ta’kidlanishicha, ko‘plab nashrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan farmonning mazmun-mohiyatini to‘la tushunmay turib, “O‘zbekkontsert” davlat muassasasini “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi o‘rnida tashkil etildi, deb noto‘g‘ri xabar tarqatgan. Aslida, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining faoliyati tugatilmagan, aksincha, yangi tashkilot  “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi va “O‘zbekraqs” milliy raqs birlashmasi negizida tashkil etilgan, deyiladi maqolada.

DORI ICHMAGAN QIZ

Kun.uz onlayn nashrining 2018 yil 6 aprel kungi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim yangiliklarga doir saytlar tomonidan “MY5 telekanalida ko‘rsatilgan qiz o‘z joniga qasd qilgani” haqidagi xabar yolg‘on va asossiz bo‘lib chiqqan. Kun.uz muxbirining ta’kidlashicha, MY5 telekanalida 1 aprel kuni efirga berilgan “Yashirin kamera” dasturida telekanal
jurnalisti sayyor kamera hamrohligida Toshkent shahridagi parklarni aylanib, sevishgan juftliklarni topgan va ularni jamoat joyida odob-axloq qoidalariga rioya etishga chaqirgan edi. Shundan so‘ng ba’zi elektron OAVda ushbu dasturda yuzi yashirilgan holda ko‘rsatilgan qizlardan biri o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar tarqatildi.
Xabarda go‘yoki “qiz tinchlantirish uchun iste’mol qilinadigan “Dimedrol” dori vositasidan ko‘p miqdorda ichgan. Oradan ko‘p o‘tmay u 1-shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan”, deyilgan edi. Ibn Sino nomidagi 1-shahar klinik shifoxonasi bosh shifokori o‘rinbosari Gulchehra Jalilovaning ma’lum qilishicha, so‘nggi paytlarda bunday holat umuman qayd etilmagan. Shuningdek, “Mening yurtim” telekanali xodimlari ham 1-shahar klinik shifoxonasiga borishgan. Tarqatilgan ma’lumot yolg‘on ekani aniqlangan.

CHUV TUSHIRIB KETDI

Soxta reklama muammosining paydo bo‘lishi kimning xayoliga kelibdi, deysiz. O‘zA muxbirining yozishicha, qurilish ishlarini bajarish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xususiy korxona egasi buxorolik “tadbirkor janob” ishi yurishguncha ancha ter to‘kishi zarurligini anglagach, “soxta reklama” g‘oyasi haqida o‘ylab qolgan. Garchi reklama berishga uning puli bo‘lmasa-da, mahalliy telekanal xodimini bir amallab nasiyaga ko‘ndirgan.
“Arxitektor-hamkor” xususiy korxonasi bepul texnika xizmati ko‘rsatadi, qurilish ishlarini bepul bajaradi. Faqat smeta asosida qurilish materiallari uchun pul to‘lasangiz kifoya”. Televidenie orqali yolg‘on gap aytilmaydi, degan fikrda bo‘lgan ko‘plab kishilarga bu reklamadagi “bepul” degan so‘zlar yoqib tushgani aniq.
Korxonaning ilk mijozlaridan biri romitanlik bir shovvoz Shifokor ko‘chasida joylashgan yer maydoniga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi binosini qurdirish niyatida edi. Shu maqsadda shartnomaga muvofiq korxona rahbariga smeta xarajatining 50 foizini, ya’ni 2000 AQSh dollarini beradi. “Janob tadbirkor” pulni qo‘lga kiritgach, mijozning ishonchini qozonish uchun ish boshlaydi. Bino uchun go‘yoki poydevor qurayotgan bo‘lib, bir-necha kun qazish ishlari olib boriladi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tib, arxitektor bu yerdan juftakni rostlab qoladi.
Mana, reklamaning achchiq yakuni.

XALQARO TAJRIBA

Ayrim xorijiy mamlakatlar qonunchiligida yolg‘on xabarlar muammosi bilan shug‘ullanish yetakchi davlat idoralari zimmasiga yuklatilmoqda. Misol uchun Chexiyada Ichki ishlar vazirligi tarkibida xorijiy mamlakatlar tomonidan tarqatilayotgan yolg‘on xabarlar va ma’lumotlarga qarshi kurashadigan maxsus bo‘lim ish boshladi.
Misrda esa bundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta va yolg‘on xabar tarqatgan shaxslar qonunan javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yildi. Ushbu mamlakat parlamenti ijtimoiy tarmoqlarda 5 mingdan ortiq obunachisi bo‘lgan sahifa va kanallarni ommaviy axborot vositasiga tenglashtiruvchi qonunni qabul qildi. Yangi qonunga muvofiq, soxta va yolg‘on xabarlarni tarqatgan shaxslarning sahifasi to‘sib qo‘yiladi va o‘zlari javobgarlikka tortiladi.
Qonunni nazorat qilish bo‘limi Qohirada o‘z markaziy qarorgohiga ega OAV faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Oliy kengashga yuklatilgan. Bundan tashqari, ana shu kengashning roziligisiz biron-bir yangi sayt ochish ta’qiqlanadi. Oliy kengash, o‘z navbatida, mavjud saytlarni bloklash yoki ularni jarimaga tortish huquqiga ega.
Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ining asoschisi Mark Sukerberg 2018 yildan boshlab ushbu tarmoqda “Rozetta” nomli sun’iy ong vositasida zo‘ravonlikka undovchi matnlar va yolg‘on xabarlarga qarshi kurash boshlaganligini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, sun’iy ong Feysbuk va Instagramda joylashtirilgan milliarddan ortiq suratlar hamda videolardagi yozuvlarni tushunish xususiyatiga ega. “Rozetta” dastlab matnli “hudud”ni belgilab oladi, so‘ngra maxsus model yordamida unda nima yozilganligini aniqlaydi. Sun’iy ong foto va video materiallar bo‘yicha qidiruvni yaxshilash, shuningdek, “Hate speech”, ya’ni nafratli so‘zlardan iborat,  axloqqa zid postlarni avtomatik tarzda aniqlash maqsadida joriy etilgan. 

MILLIY QONUNCHILIGIMIZ NIMA DEYDI?

Butun dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham axborotlashtirish sohasidagi munosabatlarning keskin ortishi barobarida mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan yangi ijtimoiy munosabatlar, axborot xavfsizligini ta’minlash dolzarb masalalardan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Ommaviy axborot vositalariga bag‘ishlangan XV bob, 67-moddasida “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar”, deb yozilgan.
 “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida “Axborot olish erkinligining asosiy printsiplari axborotning oshkoraligi, hamma olishi mumkinligi, ochiqligi va haqqoniyligidan iboratdir”, deyilgan.
Bulardan tashqari, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida shunday qoida bor: “Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi. Ommaviy axborot vositalari o‘zlari tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar”.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi” davlat muassasasi mavjud. Ushbu markaz davlatimiz rahbarining 2013 yil 27 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq faoliyat olib bormoqda.

ISHONISHGA SHOSHILMANG

Feyk xabarlar kutilmaganda paydo bo‘ladi va uzoq vaqtgacha turli ijtimoiy muhokamalar markazidagi “yangilik” sifatida aylanib yuraveradi.
Afsuski, umumiy axborot oqimidan bu turdagi xabarlarni birdaniga topish yoki inkor etishning imkoniyati bo‘lmaydi. Buning uchun mutaxassis bo‘lish kerak. Lekin har safar internetga kirganingizda, soha eksperti sizning qo‘lingizdan yetaklab yurmaydi. Shu sababdan, bu kabi rostga o‘xshagan yolg‘onlarni o‘zingiz aniqlashni o‘rganganingiz ma’qul.
Biroq, feyk yangiliklarni ajratib olishning oson hamda qulay usullari bor va bularni bilib qo‘yish hech kimga zarar qilmaydi.
Avvalo, har qanday “urdi-surdi” sarlavhaga tanqidiy nazar bilan qarang, sovuqqonlik bilan yondashing. Ularga ishonishga shoshilmang.
Saytning URL adresiga e’tibor bering. Feyk yangiliklar odatda o‘zini yetakchi, jiddiy axborot agentligi qilib ko‘rsatadigan qalbaki saytlar orqali tarqatiladi.
Xabarni o‘qiyotgan manbangiz bilan chuqurroq tanishing. Agar u siz uchun yangi bo‘lsa, albatta saytning “Biz haqimizda” deb nomlangan bo‘limiga kiring. “Feykchilar” odatda bu joyga hech narsa yozmagan bo‘ladilar.
Xabar matnidagi grammatik yoki uslubiy xatolarga qarang.
Aksariyat holatlarda soxta xabarlar professional jurnalist bo‘lmagan odamlar tomonidan tayyorlanadi va shu sababli ularda xatolar, g‘alizliklar ko‘p uchraydi.
Bu kabi matnlardagi foto va video materiallar ham soxta bo‘lishi mumkin. Videolarga boshqa ovoz yoki mimika qo‘shib montaj qilinadi. Rasmlar esa ko‘pincha “fotoshop”dan o‘tadi.  
Soxta xabarning e’lon qilingan kuniga e’tibor qiling. Ularda ko‘pincha sana ko‘rsatilmaydi. Chunki bunday xabarlar oradan yarim yil o‘tsa-da o‘quvchilarni laqqa tushiraveradi.
Muallif qaysi manbaga tayanib, ushbu xabarni tayyorlaganligini bilib oling. Agar matnda “hammaga yaxshi ma’lumki” kabi iboralarni ko‘p uchratsangiz va jiddiy biron bir manbaga ishora qilinmasa, bilingki, u — feyk.
Aynan, shu mavzudagi xabarlarni boshqa OAVdan ham qidirib ko‘ring. Chunki odatda muhim yangiliklarni bir paytning o‘zida boshqa axborot agentliklari, gazeta va TV ham beradi. Agar bu haqda faqat bitta notanish manbagina xabar bergan bo‘lsa, yolg‘on axborot.

97 JAMADON UYDIRMA

Uydirmalarga jahondagi yetakchi ommaviy axborot vositalari faoliyatidan ham ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Amerikaning CNN telekompaniyasi va AQShda chop etiladigan “Axbar al-Arab” jurnali Misrning sobiq Prezidenti Husni Muborakning oila a’zolari go‘yo “butun mamlakatga tegishli bo‘lgan boyliklarni jami 97 jamadon va 36 sandiqqa joylab, Londonga qochib ketgani” haqida xabar tarqatdi.
Aynan o‘sha paytda, ya’ni 2011 yilning yanvar oyida mahalliy aholi tashqi siyosiy kuchlar, xususan, ularning qo‘lidagi ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida poytaxtning markaziy maydonlariga yig‘ilib, to‘s-to‘polonni avjiga chiqargan edi. Achinarlisi, bunday uydirma olomonni battar junbushga keltirib, yuzaga kelgan tartibsizliklarda ko‘plab begunoh insonlarning qoni to‘kildi. Shuningdek, Qohiradagi muzeylarga uyushtirilgan hujumlar oqibatida butun insoniyat tarixiga daxldor 5000 yillik bebaho asori atiqalar talon-taroj qilindi. Minglab odamlar xonavayron bo‘ldi. Mamlakat parokandalikka yuz tutdi.
Keyinchalik bu xabarning yolg‘onligi isbotlandi. Misrning sobiq rahbari va unga qo‘yilgan barcha ayblovlar bekor qilindi. Vaholanki, sal oldin Qohira jinoiy sudi Husni Muborakni tinch namoyishchilarning o‘limiga sababchi sifatida topib, bir umrga qamoq jazosiga hukm qilgan edi.
Shu yo‘sinda xonavayron bo‘lgan faqat Misrmi? Liviya, Iroq, Suriya, Yaman, Tunis... Bu ayanchli ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Ushbu mamlakatlar boshiga tushgan kulfatlar zamirida ham feyk-uydirmalar yashiringan, aslida. Olomonning boshini yolg‘on axborot bilan chalg‘itish texnologiyalari tobora takomil topmoqda.
Ha, feyk-uydirmalar ortida ba’zan maqsadlari g‘oyat g‘arazli katta kuchlar, markazlar ham turishi mumkin.
Ogohlik va hushyorlik — davr talabi!

Beruniy ALIMOV
filologiya bo‘yicha
falsafa doktori


  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.