Oila: iroda, sabr va sadoqat

Irodali inson — baxtli inson. U o‘z irodasiga quloq tutib, oilada tinch-totuv, xotirjam hayot kechiradi, jamiyatda munosib o‘rnini topadi. Ba’zilar irodasini jilovlay olmay, oiladagi munosabatlarni keskinlashtiradi, jamiyatda obro‘-e’tiborini yo‘qotadi. O‘ziga in’om etilgan imkoniyatni boy beradi. 

 Oila binosi iroda va muhabbatdan qurilsa, mustahkam bo‘ladi. Chunki, muhabbat bois chigalliklar yechimini topsa, rishtalar bog‘lanadi. Oydin hayot tufayli mayda kelishmovchiliklar ortga chekinadi. O‘rtada tug‘ilgan farzand uyni quyosh misol yoritadi. O‘tayotgan kunga shukr qilib yashash zavqi uyg‘onadi. Endi araz, gina sizga begona, ezgulik haqida o‘ylaysiz, chunki irodangiz kuchli, uni jilovlay olasiz. 

Oila ikki inson qovushishidan hosil bo‘ladi. Irodali inson ba’zi kelishmovchilik, janjallarni oqilona bartaraf etadi, oila poydevorini asraydi. 

Siz shu quvvat tufayli baxtdan mag‘rur va masrursiz. Garchi hayot imtihon, sinov va kurashdan iborat bo‘lsa-da, barcha to‘siq va qiyinchiliklarni irodasi mustahkam odamgina yengadi. Buni anglab yetgan bo‘lsangiz omadlisiz. 

Hayot kemangiz to‘fonga uchraganda, ish, ro‘zg‘or tashvishi ko‘ndalang kelganda hamisha o‘z irodangizga suyaning. Kuch, qudratingizni iroda ustuniga suyanch qiling. Har qanday ichki to‘fon girdobini faqat iroda yenga oladi. Qalbingiz yana nurlanadi. Oilangizga mehringiz tovlanadi, mustahkamlanadi.

Siz doimo irodali bo‘ling. Zero, u hayotingiz, oilangiz asosini tashkil qiladi.

SABR — OILA USTUNI

Sabr odob go‘zalligi, qalb qasrida shakllanadi. Yangi oilada kelin uyning sharoitiga ko‘nikishi, yumushni bajarish tartibini o‘rganishi kerak. Ba’zi qaynonaning sabri chidamay kelinni koyiydi, ayblaydi. Kelin o‘rganishdan to‘xtaydi, intilish susayadi, yumushini bajarmaydi. Sabrsizlik natijasida mojaro kelib chiqadi. Qachon shu mavzuda so‘z ochsam, garchi ko‘p bor aytilgan, yozilgan bo‘lsa-da, xassos shoira Saida Zunnunova ko‘z oldimga keladi, havas bilan eslayman. 

— Men nimaga erishgan bo‘lsam, Said Ahmadga bo‘lgan muhabbatim va sabr-bardoshim bilan erishdim, — deydi Saida opa. 

Ular nafaqat sabr, balki sadoqatga haykal o‘rnatishdi. To‘g‘ri, davr o‘zgargan, yosh oila uchun zarur sharoitni ota-ona yaratayapti. Endilikda yigit va qizdan hayotni, turmushni e’zozlash, tiriklik lazzatidan bahramand bo‘lish, bir-birini qadrlash talab qilinmoqda.

Sabr-qanoatning o‘rni bilinadigan payt. Sabrsizlik tufayli oila buzilishidan farzandlar aziyat chekadi. Turmushdagi kamchilikni aql-zakovat, sabr bilan bartaraf etgan yutadi. 

 SADOQAT — QUTLUG‘ FAZILAT 

 Ko‘ngil rishtalari bog‘langach yigit-qiz sevgi, muhabbat zavqi hayajonida yashaydi. Visolga yetish orzusi shirin. 

Eng katta mas’uliyat oila qurilgach boshlanadi. Oila binosi sadoqat shevasida tiklansa, devori mustahkam, pishiq bo‘ladi. Dunyoga kelgan farzand komil inson bo‘lib voyaga yetadi. 

Biz o‘rnak olsak arziydigan Saroymulk xonim, Nodira, Uvaysiy, Zulfiyaxonim singari sadoqat shevasida qasr tiklaganlar bor. Vatan himoyasi uchun jasoratda tengsiz To‘marislar bor. 

Lekin, sadoqatning gumon, rashk degan dushmanlari mavjud. Oila qasriga yengil qarab, hayotda tilla bezaklar orzusida yashayotganlar uchraydi. Turmushga yengil qaramay, hayotning achchiq-chuchugini birga tortgan oilalar hamisha farovon bo‘lgan. 

Yangi oila imorati sadoqat, vafo sinchlaridan qurilsin. Mustahkam bo‘lsin. Bir-biridan suv ichgan ko‘ngillarda vafo gullari unsin.

 MEHR VA HURMAT

 Oila oynasi ota va onaning bir-biriga munosabatini aks ettiradi. Atrofdagilarning oila a’zolariga nisbatan munosabatini ifodalaydi. Bu fazilatli, ezgu niyatli oilalarning elga manzurligi, sha’nini belgilaydi. 

Oyna — ko‘ngilni ola bilish, dilga iliqlik baxsh etish, o‘z aksiga qarab fikr yuritish tuyg‘usi inikosi. Kirishimli, dilxushlik er-xotinning munosabatini bezaydi, mehr-oqibatni bir-biriga bog‘laydi. Har ikki tarafda ushbu fazilat mujassam bo‘lsa, oila oynasi yorqin, tiniq bo‘ladi. Tashqaridan ko‘rganlar havas qiladi.

Tasavvur qiling, uyingizga mehmon keldi, siz uni kutmagan edingiz. Bir zum sarosimaga tushdingiz. Bor narsangizni qo‘yib, dasturxon tuzadingiz. Harakat orasida so‘rashgan bo‘ldingiz. Boshlab kelgan eringiz ham, mehmon ham xijolatda, dasturxonda hamma narsa bor, ammo ular suyib tanovul qilishmaydi. Chunki, sizning chehrangiz tund. Endi oila oynasi ko‘chaga chiqadi, sizning tund qiyofangizni atrofga yoyadi.

Ochiq chehrali, odamshinavandali, samimiy mehr bor joyga fayz kiradi. Oramizda insonlarning ko‘ngliga emas, kiyimlariga, tashqi ko‘rinishiga qarab muomala qiladiganlar bor. Ularda kibru havo, manmanlik ko‘zga tashlanadi. 

Buni hayot deydi. Har kim o‘z bilganicha yashaydi. Oila mustahkamligi borasida er-xotinning muomala, munosabatida odamoxunlik o‘ta go‘zal tuyg‘u. U ustuvor bo‘lgan oilalarning ko‘rk-jamoli o‘zgalarga ko‘zgu. 

Inson ezgu fazilatidan misqollab hurmat, e’tibor topadi. El e’tiborida, hurmatida bo‘ladi. Ammo, kichik nojo‘ya harakati bilan bor hurmatini botmonlab yo‘qotishi ham bor gap. 

Muqaddas 

ABDUSAMATOVA.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2019
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.