Turizm targ‘ibot bilan tirik

O‘zbekistonning ichki va tashqi turizm sohasi rivojlanishning yangi, yuksak bosqichiga ko‘tarilmoqda.

 

Jahondagi aksariyat mamlakatlar tajribasidan ma’lumki, turizm targ‘ibotiga muntazam ravishda jiddiy e’tibor qaratiladi va tegishli resurslar ajratiladi. Tan olish kerak, bizda turizm haqida axborot tarqatish masalasida bajarilgan ishlardan ko‘ra, navbatini kutayotganlari ancha ko‘p.

 Shunisi aniqki, xalqaro turizm yarmarkalari, konferentsiyalar, seminarlardagi milliy kompaniyalarimizning faolligi, maqsadli auditoriya bilan bevosita ishlashi, dunyodagi yetakchi multi-media platformalar, gazeta-jurnallar va telekanallarda berilayotgan PR materiallarni yetarli deyishimizga hali erta.

To‘g‘ri, xorijlik sayyohlar uchun respublikamiz hududiga kirish vizasi yengillashtirildi. Turistik xizmatlar sifat jihatdan sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Hududlardagi turizm infrastrukturasini rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak berilmoqda. Pirovardida sayyohlar sonining ko‘payishiga erishila boshlandi.  

Ichki turizmda ham bir qadar ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bayramlar sabab mamlakatimizda e’lon qilinayotgan — “Oltin hafta” (Golden Week) dam olish kunlarida respublika bo‘ylab oilaviy sayohatga borish xalqimiz orasida yaxshi an’anaga aylanmoqda. 

Misol uchun, o‘tgan Navro‘z bayrami kunlari markaziy vokzal va aeroportlarimizdagi misli ko‘rilmagan tirbandlikni ko‘rib, to‘g‘risi, xursand bo‘ldim. Turizmning real jonlangani shu-da. 

Toshkent shahriga kelayotgan va aksincha poytaxtdan viloyatlarga chiqib ketayotgan hamyurtlarimizning son-sanog‘i yo‘q edi. Ularning orasida nevaralari bilan poezdga o‘tirib, bir ming bir yuz kilometr olisdagi Xivaga otlangan oqsoqollar ham bor edi. 

Bayram kunlari shaharlararo chiptalarning arzonlashishi, muzey va teatrlarning tekin xizmat ko‘rsatishi, ochiq maydonlardagi kontsert tomoshalari, yangi mehmonxonalar, restoran va oshxonalarning maxsus bayramona chegirmalari kimni qiziqtirmaydi deysiz.

Aslida mamlakat nufuzining o‘lchov mezonlari qatorida turizm alohida o‘rin tutadi. Bunda xususan, xorijliklar va mahalliy aholining turli joylarni bevosita borib ko‘rishga qiziqishi, u yerlardagi shart-sharoit, tabiatining go‘zalligi yoki inson qo‘li bilan yaratilgan diqqatga sazovor joylarning mavjudligi e’tiborga olinadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonga 5 milliondan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurganki, bu 2017 yildagiga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Ularga 795 turistik kompaniya xizmat ko‘rsatgan.

Chet ellik sayyohlarning talab-istaklari asosida turistik xizmatlarning turlarini ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalliy aholining o‘ziga xos milliy uslubdagi shinam xonadonlarida mehmon bo‘lishdan to eksklyuziv va lyuks sayohatlar, sarguzasht turlar, ya’ni tog‘lar, dashtu dalalarga borish, tuya-otlarda yurish, chang‘ida uchish, o‘tovlarda tunash, eko va sog‘lomlashtirish turizmi, betakror tabiatdan zavq olish, so‘lim pansionatlarda sog‘liqni mustahkamlash, shuningdek, yaxshi an’anaga aylanayotgan ziyorat turizmi va boshqalar shular jumlasidandir.  

Muhimi, kelayotgan sayyohlar uchun yangidan-yangi qulayliklar yaratilmoqda. Jumladan, mamlakatimizga viza olish jarayoni bir muncha yengillashtirildi. O‘zbekistonda turizmni tezkor rivojlantirishga doir Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan mamlakatimizda 2019-2025 yillarda Turizmni rivojlantirish kontseptsiyasi va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. 

Bundan tashqari, farmonga ko‘ra, 2019 yilning 1 fevralidan 45 davlat fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilindi. Bu ro‘yxat tobora kengaytirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2018 yil 3 fevral kuni e’lon qilingan farmonida mamlakatimiz turizm salohiyatini targ‘ib qilish masalasi alohida vazifa sifatida belgilangan. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida «Milliy PR-markazi» DUK tashkil etilib, unga respublikaning turizm salohiyatini targ‘ib qilishni tashkil etish bo‘yicha vazifalar yuklatildi. Farmonda O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha materiallarni tayyorlaydigan ijodiy guruhlar faoliyatini doimiy asosda, shu jumladan, autsorsing orqali moliyalashtirilish ko‘zda tutilgan.

Mazkur hujjatda turizmni targ‘ibot qilish bilan bog‘liq yana bir muhim masalaga e’tibor qaratilgan.  Xususan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Dunyo bo‘ylab» telekanali O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ichki turizm, dam olishning faol turlari va sport turizmini rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlari va tabiiy boyliklar, shu jumladan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlarni yoritish masalalari bo‘yicha bosh axborot hamkori sifatida belgilandi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni hamda yuqorida tahlil qilingan sohaga tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan yangi tadqiqotlar muhim o‘rin tutadi. 

Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash, shuningdek, jahon media makonini respublikamiz haqidagi xolis ma’lumotlar bilan ta’minlash masalasiga  alohida e’tibor qaratilganligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning mintaqaviy imiji geografiyasi kengaydi. Chunonchi, Toshkent islom madaniyati poytaxti, Ellikqal’a ko‘hna madaniyat o‘chog‘i, Surxondaryo (Termiz) tsivilizatsiya beshigi, Asaka avtosanoat markazi, Navoiy zamonaviy xalqaro havo darvozasi sifatida xorijiy OAVda ko‘p tilga olinmoqda. 

XX asrning 50-yillari o‘rtalarida D.Ogilvi Lotin Amerikasida joylashgan Puerto-Rikodek mo‘’jaz bir davlatning tashqi nufuzi masalasini tarixda birinchi marta brend sifatida ko‘tarib chiqqan. Mutaxassisning bundan ko‘zlagan asosiy maqsadi amerikaliklarning ushbu mamlakatga bo‘lgan salbiy munosabatini o‘zgartirish va mamlakatga sayyohlarni ko‘proq jalb etishdan iborat edi. 

Olib borilgan media targ‘ibot ishlari tufayli Puerto-Riko tashqi dunyo tasavvurida notinch, kambag‘al bir davlatdan tarixan boy va madaniyati o‘ziga xos Renessans davrini boshdan kechirayotgan davlatga aylangan. Shu tariqa bu kichik, ko‘zga ko‘rinmas o‘lkaga AQShdan yuzlab kompaniyalar va millionlab turistlarning kelishiga erishilgan. 

Eng muhimi, Puerto-Riko to‘rt yuz yillik qashshoqlikdan qutilgan.

Britaniyalik Saymon Anxolt — «mamlakatlar brendingi» sohasida dunyoda tanilgan yirik mutaxassislardan. 2012 yilda AQShning “Global Market Insight” kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqoti natijasi o‘laroq 25 mamlakat brendi reytinglari nashr qilindi. Tadqiqotchi o‘nta davlat fuqarolari orasida so‘rov o‘tkazib, bir necha mezonlar bo‘yicha boshqa davlatlarning brendiga baho berish g‘oyasini ilgari surgan. Unga ko‘ra, milliy brendni tashkil etishning 80 foizi muvofiqlashtirish ishlari bilan bog‘liq, 15 foizi kommunikatsiya va qolgan 5 foizi taassurotdan iboratdir. 

Saymon Anxolt «Nations Brand Index», ya’ni mamlakat imijining mezonlari qatorida turizm masalasiga alohida e’tibor qaratadi. Qayd etish kerakki, mamlakat imijiga baho berilganda turizmdan tashqari yana beshta jihat inobatga olinadi. Bular — mamlakat aholisi, o‘ziga xos madaniy merosi, hukumatning ochiqligi, uning xalq oldidagi nufuzi, mamlakatning xorijga sotayotgan mahsulotlari sifati, sarmoyaviy va imigratsion sharoitlar. 

Har qanday brend shiori odamlarning xotirasida darhol muhrlanib qoladigan, unutilmas ta’sir kuchiga ega, yorqin va betakror bo‘lgandagina maqsadga erishishga xizmat qiladi. Nazarimizda, ayrim xaritalarda keltirilgan O‘zbekistonning turistik shiori — «Tabiiy betakror!» (ing. Naturally irresistible) kutilgan natijani berishi qiyin. 

Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi davrda xorijiy OAVda O‘zbekiston bilan bog‘liq chiqishlarning ko‘pchiligini turizm mavzusidagi maqolalar tashkil etadi. Masalan, AQShda nashr qilinadigin «The Diplomat» jurnalida respublikamizga dunyodagi 45 dan ziyod mamlakat fuqarolari uchun turistik viza bekor qilingani haqida maqola e’lon qilindi. “Bu Prezident Shavkat Mirziyoevning islohotlar dasturidan o‘rin olgan viza liberalizatsiyasining amalga oshirilayotganligi bilan bog‘liq”, deydi amerikalik jurnalist Katerin Putz.

Nyu-York shahrida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan «The New York Times Travel Show 2019» yirik xalqaro turizm ko‘rgazmasida dunyodagi 150 davlat qatorida O‘zbekiston kompaniyalari ham ishtirok etgani haqida «Xalq so‘zi» gazetasi («Dunyo» axborot agentligiga tayangan holda) xabar tarqatdi. Qayd etilishicha, «yurtimiz vakillarining ushbu tadbirda ishtirok etishi turizm jabhasida xorijlik sheriklar bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish imkonini berdi. Xususan, “The New York Times” nashri bilan “NYT Journey” brendi ostida Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab jamoaviy turlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi». Xabarda ta’kidlanishicha, ko‘rgazmaga «tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligida AQSh fuqarolariga tezlashtirilgan holda elektron vizalar berish bo‘yicha qulaylikka alohida e’tibor qaratishdi».

«O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng sir-sinoatga boy o‘lkasi hisoblanadi. Mamlakatga viza olish jarayoni ancha osonlashdi. Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarida tanishish kerak bo‘lgan joylar juda ko‘p», — deb yozadi britaniyalik jurnalist Heyzl Plash. «The Telegraph» gazetasida e’lon qilingan ushbu maqola «O‘zbekiston: siz borib ko‘rmagan eng ajoyib mamlakat» sarlavhasi ostida e’lon qilingan.  

«Rossiyalik turistlar O‘zbekistonga ko‘proq borishmoqda» deb nomlangan maqola «RIA Novosti» axborot agentligi saytida e’lon qilindi. Unda qayd etilishicha,  2018 yil davomida ushbu mamlakatdan respublikamizga kelgan turistlar soni 270 mingdan oshib ketgan. Bu ko‘rsatkich sayyohlar oqimining oldingi davrga nisbatan uch barobar ortganligini tasdiqlaydi. Maqolada Toshkentdagi Rossiya elchixonasining konsullik bo‘limi rahbari Ivan Fetisovning O‘zbekiston aeroportlaridagi bojxona xizmatlari bir muncha yaxshilangani haqidagi fikrlari keltiriladi.

Ushbu misollardan ko‘rinib turibdiki, ularda, birinchidan, turistlar uchun O‘zbekistonda jozibador hududlarning mavjudligi, ikkinchidan, viza olish bilan bog‘liq liberalizatsiya jarayonlariga e’tibor qaratiladi va shu asosda ma’no-mazmun jihatdan bir-biriga yaqin e’tiroflar yuzaga keladi.

«Xalq so‘zi» gazetasi «O‘zbekistonga kelgan sayyohlar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazildi. Natija qanday?» sarlavhasi ostida maqola e’lon qildi. Unda ta’kidlanganidek, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 72 davlatdan kelgan 5,7 ming nafar sayyoh orasida tadqiqot o‘tkazgan. Ma’lum bo‘lishicha, turistlarning ko‘pchiligi do‘stlari va oila a’zolari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan maslahatlar asosida O‘zbekistonga kelishga qaror qilishgan. Qolaversa, gazeta va jurnallar, televizion hujjatli filmlar va yangiliklar dasturlari ham bu borada muhim o‘rin tutishi ma’lum bo‘lgan.

Ayni davrda mamlakatimiz turistik salohiyatini yanada samarali targ‘ib qilish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar sohani sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Bunda Prezidentning 2016 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar muhim dasturulamal bo‘lmoqda. O‘zbekiston turizm sanoatini rivojlantirish, iqtisodiyotning tez o‘sishini ta’minlashda uning rolini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, dunyo bozorida milliy turistik mahsulot salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi barcha sharoitlar yaratilmoqda. 

Mazkur faoliyat milliy turizm sohasini axborot bilan ta’minlash, turistik operatorlar uchun zamonaviy axborot texnologiyalari yechimlari va kompyuter dasturlarini ishlab chiqish, axborot bozori sub’ektlariga uyg‘unlashgan holda ishlash, xalqaro miqyosda mamlakatimiz nufuzini oshirish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ibot ishlarini olib borishni taqozo etadi.

O‘zbekistonning turistik jozibadorligi oshishiga xizmat qiluvchi dolzarb axborot resurslarini, jumladan yurtimizning noyob tarixi, o‘tgan buyuk allomalari va olimlari, diqqatga sazovor joylari, milliy taomlari, an’analari haqida hujjatli filmlar va teleko‘rsatuvlar  yaratish va tarqatish zarur.

Kelayotgan har bir sayyoh diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishdan tashqari, to‘laqonli turistik mahsulotlardan bahramand bo‘lishga ehtiyoj sezadi. Buning uchun hududlar imijini shakllantirish bo‘yicha ham alohida dasturlarni joriy etish zarur.

Umuman olganda, jahon media makonida O‘zbekiston imijini shakllantirish va uni himoya qilishning yagona davlat strategiyasini (dasturini) ishlab chiqishga ehtiyoj bor. Mamlakatning ijobiy imiji bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshiruvchi tashkilotni aniqlash, belgilash kerak bo‘ladi. Milliy brending bo‘yicha Prezident kengashi (Presidential Council on National Branding) tashkil etish lozim. 

Bu kabi kengash Koreya Respublikasida faoliyat olib bormoqda. Fikrimizcha, ushbu tashkilot bizning respublikamiz sharoitiga moslashtirilgan holda yaratilsa, kutilgan samaraga erishish mumkin.   

Xorijliklarga mamlakatimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va zamonaviy ijtimoiy hayotini chuqurroq tushuntirish orqali yurtimizga nisbatan ishonchni shakllantirish masalasi doim dolzarb bo‘lib qolaveradi. 

Beruniy ALIMOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.