Zamonaviy o‘zbek oilasi qanday bo‘lishi kerak?

Iste’molimizdan “Zamonaviy oila” degan ibora keng o‘rin oldi. Kimdir o‘g‘liga kelin qidirsa  yoki qiziga kuyov tanlayotgan bo‘lsa, odatda tanlanayotgan taraf haqida: “Zamonaviy oila, — deymiz. — Ikkilanmay, quda bo‘lavering”.  Aslida oilaning zamonaviyligi nimada? “Eskichasi-chi?” “Zamonaviy” deganda qanday oila tushuniladi? 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan ayni savollarga aniq javob topish hamda zamonaviy-namunali oila modelini ishlab chiqish maqsadida joylarda so‘rov o‘tkazildi.  Unda sakkiz yuzdan ortiq oila a’zolari ishtirok etdi. 

Suhbat-tadqiqotlar natijalaridan oydinlashdiki, zamonaviy–namunali oila, eng avvalo, to‘kis, ya’ni qonuniy nikohdan o‘tgan ota-onasi bilan birgalikda ahil va farovon yashaydigan kamida 3 farzandga ega oila. Ayni paytda bunday oila modelida bobo va buvilar ham bor. Oila a’zolari jismonan sog‘lom, ota-onalar va farzandlarining barchasi oliy ma’lumotli, o‘z kasb-koriga ega. Farzandlari milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan. 

Quda bo‘lish uchun bundan zo‘r oilani uchratish qiyin. To‘g‘rimi?

So‘rov o‘tkazilgan oilalarning  23 foizi bergan javoblarda ma’naviy-axloqiy  qadriyatlarni unutmagan, zamon bilan hamnafas, barchaga  ibrat bo‘larli, jamiyatga  foydasi tegadigan, ota-onasini qadrlovchi, kechirimli, dunyoqarashi keng, vatanparvarlik tuyg‘usi shakllangan, o‘zaro mehr-oqibatli, kiyinishi badastr, sabr-qanoatli, er-xotin, qaynona-kelin, yaqin qarindoshlar, quda-andalar  o‘zaro ahilligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. 

Bu fakt va raqamlarni mutaxassislar shunday sharhlaydi. 

— Zamonaviymi yoki “eskicha” oilami, eng avvalo, er-xotin  ahil, hammaslak bo‘lishi kerak, — deydi Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori Feruza Muhiddinova. — Ayol ro‘zg‘or yumushlari bilan band bo‘lsa, ota farzandlarining tarbiyasi bilan shug‘ullanishi maqsadga muvofiq. Masalan, ular bilan shaxmat va shashka, futbol o‘ynasa, darslarini birgalikda bajarsa. Bunday oila farzandlari ota-onasiga, atrofidagilarga mehrli-oqibatli bo‘lib ulg‘ayadi, deb o‘ylayman. Sirini, muammosini yashirmaydi. 

“Zamonaviy oila” deganda hashamatli hovli-joy, avtomobillaru mobil telefonlari, kunda, kunora  kafe-restoranlarda maishatbozlik qilish, so‘nggi modada kiyinish  imkoniyati tushunilmaydi. Bular ikkinchi darajali vositalardir. Ushbu vositalarga istagan odam, masalan, o‘g‘rilik, g‘arlik, qotillik yo‘li bilan ham erishishi mumkin. Lekin halollik, poklik va mehnat bilan farovonlikka erishgan oilalarda qut-baraka serob, xotirjamlik  bo‘lishi azaldan ma’lum. Zamonaviy oilada uyning to‘rida kitob, kitob javoni bo‘ladi. Ilm, bilim, ma’rifat yuksak qadrlanadi. “Falonchi kitob ko‘rgan odam”, degan hikmat bejiz asrlar osha yashab kelayotgani yo‘q. Ko‘pni ko‘rgan keksalar oilaning barakasi — faxridir. 

Yurist sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, aksariyat yoshlar o‘rtasiga sovuqchilik tushsa, darrov to‘nini teskari kiyib oladi. Kechagina bir-birini  ko‘rmasa turolmaydigan er-xotin dushmanga aylanadi. Faoliyatim davomida shunday otalarni ko‘rdimki, “Mayli qancha aliment desa beraman, shu xotinimdan qutulsam bas” deydi. Ammo o‘rtadagi farzand-chi? Pulni, boshqa xotinni ham topish mumkindir, ammo boy berilgan baxtni yana qanday topadi? O‘z pushti kamaridan tug‘ilgan bolani yetim qilib, saodatga erishish, xotirjam yashash mumkinmi?  Oilaning ustuni — sabr-toqat, qanoat.  Dunyoda oilaviy baxtdan buyukroq saodat yo‘qdir. 

Psixologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston jahon tillari universitetining dotsenti  Dildora Rahimovaning fikricha, bugungi oilalarda ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi psixologik munosabatlarda ancha o‘zgarishlar ro‘y berayotir. Oilashunoslar buning bir uchini zamonaviy texnologiyalar, texnika taraqqiyoti-yu global o‘zgarishlarga olib borib taqashadi. Oilada farzandlarning roli oshmoqda. Ilgari deyarli barcha o‘zbek oila a’zolari bir hovlida umrguzaronlik qilgan bo‘lsa, endi yosh oilalar alohida yashashni ma’qul ko‘rmoqda. Shuning bilan birga, ilgari yosh ota-onalar ko‘proq ota-ona,  bobo-buvilarining yo‘l-yo‘riqlariga, pand-nasihatlariga amal qilishga o‘zida moyillik sezgan bo‘lsa, hozirgi yoshlarning tutimida internet va o‘arb madaniyatining ta’siri ustunlik qilayotgani sezilmoqda. Natijada yosh ota-onalar farzand tarbiyasida asrlar osha sayqal topib kelgan milliy an’analardan uzoqlashib, oro-yo‘lda qolib ketayotirki, daraxt bir joyda o‘ssagina baquvvat bo‘ladi, degan hikmat yodga tushadi. Bu, ayniqsa, oilada ayollarning roli, hukmfarmonligi sezilarli darajada oshganida yaqqol ko‘rinadi. Ayni o‘zgarish oilaning iqtisodiy, ham ma’naviy hayotida ham o‘z aksini topmoqda. Shu bilan birga bolaning ham o‘rni, “tashvishlari” oshdi. Ularda aqliy-emotsional o‘zgarishlar jarayoni kuzatilmoqda. Bunday paytda yosh ota-onalar farzandlarining intellektual talablarini o‘z vaqtida to‘g‘ri anglab yetmog‘i darkor. Jumladan, farzandining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor berib, ularni qo‘shimcha mashg‘ulotlarga jalb etish yo‘llarini qidirmog‘i lozim. 

Shunday ekan, oilalar mustahkam bo‘lishi uchun, avvalo, ota-onalar bir-birini qadrlamog‘i, hayot sinovlari va turmush zarbalaridan asrab-avaylamog‘i, sabr-qanoatli bo‘lmog‘i darkor. Farzandlar tarbiyasida milliy an’analarni zamonaviy bilim bilan boyitib, dono va baxtli farzandlarni voyaga yetkazsalar, barcha havas qiladigan zamonaviy oilalar vujudga keladi. Jamiyat ham rivoj topadi.

Aslida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etganlarning aksariyati ham shunday fikrda.  

Feruza BERDIYEVA, 

jurnalist.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.