Zar qadrini zargardan so‘rang. O‘zbekiston xalq ustasi, taniqli zargar Fasihiddin DADAMUHAMEDOV bilan gurung

— Sohibqiron bobomiz va ul zoti muborakning farzandlari  nazari tushgan osori-atiqalar juda kam saqlanib qolgan. Har holda, o‘rtada qariyb yetti asrlik masofa bor. Avvalo, temuriyzodalar muhrli uzuklarining tarixi haqida gapirib bersangiz. Zero, Siz o‘sha noyob durdonalarni ko‘rish, o‘rganish va ularni yangidan yaratish sharafiga muyassar bo‘lgan usta rassom ijodkorlardansiz.  

 — Bu — juda qiziq, ayni paytda, anchayin o‘yga toldiradigan tarix. Biroq men o‘tmishdan gap ochishdan avval, shu kecha-kunduzda yuz bergan ikki ulkan tarixiy voqeaga e’tiboringizni qaratmoqchi edim. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 8-may kuni mamlakatimizda zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga sharoitni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Mazkur mashvaratni “tarixiy” deb aytayotganimning boisi shundaki, istiqlol yillarida zargarlik sohasiga oid talay hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, mamlakatimizda bu tarmoq e’tibordan chetda qolib kelayotgan edi. Misollarga e’tibor bering: zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish butunlay to‘xtagan edi. Qimmatbaho metallarni zargarlarga sotishdagi ko‘plab cheklovlarni aytmaysizmi. 

O‘zingiz o‘ylang, zargarlik mahsulotlari butun dunyoda talab yuqori bo‘lgan tovarlardan ekani sir emas. Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga o‘sayotgani, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani sohaning ulkan eksport salohiyatidan dalolat. Yurtimizda oltinu kumushimiz bo‘lsa, qimmatbaho toshlarimiz bo‘lsa, jahonga dong‘i ketgan usta zargarlarimiz bo‘lsa-yu odamlarimiz asl taqinchoqlarni xorijdan olib kelishsa. Koshki, olib kelayotganlari o‘zimizda yasalayotgan milliy zargarlik buyumlaridan yaxshi, sifati kafolatlangan  bo‘lsa. Ko‘p hollarda tilla deb ko‘tarib kelayotganlari oddiy jez bo‘lib chiqayotganiga nima deysiz. Buning ustiga, kunda-kunora bojxonachilarimiz zargarlik buyumlarini chegaradan yashirincha olib o‘tayotgan shovvozlarni to‘xtatib qolayotgani-chi. 

 — Siz aytayotgan zargarlik mahsulotlari xomashyosi — oltinu kumush, qimmatbaho toshlarning mamlakatimizda bozori yo‘q. Ko‘pincha ko‘cha-ko‘yda “tilla sotib olamiz” qabilidagi e’lonlarga ko‘zimiz tushib qoladi. Bu ham bir hufiyona faoliyat. To‘g‘rimi?

— To‘g‘ri. Masalan,  tillani topish mumkindir. Lekin asl toshlarni-chi? Yig‘ilishda berill, ametist, feruza, malaxit, lazurit, opal kabi qimmatbaho toshlarning yurtimizda zaxiralari bo‘lsa-da, ular sanoat darajasida o‘zlashtirilmagani taassuf bilan ta’kidlandi. Shulardan kelib chiqib, zargarlikning barcha turlarini rivojlantirish, tarmoq uchun zarur toshlarni o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgani juda xayrli ish bo‘ldi. Davlatimiz rahbari xomashyodan samarali foydalanish, tarmoqqa faol investitsiya jalb etib, zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish zarurligini alohida ta’kidladi.

Hozirgacha biz kabi, yakka tartibdagi zargar-tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqiga ega emasdik. Shu sababli vositachi do‘konlarga topshirishga majbur bo‘lardik. Shuningdek, asillik darajasini belgilash, tayyor zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqishga oid tartiblarning murakkabligi ham aholiga va tadbirkorlarga noqulaylik tug‘dirayotgani bor gap.

Meni mutaxassis sifatida quvontirgani shuki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan endi bunday muammolarning barchasiga barham beriladi. Prezidentimizning mamlakatimizda zargarlik tarmog‘ini jadallik bilan rivojlantirishga oid imzolangan farmoni bunda muhim omil bo‘lishi shubhasiz. Hujjatga binoan tijorat banklari va zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar “Navoiy KMK”, “Olmaliq KMK”dan o‘lchov plastinalari hamda besh gramm va undan ortiq granula shaklidagi qimmatbaho metallarni (oltin va kumushni) London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksingidan kelib chiqqan holda milliy valyutamizda sotib olish va sotib olingan qimmatbaho metallarni boshqa zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqiga ega bo‘ladi. Yana bir ulkan imkoniyat — qimmatbaho metallar hamda mahalliy zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish  qo‘shimcha qiymat solig‘i va aktsiz solig‘idan 2022 yil 1 iyulga qadar ozod etiladi. Bulardan tashqari, kelgusi yilning oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha hududlarida — har bir viloyatda ikkitadan kam bo‘lmagan, Toshkent shahrida esa o‘ntadan kam bo‘lmagan zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlari tashkil etiladi. 

 — Osori-atiqalar haqida gap ochilganda, yurtimizga oid xorijdagi ko‘plab  madaniy boyliklar, jumladan, noyob zargarlik buyumlari, yodga tushadi. Ularni izlab topish, o‘rganish va  mamlakatimizga qaytarish borasida ko‘lamli ishlar boshlanganidan va unga Siz ham o‘z hissangizni qo‘shayotganingizdan xabarimiz bor.   

— Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan ish boshlagan yangi markaz tomonidan bu borada samarali faoliyat olib borilayotganini mutaxassis sifatida biz, zargarlar ham quvonch bilan kuzatib turibmiz. Jumladan, yurtimizga doir uch ming bir yuzdan ortiq madaniy boylik — bezak-taqinchoq, qo‘lyozma, miniatyura, naqsh, surat va boshqa osori-atiqalar aniqlangan va ularning ilmiy tavsifi tuzilgan. Bunday osori-atiqalarning 18 foizi Buyuk Britaniyada, 52 foizi Rossiyada saqlanmoqda. Umuman olganda esa madaniy boyliklarimizni jahonning qirqdan ortiq mamlakatidagi turli ilmiy muassasa, muzey, arxiv, kutubxona va kollektsionerlarda uchratish mumkin. 

Ha, xalqimizning boy tarixi, buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi bilan bog‘liq ne-ne osori-atiqalar butun dunyo bo‘ylab sochilib ketgan. Ularni topish, ilmiy asosda o‘rganish, iloji bo‘lsa, asl holicha Vatanimizga qaytarish — bugungi istiqlol farzandlarining muqaddas burchi. Biz, hunarmand-ustalarning temuriyzodalar muhrli uzuklarining nusxasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarimiz ham ana shu yo‘ldagi bir urinishdir. 

 — Ta’bir o‘rinli bo‘lsa ana shunday “sarguzashtlaringiz” haqida gapirib bersangiz. 

— Bunda hech bir sarguzasht yo‘q. Boriki, ilm, mehr, izlanish, sabr-toqat va zahmat. Kasbimiz-hunarimiz talab qiladigan burchu vazifalar. 

Aslini olganda, mamlakatimizdagi va xorijdagi ko‘plab muzeylarda saqlanayotgan ne bir bebaho topilmalar yurtimizda, ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva, Qo‘qon, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimizda zargarlik san’ati azaldan yuksak rivoj topganidan dalolat berib, jahon ahlini bugun ham hayratga solib, havasini qo‘zg‘ab kelmoqdaki, bundan haqli ravishda faxrlansak arziydi. Ularda davr muhiti, har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari, an’analari o‘z in’ikosini topgan. 

 — Sohibqiron va temuriylar davri asl zargarlik buyumlarining o‘ziga xos jihatlari nimalarda ko‘rinadi? 

— O‘n uchinchi-o‘n to‘rtinchi asrlargacha asl zargarlik buyumlarida ko‘proq jonivorlar — qushlar, ohular, gullar shaklidagi bezaklar tasvirlangan bo‘lsa, keyinchalik ularning o‘rnini arab imlosidagi rang-barang kompozitsiyalar, bezaklar egallagan. Ayni yozuvlar bir tomondan naqsh vazifasini o‘tagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, katta ma’no-mazmun kasb etgan. Bunday yuksalishga aynan Amir Temur va temuriylar davrida asos solingan. 

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Ermitaj davlat muzeyida saqlanayotgan temuriylar davriga oid zargarlik buyumlaridan ikkita muhrli uzukning nusxasini yaratish bizning mazkur yo‘nalishdagi ilk izlanishlarimiz sirasidan. Ulardan birinchisi Shohruh Mirzoning sevimli rafiqasi Gavharshodbegimga atab asl sariq oltindan Hirotda yasalgan. Bodom nusxa qimmatbaho yashil xrezolit tosh o‘rnatilgan ko‘zxonasi o‘ttiz tishli. Toshga “Gavharshod binti o‘iyosuddin Tarxon” so‘zlari va uzuk yasalgan sana — hijriy “802” yil o‘yib yozilgan. Uning uzuk qismi — barmoqqa taqiladigan tilla baldog‘i bizning davrimizgacha yetib kelmagan.

Eronlik zargarlar mehnatining mevasi bo‘lmish ikkinchi muhrli uzuk Sohibqironning uchinchi o‘g‘li Mironshoh mirzoga tegishli. Bodom nusxa to‘q yashil nefrit toshidan iborat. Qimmatbaho toshga “Amirul-umaroi Ozarboyjon Mirzo Mironshoh bin Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon” so‘zlari va hijriy “725” yil raqami o‘yib yozilgan. 

Ushbu osori-atiqalar nafaqat temuriylar davri hunarmandchiligining noyob namunalari, balki o‘z zamonasining muhim ahamiyatga ega hujjatlarini tasdiqlovchi yuksak qudratga ega muhrlar hamdir. 2011 yili shogirdim Mehriddin Xoliqov bilan birga ulardan nusxa olib, yurtimizda qayta yaratish sharafiga muyassar bo‘ldik. Muhrli uzuklar Temuriylar tarixi davlat muzeyidan joy oldi.   

 — Ularni yangidan, buning ustiga, qimmatbaho toshlardan yasash oson bo‘lmagandir? Arabiy yozuvlar, timsollar, shakllar, raqamlarni danakdek toshga o‘yish, yozish... Aytishga oson! 

— Ochig‘ini aytsam, ikkilangan, qo‘limiz titragan paytlar ham bo‘ldi. Ammo intilganga tole yor. Zargarlik, umuman, hunarmandlik juda katta sabr-toqat talab qiladigan g‘oyat mayda ish. Sizga ishonib topshirilgan falon millionlik toshni sindirib qo‘ysangiz nima bo‘lishini tasavvur qiling. Tovon to‘lashga bir umr topgan-tutganingiz yetmaganidan tashqari, nomingiz tavqi la’natga qoladi. Jarroh ko‘zni operatsiya qilar ekan, deyarli har gal bir xil harakat va amaliyotni bajaradi. Chunki hamma odamning ko‘z tuzilishi, tomirlari, asab tolalari qariyb bir xil.  San’atkor zargarning ishi esa deyarli betakrordir. Qimmatbaho toshlar, deylik, olmos, zumrad, yashma,  feruza, durni butlash yoki kavsharlashning hech iloji yo‘q. Toshga tegishli — chuqur yoki qabariq shakl berish, muayyan yozuv, tasvir yoki timsollarni tushirish uchun necha bor uni qo‘lga olish, o‘lchash, chamalash, yo‘nish, o‘yish, silliqlash, pardozlash lozim. Bunday o‘ta nozik ishga qo‘l urishdan avval qimmatbaho toshlar va metallarning o‘ziga xos kimyoviy xossa-xususiyatlarini o‘rganish, bilish zarur. San’atkor zargarlar, avvalo, eng yaxshi kimyogar, fizik va matematik hamdir. Shuning uchun bu kasbning etagini tutganlarga oliy va o‘rta ta’lim muassasalarida, boshqa ilmlar qatorida, kimyo, fizika, geometriya, rangtasvir, biologiya kabi fanlar ham puxta o‘rgatiladi. Zargar o‘z ishida necha xil kislota, qay xil tuz va qanday qo‘rg‘oshindan foydalanishni yaxshi bilishi lozim. 

 — Siz yaratgan zirak, uzuk, bilakuzuk, tumor va boshqa zeb-ziynat buyumlari nafaqat  O‘zbekiston, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlardagi muzeylar, shaxsiy kollektsiyalarni bezab turibdi. Taniqli zargar, ustoz ijodkor, san’atshunos olim sifatida ko‘plab xalqaro ko‘rgazmalarda o‘z asarlaringiz bilan ishtirok etasiz. Ulardan odatda qanday taassurotlar bilan qaytasiz? 

— Faxr-iftixor bilan desam, ishonavering! Nega? Sababi — zargarlik sohasidagi qariyb ellik yillik faoliyatim mobaynida necha o‘nlab katta-kichik xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashgan bo‘lsam, hammasida o‘zimizning hunarmand-ustalar yaratgan asl buyumlar alohida ko‘zga tashlanib turganiga, odamlar guras-guras kelib, tomosha-yu xarid qilayotganiga guvoh bo‘lganman. Betakrorligi, yuksak ma’no-mazmuni, go‘zalligi, hashamdorligi, qadimiy milliy an’analarimizga sodiqligi bilan. Buning ajablanarli joyi yo‘q. Bashariyat tarixining barcha davrlarida boylik, dabdaba va hashamdorlik timsoli bo‘lib kelgan oltin va tilla taqinchoqlar, aslini olganda, dunyoga bizning yurtimizdan, ya’ni O‘rta Osiyodan yoyilgan. O‘lkamizda 4,5 ming yil burun oltin qazib olingan va qayta ishlangan. Boshqacha aytganda, zargarlik san’ati yuksak rivoj topgan. 

Bu yog‘ini surishtirsangiz, zargarlar barcha davrlarda va barcha mamlakatlarda jamiyatning alohida e’tiborida bo‘lgan. Biz tarix kitoblaridan Ovrupaning “Uyg‘onish davri” sifatida o‘rgangan XV-XVI asrlarda zargarlik san’atining nufuzi naqadar baland bo‘lganini shundan ham bilish mumkinki, o‘sha zamonning eng atoqli allomalari, musavvirlari va me’morlari Verokkio, Golbeyn, Dyurer kabi zargarlar ustaxonalaridan chiqqan.

Shu o‘rinda, bir muhim voqea esga tushadi. 1972 yili Surxondaryodagi Dalvarzintepa shahristonida umumiy og‘irligi 36 kilogrammdan ortiq turli bezaklar, taqinchoqlar, oltinlar shodasi va boshqa zeb-ziynat buyumlari (jami 115 dona) topilgani dunyoda katta shov-shuv bo‘lgan edi. Tarixchi va  qadimshunoslarning ta’kidlashicha, “Dalvarzintepa xazinasining eng qimmatli jihati, uning antik dunyo san’ati qatorida tutgan muhim o‘rnidir. Zero, milodiy asr boshlarida Kushon, Xorazm, Sug‘d kabi qudratli davlatlar, saltanatlar o‘tganki, ular o‘sha davrlarda gullab-yashnagan yirik shaharlari, mahobatli qasrlari, saroylari bilan olamga dong taratgan. Shu bois, bugungi O‘zbekiston hududidan o‘tgan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Termiz, Qo‘qon singari qadimiy kentlarda zargarlik qadimdan gurkirab rivojlangani yana bir bor ayon bo‘ladi. Zargar — ustalar o‘z nomini asrab-avaylagan. Bilganki, qalloblik qilsa, holiga voy: “Firibgardan zargar chiqsa, oltinni ham zang bosadi”. 

 — Yurtimizda shakllangan an’anaviy zargarlik maktablarining o‘ziga xos jihatlari nimalarda ko‘rinadi? Siz o‘zingizni ularning qay biriga mansub ijodkor deb bilasiz?

— Men uchala maktabga xos boy uslublardan ham ijodiy foydalanishga harakat qilaman. Bulardan birinchisi — ildizlari temuriylar davriga borib taqaluvchi Surxondaryo va Qashqadaryo yo‘li. Ikkinchisi — Buxoro, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent yo‘li. Turkmancha, qoraqalpoqcha va qozoqcha uslublardan ulgu olgan, biroq keyinchalik mutlaqo o‘ziga xos maktab sifatida shakllangan uchinchi — Xorazm yo‘li. Bu maktablarning o‘ziga xos, ayricha, aslo boshqalarga o‘xshamaydigan tomonlari ko‘p. 

Masalan, xorazmliklarga xos sirg‘alarning ust qismi odatda gumbaz shaklida bo‘ladi. Farg‘ona va Toshkent maktabida bu shakl balo-qazolardan asrovchi unsurlar mo‘lligida aks etadi. Surxondaryo maktabiga xos taqinchoqlarning aksariyati bodom shaklida ishlanib, markaziga ko‘z qo‘yiladi. 

 — Mohir hunarmand-ustalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Siz zargarlar sulolasining nechanchi vakilisiz?

— Agar sulola deb atash mumkin bo‘lsa, birinchisi. Ota-bobolarim quruvchi-binokor o‘tishgan. Toshkentning Eski shaharida, hunarmand-ustalar orasida tug‘ilib o‘sdim va zargarlikka mehr qo‘ydim. Teatr va rassomlik institutidagi (hozirgi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti) rassomlik fakultetining san’atshunoslik bo‘limida o‘qidim. O‘zbekiston Respublikasi davlat san’at, Xalq amaliy san’ati muzeylarida bir muddat ishladim. Ishlash jarayonida O‘zbekiston xalq ustasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, miniatyurachi-rassom va qo‘li gul zargar Niyozali Xolmatovdan hunar o‘rgandim.  Farzandlarim orasida ota kasbiga mehr qo‘yganlari ham yo‘q emas.

 — Shu kunlarda qanday ijodiy ishlar bilan mashg‘ulsiz?

— Zargarlikka mehr qo‘yib, yosh yalangga qo‘limdan kelgancha bu hunardan saboq berib, amin bo‘lmoqdamanki, bu san’atning ilmiy, pedagogik asoslari hali o‘zimizda deyarli ishlab chiqilmagan. Xususan, ona tilimizda sohaga oid mukammal qo‘llanmalar yo‘q hisobi. Orzuim — shu bo‘shliqni imkonim darajasida to‘ldirish. Zargarlikni rivojlantirishga davlat darajasida yuksak e’tibor qaratilayotgan ekan, biz, keksa avlod vakillari, chetda qo‘l qovushtirib turishimiz odobdan emas.  

 — Zargarlik sanoatlashib borayotgan zamonda bu qadimiy hunarning istiqboli haqida nimalar deya olasiz?

— Ayollar tabiatini yaxshi bilgan qadimgi  zargarlar aytishar ekanki, yer yuzida ayol zoti barhayot ekan, zargarlarning do‘koni aslo yopilmaydi.

— Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat! Do‘koningizga baraka beraversin!..

Qodir QODIROV 

suhbatlashdi.

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.