MEHR GULLARIGA SUYANIB...

Odam dunyoda faqat o‘z huzur-halovatini ko‘zlab yashamaydi. Har kim o‘z kuniga omon bo‘lsinu, ammo turmushimizni yaxshilash har jihatdan o‘zimizga bog‘liq. “O‘z uying - o‘lan to‘shaging” deganlaridek, hammaning o‘z vatanida tinchgina yayrab yashaganiga nima yetsin! Qolaversa, O‘zbekistondek serquyosh o‘lka, mehridaryo xalqi  qayerda bor?! Afsuski, tinch va osuda kunlarga shukr qilmasdan, behisob mol-dunyo orttirish ilinjida allaqaysi yurtlarni kezib, ovorai jahon bo‘lganlarning birortasi xursand emas. Musofirchilikning og‘ir damlarini boshdan kechirib, boy bergan sog‘ligi, toptalgan or-nomusini endi qaytarib bo‘lmasligini tushunib, ich-ichidan afsus-nadomatlar chekayotgani, pushaymonlari yolg‘iz bir o‘ziga ayon. Axir, qaysi bet bilan qo‘ni-qo‘shnilari, yaqinlariga o‘z dilbandlarini yolg‘iz  qoldirib, o‘zi yetti yot kimsalarning bolalariga enagalik qilgani yoki keksa ota-onasini qarovsiz tashlab  begonalarning yaqinlariga mehr-oqibat ko‘rsatganini aytsin?!

 

Kunday ishlardan yuzi qizarib, vijdon azobida qolganlar qan­cha! Bunday sharm­sizlikdan ko‘ra, har kim o‘z oilasi bag‘rida bo‘lib, kasb-hunari bilan yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shsa, birovdan kam bo‘lmaydi-ku! To‘g‘ri, hamma yaxshi yashashni istaydi. Shu maqsadlarda turmush tarzimiz ham xorijiy davlatlardan qolishmaydigan darajada yuksalib borayapti. Izlagan imkon topadi-da.

Toshkent shahrida joylashgan «Umid kuchi» ijtimoiy markazining maqsad va vazifalari bilan tanishib, bunga yana bir bor amin bo‘ldim.

Markaz odam savdosidan jabrlangan xotin-qizlar va yoshlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida bir qancha ezgu ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bundan tash­qari, ishsiz xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash, aholining sog‘lom turmush tarziga alohida e'tibor berish, kelajak avlod tarbiyasiga oid muammolar yuzasidan keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda... Qolaversa, markaz ta'lim-tarbiya, bilim, ma'naviyat sohalarida qizg‘in ishtirok etayotir. “Umid kuchi” o‘z faoliyatini 2012 yildan boshlagan bo‘lsa-da, dolzarb loyihalari va dasturlari bilan fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash hamda boshqa ko‘plab sohalarning ishonchli hamkori bo‘lishga ulguribdi. 

O‘zimizning qora ko‘zlar

- O‘zbek xalqi bolalari ko‘p bo‘lishini istaydi. Birov bilan tanishganida ham avval uning o‘g‘il-qizlari soni va sog‘ligi bilan qiziqadi. Bu yaxshi odat. Ammo farzand­larimiz jamiyat hayotida o‘z o‘rnini, el-yurtga foydasi tegadigan kasb-hunarlarni egallashi uchun ham  bosh qotirishimiz kerak, - deydi biz bilan suhbatda “Umid kuchi” nodavlat notijorat tashkilotining rahbari Umida Karimova. - Chunki, sog‘lom turmush har bir shaxsning hayot tarzi hisoblanadi. Bolalar es-hushini tanigach, yon-atrofdagilar bilan muloqotga kirishib do‘stlashadi. Ulg‘aygan sari o‘zidan kattalarga bilib-bilmay taqlid qiladi. Bu uning hayotini yaxshi yoki yomon tomonga o‘zgartirib yuborishi hech gap emas. Masalan, bolalar o‘smirlik yoshiga yetganida qiziqish oqibatida tamaki chekib ko‘rishadi. Ba'zan esa chekuvchi otasiga taqlid qilib, bunga asta-sekinlik bilan o‘rganib, faol chekuvchiga aylanadi. Buning aksi kuzatilganda, chekuvchilarning yillar o‘tib salomatligida bo‘layotgan salbiy o‘zgarishlarni kuzatib,  bunday  zararli odatdan voz kechadilar. Giyohvandlik ham shunday, avval qiziqish va “tatib ko‘rish” bahonasida boshlanadi. Balog‘at davrida yoshlar juda qiziquvchan bo‘lib, har bir ishni o‘zi mus­taqil bajarib ko‘rgisi keladi. Ular yaxshi-yomon odatlarni mohiyatiga yetishi uchun oila muhiti katta o‘rin tutadi. Ayniqsa, yaqinlari chet elga ishga ketgan bolalarning tarbiyasiga atrofdagilar, o‘qi­tuvchilar, keng jamoatchilik beparvo qarab turishi kerak emas. Hali tatib ko‘rilmagan tamaki yoki giyohvand moddani umuman og‘ziga olmaslik ularning foydasi ekanini tushuntirish kerak. Kuniga bitta tamaki chekilganida inson organizmida tiklab bo‘lmaydigan qanchadan-qancha hujayralar o‘lishini tushuntirishimiz kerak. Sog‘lom turmush tarzi bu faqat badantarbiya, foydali mahsulotlarni iste'mol qilish emas, balki bolalikdan olingan to‘g‘ri ta'lim-tarbiya, xavfsiz atrof-muhit, zararli odatlardan himoyalanish degani hamdir. Hozir bu masala butun dunyoning diqqat markazida turibdi. Qora ko‘z dilbandlarimiz turli yot g‘oyalar mafkurasidan  himoyalanish uchun o‘zida immunitet hosil qilishi, yaxshi va yomonni aniq ajrata olishi kerak. Saviyasi past ommaviy madaniyatlarga ergashmoq, ahloqsizlik va turfa oqimlar ta'siriga tushib qolish faqat o‘sha insonning o‘zini emas, atrofidagilarni ham jarlikka  olib borib qo‘yadi. Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida “Umid kuchi” tomonidan bir qancha foydali loyihalar ishlab chiqildi. Yoshlar yuqo­rida aytilgan salbiy illatlardan xoli bo‘lishi uchun das­turlarimiz doirasida Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurt­lari, kollej talabalari va maktab, litsey o‘quvchilari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazishni rejaga kiritganmiz.

Inson so‘z orqali qabul qilgan axborotini unutishi mumkin, ammo ko‘z bilan ko‘rgan narsani uzoq muddat xotirasida saqlab qoladi. Shuning uchun bolalarimiz  kelajagiga rahna soladigan zararli muammolarni o‘rganish jarayonida ko‘proq hayotiy materiallarga ahamiyat qarat­­ganmiz. Ayniqsa, o‘smirlik davrida bilib-bilmay kirib ketilishi kuzatilayotgan turli oqimlar va yot g‘oyalar inson salomatligi, hayoti va taqdiriga qanday salbiy ta'sir ko‘rsatishini aniq dalillar orqali ifoda etmoqdamiz. Tadbirlarga shifokorlar bilan birga giyohvand­likka chalinib tuzalgan, odam savdosi jabrdiydasiga aylanib, hayotini yana izga tushirgan insonlarni ham taklif etmoqdamiz. Bu xatti-harakatlarimiz ertaga albatta, samarasini berishiga ishonamiz.

 Hozircha tikuvchiman...

Vatanimiz bizga shuncha  imkoniyat, ilm-ma'rifatni beminnat berib qo‘yganidan ke­yin bunga munosib bo‘lish kerak-da! Aslida bunga nomunosiblarni ham birov ko‘kragidan itarib, chetga chiqarib qo‘ygani yo‘q. Qaytanga, adashgan, aldangan jabrdiydalarga mehr-oqibat ko‘rsatib yana yaqinlari bag‘riga qaytarilmoqda. “Umid kuchi” nodavlat notijorat tashkiloti ham Sergeli tuman xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda «Ayollarning biznes imkoniyatlarini rivojlantirishda ko‘maklashish» lo­yihasini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Kashtachilik va tikuvchilikni o‘rganish istagida bo‘lgan ishsiz ayollar ro‘yxatga olinib, mashg‘ulotlar jadvali ishlab chiqildi. Hunarmand Shodiyona Turdialiyeva hamda “Nozimabegim Ziyo” o‘quv markazi direktori Matluba Xolmuhamedova o‘r­tasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

- “Umid kuchi” tomonidan uyushtirilgan tadbirlarning biriga qatnashib, o‘zimga ishonchim ortdi.  Bir  zamonlar onam sovg‘a qilgan tikuv mashinasi  yodimga tushib ketdi, - deydi “Bobur” mahallasida istiqomat qiluvchi Aziza opa Nuraliyeva. - Onam terimchi bo‘lgani bois tikuvchilikni etak tikishdan boshlagandim. Keyin mahallamizning tikuvchi qiziga aylandim. Turmushga chiqqanimdan so‘ng ketma-ket farzandli bo‘ldim. Ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib, tikish-bichishga  vaqt bo‘lmadi. Hafsala bo‘l­ganda tikkan ko‘ylaklarim mijozlarga yoqarmikan, degan hadik bilan yurdim. “Umid kuchi” tufayli dilimdagi qat'­iyatsizlik barham topdi. Tikkan ko‘ylaklarimni ko‘rib, mahallamizdagi xotin-qizlar ham tikuvchilik sirlarini o‘rganishni istayotganini aytishdi. Hozircha tikuvchiman. Kelgusida o‘zimning tikuv sexim bo‘lishini istayman.       

«Umid kuchi»ga ishonamiz

Ha, “Umid kuchi” o‘z nomi bilan umid kuchi. Davlatimiz tomonidan bunday markazlarga bejiz ketma-ket grant ajratilayotgani yo‘q. Buni oqlash uchun nafaqat shahar, qishloq xotin-qizlari qalbiga ham dadil kirib borishini juda istardim. Sababi, yurtimizning chekka-chekka tumanlarida istiqomat qilayotgan, qo‘lida hunari boru, buni birovga ko‘rsatishga jur'at etolmay yurgan opa-singillarimiz qancha! Ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortsa, bugun yechimini kutib turgan ko‘pgina muammolar oson bartaraf bo‘lardi.

Ayni paytda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Ularga davlat organlari ham ishonch bildirib samarali loyihalarini amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashib kelmoqda. Mana shu hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Unda “Ijtimoiy sheriklik davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan tarmoq, hududiy dasturlarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni hamda fuqarolarning huquq­lari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘l­gan boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi hamkorligi” tegishli qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yildi. Kelajakda “Umid kuchi”ga o‘xshagan markazlardan umidimiz katta. Ijodiy faoliyatlarini kengaytirib, foydali loyihalari bilan millatimiz kelajagini chinakam buyuk qiladigan insonlarni tarbiyalashga o‘z hissasini qo‘shishidan umidvormiz.

 

Adiba UMIROVA,

«Hurriyat» muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.