“QUYOSHDAY MEHRIBON VATANING - ONANG”

Bundan roppa-rosa yuz yil ilgari Xivada bir qiz tug‘ildi. Bir qiz emas, gul qiz tug‘ildi - Anabibi. Qizgina qiz bo‘lib boshqa tengdoshlari kabi beshtosh o‘ynamadi, bola bo‘lib bolalik ko‘rmadi. To‘qqizida qo‘llari go‘dak tutarga kelib, o‘zgalar bolasini yig‘lasa ovutdi. O‘ynatdi. Ko‘tardi. Boqdi. Non topdi. Chindan Onabibi bo‘ldi.

Kun qiyomdan og‘di. Husayn og‘a Ismoilov (tuman xalq maorifi mudiri) uyiga tun qoraytib qaytayotgan qizaloqni ko‘rib qoldi-yu, shunchaki o‘tib ketmadi. O‘tib ketolmadi. Yuragi uvushdi. Bibini, uning akasi Polvonni ham bolalar uyi tarbiyasiga olib bordi. O‘zi esa ularning oilasini oziq-ovqat bilan ta'minlashga ko‘makdosh bo‘ldi...

 Bibi o‘qidi, o‘rgandi. O‘n to‘qqizga to‘ldi. Yo‘ldosh og‘amiz bilan umrini bog‘ladi. Ne qilsin, umri butunlikka bog‘lanmabdi-da. Qirq birinchi yil edi o‘shanda. YUho -  urushning daragi yetib, ayol mash'um tonglardan birida erini frontga kuzatib qo‘ydi. Bir yil o‘tmay qora xat keldi.

Anabibi Nazarova qirq yillik mehnat faoliyatining o‘ttiz yilini, bor mehri va muhabbatini urush yillarida ota-onasidan ayrilgan, qarovsiz qolgan bolalar tarbiyasiga bag‘ishladi.

Hujjatlarda qayd etiladiki, 1945 yilda O‘zbekiston viloyatlari va Qoraqalpog‘is­tonda 268 ta bolalar uyi mavjud bo‘lib, ulardagi tarbiyalanuvchilar soni 31 ming uch yuz nafarni tashkil etgan. Holbuki, urush arafasida respublikada faqat 106 ta bolalar uyi mavjud bo‘lib, ularda 12 ming bola tarbiyalanardi. Urush tufayli ota-onalaridan ajralgan norasidalarni bolalar uylarigina emas, yuzlab o‘zbek oilalari ham qaramog‘iga olishdi. Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning turmush o‘rtog‘i Bahri opa Akromovalar turli millat farzandlaridan 14 nafar, kattaqo‘rg‘onlik Hamid Samadov oilasi 12 nafar, buxorolik Muazzam Jo‘rayeva va Ashurxo‘jayevalar oilalari o‘z bag‘irlariga 8 nafardan bola olib tarbiyalagani oliy insonparvarlik namunasi ekani bilan birga, bemisl jasorat hamdir.      

Anabibi onamiz yuzlab o‘g‘il-qiz o‘stirdi. “Onajon!” deya xat yozguvchilar, dil yorguvchilar ko‘p bo‘ldi. Ulardan biri el sog‘ligi uchun tinib-tinchimagan, o‘z kasbining fidoyisi, tibbiyot fanlari nomzodi Abdulla Ashurov bo‘ldi:

“Stol atrofida o‘tirar ekanmiz, meni xayollar o‘z og‘ushiga tortib ketadi. 1942 yilni o‘ylayman. Qaysiki, sizning huzuringizga yirtiq kiyim bosh, boshyalang, och holda kirib borgan vaqtim. Siz meni tuqqan onam misoli quchoqladingiz. Yangi ki­yim-kechak bilan ta'minlash uchun topshiriq berdingiz. Ming rahmat siz kabi onalarga. Men o‘sha Abdullangizman. Bir umrga sizdan minnatdorman, onajon!”

Xivadagi 20-Mehribonlik uyida ko‘p ajoyib insonlar o‘sib-ulg‘aydi, kamolga yetdi. Masalan, bozorda baliqchining qozoniga o‘t qalab o‘tirganida olib kelingan bolakay - Otajon YOqubov. Uning dardlari, kechinmalari yozgan she'rlariga ko‘chib o‘tdi. Maqsud Shayxzoda taklifi bilan shoir «Porloq» taxallusida ijod qildi.               

Yoki...

Taqdir hukmi bilan o‘n yasharligida Mehribonlik uyi­da tarbiyalana boshlagan Sharif Ramazonov musiqashunos olim, bastakor bo‘lib voyaga yetdi. “Xolisxon”, “Varqa”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Asl farzand”, “G‘unchalar” musiqali drama va pyesalari, “Namanganning olmasi” kabi ashulalar uning kuylarida yashab kelmoqda.

Lochin Xonov otadan ayrilgan yo‘qsil oilaning beshinchi farzandi edi. Noiloj ona Lochinni bolalar uyiga topshirdi. O‘n uch yashar bolakayning yurak-yuragiga siqqan, aslida, yuragini siqqan dard­lar she'r bo‘lib hosilaga aylandi. Keyinchalik u o‘zining hikoyalari, felyeton, qissa, ilmiy va adabiy, tanqidiy va tahliliy maqolalari bilan matbuotda faol qatnashdi.

Manzillarni sayohat etib,

Men janubga jo‘nayotirman.

O‘q-gilamlar ustida yotib,

Bir kun quvonch bilan qayturman...

Ammo Lochin qaytmadi. Qaytolmadi. Mardona halok bo‘ldi... Anabibi onamiz ana shunday fidoyi, otashnafas o‘g‘il-qizlarni kamol toptirdi. “Xalq maorifi a'lochisi” bo‘lchi. Mehribonlik uyi tarixi muzeyiga kirar ekansiz, onamiz suratlari bilan tillashging keladi. Uzoq-uzoq dardlashging keladi. “Ayol”ni o‘qib berging keladi. Onalarning hammasi ham sizga o‘xshaganda qaniydi! Vera Pak o‘xshaydi, onajon! Mehr-muhabbatda o‘zginangiz...         

***

Suratdagi ayol - Vera Pak. U “O‘zbekiston Qahramoni” bo‘lishdan ham avval mehrga tashna bolalar qalbining bunyod­koridir. Quchog‘idagi qizaloq - Shahnozabonu Niyozmetova. Bilsangiz, bu suratning o‘z tarixi bor. Bundan yetti yil muqaddam - 2008 yil.

Urganch Davlat universiteti amaliy san'at yo‘nalishida tahsil olayotgan Gulruh Madrahimova malakaviy bitiruv ishi uchun “Sevgi ma'budasi” nomli surat chizishga unnaydi. Uni qanday tasvirlash ustida obdan o‘ylanilganiga qaramay, “Sevgi ma'budasi” ma'naviy-tar­biyaviy jihatdan ahamiyatsiz topiladi. Tasdiqdan o‘tmaydi. Rad etiladi. Endilikda neni aks ettirish Gulruhning o‘y-xayollarini chulg‘ab olgan, diplom ishi tobora yaqin, oy va kunlar qisqarib borayotgani biroz hadikli edi. Ana shunda onasi - jurnalist Muborak Eshchonova qizining joniga oro kirdi: “Vera Pakni chizsang bo‘lmaydimi?..”

Gap shundaki, Muborak opa ushbu muassasada bo‘lib o‘tadigan madaniy-ma'rifiy tadbirlarni televideniyeda yoritar, qizalog‘ini ham o‘zi bilan tez-tez olib borardi. Qolaversa, mavzuning tar­biyaviy ahamiyati yuksak sanalardi. Bitiruvchi qiz ustozi Otamurod Matnazarovning tasviriy san'at bobidagi saboqlari hamda ilmiy rahbari Rustam Latipovning ko‘rsatmalariga tayanib suratni chizib bitkazdi. “Mehridaryo ayol” bitiruv malakaviy ishi himoyasidan so‘ng universitet jamoasi tomonidan Mehribonlik uyiga taqdim etildi.

***

2005 yil. Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida bitiruvchilarga bag‘ishlangan tantanali marosimga faxriylar, bitiruvchilarning ota-onalari, yoru-do‘stlari tashrif buyurishdi.

- Bilim yurtining hurmatli mehmonlari orasida men ham bor edim, - deya eslaydi Vera opa. - U yerga jamoat arbobi sifatida emas, bitiruvchi-leytenant Bobomurod O‘rozovning onasi sifatida borgandim. Bobomurod norg‘ul va o‘ktam yigit bo‘lib ulg‘ayibdi, ofitserlik libosi biram yarashib turardiki...

Ona Bobomurodining yelkasiga boshini qo‘ydi. “O‘zbekis­ton ovozi”, “Postda”, “Ma'rifat”... Fotomuxbirlar “ushlab” qolgan oniy lahzani markaziy nashrlar betinim chop etishdi: Vera Pak o‘g‘li bilan!

O‘sha kezlari matbuotda muxbirlar shunday yozadi: “Ziyoli, kamtarin va bag‘rikeng bu ayol suhbat davomida biz bexosdan aytib yuborgan “tarbiyalanuvchi” so‘zini noziklik bilan to‘g‘riladi. Bunday tushuncha uning uchun mavjud emasligini, barchasi o‘z farzandlari ekanini aytdi. U ham har qanday ona singari o‘g‘li Bobomurodning hayo­tidagi ushbu muhim voqyea­dan faxrlanib so‘zladi...”

Shunday kunlarning birida Termiz shahridan Farg‘onaga ishga yuborilgan Radik Shamgunov mehr topgan uyiga qo‘ng‘iroq qilib, onasiga dil yordi. Farg‘onalik qizga ko‘ngli tushganini aytdi. Urf-odatlari, rasm-rusumlari ado etilib, qizgina Xivaga kelin bo‘ldi. Sal o‘tmay, Bobomurod ham onasiga iymanib so‘z qotdi. Mehribonlik uyining yoshi ulug‘lari maslahatga chog‘landi. Gap bir joyga qo‘yilib, Buxoroyi sharifga sovchilikka otlanishdi. Bobomurodning murodi hosil bo‘lib, bir qadimiy shahardan ikkinchi qadimiy shaharga kelinchakning poyqadami yetdi. Mazkur nurli dargohda bunday to‘yu tantana, kelin salom sadolari tez-tez quloqqa chalinadi.

***

Yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Ularga qancha g‘isht, qancha miqdorda sement, qanday qurilish mollari ketganiyu, qay darajadagi mehnat evaziga bunyod bo‘layotgani hisoblarga sig‘sa ham, aqlga sig‘maydi. Qad rostlayotgan bunday ulug‘vor inshootlar o‘z-o‘zidan hosil bo‘lib qolayotgani yo‘q. Yoki havoyi gaplar ham emas. Ular - Istiq­lol ne'matlari.

Xiva shahridagi Mehribonlik uyi 1920 yil tashkil topgan bo‘lsa, oradan ellik uch yil o‘tib - 1973 yilda zamonaviy binoga ko‘chirildi. Binoda jami 108 ta xona mavjud bo‘lib, ularda o‘g‘il-qizlarga barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan. 2006 yilda Mehribonlik uyi homiylar ko‘magida kapital ta'mirdan chiqarildi. Bu yerda joylashgan tibbiy majmuada muolaja, fizioterapiya, tish davolash xonalari, mashg‘ulot zali mavjud. O‘zida 7 mingga yaqin kitob fondini jamlagan kutubxona bolalar ixtiyorida. 2007 yilda muassasa hududida yozgi dam olish oromgohi va cho‘milish havzasi tashkil etildi. 

Endilikda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining barcha qulayliklarga ega o‘z uylari bo‘ladi. Ular hozir Xivada qurilayotgan, 140 o‘ringa mo‘ljallangan 18 ta alohida-alohida kottejda ko‘p o‘tmay istiqomat qila boshlaydilar. Ma'muriy bino, yopiq suv havzasi, tennis korti, sport maydonchasining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi...

Ey, nodir o‘g‘lon, jamalaksoch qizaloq! Boshingda Vataning bor, sen nurli yo‘ldasan!

 Akmal JUMAMURODOV,

“Hurriyat” muxbiri