SOG‘LOM AVLOD TARBIYASI MAS'ULIYATI

Hayot tasodiflarga to‘la. Ertaga nima bo‘lishini hech birimiz oldindan ayta olmaymiz. Ammo, boshiga tushadigan barcha voqyealarga insonning o‘zi sababchi bo‘ladi. E'zoza to‘rt muchasi sog‘ holda dunyoga keldi. Boshqa bolalar kabi bolalikning eng shirin damlarini o‘tkazayotgan edi. Tasodifni qarangki, uyda sodir bo‘lgan yong‘in qizaloqning taqdirini o‘zgartirib yubordi. Soniyalar ichida ota-onadan ayrilgani yetmaganidek qariyib nogironga aylandi. Yuzi, o‘ng qo‘l va chap qo‘l tanaga, barmoqlari esa bir-biriga yopishgan ahvolga tushdi.

Bu falokatga kim aybdorligi boshqa masala. Biroq, tilsiz yovning bola umriga rahna solgani ayni haqiqat edi. E'zozaning yaqinlari bir tomondan uning tirik qolganiga shukr qilishsa, tanasidagi ku­yish asoratlari ularni o‘ylantirardi. Endi buyog‘i nima bo‘lar ekan? E'zozani olib bormagan shifo dargohi qolmadi. Do‘xtirlar qizni tezroq xorijga olib borib jarrohlik amaliyoti o‘tkazish kerakligini aytishdi.

So‘rab surishtirishlardan ke­yin «Sog‘lom avlod uchun» fondidan ko‘mak so‘radim, - deydi E'zozaning bobosi Naj­middin Ahmedov. - Shifokorlarning tashxislaridan so‘ng jamg‘arma vakillari E'zozani Germaniyaga olib borish imkoniyatini yaratib berishdi. Germaniyalik shifokorlar tomonidan unga uch bosqichli davolanish kursi tavsiya etildi. Birinchi bosqichda yuz va kuyish natijasida barmoqlarning yopishib qolgani tufayli chap qo‘lda hamda o‘ng qo‘lda uch marotaba jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng tanaga yopishgan qo‘l va barmoqlar bir-biridan ajratib olindi. Ayni paytda nevaram uyda. YAqin kunlarda davolanishning ikkinchi bosqichini o‘tash uchun yana yuboramiz. Fond vakillariga hamda davlatimizga butun oilamiz nomidan minnatdorlik bildiraman.

Jismonan sog‘lom va ma'nan yetuk yosh avlodni tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini himoya qilish borasada mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Ayniqsa, bolalar va onalar salomatligini ta'minlash orqali ularning o‘limini kamaytirish maqsadida qilinayotgan sa'y-harakatlar natijasida bu borada O‘zbekiston jahonda yuqori o‘rinlarni egallayotgani fikrimizning isbotidir. Bu jab­hada tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda nodavlat tashkilotlarining ishtiroki tobora ortib borayotir. Jumladan, “Sog‘lom avlod uchun» xalqaro fondining bola va ona salomatligini tiklash va asrash bo‘yicha olib borayotgan ishlari har qancha tahsinga loyiq.

“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi 1993 yil 23 aprelda O‘zbekiston Res­publikasi Prezidenti Islom Karimov Farmoniga binoan tashkil etildi. Fondni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad jismonan baquvvat, ma'nan yetuk, ruhan sog‘lom farzandlar tarbiyalashni ta'minlash, onalik va bolalikni muhofaza qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, oilalarda sog‘­lom avlodning tug‘ilishi va tarbiyalanishi uchun yuksak mas'uliyat­li psixologiyani shakl­lantirishda ko‘maklashishdan iboratdir. Davlatimizning ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlash, sog‘­lom avlodni voyaga yetkazishda oilaning rolini kuchaytirishga yo‘naltirilgan ijtimoiy dasturlari maqsadlari va mazmun-mohiyatini aholi orasida keng targ‘ib etish ham shular jumlasiga kiradi.

O‘tgan yillar mabaynida fond ko‘magida Respublikamizning barcha hududida bola tug‘ish, ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish masalalari bo‘yicha aholi savodxonligini oshirishga oid qator loyihalar amaliyotga taqdim etildi. Ushbu loyihalar aholining, ko‘p bolali oilalar, ayollar, nogiron bolalar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari manfaatiga qaratilgan. Bundan tashqari, skrining, reabilitatsiya markazlari, tug‘ruqqa ko‘­maklashuvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga fond o‘z mablag‘lari bilan munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Tashkilotning yana bir xayr­li tashabbuslaridan biri - aholi o‘rtasida profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish orqali virusli kasalliklardan himoya qilishning ishonchliligini oshirish, nogironlikni reabilitatsiya qilish, onkologiya, sil kasalliklarni barvaqt aniqlashga qaratilgan.

Bu borada davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda har yili yurtimizning chekka tuman va qishloqlariga «Salomatlik» poyezd­lari tashkil etilayotganini aytib o‘tish joiz. Mazkur tadbirni muvaffaqiyatli tashkil etish maqsadida mamlakatimizning malakali tibbiyot xodimlari jalb etiladi.

Ana shunday yo‘nalish - “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda 2014 yilning 22 martidan 1 apreliga qadar Toshkent - Tinchlik - Konimex - Kara-kata - Mustaqillik - Buzouboy - Uchquduq II - Toshkent yo‘nalishida o‘tkazildi. “Salomatlik” poyezdi mutaxassislari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 1937 nafar fuqaro chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, bemorlarga sog‘lomlashtirish yuzasidan tavsiya va maslahatlar berildi. “Salomatlik” poyezdida 62,5 million so‘mlik oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda 695,5 ming AQSH dollar miqdorida dori-darmon va tibbiyot anjomlari tar­qatildi.

Navbatdagi Toshkent - Sariosiyo - Qumqo‘rg‘on - Boysun - Oqrabot - Dehqonobod - Toshkent yo‘nalishi 2014 yil 17-23 may kunlari tashkil etildi. Unda jami 1669 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Aholiga va davolash-profilaktika muassasalariga qiymati 160,5 ming AQSH dollar va 11,9 million so‘mlik insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

Joriy yilda ham mamlakatimiz bo‘ylab «Salomatlik» poyezdlari o‘z ishini davom ettirdi. Jumladan, 23-31 mart kunlari Toshkent - Tinchlik - Konimex - Kara-kata - Mustaqillik-Buzouboy - Uchquduq II - Toshkent bo‘ylab safarga chiqqan tibbiyot xodimlari viloyatning Tinchlik qo‘rg‘oni, Konimex, Tomdi va Uchquduq tumanlarida va Zarafshon shahrining chekka mahallalarida istiqomat qiluvchi 2050 kishi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shahardan ancha olis, ekologik sharoiti noqulay bo‘lgan ushbu hududlarda yashovchi aholining salomatligi zamonaviy tibbiy asbob-uskunlar yordamida tekshiruvlardan o‘tkazildi. Laborator tahlillari va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashxislar qo‘yildi. Bolalar orasida endokrin tizimi kasalliklari (endemik bo‘qoq), kamqonlik, allergik kasalliklar va modda almashinuvining buzilishi (raxit) kabi kasalliklar aniqlanib, ular mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalariga joylashtirildi.

- Jamg‘arma muruvvat dasturlarini amalga oshirishda Yaponiya, Germaniya, Koreya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan, - dedi, fond raisi o‘rinbosari Nozim Mo‘minov. - Bundan tashqari, BMT, YUNESKO, YUNISEF, JSST­ning turli loyihalarida faol ishtirok etadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda davolash imkoniyati juda kam bo‘lgan kasalliklarni (bolalarda aniqlangan) xorijda muolaja qilish uchun imkoniyat yaratishdir. Fond ko‘magida chet elda davolanish uchun yuborilgan bolalarning darddan forig‘ bo‘lib qaytishayotganini ko‘rish barchamizga, ayniqsa, ularning ota-onalariga katta xursandchilik ulashmoqda. Jumladan, fond mablag‘lari ko‘magida Germaniya davlatiga teri kuyishi, qo‘l va oyoq tug‘ma nuqsoni, qiyshiq bo‘yin, lab va tanglayning tug‘ma nuqsoni bilan og‘rigan 2945 nafar bola jo‘natilgan. Ularning barchasi to‘liq sog‘ayib, ota-onalari bag‘riga qaytib kelishgan.

Yurak xastaligi bilan og‘rigan bolalar esa davolanish uchun Janubiy Koreya Respublikasiga yuborilmoqda. Shu kunga qadar tug‘ma yurak xastaligi bilan tug‘ilgan 32 nafar bola ushbu mamlakat shifokorlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib zarur muolajalar qilingan. Joriy yilning sentyabr oyida yana olti nafar bolajon Koreyaga yuborilishi ko‘zda tutilgan.

Jobir XO‘JAQULOV,

«Hurriyat» muxbiri