IBN SINO MEROSI G‘URURIMIZ

Xalqimizning faxru iftixoriga aylangan Abu Rayhon Beruniy, al-Forobiy, Ibn Sino, Moturudiy, al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek kabi jahon tamaddunida o‘z nomiga ega vatandoshlarimizning nomi va asarlari istiqlol yillarida qayta tiklandi.

Ayniqsa, buyuk olim Abu Ali ibn Sino merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ibn Sinoning tibbiyot sohasida amalga oshirgan ishlari, kasalliklarni davolash bo‘yicha yaratgan usullari hali-hanuz dunyo tibbiyotida dastu­rilamal sifatida keng qo‘llanilayotir.

Buyuk olim nomini abadiylashtirish va uning ilmiy merosini bugungi kun yoshlariga yetkazish uchun mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan 1999 yilda Ibn Sino nomidagi jamoat fondi tashkil etilgan edi. Fond o‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda va xorijda Ibn Sino qoldirgan merosni o‘rganish yuzasidan qator tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Bundan tashqari, fond yurtimizda Sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda ko‘mak berish, xalq tabobatini rivojlantirish, xalqaro Ibn Sino o‘qishlarini o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini aholi, ayniqsa yoshlar orasida targ‘ibot etishga alohida e’tibor qaratmoqda.

 Joriy yilda fond O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va yangi texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining “Aholi turli guruhlari o‘rtasida ovqatdan zaharlanish profilaktikasi samarali tizimini joriy qilish” mavzusidagi innovatsion loyihani bajarmoqda. Loyiha 2015-2016 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, 2015 yilda bajarilgan ishlarga 70 million so‘m mablag‘ sarflandi. Loyiha doirasida Toshkent viloyatining tumanlari, Olmaliq va Angren shaharlaridagi kollej talabalari o‘rtasida ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazilib, “Ov­qat­la­nishdan zaharlanish profilaktikasi” mavzusida seminarlar o‘tkazildi. Shuningdek, YuNYeSKOning O‘zbekistondagi milliy komissiyasi bilan hamkorlikda 25 aprel kuni “Ibn Sino merosi zamonaviy tibbiyot taraqqiyotida” mavzusida Termiz Davlat universitetida viloyat shifokorlari uchun o‘qishlar o‘tkazildi. Buyuk allomaning hayoti, izdoshlari amalga oshirayotgan ishlari haqida “Sharq allomasi Ibn Sino va uning izdoshlari” nomli ilmiy risola nashr etildi.

— O‘tayotgan yilda amalga oshirgan eng yirik loyihalarimizdan biri alloma tug‘ilib o‘sgan Buxoroda o‘tkazildi, — deydi  Ibn Sino jamoat fondi boshqaruv raisi Sherzod Zokirxo‘jaev. — “Ibn Sino ilmiy merosi va zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolari” mavzusidagi mazkur loyiha YuNYeSKOning O‘zbekis­ton Respublikasi milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘­liqni saqlash vazirligi, Buxoro Davlat tibbiyot instituti hamkorligida o‘tkazildi. Anjumanda Abu Ali ibn Sino ilmiy-amaliy merosini chuqur o‘rganish, uni zamonaviy tibbiyotda keng qo‘llash hamda bugungi jahon tibbiyotidagi dolzarb muammolar haqidagi ma’ruzalar tinglandi. Quvonarlisi, tadbirda dunyo tibbiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mamlakatlarning eng kuchli 12 nafar olimi ishtirok etdi. Mehmonlar ham Ibn Sino etikasi, Ibn Sino merosi va zamonaviy tibbiyot, Ibn Sino merosi sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdagi o‘rni, xalq tabobati va zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolari kabi mavzularda ma’ruzalar qilishdi. Tadbir rejasiga ko‘ra alloma tavallud topgan Afshonaga bordik va muzeyda bo‘ldik. Tadbir yakunida qabul qilingan qarorga ko‘ra, Ibn Sino tabobatidagi ta’limotni zamonaviy tibbiyotda diagnostika va davolashda keng qo‘llash hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining standartlariga kiritish taklif etildi.

Fond raisining ta’kidlashicha, ushbu tavsiyalar hayotga joriy etilsa, davolash muassasalarida tashxis va davolash jarayonlari arzonlashadi va davolash samarasi oshadi. Shuningdek, unda Ibn Sino davolashda qo‘llagan o‘simliklarni o‘rganish uchun tibbiyot institutlaridagi maxsus laboratoriyalar tashkil etish taklifi o‘rtaga tashlangan. Albatta dori-darmon ishlab chiqarishda tabiiy va mahalliy vositalarni ko‘pa­yishi dori vositalarining arzonlashuviga sabab bo‘ladi.

Fond xalqaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida Isroil davlatining “Xalq tabobati markazi”, Frantsiya Tibbiyot akademiyasi, Shveytsariya Kardiologiya jamiyati, Hindistondagi Ibn Sino akademiyasi, Ukraina Kardioxirurgiya markazi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Muxtasar aytganda, jonajon O‘zbekistonimiz zaminida yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan abadiy meros xalqimizning ildizi naqadar mustahkam ekanligini namoyon etib turibdi. Undan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ajdodlarga munosib voris bo‘lish esa har birimizning yuksak burchimizga aylanishi lozim.

 

Jobir XO‘JAQULOV,

«Hurriyat» muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.