KOMILLIK NEGIZI1

Yangi davr hayotimizga beqiyos o‘zgarishlarni olib kirish bilan birga, axloqiy-ma’naviy qadriyatlarimizni tiklashda ham katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Xalqimiz o‘zligiga qaytmoqda. Bugun ko‘chalarda anovi “zahriqotil”dan urib, ayripilon bo‘lib yurgan sharobxo‘rlarni uchratmaysiz. Qaytangga, sport maydonlari, istirohat bog‘lari, xiyobonlar sport bilan shug‘ullanadiganlarning sevimli maskaniga aylangan. Oramizda ichkilikbozlikdan tiyilib, har qadamini bilib bosadigan yoshlar ko‘payib borayotgani millatimiz baxtidir.

nson hayvondan ongu tafakkuri, iymoni va ta’bir joiz bo‘lsa, oldiga qo‘yilgan narsani tanlab tanovul qilishi bilan farqlanadi. Buni yoshu qari birday anglay boshlayapti, nazarimda. Yoxud o‘zini-o‘zi “nazorat” qilayotganlar ko‘pgina ko‘ngilsizliklarning oldini olayotgani qanday yaxshi. Qisqa muddatda vatandoshlarimiz ongida yuz bergan bu o‘zgarishlar albatta, istiqlol sharofatidandir. Mustaqillik yillarida kelajak avlodni har tomonlama barkamol inson bo‘lib kamol topishi uchun sport sohasida uch bosqichli – Umid nihollari, Barkamol avlod va Universiada musobaqalariga asos solingani bugun o‘zining ijobiy natijalarini berayapti. Shuningdek, poytaxtu viloyat markazlari, eng chekka tumanlarda ham zamonaviy maktablar, kasb-hunar kollejlari va sport majmualari barpo etilayotgani yosh avlodning ma’naviy-axloqiy yuksalishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi yoshlarimiz ichkilikbozlikning zararli oqibatini yaxshi biladigan, o‘z huquq va burchlarini puxta anglaydigan, hayotga tiyrak nigoh bilan qaraydigan, dadil va hushyor yigit-qizlardir.        Aslida aroqxo‘rlik ruhiyatimizga mutlaqo begona bir narsa. Yaqin o‘tmishda har qadamda pivoxonaga duch kelinar, ichish uchun navbatda turgan odamlarning sanog‘iga yetib bo‘lmasdi. Mohiyatan bizga yot bo‘lgan bunday odat ko‘pchilikning hayotini izdan chiqarib, ne-ne iste’dodlarni sindirib yubordi. Bu mustabid tuzumi uchun ayni muddao edi. Sho‘ro saltanati turli madaniy tadbirlar bahonasida yoshlarni ichkilikbozlik va kashandalikka o‘rgatib qo‘ygani sir emas. To‘y-ma’rakalar spirtli ichimliksiz o‘tmasdi. Ma’lumki, spirtli ichimlik e’tiqodni susaytirib, irodani bo‘shatadi. Shuning uchun ham o‘sha davrda vijdon, odamgarchilikni sotib, imonini shaytonga qo‘sh qo‘llab topshirganlar ko‘p bo‘lgan. Bugun ichkilik yoki chekishni OAVda, badiiy asarlar va kinoda targ‘ib etish taqiqlangan. Ayniqsa, oynai jahonda namoyish etilayotgan g‘arb yoki rus kinosi bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, ichkilikni targ‘ib qiladigan sahnalar ko‘rsatilmayapti. Yoki olmasligimiz lozim bo‘lgan joylariga oldindan izoh berilmoqdaki, bu farzandlarimiz ma’naviy-axloqiy kamolotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu o‘rinda, bir hikoyatni keltirib o‘tishni o‘rinli bildim. Bir solihga buyuribdilar: “Joning omon qolishini istasang, uch shartdan birini bajarishingga to‘g‘ri keladi: zino qilish, qotillik va sharob ichmoq”. U o‘ylab-o‘ylab yengilrog‘i shu bo‘lsa kerak, deb ichkilikni tanlabdi. Oxir-oqibatda ham zino qilibdi, ham bir begunohning umriga zomin bo‘libdi. Hatto yaponlarda aroq ichish va ko‘p uxlash kambag‘allikka olib keladi, degan aqida bor ekan. Bu juda ham to‘g‘ri.

2011 yil 5 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’mol qilishni cheklash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingandi. Unda bunday mahsulotlar o‘quv muassasalaridan 500 metr uzoqlikda sotilishi nazarda tutilgan. Internet va tungi klublarga ham 18 yoshga to‘lmaganlar yolg‘iz (ota-onasiz yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarsiz) kiritilmasligi tegishli qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Xo‘sh, bu borada ota-onalar, yoshlar, jamoat tashkilotlari va davlat organlari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

– Cpirtli ichimliklarning inson salomatligi, mehnat qobiliyati, ma’naviy va maishiy hayotiga yetkazadigan zararlari behisob. U ayolmi, erkakmi bundan qat’i nazar, ichkilikbozlik ta’sirida jamiyat va davlat, oila va farzandlari oldidagi mas’uliyat, burch sezish hissini yo‘qotib qo‘yadi, – deydi O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining bosh mutaxassisi Inobat Karimova. – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyodagi barcha davlatlarni ichkilikbozlik bilan xuddi giyohvandlikka qarshi kurashganday ish olib borishga da’vat etadi. Statistika ma’lumotlariga qaraganda, ayni kunda yurtimizda aholining ichkilikbozlik va ichkilik bilan bog‘liq ruhiy kasalliklarga chalinishi har yuz ming aholiga nisbatan 2007 yilda erkaklar 38,3, ayollar 3,5 bo‘lgan bo‘lsa, 2014 yilga kelib bu ko‘rsatgich erkaklarda 32,5, ayollarda 1,7 ni tashkil etgan. Albatta, ichkilikka berilgan erkaklar oiladagi burchini unutib qo‘ygan holatlar hali ham uchrab turibdi. Bunday oilalarda kamol topayotgan farzandlar taqdiri oldida har birimiz mas’ulmiz.

Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan mahallalarda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda har bir xonadonga kirib, oila boshlig‘ini ichkilikka ruju qo‘yganligi aniqlansa, tezkor yordam choralari ko‘rilmoqda. Xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga juda katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, har bir mahallada xotin-qizlarni sportga jalb etish maqsadida “E’zozli ayollar” klublari tashkil etilgan. Har yili uy bekalari o‘rtasida uch bosqichli sport musobaqalari o‘tkazilib borilmoqda. Sog‘lom ona va bola yili davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida har haftaning chorshanba, shanba kunlari xotin-qizlar o‘rtasida turli sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda. Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida maslahatchilar, uy-bekalari, Toshkent shahrida “E’zozli ayollar” o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazilayotir. 

Shu o‘rinda, me’yorsiz va hayosizlarcha ichish oqibatida ko‘plab baxtsiz hodisalar yuz berayotganini ta’kidlashga to‘g‘ri keladi. Gap faqat quruq raqamlarni sanashda emas,  ichkilik qanchadan-qancha qalblarni mayib va nogiron qilib qo‘yayotgani haqida ketayapti. Xo‘sh, bu borada tibbiyot xodimlarining fikri qanday?

– Yaqin o‘tmishda yurtimizdagi barcha shifoxonalarning alkogoliya va narkologiya bo‘limlarida bemor ko‘pligidan oyoq bosib bo‘lmasdi. Hozir vaziyat butunlay o‘zgacha. Bunday og‘ir kasalliklar o‘rniga spirtli ichimliklardan zaharlangan yoki falokatga uchraganlar davolanib ketmoqda, – deydi Respublika Neyroxirurgiya instituti ma’naviyat-ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari G‘afur Saidov. – Klinikamizning nervotravma bo‘limida ham ichib yiqilgan yoki avtohalokat tufayli bosh miyasidan jarohat olganlar davolanadi. Ichkilikning inson hayoti, nasliga zararli tomonlari juda ko‘p. Surunkali ravishda spirtli ichimliklardan iste’mol qilgan odamning markaziy asab tizimi va nerv tolalarida chuqur o‘zgarishlar ro‘y beradi. Milliardlab asab hujayralariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Har safar ichganda, ma’lum qismi halok bo‘ladi. Bunda ruhiy ojizlik bilan bog‘liq alahlash, alkogol tutqanog‘i, tushkunlik kabi kasalliklar kuzatiladi. Ana shunday dardga chalingan ota-onalardan aqli zaif bolalar dunyoga keladi. Bugun oilada sog‘lom bola tug‘ilishi uchun davlat xazinasidan behisob mablag‘ ajratilmoqda. Masalan, OITSga qarshi barcha yurtdoshlarimiz bepul tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Bunday dahshatli kasallikka chalinganlar davolanishidan tortib, hayoti izga tushguncha e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Bordi-yu, homilador ayolga oila a’zolari befarq bo‘lsa ham joylardagi qishloq vrachlik punktlaridan tortib, Respublika perinatal va Skrining markazlarigacha ona va bola salomatligiga katta mas’uliyat bilan qaramoqda. Avval  har qadamda ichkilik do‘koni bo‘lardi. Hozir bunga maxsus ruxsatnoma olgan do‘kondorlar ham o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganlarga sotish mumkin emasligini yaxshi bilishadi. Davlatimizning o‘z fuqarolarini ichkilikbozlikdan muhofaza qilish uchun ko‘rsatayotgan qat’iy ehtiyot choralari avlodlar sog‘lomligiga erishishimizda muhim omil bo‘lmoqda.       

Darhaqiqat, oldingiga nisbatan odamlarning umri uzayganidan ham yurtimizda sog‘lom turmush tarzi barqaror bo‘lib borayotganini kuzatish mumkin. Lekin baribir ichkilikdan endi butkul xalos bo‘ldik, deb ayta olmaymiz. Agar biror kishidan nega ichganini so‘rasangiz, albatta, yaqin qadrdonlaridan biri bunga majbur qilganini aytishi tayin. Ammo es-hushi joyida odam bundan o‘zini tiyishni bilishi kerak. Yoki inson ruhiyati bir lahzalik beadab safoga shunchalar o‘ch, shu qadar ojizmi?! Boborahim Mashrab bobomiz ham bundan o‘rtanib shunday deydilar:

 Xobgohim Arsh edi, munda g‘alat tushtum, darig‘,

 Nur bo‘lur erdimki, nafs ajdahosi bo‘lmasa...

 Adiba UMIROVA

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

CHEVARLIK SINOATI

2017-07-19 08:55:00

BOYSUN MO‘JIZALARI (Ikkinchi maqola)

2017-07-19 09:23:19

Cho‘lpon

2017-07-19 09:03:02

Go‘zal axloq targ‘ibotchisi

2017-07-19 09:16:48

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.