FUQAROLIK POZISIYASI NEGIZI yoxud huquqiy savodxonlik sari

Ma’lumki, o‘zligini anglagan insongina jamiyatga ko‘proq foyda keltiradi. Shu bois, mamlakatimizda komil insonni tarbiyalash, ularning huquqiy ongini o‘stirishga eng oliy qadriyat sifatida doimiy e’tibor berib kelinadi. Xalqimizning o‘zligini anglashi, huquqiy ong, huquqiy savodxonlik, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda o‘z vaqtida qilingan sa’y-harakat ertaga albatta o‘z samarasini berishi tayin.

“Hurriyat” gazetasi tahririyati ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining “Huquqiy ong yuksakligi – komillik kafolati” loyihasi asosida Toshkent shahri va Toshkent viloyati litsey-kollejlari miqyosida turkum tadbirlarni amalga oshirib kelyapti. 

Navbatdagi ana shunday mashg‘ulot Chirchiq sanoat-iqtisodiyot kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati To‘lqin Karimov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Adiba Umirova, “Hurriyat” gazetasi xodimlari, hamda kollej pedagogik jamoasi, o‘quvchilar ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda fuqarolarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, kelajak avlodni qadriyatlar asosida tarbiyalab kamol toptirish borasida amalga oshirilayotgan izchil siyosat natijasida mamlakatimiz juda qisqa davr  —  25 yil ichida jahon afkor ommasi tomonidan yuksak sur’atlarda rivojlanayotgan, inson huquqlari ta’minlangan davlatlardan biri sifatida e’tirof etildi. Biroq bu yutuqlarni qo‘lga kiritish osonlikcha bo‘lmayotganini bugun har birimiz yaxshi anglaymiz.  

Keyingi yillarda ming-ming-lab begunoh insonlar hayotiga zomin bo‘lgan Suriya, Iroq, Ukraina, Afg‘oniston hududlaridagi notinchlik, o‘sha mamlakatlardagi diniy, irqiy mojarolardan aziyat chekayotgan aholining turmush tarzi har birimizni hushyor torttirmog‘i kerak, aslida. Zero, mamlakatimizda olib borilyotgan har bir islohot zamirida yurtdoshlarimizning shu ahvolga tushmasliklari uchun  inson manfaatlarini qadrlash yotganligi qayta-qayta o‘z isbotini topmoqda. Misol uchun iqtisodiyot sohasida — xususiy tadbirkorlarga beriladigan kreditning kam foizliligi, soliqlarning dastlabki uch yilda olinmasligi, chet eldan investitsiya kiritish imkoni mavjudligi ko‘pgina davlat biznesmenlari uchun faqatgina orzu desak yanglishmagan bo‘lamiz. Ta’lim sohasida 9+3  — o‘n ikki yillik bepul, uzluksiz ta’limning joriy etilganligi, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga shaxsiy biznesni tashkil etish uchun imtiyozli kreditning berilishi, oliy o‘quv yurti talabalariga ta’lim kreditlarining ajratilishi dunyo ta’lim tizimida yangilik, desak xato bo‘lmaydi. Yurtimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish eng birlamchi vazifaga aylangani, ishonch telefonlarining joriy etilishi...  Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Tadbirda bildirilgan bu boradagi fikrlar yoshlar tomonidan iliq kutib olindi. 

— Bilasizmi, rivojlangan mamlakatlarning birida “soliqlardan va xudodan qochib bo‘lmaydi”, degan gap yuradi. Bu soliqlarning judayam ko‘pligidan emas, balki aholining qonunga qat’iy rioya qilishi va hurmati natijasida paydo bo‘lgan qarash, nazarimda. Ayrim odamlar, masalan, soliqlardan bo‘yin tovlashga, daromadlarini yashirishga harakat qiladi. Vaholanki, to‘lanayotgan soliqlar o‘zimiz uchun sarf etiladi-ku! Aytmoqchimanki, fuqarolarimiz nafaqat o‘z huquqlarini, balki burchlarini ham yaxshi bilishsa, jamiyatimizda uzluksiz taraqqiyot jarayoni yuzaga kelardi, — deydi tadbir ishtirokchisi Sabina Barotova.

Darhaqiqat, huquq va burchlarni yaxshi anglash, ularga rioya qilish jamiyatni turli illatlardan asraydi. Birgina misol, kishilarning o‘z huquqlarini yaxshi bilmaganliklari natijasida  yangi asrda “odam savdosi” degan razil “kasb” paydo bo‘ldi. Huquqiy savodsizlik, qonunlardan bexabarlik millionlab erkin fuqarolarni “qul” degan tamg‘a ostida hayot kechirishiga olib kelyapti. Afsuski, ular orasida yurtdoshlarimizning ham borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida yurtimizning eng chekka joylarida ham huquq- tartibot idoralari xodimlari, ommaviy axborot vositalari, o‘zini-o‘zi boshqarish idoralari tomonidan doimiy, izchil ravishda tushuntirish ishlari olib borilishi quvonarli holat. Maqsad – xalqimiz ongini yuksaltirish, huquqiy savodxonligini oshirish orqali ularni yangidan-yangi zafarlarga chog‘lash, o‘zligini namoyon etish uchun imkoniyatlar yaratishdir. 

Mashhur siyosatchi Mahatma Gandi shamol kirishi uchun derazamni ochib qo‘yaman. Lekin undan kirgan to‘fon uyimni ostin-ustun qilishini ham xohlamayman, degan ekan. Aslida u bugun butun dunyoda yuz berayotgan globallashuv jarayoniga ana shunday tarzda ta’rif bergandi. Dunyo miqyosida yuz berayotgan bu qizg‘in va to‘xtatib bo‘lmas jarayonda eng qudratli qurol – axborot bo‘lib qoldi. Endilikda bir davlatni boshqarish, unga ta’sir o‘tkazish uchun uning hududiga qurol ko‘tarib kirish shart emas. Balki, “tinch” yo‘l bilan kiriladi — shunchaki axborot xuruji qilinadi mazkur mamlakat aholisiga. Natijada “irqi oliylik da’vosi”, “millatchilik jazavasi” boshlanadi.  Bu kabi axborot xurujlaridan esa aholinining mafkuraviy immunitetini shakllantirish bilangina saqlanish mumkin. Mafkuraviy immunitet – uning bugun qanday shakllantirsh mumkinligini yaxshi anglab yetdik: g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan! Shu ma’noda mamlakatimizda ham axborotning asosiy manbai — OAVga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu o‘rinda, yurtdoshlarimizning asriy an’ana, qadriyatlarga hurmat ruhini uyg‘otish bilan birga, dunyoda yuz berayotgan voqeliklarga teran nigoh, haqqoniy tahlillar bilan yondashishni shakllantirish milliy jurnalistikamizning eng birlamchi vazifalaridan biri sanaladi. 

Chirchiq sanoat kasb-hunar kolleji ancha vaqtdan buyon “Hurriyat” gazetasi bilan hamkorlik qilib keladi. Kollej axborot resurs-markazi mudiri Zilola Qayumxo‘jaeva boshchiligida kollej o‘quvchilari gazeta sahifalarida yoritilgan sharhlar, maqolalar, dolzarb muammolar yoritilgan materiallar asosida bahs-munozara qilishi an’anaga aylangan. 

— O‘quvchilarimiz gazetani yaxshi ko‘rib o‘qiydi. Ayniqsa, jamiyat hayotiga doir maqolalar ular uchun qiziq. Har bitta odam — bitta olam deyishadi-ku. Shu boismi, ularning har biridan turfa fikrlar, mulohazalarni eshitaman. Meni hayron qoldiradigani, ko‘pgina maqolalarda ayni biz aytishni istagan, aytolmayotgan gaplarning bo‘lishi. Xulosa, yechim esa umuman kutilmagan va o‘rinli ekanligidir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, o‘quvchilarimizning nafaqat huquqiy balki boshqa sohalardagi bilimlarini oshirishda “Hurriyat” gazetasi tahririyati bizga yaxshi hamroh bo‘lyapti — deydi ARM mudiri.

Qizg‘in savol-javoblar bilan o‘tgan mazkur tadbir yakunida  tahririyat tomonidan o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqqan o‘quvchilar gazetaga bir yillik bepul obuna tashkil etish haqida diplomlar bilan taqdirlanishdi. O‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari tashlanayotgan qadamlarning sobit bo‘lishiga poydevor bo‘lib xizmat qiladi, albatta.

Feruza XAYRULLAYeVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.