MULTIMEDIA MATERIALI — konvergent faoliyat mahsuli

Internet imkoniyatlari multimedia materiallarining yaratilishiga eshik ochmoqda. Bu jurnalistlardan tezkorlik, OAV tarmoqlarining barchasida ishlay olish mahoratini talab qiladi. Xo‘sh, bugun qulog‘imizga tez-tez chalinayotgan konvergensiya atamasi nimani anglatadi? Multimedia materialining qanday o‘ziga xos xususiyatlari bor?

 

Adabiyotlarda qayd etilishicha, konvergensiya — birlashish, kesishish degan ma’nolarni anglatadi. Sodda qilib aytganda, bunday faoliyatda siz ma’lum bir mavzu yuzasidan tayyorlayotgan materialingizda ham audio, ham matn, video, foto va grafikadan foydalanib, bu formatlarni ma’lum tartibda joylashtirib chiqasaz. 

– Aynan mana shu jihat internet va televidenie orasida o‘xshashlikni keltirib chiqaradi, – deydi O‘zMU jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi Gulnoza Najmiddinova. – Biroq TVdan farqli ravishda, internet kontentida barcha formatlardan teng foydalaniladi. Ya’ni jurnalist o‘z fikrini ifodalashda faqat matnga tayanmay, ayrim o‘rinlarda infografika va boshqa illyustrativ materiallardan, video yoki audioyozuvlardan foydalanadi. Jurnalistik materialni multimedia mahsulotiga aylantirish murakkab jarayon bo‘lib, u kollektiv ijodni taqozo etadi. Bu ham internet va TVni yaqinlashtiruvchi omildir. Multimedia materiali rejissyorlik mahoratini talab qiladi. Jurnalist maqola tayyorlar ekan, uning boshlanishidan yakuniga qadar bo‘lgan barcha qismlari kontseptsiyasi va ifoda formatlari qo‘llanilish o‘rinlarini aniq belgilab oladi. Ma’lumotlarni yig‘ib, materialning xomaki matnini tayyorlagach, “rejissyorlik” faoliyatini boshlaydi. “Qaysi ma’lumot yoki faktni qaysi formatda taqdim etsam samaraliroq bo‘ladi?” qabilidagi savollarga javob qidiradi. Masalan, fakt va raqamlarni infografika shaklida berish qulay. Intervyular esa imkon qadar video tarzida berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi...

Darvoqe, auditoriya bugun juda tezkor. Kimdir ko‘rib, kimdir eshitib, boshqa birov o‘qib informatsiya qabul qilishni yoqtiradi. Auditoriyaning bunday xususiyatga egaligi konvergent shaklda ishlash ehtiyojini vujudga keltiradi. Masalan, “lenta.ru”, “kommersant.ru”, “ria.ru” kabi saytlarning auditoriyasi kengligiga sabab ham ular bunday tipdagi materiallardan keng foydalanganidadir.  

Bugun axborotga tovar sifatida qaralmoqda. Buning asosi bor. Informatsiyani ham sotish, olish, ayirboshlash mumkin. OAVning bozor sub’ekti sifatidagi o‘rni, media boshqaruvi singari mavzular kun tartibidagi dolzarb masalalardan sanaladi. 

– OAV ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi struktura sifatida talqin qilinyapti, – deydi suhbatdoshimiz fikrini davom ettirib. – Uning bu boradagi mavqeini u taqdim etayotgan kontent sifati belgilasa, reklama tarqatish kanali sifatidagi nufuzi auditoriyasi soniga qarab belgilanadi. Auditoriya qamrovi qancha keng bo‘lsa, OAV reklama beruvchilar va investorlar uchun shuncha jozibali ko‘rina boshlaydi. Foydalanuvchilar soni esa kontent sifati bilan chambarchasdir. Sodda qilib aytganda, bugun axborot OAV tomonidan auditoriyani jalb etish ilinjida tashlangan xo‘rakka aylanmoqda. Uni “yutib”, ancha mazaxo‘rak bo‘lib qolgan auditoriya esa reklama beruvchilarga istiqbolli qatlam sifatida taqdim etilmoqda. OAV auditoriyasini kengaytirishdan manfaatdor ekan, o‘z navbatida, uning media ehtiyojlarini maksimal darajada qondirishga harakat qiladi. Buning uchun ular ommaviy auditoriyaning harakat modellari, maqsadlarini kuzatadi. Auditoriyaning barcha vakillari o‘qish, tomosha qilish, tinglash, ko‘z yugurtirish, muhokama qilish, baholash va baham ko‘rish kabi harakatlardan birortasini ma’qul ko‘rgan holda amalga oshiradi. Konvergent faoliyat mana shu harakat modellarining barchasini qamrab olishga yo‘naltirilgan. 

Ha, joriy auditoriya yangilikka o‘ch. U OAVdan tezkorlik, dolzarblik, aniq tafsilotlar, original taqdimot kutar ekan, bu jurnalistdan katta mahorat talab qiladi. OAV foydalanuvchilarining yana bir muhim xususiyati muallif bilan barobar fikrlashga, mulohaza yuritishga, material bilan tanishib chiqqach, albatta, o‘z qarashlarini ifoda etishga moyilligidir. Bu esa jurnalist  interaktiv imkoniyatlarga ega multimedia materialini yaratishi lozimligini taqozo etadi. Internet saytlarini kuzatadigan bo‘lsangiz, maqolalar pastidagi fikrlar muallifning muvaffaqiyatini belgilab beruvchi omilga aylanib qoldi. Interaktiv imkoniyatning mavjudligi bir tomondan auditoriyadan fikr olish, mavzuning har tomonlama ochib berilishiga yordam bersa, ikkinchi tomondan jurnalistga mas’uliyat yuklaydi. Yanada pishiq yozishni, xolis mulohaza yuritishni talab qiladi. 

 

Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.