ILHOMBAXSH IJODIY SAFAR

Bugungi globallashuv ommaviy axborot vositalari xodimlari oldiga ko‘plab vazifalarni qo‘ymoqda. Bilimli, hozirjavob, yuqori malakaga ega jurnalistlarning o‘zaro tajriba almashishlarining yo‘lga qo‘yilgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi tashabbusi bilan o‘tgan yillar davomida hamkasblarimizning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning bilim va malakasini oshirish, markaziy nashrlar hamda viloyatlardagi jurnalistlar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, ijodiy safarlar uyushtirish va o‘zaro tajriba almashish borasida yaxshi an’analar yo‘lga qo‘yildi. Rossiya, Koreya Respublikasi, Xitoyga qilingan ijodiy safarlar o‘z samarasini bermoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ijodiy safar ham unutilmas bo‘ldi. 

Mustaqillik yillari butun mamlakatimizga, har bir hudud va mintaqaga bunyodkorlik va yangilanishlar boshlab kelganining tasdig‘ini O‘zbekistonimizning shimoliy qismida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Saxovatli va betakror qoraqalpoq diyori mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida alohida o‘rin tutadi. Mustaqillik yillarida boshqa mintaqalarimiz qatori Qoraqalpog‘istonning rivojlanishiga ham ulkan e’tibor berilmoqda. Poytaxt — Nukus shahridan boshlab, tumanlar markazlari, shahar va qishloqlar, chekka ovullargacha har tomonlama o‘zgarib, rivojlanib bormoqda.

Qoraqalpog‘istonda 2010 yildan buyon yalpi hududiy mahsulot hajmi 1,5 barobar ko‘paydi, unda sanoatning ulushi 31 foizdan oshdi. Keyingi besh yilda 13 trillion 300 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, shuning 2 milliard 400 million dollari xorijiy investitsiyalardir. Mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘istondagi boy mineral xomashyo manbalarini yuksak zamonaviy texnologiyalar asosida o‘zlashtirish, shuning hisobidan mazkur hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash, shu asosda xalq farovonligini yuksaltirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Masalan, Markaziy Osiyoda yagona Qo‘ng‘irot soda zavodining barpo etilishi cho‘l bag‘ridagi haqiqiy mo‘’jiza bo‘ldi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Bu korxonaga keyingi besh yilda 110 million AQSh dollari investitsiya kiritilib, kaltsiylashgan soda ishlab chiqarish quvvati 2 barobar oshirildi va yiliga 200 ming tonnaga yetkazildi.

Yana bir noyob va ulkan loyiha — qiymati 4 milliard AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi bugungi kunda sanoatimizning lokomotiviga aylandi. O‘tgan yili dekabr oyida ishga tushirilgan ushbu majmua yiliga 4 milliard kubometr gazni qayta ishlash asosida 400 ming tonna polietilen, 100 ming tonna polipropilen, 100 ming tonnadan ziyod piroliz suyuqligi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda yaqin vaqt ichida metanni tozalash usuli bilan sintetik suyuq yonilg‘i va parafin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

So‘nggi besh yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 12 ta hududiy korxonada Mahalliylashtirish dasturi asosida 186 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Bu yerda faoliyat yuritayotgan 66 ta qo‘shma korxonaning 30 tasi keyingi 5-6 yilda, asosan ilgari bunday korxonalar bo‘lmagan tumanlarda tashkil etildi. 

Farg‘onalik jurnalistlar dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida bo‘ldi. Bu yerda Jo‘qorg‘i Kenges raisi o‘rinbosari O.Hamroev bunday ijodiy safarlar o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari do‘stligini yanada mustahkamlash, hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini targ‘ib etish, ommaviy axborot vositalari xodimlarining yaxshi tajribalarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. 

“Yerkin Qaraqalpaqstan”, “Vesti Karakalpakstana” gazetalari tahririyatidagi uchrashuvlar ham barchaga manzur bo‘ldi. Gazeta bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi Kengesboy Reymov tahririyat faoliyati haqida gapirib berdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 40 gazeta, 9 jurnal, 1 byulleten, 5 telekanal, 2 radio, 1 axborot agentligi va 1 elektron OAV ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, 9 ta OAV o‘zining elektron veb-saytiga ega. 

“Yerkin Qaraqalpaqstan”, “Vesti Karakalpakstana” gazetalari tahririyati ham mamlakatimizda bo‘layotgan yangiliklarni, voqea-hodisalarni, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi o‘zgarishlarni muxlislariga keng yoritib kelmoqda. Gazeta tahririyati xodimlarining barchasi uchun o‘qish, izlanish, yutuqlarni yanada boyitib borish doimiy an’anaga aylangan. Shu bois gazetada yoritilayotgan maqolalarning qamrovi keng, rang-barang, xalqchil. Shunisi e’tiborga loyiqki, tahririyat jurnalistlari har bir maqola ustida o‘zlariga yuksak talablar qo‘ygan holda ishlaydi, yangi ijod namunalarini o‘quvchilariga yetkazishga intiladi.

Agar gazeta taxlamlari bilan tanishsangiz, uning deyarli har bir sonida Respublika hayotining barcha sohalari aks etganiga guvoh bo‘lasiz. Eng muhimi, sahifalarda qaynoq va jo‘shqin hayot nafasi ufurib turadi. 

Tahririyatda iqtidorli jurnalistlar ko‘p. Ruslan Arziev ana shulardan biri. Yosh hamkasbimiz ayni kunlarda qoraqalpoq jurnalistikasi bo‘yicha ham ilmiy izlanish olib bormoqda. 

Farg‘onalik jurnalistlar safar arafasida mustaqillik yillarida viloyatda ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar, zamonamiz qahramonlari, san’at, adabiyot namoyandalari, chempion sportchilar haqida maqolalar tayyorlab qoraqalpog‘istonlik hamkasblariga yuborgan edi. Safar chog‘ida “Yerkin Qaraqalpaqstan” va “Farg‘ona haqiqati” hamda “Vesti Karakalpakstana” va “Ferganskaya pravda” gazetalarining qo‘shma sonlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus tillarida chop etildi.

Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasida ham o‘z uslubiga ega, mahoratli hamkasblarimiz yetarli. Shuning uchun ham uning ko‘rsatuvlarini barcha sevib tomosha qiladi. Mazkur teleradiokompaniyadagi uchrashuv, ish jarayoni bilan tanishuv katta taassurot qoldirdi.

Biz farg‘onalik jurnalistlar “Diyor” telekanali orqali hamkasblar ijodi bilan qisman tanish edik. Bu yerda bo‘lganimizda esa qoraqalpoq televideniesi faqat axborot tarqatuvchigina emas, balki videofilmlar ishlab chiqaruvchi, 40 dan ortiq badiiy film va multfilmlarni ona tiliga tarjima qiluvchi katta ijodiy jamoa ekanini bildik. Shu kuni Farg‘ona TRK jurnalistlari maxsus tayyorlab yuborgan ikki soatlik “Farg‘ona jilolari” publitsistik ko‘rsatuvi Qoraqalpog‘iston televideniesida namoyish etildi.

Qoraqalpoq davlat universitetida bugungi kunda 8 mingdan ortiq yoshlar tahsil olmoqda. O‘tgan yili mazkur oliy o‘quv yurti butunlay qayta ta’mirdan chiqarilib, barcha sharoitlar yaratildi. E’tiborlisi, bu yerda jurnalistika mutaxassislari ham tayyorlanayotgan bo‘lib, ayni paytda mazkur yo‘nalishda yuzdan ortiq yigit-qiz o‘qimoqda. Bu yerda bo‘lajak jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tursunoy Muxatdinova, Jahongir Iskandarov, Nursuluv Nurimbetova kabi iqtidorli talabalar internet tobora keng quloch yozayotgan bugungi kunda bosma nashrlarning jamiyatdagi o‘rni, shakl-shamoyili, yo‘nalish va janrlari o‘ziga xosligi haqida farg‘onalik jurnalistlar bilan bahslashdilar. Biz ularning kasbga bo‘lgan e’tiqodlari, malakalari darajasiga munosib baho berdik va qoraqalpog‘istonlik bo‘lajak jurnalistlarni o‘quv amaliyoti o‘tash uchun Farg‘ona viloyati OAVga kelishga taklif etdik. Tabiiyki, talabalarga bir oy amaliyot chog‘ida yotoqjoy bilan ta’minlash, tajribali jurnalistlarning malaka darslarini o‘tkazishga va’da berdik. Kafedra mudiri Zelixa O‘razimbetova bu taklifdan mamnunligini bildirib, o‘n nafar talabani yuborishga roziligini aytdi. 

Ellikqal’a tumani ijodkorlar maskani sifatida alohida e’tirof etiladi. Mazkur tumanda bo‘lgan uchrashuvlar samimiy ruhda kechdi. Tuman hokimi N.Xudoybergenov biz, mehmonlarning ijodiy safarimizni yuqori baholab, bunday ishlar kelgusida ham davom etishiga umid bildirdi.

Ellikqal’a tumanining qariyb qirq yillik tarixi va mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, hududda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari Arxeologiya va tarix muzeyida o‘z aksini topgan. Qadimiy qal’alar nusxasi mujassam bo‘lgan “Ochiq osmon ostidagi muzey”, Bolalar va o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan “Sport shon-shuhrati” muzeyi, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf, O‘zbekiston xalq artisti Otajon Xudoyshukurov xotiralariga bag‘ishlangan muzeylar yoshlarni boy madaniy va badiiy merosimiz, milliy va umumbashariy qadriyatlar, ilm-fan yodgorliklari, xalqimizning turmush tarzi, san’at asarlari bilan tanishtirish va ularda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda yuksak samaralar berayotir. 

Ellikqal’ada turli festivallar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish an’anaga aylangan. 1999 yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan “Nafosat — bo‘stonim manim” respublika san’at festivali iqtidorli yoshlarni kashf etish va rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tumandagi san’at va pedagogika kolleji, arxeologiya va tarix muzeyi, bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.

Ijodiy safar davomida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, Nukus shahrining diqqatga sazovor joylariga ham sayohat uyushtirildi.

Safarimiz tajriba almashish maqsadidagina emas, Vatanimiz haqida bilimimizni oshirishga ham xizmat qildi. Hamkasblarimiz erishgan yutuqlar qalbimizdagi g‘urur hissini yanada mustahkamladi, taassurotlar yozilajak maqolalarga mavzular berdi. 

 

Muhammadjon OBIDOV, 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi 

Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi,

Ma’sudjon SULAYMONOV, 

“Ma’naviyat” gazetasi bosh muharriri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.