Qaldirg‘och ini 2

Yosh qalamkashlarning ushbu ruknda e’lon qilingan materiallari boshqa tengdoshlarining ham yuragiga cho‘g‘ tashladi. Ayni paytda tahririyatimizga shunday yoshlar ko‘plab maqolalarni yo‘llashmoqda. Fikrni to‘g‘ri bayon etish, voqealarni tasvirlash, mantiqiy yondashuv sirlarini o‘rganayotgan talabalar mavzuga o‘ziga xos yondashayotganlari tahsinga loyiq.

Ularga yangi ijodiy parvozlar tilab, talabalarning navbatdagi maqolalarini e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Ular turli mavzularda. Ammo, qalbga yaqin.

TAHRIRIYAT

 

 

INSON  QADRI

Yillar o‘tib boraveradi. Fasllarga qiyoslanadigan umr o‘z tashvish va xursandchiligi bilan kishini yashashga undaydi. Inson ulg‘ayadi, voyaga yetadi. Vaqti kelib oila quradi. Ota-ona bo‘ladi.

Bolaligimni eslasam, bobom aytgan bir voqea meni doim o‘ylantiradi.

“Ota-onam qo‘limdan yetaklab bozorga, qarindosh-urug‘larnikiga va bayramlarga olib borishardi. Bola ko‘ngli poshsho deganlaridek, nima xohlasam o‘sha narsani muhayyo qilardi. Ota bo‘lganimizda bolalarimizga ko‘proq mehr berib, ota-onamiz borligini biroz unutib qo‘yganday bo‘lamiz.

Yoz faslining jazirama kunlarida onam olamdan o‘tib qoldi. Bu kulfatdan otam o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Yoshi yetmishdan oshgan otam, injiq bo‘lib qolgandi. Men o‘ylardim. Qariganimizda shunaqa bo‘lib qolarkanmizmi? Yoki dard odamni shunday ahvolga solib qo‘yadimi? 

Odatda har dam olish kunlarida otam bilan suhbatlashishni odat qilgandim Bugun ham otam bilan uyimizni orqa tomonidagi bog‘ sayriga chiqdik. U yerda har xil gullar, daraxtlar bor edi. Yoz fasli. Qushlar uchib yuribdi. Bog‘ ichida o‘rindiq bor. U yerda otam bilan ancha suhbatlashdim. Bir payt otam:

— Bolam ana u nima? – dedi. 

Daraxtlarning biridagi qushga qarab, men:

— Chumchuq,  – dedim. 

Bir payt otam yana so‘radi. 

— Chumchuq. Hozir aytdim-ku, tezda yodingizdan chiqdimi?! — ovozim dag‘aldek chiqdi, shekilli, otam jimib qoldi. Uchinchi bor so‘raganlarida, javobimdan otam butunlay ranjidi. Otam o‘rnidan turib, uy tomon ketdi. Men qayoqqa ketayapsiz, deb o‘rnimdan turdim. Ortidan “ota meni kechiring, bilmasdan xafa qilib qo‘ydim” deb zorlanib qoldim. 

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay otam yana qaytib keldi. Bu safar qo‘lida qandaydir qog‘oz bor edi. “O‘g‘lim, mana bu xatni o‘qib ber. Qarichilik qursin. Inson  qariganda ko‘zlarining nuri ham qolmas ekan”  deb, haligi qog‘ozni uzatdi. 

Men xatni o‘qiy boshladim. Unda shunday yozilgandi: “Men  to‘rt yashar o‘g‘limni xiyobonga olib chiqdim. U yerda har xil qiziqarli o‘yinlarni tomosha qildik. Keyin saylgohda bir hovuz yoniga kelib o‘tirdik. O‘g‘limning yuzida beg‘ubor tabassum arimasdi. Shu paytda o‘g‘lim: “Dada, anavi yerdagi narsa nima?” deya so‘radi. Chumchuq bolam, deya javob berdim. U qiziqqonligi sababli qayta-qayta so‘rardi. Mening esa hech ham jahlim chiqmasdi. Aksincha, har savol berganda men uni bag‘rimga bosib quchoqlardim”. Bu so‘zlarni o‘qidimu ko‘zim yoshga to‘ldi. 

Dada meni kechiring. Obro‘ va pul ko‘zimni ko‘r qilib qo‘yibdi. Otam javob berdi: O‘g‘lim, ota hech qachon o‘z farzandidan xafa bo‘lmaydi, u uchun hatto jonini beradi, – dedi-da, meni bag‘riga bosdi”.

Inson o‘z xatolarini qachon anglab yetadi? Qachonki yaqin kishisining ko‘ngliga ozor berib, dilini ranjitsa. Ota-onasining qadriga yetmaydiganlar ham yo‘q emas. Kun kelib ulardan ajralib qolganda kech bo‘ladi. Nazarimda har kim o‘z yaqinlarining qadriga vaqtida yetib, ularning hurmatini joyiga qo‘ymog‘i lozim.

 

Rustambek JO‘RAYEV    

O‘zMU talabasi   

 

   

BIR IBORA TARIXI

Avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotgan xalq og‘zaki ijodi yozma adabiyotga asos bo‘lgan. Adabiyot, avvalo, insonning didini o‘stirib, dunyoqarashini kengaytiradi. Hayotda oqni qoradan ajratishga ko‘maklashib, ezgulikka muhabbat, yovuzlikka nafrat hissini uyg‘otadi. Adabiyot inson qalbini vatanparvarlik, insonparvarlik singari yuksak insoniy fazilatlar asosida tarbiyalaydi.

O‘zbek adabiyotining teran ildizlari xalq og‘zaki ijodiga borib taqaladi. Badiiy adabiyotning eng qadimgi shakllaridan bo‘lgan folklor yillar mobaynida turli insonlar (aytimchilar) tomonidan sayqallanib, takomillashib, mukammal shaklga ega bo‘lgan.

Xalq og‘zaki ijodi lirik, epik, dramatik va shartli ravishda maxsus turlarga ajratiladi. Kishilarga yaxshi tanish bo‘lgan maqol, matal va topishmoqlar maxsus turga kiradi. Iboralar ham maqol va matallardek dono xalqimizning ibratomuz gaplari, hayotiy tajribasi asosida yuzaga keladi. 

Kundalik hayotimizda  ulardan ko‘p foydalanamiz. Ba’zida  omma orasida ularni o‘zgartirib ishlatilayotganini eshitganimda hayron qolaman.

E’tiborimni tortgan iboralardan biri “Eldan qolgan tuya”dir. Aslida, bu ibora “Yildan qolgan tuya”dir. Bu iboraning paydo bo‘lishi yil muchallari bilan bog‘liq. 

Rivoyatlarda aytilishicha, o‘rmon shohi sher yil muchallariga nom berish tanlovini e’lon qilibdi. Shundan so‘ng yetti iqlimdan jonzotlar to‘planibdi. Eng avvalo, to‘ng‘iz yetib kelib, o‘z nomini birinchi yil muchaliga berishga muyassar bo‘libdi. Uning ortidan harsillagancha it yetib kelibdi. Uchinchi yil muchaliga parrandalardan vakil bo‘lib tovuq va boshqa yil muchallari ham aniqlana boshlabdi. Birin-ketin maymun, qo‘y, ot, sudralib yuruvchilardan ilon, suvda suzuvchilardan baliq, shuningdek, bo‘rining changalidan arang qutulib kelgan quyon, salobatli yo‘lbars kelibdi. Va nihoyat, sigir ortidan tuya ham o‘n ikkinchisiga ega bo‘larman degan xayolda sekin-sekin kelaveribdi. Ammo bir donagina qolgan yil muchaliga tuyadan oldin kelgan sichqon chaqqonlik bilan ega bo‘libdi. Shundan beri xalqimiz orasida “Yildan qolgan tuya” iborasi ishlatib kelingan. Uni doim kechikib yuradigan kishilarga nisbatan ishlatiladi.

Muxtasar aytganda, buyuk merosimiz sanalgan xalq og‘zaki ijodi va adabiyotimizning nodir namunalari sanalgan maqol, matal va iboralarni yanada ko‘proq va to‘liq ishlatgan holda uning rivojlanishiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz darkor.

 

Mohira ASQARALIYEVA,

 O‘zMU talabasi

 

 

YERDAGI FARISHTAM

“Hurriyat” gazetasi men sevib o‘qiydigan nashrlardan biri. Uning har bir sonini katta qiziqish bilan o‘qiyman. Gazetaning 2016 yil 47-sonida Pardaboy Ergashevning “Hayotimiz fayzi – keksalar” nomli maqolasini o‘qib, men uchun mukarram bo‘lgan buvijonim haqida yozgim keldi.

Har bir inson dunyoga kelar ekan, unga hayot o‘z rizqi-nasibasi va umrini qo‘shib beradi. Tug‘ilamiz, ulg‘ayamiz, qariymiz. Nuroniy bobo-buvilarimizni kuzatsam, ularning istarali yuzlaridan nur yog‘ilib turadi. Mehnatdan qadoq bosgan qo‘llari esa doim duoda.

Men istiqomat qilayotgan Namangan viloyatining hunarmandchilikda tengi yo‘q Chust shahrida ko‘pni ko‘rgan, to‘qson bilan to‘qnashgan dilkash buvijonim nabiralari, evaralariga hayot saboqlarini o‘rgatishdan charchamaydilar. Barcha yoshu qari doimo ularning duolarini olishga, maslahat so‘rashga oshiqadi. Shahrimiz odamlari buvimni Turdibi aya deya chaqirishadi.

“Qari bilganni – pari bilmas”, – deydi dono xalqimiz. Nabiralarini atrofiga chorlab, o‘z hayotidan hikoyalar aytib berardi. Buvimning yoshligida ko‘rgan qiyinchiliklarini eshitib, biz hayratga tushardik. 

13-14 yoshli qizaloq bo‘lishlariga qaramay, Katta Farg‘ona kanalining qazilishida ishtirok etganliklarini ko‘zda yosh bilan gapirib beradilar. Tinchligimiz, musaffo osmonimizga shukronalar aytib, shu aziz Vatanda o‘g‘il-qizlari, nevara va evaralarini ko‘rib yurganligiga hayotdan minnatdor bo‘ladi.

Buvim bilan suhbat jarayonida o‘zim uchun ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni bilib olaman. Ular maqol, topishmoq, hikmatli so‘zlar aytishni juda yaxshi ko‘radi. Jumladan: “Nevara neni qilar, g‘alvirda suv keltirar”, “Olqish olgan omondir, qar-g‘ish olgan yomondir”, “O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir”, “Kishining hurmati o‘z qo‘lida”, “Nimani qilsang xor, shunga bo‘lasan zor”, “Tirishgan tog‘dan oshar”, “Azob ko‘rmay rohat yo‘q” kabilar.

Xonadon farishtasi keksalarimizning duosini olish har bir o‘g‘il-qizning baxti sanaladi, nazarimda. Buvimning duolarida qandaydir sehrli kuch bor deb o‘ylayman. Ular mehnatdan qadoq bo‘lgan qo‘llarini duoga ochib: “Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, bo‘lsin. Boshlagan ishlaring baroridan kelib, o‘qishlaringni omadini bersin” deya yuzlariga fotiha tortadi.

Fikrim so‘ngida shularni xulosa qilamanki, halol mehnat qilish, to‘g‘riso‘z bo‘lish, hammaga yaxshilik qilishni hayotimiz mazmuniga aylantirsak, nuroniy otaxonu, parisifat onaxonlarimizni asrab-avaylasak, duolarini olsak, hech kimdan kam bo‘lmaymiz. Shuning barobarida keksalarimiz ahvollaridan, issiq-sovuqlaridan xabar olaylik. Zero, biz ham kun kelib, kuchdan qolishimiz, qarishimiz bor.

 

Nilufar HOMIDOVA,

O‘zMU talabasi

 

 

 

DO‘STIM – osmondagi yulduzim

Kech kirishi bilan osmonda hisobsiz yulduzlar paydo bo‘ladi. Ularni kuzata turib, har biri bizga nimalarnidir aytmoqchi bo‘layotganini his etasan, kishi. Xuddi bizga yaqin inson – do‘stimiz kabi odamlar bilan suhbatlashmoqchiday bo‘ladi. Lekin hayotda har doim ham o‘z yulduzimiz, vafodor do‘stimizni topishga qiynalgandek bo‘lamiz.

Farzona maktabning yettinchi sinfida o‘qiydi. U yosh bo‘lsa-da, hayotning baland-pastliklarini tengdoshlariga nisbatan  ancha erta anglab yetgan. Sababi — oiladagi munosabatlar. Bu uning ruhiyatiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Bahorda kurtaklab, o‘zining chiroyi bilan ko‘zni quvontiruvchi yaproqlar kuz kelgach o‘z go‘zalligiyu beg‘uborligidan qanday voz kechsa, Farzona ham xuddi yaproq singari to‘kilib borar edi. Nega? Bu savol boshqalarni ham qiziqtirardi.

Xulqi yomon va bebosh bola Ravshangina undagi o‘zgarishlarga beparvo qaray olmadi. U Farzonaning darslariga ko‘maklashar,  ko‘nglini ko‘tarish maqsadida kichik sovg‘alar berardi. O‘zining kulgili harakatlari bilan qizni xursand etardi. 

Vaqt o‘tib Ravshan va Farzona shunchalik yaqin do‘stga aylandilarki, bundan boshqalar havas qilardi. Maktabni ham tugatdilar. Kollej o‘quvchisi bo‘ldilar. Yoshlikning ham shirin, ham achchiq onlari ortda qolib, endi katta hayot sari qadam qo‘yadigan vaqtlar yetib kelgandi. Farzonaning hayot yo‘lida o‘z maslahatlari bilan ko‘mak beruvchi insoni Ravshan edi. Bu yo‘lda ularning do‘stlik rishtalarini ayirmoqchi bo‘lganlar ham anchagina topildi. Kollejni tugatar chog‘i yaqinlari Farzonaning universitetga o‘qishga kirishiga qarshilik ko‘rsatdilar. Quyosh zaminni issiq nurlari bilan yoritgani kabi, uning qalbiga yana do‘sti Ravshan  nur olib kirdi. Unga o‘qishi uchun do‘stona yordamini ayamasligini tushuntirdi.

Farzona bahor gullariday yashnab ketdi. Hayotga ishtiyoqi oshdi. Havas qilsa arzigulik do‘sti bor. Dugonalar og‘ir paytlarda dalda bo‘lolmagan Farzonaga Ravshan yordam berardi. Farzona esa o‘zini undan qarzdordek his qilib, bu qarzni qanday uzishga javob topolmasdi. 

Do‘stlik shunday rishtaki, insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Oqibatdan saboq beradi. Unga baho boylikka emas, insoniy fazilatlarga qarab beriladi.

Xulosa qilganda, insoniy fazilatlardan uzoq bo‘lmagan do‘stlar hayotimizga ma’no va mazmun bag‘ishlasin. Oqibatli do‘stlar ko‘payaversin. Shundagina sadoqat degan tushuncha bizni tark etmaydi.

 

Fazilat ZIYODULLAEVA,

O‘zMU talabasi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.