TANLOV G‘OLIBLARI TAQDIRLANDILAR

Mamlakatimizda jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, huquqiy bilimlarning aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilinishini tashkil etish, qabul qilinayotgan qonunlarning maqsadi, mazmun-mohiyatidan odamlarning xabardorligini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayondagi ishlarga ommaviy axborot vositalari xodimlari ham munosib hissa qo‘shayotir.

 

Soha vakillarining mehnatini munosib rag‘batlantirish va bu boradagi hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan «Sud-huquq islohotlari jurnalist nigohida» ko‘rik-tanlovi e’lon qilingan edi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida mazkur tanlovning g‘oliblari taqdirlandi.

Tadbirda mamlakatimizda barcha sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar negizida, avvalo, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan ezgu maqsad mujassamligi ta’kidlandi. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 21 oktyabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni muhim dasturilamal bo‘layotir.

Farmonda sud hokimiyatining mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Mazkur asosiy ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muhim vazifalaridan biri sifatida faoliyatning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan hamkorlik qilishning samarali mexanizmlarini keng qo‘llash belgilab qo‘yildi. 

Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur ko‘rik-tanlov ham sudlar faoliyatining ochiqligini ta’minlashga, ommaviy axborot vositalarida sud-huquq sohasidagi islohotlarni hamda yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini targ‘ib qilishga, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi. Tanlovga mamlakatimizdagi markazi va mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatidan keng jamoatchilikni xabardor etishga qaratilgan 300 ga yaqin ijodiy ish kelib  tushgan. 

Oliy sud raisining o‘rinbosari Fayzulla Abduazimovning e’tirof etishicha, tanlovda mamlakatimizdagi barcha nufuzli ommaviy axborot vositalari, xususan, «Xalq so‘zi», «Narodnoe slovo», «Pravda Vostoka», «O‘zbekiston ovozi», «Adolat», «Kuch-adolatda», «Postda» kabi markaziy gazetalar muxbirlari, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Mahalla» tele hamda radiokanallari, shuningdek, qator internet nashrlari jurnalistlarining ishtiroki hamda kelib tushgan ijodiy ishlarning miqdori va dolzarbligi  tanlovning nufuzidan dalolat beradi. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini targ‘ib qilish, aholining huquqiy savodxonligini yuksaltirish va sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatidan keng jamoatchilikni xabardor etishda «Norma.uz», «Telegraf.uz», «Tnews.uz», «Sharh.uz», «Anhor.uz»  kabi internet nashrlari faollik ko‘rsatmoqda. 

Tanlov natijalariga ko‘ra, «Eng yaxshi maqola» nominatsiyasi bo‘yicha «Xalq so‘zi» gazetasi muxbiri Zokir Xudoyshukurov, «Eng yaxshi teleko‘rsatuv» nominatsiyasi bo‘yicha «O‘zbekiston» telekanali «Munosabat» ko‘rsatuvi muallifi va boshlovchisi Quddus A’zamov, «Eng yaxshi radioeshittirish» nominatsiyasi bo‘yicha «Mahalla» radiokanali muharriri Olima Hamroeva, «Eng yaxshi internet material» nominatsiyasi bo‘yicha O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti 3-kurs talabasi Dilshodabonu Avvalboeva g‘olib deb topildi hamda maxsus diplom va zamonaviy planshetlar bilan taqdirlandi. Rag‘batlantiruvchi mukofot «Pravda Vostoka» gazetasi muxbiri Oksana Malosabirovaga topshirildi. 

Shuningdek, tanlovning barcha ishtirokchilari Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

 

B.ABDURAIMOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.