Birinchi muallim hamrohi

Bundan 25 yil avval chop etilgan jurnalning ilk sonidagi «Oq yo‘l senga, «Boshlang‘ich ta’lim!» sarlavhali qutlovda O‘zbekiston Respublikasining o‘sha davrdagi Xalq ta’limi vaziri, pedagogika fanlari doktori, professor, bugungi kunda esa jurnal tahrir hay’ati a’zosi Jo‘ra Yo‘ldoshevning nashr mazmun-mohiyatiga tegishli yo‘llanmasi ham berilgan edi: 

 

«Ishonch bildirib aytish joizdirki, «Boshlang‘ich ta’lim» jurnali kichik yoshdagi o‘quvchilarimizga pishiq-puxta bilim va tarbiya berishda yo‘llanma va qo‘llanma bo‘la oladigan eng yaxshi ilmiy-metodik maqolalarni nashr etish bilan o‘qituvchilar, tarbiyachilar hamda ota-onalarga boshlang‘ich ta’limni yangi bosqichga ko‘tarishda, milliy maktablarimiz poydevorini bunyod etishda doimo madadkor bo‘lib qoladi».

Taxlamlar tadqiqi shuni ko‘rsatdiki, tahririyat qo‘yilgan vazifalarni uddalashga harakat qilgan. Jurnal sahifalarida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tayyorlangan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun tarbiyaviy ish rejalari, kuni uzaytirilgan guruh tarbiyachilari uchun tavsiyanomalar, kerakli metodik yo‘llanmalar muntazam ravishda berib borilgan.

Farzand tarbiyasiga oid xalq pedagogikasi, xususan, odobnomaga oid manbalar bilan tanishib borish, o‘tmishdagi boy madaniyat, boshlang‘ich maktabga asos solgan, uni takomillashtirgan buyuk siymolar haqida hikoya qilingan. 

Nashrning dastlabki sonlarida bizdan yashirilgan haqiqiy tarixni o‘rganishga keng o‘rin ajratilgan, asl manbalardan tabdillar berilgan, masalan, farzand tarbiyasida eng nodir durdonalardan biri Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq» asari jurnalning bir necha sonida bosilgan.

Xalq pedagogikasi asosida tarbiyalash, milliy maktab muammolari, Alifbe saboqlarida imloviy sezgirlikni shakllantirish, saboqlarni qiziqarli o‘tish masalalari, ta’limni qulaylashtirish, fikrlash qobiliyatini o‘stirish, nutqni yaxshilash yo‘llari, teatrlashtirilgan mashg‘ulotlar, musiqiy ta’lim muammolari, badxatlikning ko‘ngilsiz jihatlari, go‘zallikni anglash singari dolzarb mavzularda Malla Ochilov, Rahima Mavlonova, Yo‘ldosh Abdullaev, Tal’at o‘afforova, Qumri Abdullaeva, Ergash Umarov, Darvin Omonullaev, Muhammad Quronov singari ko‘plab taniqli olimlar, ijodkor muallimlar jurnalda o‘z mulohaza, tadqiqot va tajribalari bilan ishtirok etgan.

 

 

JAHON TA’LIMI 

TARIXIDA YORQIN SAHIFA

Ta’lim, xususan, boshlang‘ich ta’lim uzoq tarixga ega. Bobolarimizning ma’rifatli jamiyat qurish orzusi asrlar osha millatimiz qonida yashab keldi. Istiqlolimiz ana shu orzularga qanot berdi, albatta. Ayniqsa, 1997 yili «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» ishlab chiqilgani va u Oliy Majlis tomonidan qonun darajasida qabul qilingani nafaqat O‘zbekiston, balki jahon ta’limi tarixida yorqin sahifa bo‘lib muhrlandi. Ushbu muhim hujjat natijasida O‘zbekiston ta’lim tizimi ham shaklan, ham mazmunan tubdan yangilandi. Xususan, birinchi bora boshlang‘ich ta’limning Davlat ta’lim standartlari yaratildi. Ularga asosan yangi o‘quv dasturlari va darsliklar yozildi, oradan ma’lum vaqt o‘tgach, zamon talablari inobatga olinib takomillashtirildi ham. Bolajonlarimiz endilikda mutlaqo yangi mazmunda, keng va yorug‘ o‘quv xonalarida, zamonaviy jihozlar yordamida tahsil olmoqdalar. 

Ana shu jarayon bilan hamohang ravishda yurtimiz ta’limi tizimidagi, shuningdek, dunyo ta’limidagi yangiliklarni yoritish tahririyat a’zolarining burchidir. Shu bois, tahririyat kontseptsiyasi takomillashtirilib, unga asosan, maqsad va vazifalar belgilandi, tuzilma – bo‘limlar yo‘nalishi, xodimlar vazifalari qaytadan taqsimlandi. 

 

 

JURNALNING ASOSIY 

FAOLIYAT YO‘NALISHLARI

«Boshlang‘ich ta’lim» jurnalida chop etiladigan materiallar umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf muallimlaridan tashqari, maktabgacha ta’lim muassasalarining bolalarni maktabga tayyorlash bilan shug‘ullanadigan tarbiyachilari, pedagogika oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari, boshlang‘ich ta’lim muammolari tadqiqoti bilan shug‘ullanayotgan katta ilmiy xodimlar hamda boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilariga mo‘ljallangandir. Jurnal sahifalarida: «Ta’lim to‘g‘risida»gi, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi qonunlarga asosan ishlab chiqilib, takomillashtirilgan davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini hayotga tatbiq etishda boshlang‘ich ta’lim metodikasining dolzarb masalalari bo‘yicha tahliliy maqolalar yozish, davra suhbatlarini tashkil etish; yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ishlash bo‘yicha axborotlar, metodik tavsiyalar, dars ishlanmalari, ilg‘or ish tajribalarini muntazam chop etish; oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak boshlang‘ich sinf mutaxassislarini tayyorlash, mutaxassislar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tajribalarini, muammolarini yoritish bo‘yicha ilmiy, axloqiy-ta’limiy maqolalar hamda metodik tavsiyalar berish; maktab va oila hamkorligi, ota-onalar bilan ishlash, bolalar ta’lim-tarbiyasiga ularning ishtirokini oshirishda jurnaldagi chiqishlar orqali yordam berish kabi masalalar nazarda tutilgan.

 

MUALLIFLARIMIZ – 

ENG YAQIN HAMKORLARIMIZ

«Gapda emas, amalda ko‘mak!» Bu tahririyat xodimlarining shiori.

Bugungi kunda tahririyatda  «Ijtimoiy-gumanitar fanlar va maxsus ta’lim bo‘limi», «Aniq, tabiiy va estetik tarbiya yo‘nalishidagi fanlar bo‘limi»,  «Chet tili, xalqaro yangiliklar va sport bo‘limi», «Boshlang‘ich ta’lim-tarbiya metodikasi va ilmiy tadqiqotlar bo‘limi» faoliyat yuritmoqda. 

Bu jarayonda ijodkor muallim-mualliflarning o‘rni alohidadir. Boshlang‘ich ta’limning bugungi dolzarb muammolariga bag‘ishlangan maqolalar, ayniqsa, muammo paydo bo‘lishi va uni bartaraf etish borasidagi, o‘qitish jarayonida innovatsion yondashuv, kutilmagan usullarning qo‘llanilishida  muallifning shaxsiy pedagogik tajribasi namoyon bo‘lgan materiallar jurnal ahamiyatini oshiradi. 

Ta’limda masalalar katta-kichikka ajratilmaydi — hammasi muhim. Shu bois yirik muammo ko‘tarilgan maqolalar bilan bir qatorda amaliyotchi o‘qituvchilarning shaxsiy metodik jamg‘armasidan o‘rin olgan ta’lim-tarbiyaning kichik bo‘lsa-da, nozik jihatlari yoritilgan muvaffaqiyatli tajribalari ko‘pchilik uchun qiziqarli. O‘quvchining ijodiy imkoniyatlarini rivojlantiradigan, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalar asosida tashkil etilgan darslar, tarbiyaviy soatlar, to‘garak ishlari va boshqa sinfdan tashqari mashg‘ulotlar ham tahririyat uchun qimmatli hisoblanadi. 

 

 

«MAHORAT» IJODIY 

TANLOVI

Har bir ijodkor o‘qituvchining yangilikka intilib, bir xillikdan qochishga harakat qilishi tabiiy holat. Bu xislat jurnalistlar uchun ham begona emas. Shu bois mushtariylar, ya’ni ijodkor muallimlar va boshlang‘ich ta’lim sohasida yozadigan qalam ahlini tanlovga taklif etdik. Natija esa kutilganidan yaxshi bo‘ldi. Avvalo, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining o‘z yangiliklari bilan tahririyatga murojaatlari ko‘payib, yuborilayotgan material sifati yaxshilandi. Fikrimizni yurtimizning turli go‘shalarida bolalarga saboq berib, shu bilan birga tajribalarini bizga yuborgan va tanlovda g‘olib chiqqan o‘nlab ilg‘or qarashli muallimlar misolida isbotlashimiz mumkin. Qolaversa, yozuvchi, jurnalist va fotomuxbirlar ham eng yaxshi deb topgan ijod namunalari bilan qatnasha boshladilar. 

Tanlov «Eng yaxshi bir soatlik dars ishlanmasi uchun», «Eng yaxshi ko‘rgazmali qurol yoki slayd uchun», «Eng yaxshi maqola uchun»,  «Eng yaxshi metodik material uchun», «Eng yaxshi badiiy asar uchun», «Eng yaxshi intervyu yoki yangilik uchun», «Eng yaxshi fotosurat yoki boshqotirma uchun» nominatsiyalari bo‘yicha har uch oy(kvartal)da bir marotaba o‘tkaziladi. Tahririyat ijodiy xodimlaridan tashkil topgan tahlil guruhi tomonidan jurnalda chop etilgan eng sara materiallar aniqlanadi. o‘oliblar eng kam ish haqining bir barobaridan uch barobarigacha miqdoridagi mablag‘ hamda tahririyatning maxsus diplomi bilan taqdirlanadilar. 

Har bir nominatsiyaning o‘ziga xosliklari bor, albatta. Masalan, «Eng yaxshi bir soatlik dars ishlanmasi uchun» nominatsiyasida o‘ziga xos uslubda tayyorlangan va eng asosiysi, bolalarimiz bilimini boyitishga xizmat qiladigan ilg‘or pedagogik texnologiyalarga asoslangan dars ishlanmalari bilan o‘zini faol, mahoratli deb bilgan har bir ijodkor o‘qituvchi qatnashishi mumkin. Bunda muallifning o‘ziga xos tajribasi, joiz bo‘lsa boshqa hamkasblariga ham ommalashtiradigan darajadagi salmoqli metodikasi hisobga olinadi. Shu paytgacha yuz nafardan ortiq o‘qituvchi va ijodkorlarga mukofotlar topshirildi.

 

 

«JURNALIST» MAHORAT MAKTABI

O‘zbekiston ta’limi uzluksiz ravishda rivojlanar ekan, bu o‘zgarishlarni chuqur anglab, yorita biladigan, boshqacha aytganda, ixtisoslashgan ijodiy xodimlarga talab kuchayadi. Davrning ana shu talablarini nazarda tutib, shuningdek, zarurat tug‘ilganda jurnalistlar malakasini oshirish, tahririyat uchun ixtisoslashgan yosh kadrlar tayyorlash ishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida «Jurnalist» mahorat maktabi tashkil etildi.

Ayni paytda birinchi tinglovchilar tahsilni yakunladi. Unda ta’lim-tarbiya mavzusiga ixtisoslashgan ijodkorlar — O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar, «Eng ulug‘, eng aziz», «Yilning eng faol jurnalisti» tanlovlari, «Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindorlari, shuningdek, «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni sohiblari — ta’lim metodikasi bilimdonlari saboq bermoqdalar. 

 

H.SAIDOV,

«Boshlang‘ich ta’lim» jurnali

 bosh muharriri

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.