Ovoz qudrati

DASTLABKI ESHITTIRISHLAR

Bundan 90 yil muqaddam devorda osilgan kichkina bir uskunadan “Toshkentdan gapiramiz!” degan so‘zlar yangraganda, ba’zilar qo‘rquvdan, ba’zilar esa “Yo, alhazar!”, deya hayratdan yoqa ushlagan. Yillar o‘tib, radio muxlislarini o‘ziga ohanrabodek tortib oldi. U tunu kun odamlarning hamrohiga, yaqin do‘sti va maslahatgo‘yiga  aylandi. Mana, qariyb bir asrdirki, mamlakatimiz aholisi erta tongdanoq radioning jarangdor  ovozidan uyg‘onadi, uni tinglab, uyquga ketadi. Ommaviy axborotning tezkor turlaridan biri, hamma joyda, har doim hoziru nozir radioning ham tarixi va taraqqiyot bosqichlarining o‘ziga xos, qiziqarli jihatlari bor.

 “Radio” — lotincha so‘z bo‘lib, — “nur tarqataman” degan ma’noni anglatadi. Radio 1895 yil rus olimi A.S.Popov tomonidan ixtiro qilingan. U o‘zi kashf etgan moslama orqali ilk bor elektromagnit to‘lqin tebranishlarining simsiz masofaga uzatishni namoyish etdi. Bu voqea olamshumul ahamiyatga ega bo‘lib, bir qator texnika fanlarining, jumladan, radiotexnika va radiotelevideniening rivojlanishiga asos bo‘ldi. Keyinchalik A.S.Popov yasagan birinchi radiopriyomnikning ovozasi butun jahonga yoyildi.

O‘zbekistonda muntazam radioeshittirishlar 1927 yilning 11 fevralidan boshlangan. “O‘zbekiston” radiosining birinchi diktori Nazirxon Kamolov bo‘lgan. U o‘shanda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning melioratsiya fakulteti talabasi bo‘lgan. Eshittirishlar dastlab 19 dan 21 gacha — 2 soat davomida berilgan, keyinchalik esa uning hajmi oshib boravergan. O‘shanda eshittirishlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilib, ilk davrda Yunus Rajabiy, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, To‘xtasin Jalilov, Abduqodir naychi, Berta Davidova kabi san’atkorlar muntazam qatnashib turgan.

Urush davrida radio ommaga eng tezkor yangiliklarni yetkazib berishda muhim o‘rin tutdi. O‘sha vaqtda tuman, shahar, viloyat gazetalari faoliyati ancha cheklangan edi. Ularning o‘rnini ham radio bosardi. Har kuni odamlarning nigohi qishloq choyxonalari, bozor, vokzallarda o‘rnatilgan radiokarnaylarga qaratilar, har soatda frontdan yangi xabarlar kutar edilar. 

Odatda savodli, ovozi tiniq, jarangdor, talaffuzi ravon, xalqning ruhini ko‘tara oladigan kishilar diktorlikka jalb etilar edi. Taniqli yozuvchi, shoirlardan Hamid o‘ulom, Turob To‘la shu yillari ishlagan. Ana shunday suronli yillarda o‘zbek diktorlik maktabiga asos solgan Qodir Maxsumov va Tuyg‘unoy Yunusxo‘jaeva yonma-yon turib samarali mehnat qildilar.

XALQARO ALOQALAR

“O‘zbekiston” radiosida sekin-asta boshlangan rivojlanish natijasida chet davlatlarga ham o‘z eshittirishlarini uzatishga kirishdi. 1947 yilning oktyabridan boshlab xorijiy davlatlar tinglovchilari paydo bo‘ldi va ushbu xizmat “Toshkent xalqaro radiosi” deb nomlanadigan bo‘ldi. Dastlab ingliz, fors, uyg‘ur tillarida eshittirishlar haftasiga 2-3 marta, 15 daqiqa hajmida berib borildi. 1957 yil 1 martdan urdu tilida eshittirishlar boshlandi. Keyinroq hind, arab va boshqa tillarda ham eshittirishlar yo‘lga qo‘yildi.

“O‘zbekiston” radiosining xorijiy davlatlarga eshittirishlar uzatishidan maqsad respublikamizni dunyo hamjamiyatiga tanitish, uning boy tarixi, madaniyati, urf-odat, qadriyatlaridan boshqa xalqlarni ham voqif etish edi. Radioeshittirishlarning oldida mamlakatimizning uzoq o‘tmishi, madaniyati, san’ati, an’analari, ayni vaqtda turli sohalarda erishayotgan yutuqlarining yoritilishi asosiy maqsad qilib qo‘yilgan edi.

Xorijga eshittirish uzatiladigan radio muharririyatlari har yili “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzusidagi radiotanlovini e’lon qilar edi. Tanlov g‘olibi O‘zbekistonga taklif etilib, 10 kun davomida Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent shaharlarini tomosha qilish bilan (bepul) taqdirlanardi. Mazkur tanlov g‘oliblaridan bir qanchasi O‘zbekistonga kelib, uning mehmondo‘st xalqi, ajoyib tabiati, qadim va navqiron shaharlari bilan tanishib, Vatanlariga katta taassurotlar bilan qaytishgan va o‘zlarining eshittirishlari  orqali muxlislariga bu haqda to‘lib-toshib gapirib berishgan. 

60-yillarning boshida taniqli hajvchi To‘lan Qo‘ziboev va yana bir necha ijodkorlar “Tabassum” radiojurnaliga asos solishdi. Hajviy chiqishlarda taniqli aktyorlar N.Rahimov, S.Xo‘jaev, E.Karimov, H.Yo‘ldoshev, H.Sharipov, B.Ixtiyorov, X.Sa’diev, R.Karimova, E.Malikboeva faol ishtirok etgan. Eshittirishlar asosan o‘.o‘ulom, A.Qahhor, Said Ahmad, N.Aminov, M.Xudoyqulov,  M.Islomqulov va taniqli turk adibi Aziz Nesin hajviyalari asosida tayyorlanar edi. 

MUSTAQILLIK ARAFASIDA 

Radio ijtimoiy jarayonga qizg‘in kirishib ketdi. Eshittirishlarda muhim, dolzarb mavzular, chirsillab turgan muammolar o‘z aksini topa boshladi. 1985—1990 yillar oralig‘ida respublika radiosi dasturlaridan yangi, o‘ziga xos, millionlab tinglovchilarni o‘ziga jalb etadigan eshittirishlar joy oldi. “Sayyoramiz sadosi”, “Oqshom to‘lqinlarida” ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, informatsion dam olish eshittirishlari, shuningdek, “Qarmoq” satirik jurnali shularning sirasiga kiradi. Ana shu eshittirishlar ilk bor diktorlar xizmatidan voz kechib, boshlovchilar tomonidan jonli, qiziqarli tarzda olib borildi. “Qarmoq” esa,  har bir eshittirishida byurokrat, tovlamachi, poraxo‘r, laganbardor, tashmachi, tamagirlarni ayamasdan savalar edi. Xususan, A.Isoqov, M.Risqiev, O.Tilovberdiev, A.Abduvaliev, R.Qo‘ldoshev, E.Xudoyberdiev, D.Umarova, A.Abduazimov, T.Sobitov tayyorlagan eshittirishlar nihoyatda dolzarb va qiziqarli edi. 

Qisqasi, mustaqillik arafasidagi radioeshittirishlar ham o‘z o‘rni, ahamiyati, ta’sirchan va samaradorligi bilan tarixda qoldi. Mamlakatimiz bo‘ylab mustaqillikning ilk epkinlari esib, uning rasman e’lon qilinishiga yaqin vaqtlar qolgan edi.

 

ISTIQLOL YILLARIDA

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, jumladan, radio va televideniening ham rivojlanishi, emin-erkin faoliyat yuritishi uchun, avvalo, mustahkam huquqiy baza, barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 8 noyabrdagi “Mustaqil teleradiokanallarini isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan keyin teleradio sohasida juda katta islohotlar amalga oshirildi. Radioeshittirishlar shaklan va mazmunan yangicha, zamonaviy ahamiyat kasb eta boshladi. Dolzarb mavzular, bugunning muammolarini ko‘tarib chiqadigan mavzularni aks ettiradigan eshittirishlar ko‘paydi, tinglovchilarning talab va istaklariga ham  ko‘proq e’tibor berila boshlandi. 

Ayni vaqtda “O‘zbekiston” radiosi to‘rtta kanal orqali bir kecha-kunduzda 88 soat hajmidagi eshittirishlarni muntazam berib boryapti. Eshittirishlar mamlakatimiz hududini yuz foiz qamrab olgan. Qolaversa, eshittirishlarni dunyoning istalgan davlatida onlayn tarzda tinglash mumkin.

Bugun “O`zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla”, “Toshkent” radiokanallari eshittirishlarining har biri o‘z muxlislariga ega. Radiokanallar muharririyatlarida xizmat qilayotgan jurnalistlar har kuni ommani mamlakatimiz va xorijda ro‘y bergan yangiliklar, tezkor, muhim xabarlardan voqif etish barobarida, efir orqali ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi eshittirishlar ham jaranglab turibdi. Eshittirishlar turli mavzular va xilma-xil janrlarda berib boriladi. “Radioadvokat”, “Ehtirom”, “Bizga maktub yo‘llabsiz”, “Qalqon”, “Shaxsiy fikr” kabi tahliliy va madaniy-dam olish eshittirishlariga ko‘plab tinglovchilar munosabat bildirib, xat va telefon orqali murojaat qilishadi. “Dunyo”, “Jarayon”, “Tafakkur”, “Mulohaza”, “Yaxshilar yodi”, “Kitobxonlik”, “Baxshiyona”, “Hamma uchun”, “Baxt yo‘llari”, “Beshinchi fasl”, “Talabalar sporti”, “Sport — saodatim”, “Futbolimiz kelajagi”, “Xotira aziz — xotira muqaddas”, “Farzand bilan olam charog‘on”, “Huquqiy hayotim” eshittirishlari yangi tashkil etilgan bo‘lsa-da, tinglovchilar e’tiborini qozonishga erishdi. Radiodasturlar reytingini aniqlashda “Mulohaza uchun mavzu”, “Shifokor minbari”, “Adolat — qonun ustuvorligida” kabi tahliliy-huquqiy va madaniy-ma’rifiy eshittirishlari namuna bo‘lmoqda. Buni tinglovchilardan kelayotgan xat va SMS orqali murojaatlardan bilib olish mumkin.

Har kuni erta tongda “Toshkentdan gapiramiz!” so‘zlariga quloqlarimiz o‘rganib qolgan. Qolaversa, kun davomidagi xilma-xil, mazmunli radioeshittirishlar bizning doimiy hamrohimizga aylanib ulgurdi. Muxlislarning ko‘nglini xushnud etib, kayfiyatini chog‘ etishdek xayrli ishga bel bog‘lab, tunu kun xolis xizmat qilayotgan radiojurnalistlarning ijodiy ishlariga omad tilab qolamiz. 

 

Yusufjon HAMDAMOV,

O‘zMU jurnalistika fakulteti

kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.