Harakatlar strategiyasi va matbuot

Milliy taraqqiyot yo‘lidagi har bir jamiyat o‘z oldiga qo‘ygan bosh maqsaddan kelib chiqib, rivojlanish va taraqqiyotning yaqin-uzoq kelajakka mo‘ljallangan aniq dasturini belgilab olishi kerak. Shu ma’noda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida ko‘zda tutilgan besh ustuvor yo‘nalish mamlakat hayotining barcha sohalari, jumladan, ommaviy axborot vositalari uchun ham yaqin yillar uchun amaliy faoliyat dasturidir.

 

Keyingi olti yil ichida Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan Kontseptsiya asosida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotini isloh qilish, boshqaruv tizimini takomillashtirish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Shu masalaga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferentsiyada taniqli olimlar, siyosat va jamoat arboblari, nufuzli moliya institutlarining mutaxassislari, shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki vakillari Islom Karimovning jahon jamoatchiligiga yaxshi ma’lum besh tamoyiliga yuksak baho berdilar. o‘oyat murakkab sharoitda mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgani, xalqimiz hayoti va tafakkurida ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgani, fuqarolik jamiyati institutlari izchil rivojlanayotgani, fuqarolarning ijtimoiy faolligi va boshqa yutuqlarimiz bunday bahoga asos bo‘ldi deyish mumkin. 

Bu e’tirofning qimmati yana shundaki, bugun dunyoda kechayotgan, odamlarning turmush tarziga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan moliyaviy inqiroz dunyoning ko‘plab davlatlarida ijtimoiy dasturlarning qayta-qayta ko‘rib chiqilishiga, ish o‘rinlarining qisqarishi oqibatida ishsizlikning ko‘payishiga olib kelgani, O‘zbekistonda esa inqirozga qarshi chora-tadbirlar dasturining o‘z vaqtida qabul qilinishi ko‘plab salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qildi. 

Kontseptsiyada ilgari surilgan muhim g‘oyalardan biri ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada erkinlashtirish, uning huquqiy bazasini mustahkamlash edi. Bugun hammamizga bir haqiqat ayonki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini yanada chuqurlashtirish, aholining mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotidagi faol ishtirokiga erishish uchun, avvalo, jamiyatda so‘z erkinligi va axborotni hech qanday moneliksiz olish imkoniyati, ommaviy axborot vositalarining odamlar o‘z fikr-mulohazalarini erkin ifoda etadigan xolis minbarga aylanishi, buning uchun fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklari to‘la ta’minlanishi zarur bo‘ladi. Chunki, jamiyat a’zolarining axborot olish, axborotni va shaxsiy fikr-mulohazalarini bayon qilish, tarqatish huquqi mamlakatimizda demokratik jamiyat barpo etishning muhim sharti hisoblanadi. Shu bois ham istiqlol yillarida ommaviy axborot vositalarida so‘z erkinligini amalda ta’minlashga, demokratik talab va standartlarga mos keladigan milliy qonunchilik bazasini yaratishga jiddiy e’tibor berildi. “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi odamlarning o‘zlari istagan axborotni hech bir moneliksiz olish, ayni chog‘da, axborotni muhofaza qilish, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlash imkonini berdi desak, xato bo‘lmaydi.

Jamiyat hayotining turli yo‘nalishlari dinamikasini qiyosiy tahlil qilish u yoki bu sohaning qay darajada rivojlanayotgani yoki boshqa bir holatda ekanini oydinlashtiradi. Ommaviy axborot vositalarimizga shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, bugungi bosma matbuot, radio va televidenie sobiq tuzumning “ur, to‘qmoq” matbuotidan keskin farq qilishiga amin bo‘lamiz. Biroq demokratik jamiyat qurish yo‘lidan borayotgan mamlakat matbuoti, eng avvalo, xolis va xalqchil minbarga aylanishi, unda fikrlar, qarashlar xilma-xilligi, sog‘lom bahs-munozara mavjud bo‘lishi talabidan kelib chiqadigan bo‘lsak, shu farq bilangina qanoatlanish mumkin emasligini qayd etishimiz zarur.

Istiqlol yillarida yangi matbuot tizimini shakllantirish va mavqeini oshirish borasida ko‘p ishlar qilindi. Siyosiy partiyalarning rasmiy nashrlari, xususiy gazetalar, jurnallar, televidenie va radio tarmoqlari ijodiy raqobat, bahs-munozara, tezkorlik va hozirjavoblik muhitini yuzaga keltirdi.

Internet jurnalistlarga eng zarur ma’lumotlarni tez topish, qonun hujjatlari, birlamchi manbalar bilan ishlash, dunyo axborot makoni yangiliklaridan vaqtida xabardor bo‘lish, turli manbalarni o‘zaro qiyoslash imkonini berdi. Bir qarashda, hech qanday muammo qolmaganday, ammo...

O‘zbekiston dunyoning rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlari safidan mustahkam o‘rin olishga intilayotgan, jahon maydoniga dadil chiqayotgan ekan, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar bu jarayonda zimmalariga qanday muhim mas’uliyat yuklanishini dildan his etishlari va buni aslo unutmasliklari kerak. Chunki, har qanday jamiyatning ma’naviy-axloqiy qiyofasi, milliy qadriyatlari, ko‘zlagan maqsadi, davlat tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, so‘z va fikr erkinligi, jamoatchilik nazoratining ishlashi va bu nazoratning amaldagi samarasi, odamlarning huquqiy ongi, madaniyati va, hatto, jurnalistlarning ehtiroslarga berilmay, bosiq va vazminlik bilan, aniq fakt va raqamlarga tayangan holda fikr yuritish mahorati uning matbuotida namoyon bo‘ladi. Chinakam erkin matbuotda odamlarning o‘y-xayollari, orzu-istaklari, ijtimoiy-siyosiy qarashlari, voqea-hodisalarga munosabati, taklif va tashabbuslari, shu bilan birga, nimadan xursand yoki nimadan ko‘ngillari to‘lmayotgani, qonunlarga amal qilmayotgan, odamlarni tinglamaydigan, faqat o‘zining fikrini to‘g‘ri deb hisoblaydigan va buning oqibatida chuqur o‘ylanmagan pala-partish qarorlar qabul qiladigan mansabdorlarga berayotgan baholari yaqqol ko‘rinib turadi. Matbuot shunday minbarga aylansagina o‘zining bosh vazifasini bajargan bo‘ladi.

Xorijiy mamlakatlarda bo‘lganimizda, mahalliy matbuot sahifalarini varaqlab, radio va televideniega quloq tutib, u yerda hayot darajasi qandayligi, matbuot nashrlarida qanday axborot tarqatilayotgani, dunyoda, yondosh mintaqalarda kechayotgan jarayonlar qanday sharhlanayotgani, odamlarning fikriga nechog‘li o‘rin berilayotganiga qarab, shu mamlakat, shu jamiyat haqida dastlabki tasavvurga ega bo‘lamiz, fikrimiz shakllanadi. Chunki jamiyat qanday bo‘lsa, uning matbuoti ham shunday bo‘ladi. Demak, matbuotning mavqei, ta’sirchanligi va samaradorligi, xalq ko‘nglining ifodachisiga aylanishi faqat buning uchun zarur bo‘ladigan shart-sharoitlarning, masalan, qonunchilik bazasining mavjudligi bilangina emas, eng avvalo, bunday mavqega ko‘tarilish uchun xohish-istak, harakat, ya’ni ijodiy jur’atning bor-yo‘qligiga ko‘proq bog‘liqdir. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, matbuotda ham oshkora yozish imkoniyatining mavjudligi muhim, ammo bu imkoniyatdan to‘g‘ri, unumli, maqsadga muvofiq tarzda foydalanish yanada muhimroq.

Har bir jamiyat o‘z matbuotini o‘zi yaratadi, o‘zi unga yo‘nalish beradi va o‘zi yaratgan matbuot yordamida oldiga qo‘ygan maqsadlariga u yoki bu darajada erishadi. Matbuotning sustligi, jimligi, quruq madhiyabozlik, hamdu sano bilan mashg‘ul bo‘lib qolishi, odamlarning haqli noroziliklariga e’tibor bermasligi, bunday hollardan ko‘z yumishi oqibat natijada jamiyatning umumiy taraqqiyotiga, shu bilan birga, davlat-jamiyat-shaxs munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Odamlarning kuyunchaklik bilan yozgan xatlariga, faol fuqaro sifatidagi kuzatuvlariga, aniq dalil va isbotlar asosida yozilgan shikoyatlariga e’tibor bermaydigan, muammolar yechimi uchun jon kuydirmaydigan tahririyatlar real hayotdan uzoqlashadilar, orada bo‘shliq, uzilish paydo bo‘ladi. Buni ushbu yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili deb e’lon qilinishi, joylarda xalq qabulxonalarining ochilishi va u yerga kelayotgan murojaatlarning soni va mazmunida yaqqol ko‘rish mumkin.

Odamlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, olamshumul muvaffaqiyatlar, dunyo tan olgan yutuqlarimiz bilan birga, huquq-tartibot, sog‘liqni saqlash, maishiy xizmat, ta’lim-tarbiya va boshqa sohalarda mavjud bo‘lgan jiddiy muammolar haqida, mansabdor shaxslarning odamlarning haqli e’tirozlariga befarqliklari to‘g‘risida yozmoqdalar. Prezident Shavkat Mirziyoevning viloyatlarda turli kasb egalari, oddiy odamlar, katta hayot yo‘lini bosib o‘tgan nuroniylar bilan uchrashuvlari, videoselektor yig‘ilishlarida hayotimizdagi ko‘plab nuqsonlar, ko‘zbo‘yamachiliklar, soxta hisobotlar, jinoiy xatti-harakatlarni xaspo‘shlash, mehnatkashlarning insoniy haq-huquqlarini mensimaslik kabi nomaqbul illatlar ochib tashlandi.

Davlatimiz rahbarining mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida odamlar, eng avvalo, turli sohalardagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo‘lgan ko‘plab idoraviy yo‘riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo‘lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo‘yicha noqonuniy tekshiruvlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati xususida murojaat qilayotganlarini bayon qilar ekan, “Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: mana shu murojaatlarda ko‘tarilgan hayotiy muammolarni joylardagi hokimlik va idoralar, tegishli mutasaddilar o‘z vaqtida hal etishi zarur emasmidi? Holbuki, bu masalada alohida qonun, ya’ni, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Lekin, ming afsuski, bu qonunning ijrosini nazorat qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan”, deb ta’kidladi.

O‘ylab ko‘raylik: matbuotimiz nahotki bu kamchiliklardan, chunonchi, ayollar va o‘smirlar orasida jinoyatchilik ko‘payib borayotgani, tibbiyot muassasalarida, ayniqsa, tug‘uruqxonalarda poraxo‘rlik avj olgani, pulli va pulsiz xizmatlarning farqlab bo‘lmasligi, huquq-tartibot organlarining ayrim xodimlari jinoyatga qo‘l urayotganidan bexabar bo‘lsa? Bu haqda birinchi bo‘lib bong urish, o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamay, qing‘ir yo‘llarga kirib ketgan rahbarlarning kirdikorlarini, pensiya ta’minoti, savdo-sotiq sohasidagi tovlamachiliklarni fosh qilish, davlat mulkining talon-taroj qilinishi, byudjet mablag‘larining maqsadsiz ishlatilishiga murosasizlik ommaviy axborot vositalarining birlamchi vazifasi bo‘lishi kerak emasmidi? Mamlakat Prezidenti portaliga juda qisqa vaqt ichida kelib tushgan shikoyatlarning soni va mazmuni bu borada matbuotimiz ma’lum ma’noda oqsayotganidan dalolat beradi.

 Birgina misol. Shavkat Mirziyoevning Qoraqalpog‘istondagi uchrashuvlari chog‘i ba’zi tumanlarda xorijdan katta mablag‘ hisobiga sotib olingan zamonaviy texnika vositalari ochiq havoda zanglab yotgani keskin tanqid qilindi. Ishonchim komilki, bunday noxush holatlarga mamlakatimizning boshqa tumanlarida ham duch kelish mumkin. Ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida insonning haq-huquqlari va manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni kechiktirmasdan hal qilish lozim bo‘lgan bugungi kunda eskicha fikrlash, ishni eski “qolip”lar asosida tashkil qilish, o‘z burchini elga xizmat tamoyiliga asoslanib emas, balki shaxsiy manfaatlardan kelib chiqqan holda bajarish kabi amaliyotlar davom etayotgani, o‘g‘rilik va firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarning har beshtadan bittasi fosh etilmayotgani, qidiruvda bo‘lgan aksariyat shaxslarning qo‘lga olinmayotgani aytib o‘tildi. Bu holatlar ham nahotki, matbuotning joylardagi muxbirlari e’tiboridan chetda qolgan bo‘lsa?

Hayotning bugungi tezkor shiddati, dunyoning mislsiz darajada o‘zgarib borayotgani o‘z kasbining fidoyilari bo‘lmish jurnalistlardan ijodiy malaka va mahoratlarini, xabardorlik darajalarini muttasil ravishda oshirib borishni, zukko va kuyunchak kuzatuvchiga aylanishni, kichik bir muammoga ham befarq bo‘lmaslikni, mamlakat, millat, jamiyat oldida turgan eng muhim vazifalarni teran idrok etishni talab etadi. Nashr bilan gazetxon o‘rtasida o‘zaro ishonch ko‘prigi, oshkora va samimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yuqorida zikr etilgan nuqsonlar xususidagi xat-xabarlar tahririyatga oqib kela boshlaydi. Ularni jiddiy o‘rganish, qaysi viloyat yoki tumandan qanday mazmundagi shikoyatlar kelayotgani, ularda qaysi mavzular ustuvorlik qilayotgani, odamlar ko‘proq nimadan va kimlardan norozi bo‘layotganini aniqlash va shunga yarasha ijodiy reja tuzish g‘oyat muhimdir. Chunki, mansabdor shaxslarning mas’uliyatsizligi, qonunlarni bilmasligi yoki ularga bilib turib ham itoat etmasligi jamiyatimizning bundan buyon taraqqiy etishi, jadal rivojlanishi uchun jiddiy to‘siq-g‘ov bo‘lishi aniq.

Harakatlar strategiyasining har bir yo‘nalishi bo‘yicha maxsus reja asosida turkum tahliliy materiallar e’lon qilish, teleko‘rsatuvlar tashkil etish, fuqarolarning murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmaslik, tahririyat pochtasini doimiy ravishda monitoring qilib borish, ko‘p shikoyat kelayotgan tumanlarga borib, ahvolni shu yerning o‘zida jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘rganish, gazetxonlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, gazeta tanqidiga, jurnalistlarning qonunda belgilab qo‘yilgan axborot olish huquqiga bepisandlik bilan qarayotgan, sog‘lom tanqid uchun muxbirlarga tazyiq o‘tkazishga harakat qilayotgan mansabdorlar faoliyatiga tegishli baho berish lozim bo‘ladi.

Matbuot jamiyatning muhim demokratik institutlaridan biri ekan, erkin va xolis minbar sifatida o‘zini faol jamoatchi nazoratchi sifatida ham namoyon etishi, bunday nazoratning vijdon ishiga aylanishida tashabbuskor bo‘lishi kerak. Shundagina bugun ko‘pchilik nashrlarimizning doimiy “bosh og‘rig‘i” bo‘lib turgan obuna muammosi o‘z-o‘zidan hal bo‘lib ketadi.

 

Ahmadjon MELIBOEV,

O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.