JELLIG’ULILIK DALLIG’ULI

Salohiddin Safarov faoliyatini 1965 yilda “Jizzax ovozi” gazetasida musahhihlikdan boshlagan. “Ishni shu kasb bilan boshlaganingiz ma’qul, nashrdagi barcha gaplardan xabardor bo‘lasiz, bilimingiz, tasavvuringiz kengayadi, — deymiz biz talabalarimizga va bir hazilomuz misol-qiyos keltiramiz: “Bir o‘ziga to‘q, ko‘pni ko‘rgan yahudiy farzandini tibbiyot oliy o‘quv yurtiga joylashtiribdi va otalarcha nasihat qilibdi: o‘g‘lim, qulog‘ingga quyib ol, yaxshi o‘qisang vrach bo‘lasan, yomon o‘qisang bosh vrach bo‘lasan. Shu singari yaxshi o‘qisalaringiz musahhih bo‘lasizlar, yomon o‘qisalaringiz bosh muharrir bo‘lasizlar”.

 

Bu gapdan faoliyatini oddiy feldsherlikdan boshlab bosh vrachlikkacha ko‘tarilgan shifokorlar, musahhihlikdan boshlab bosh muharrirlikkacha ko‘tarilgan jurnalistlar xafa bo‘lishmas. Negaki biz bilgan bosh muharrirlarning aksariyati musahhihlikning shirin nonini yeb, o‘tib ketgan xatolar uchun achchiq-nordon tanbehlar eshitib shu darajaga yetishishgan. 

U 1968 – 1974 yillarda ishdan ajralmagan holda ToshDU jurnalistika fakulteti sirtqi bo‘limida o‘qib nazariy bilimlarini oshirdi, ko‘p do‘st, qadrdonlar orttirdi, poytaxt ijodiy muhitidan bahramand bo‘ldi. Tarjimai holidagi ba’zi sanalarga e’tibor qiling: Sirdaryo viloyati teleradio qo‘mitasida muxbir, Jizzax viloyati teleradiokompaniyasida katta muharrir, bosh muharrir, rais o‘rinbosari va rais, O‘zbekiston OAVni demokratlashtirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Jizzax viloyati bo‘limi raisi, “Jizzax hayoti” va “Djizakskaya pravda” gazetalari bosh muharriri yoritib, eshittirib, ko‘rsatib borganini quvonch-qoniqish bilan eslaydi.

Ko‘p yillik kuzatishimiz, taassurotimizga ko‘ra, rahbar Salohiddin Safarovda tashabbuskorlik, tadbirkorlik, maqsad yo‘lida sobitqadamlik, yo‘qni yo‘ndirish, xodimlarga g‘amxo‘rlik, insoniylik fazilatlari, shaxsiyatida samimiylik, mehmondo‘stlik, cho‘rtkesarlik, jinday chapanilik sifatlari ustuvor edi. Tele va radio studiyalarini birinchilardan bo‘lib zamonaviy texnika, jihozlar bilan ta’minlash, gazetalarga obunani tashkil etish, adadini ko‘tarish, qog‘oz zahiralarini g‘amlab qo‘yish, faollarni mukofotlab borish, xodimlarning to‘y-ma’rakalarida bosh-qosh bo‘lish, o‘tin, ko‘mir, un, guruchigacha g‘amini yeyish borasidagi sa’y-harakatlariga hamkasblarining havasi kelardi. Ish ekan, xato, kamchiliklarga ham yo‘l qo‘ygan, bilib-bilmay kimnidir ko‘nglini og‘ritgan chiqar. Ustidan yozishlar, asabiga tegishlar bo‘lib turgani boisi shu bo‘lsa ajab emas. “Baraka topkur tanqidchilarim meni ogohlikka, adashmaslikka chorlab turadi, — degandi kulimsirab bir suhbatimizda. — To‘qsondan oshib vafot etgan otamning, bolam, yaxshilik yo‘lini tut, birovga yomonlik sog‘inma, doving yurishganda havolanib ketma, g‘am-tashvishli kunlarda bosiq, bardoshli bo‘l, degan o‘giti doim yodimda turadi.

Jizzaxdan chiqaverishda Jelli-g‘uli degan qishloq keladi, o‘ngga burilib sal tepaga ko‘tarilsangiz keng, fayzli bir qo‘rg‘onga kelasiz. Xonadon sohiblari Salohiddin va Ibodatxonlar borgan mehmonni ochiq yuz bilan kutib olishadi, tandirdan endi uzilgan bo‘rsildoq nonlar, tomorqada yetishtirilgan turfa meva-chevalarni dasturxonga qo‘yishadi, shirin gurung berishadi, Biz, poytaxtlik hamkasblar ham, bu uyda bir necha bor mehmon bo‘lganmiz, tog‘ bag‘riga chiqib marhum ustozlari Nasim Norov, O‘ktam Javlonov, sadoqatli shogirdlari bilan qizg‘in suhbatlar qurganmiz.

Mehnat faxriysi Salohiddin Safarov nafaqaga chiqib vaqtini yonboshlab yotish, nevaralarini o‘ynatish, gazeta o‘qish, televizor ko‘rish, bog‘-roqqa, mol-holga qarash bilangina o‘tkazayotgani yo‘q, mahalla-ko‘y hayotida, jamoatchilik tadbirlarida faol qatnashib, qadrdon ishxonalariga borib, shogirdlari, hamkasblariga, hormanglar deb turadi. Qiziq, shuncha maqola, ocherk, esse, turfa materiallar yozgan, xodimlarining kitoblarini chiqarishga bosh qo‘shgan hamkasbimiz o‘zi birorta ham kitob yozmapti, sababini so‘raganimizda, “ko‘p kitoblar chiqqan, qanchasi o‘qilmay yotibdi, mening yozganimga kimning ko‘zi uchib turuvdi” dedi kamsuqumlik bilanmi yo hafsalasizligini oqlash uchunmi. “Viloyatingizni yaxshi bilasiz, o‘zingizning hayotingiz ham qiziq, ibratli voqealarga boy, yozsangiz maroqli, o‘qishli bir asar bo‘ladi, kitobga munosabat o‘zgarayotgani, mehr, ishtiyoq kuchayayotganidan xabardorsiz”, deymiz yetmish yoshli “havaskor” keksaga.

 

Saydi UMR, 

Xurshid DO‘STMUHAMMAD

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.