Qaldirg‘och ini 4

Yosh qalamkashlarning ushbu ruknda e’lon qilingan materiallari boshqa tengdoshlarining ham yuragiga cho‘g‘ tashladi. Ayni paytda tahririyatimizga shunday yoshlar ko‘plab maqolalarni yo‘llashmoqda. Fikrni to‘g‘ri bayon etish, voqealarni tasvirlash, mantiqiy yondashuv sirlarini o‘rganayotgan talabalar mavzuga o‘ziga xos yondashayotganlari tahsinga loyiq.

Ularga yangi ijodiy parvozlar tilab, talabalarning navbatdagi maqolalarini e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Ular turli mavzularda. Ammo qalbga yaqin.

TAHRIRIYAT

 

Aziz momo

“Hut” burji  30 kun davom etadi. Bobomning aytishicha, shunday kunlar borki, ular yozning chillasiga va qishning qahratoniga bas keladi. Shu sababdan ko‘pni ko‘rgan nuroniylar “Yaxshi kelsang hut, qozon-qozon sut. Yomon kelsang hut, ayri-ayri put” deya ta’kidlaydi.

Haqiqatdan, eski yil hisobi asosida hisoblar ekanmiz, 21 mart kuni, yil almashinib haqiqiy yangi yil kiradi. Qorning sovug‘i o‘tkir bo‘lsa-da, yerda oqarmas ekan. Shundan bo‘lsa kerak, boshida kokilli do‘ppisi arimaydigan surxon xalqi, bu tabiat hodisasiga qarata: “Qoziq ustida qor turmas” deya hut vakillariga murojaat qilishadi.

Hutning yaxshi kelishiga ko‘zlarini tikib turgan, voha ahli 21 martgacha bo‘lgan oraliqda Ahman-Dahman, Xizim-Xirmon, Nesin-Navro‘z hamda Aziz momoni tillaridan qo‘yishmaydi. Aziz momo mana shu hut burjidagi kun hisoblanib, 3 oy davom etadigan kundir. Bu kunga nisbat berilib, “To‘qson-a-to‘qson-a, bir kunimcha yo‘qsan-a. Hammani yengdim, ammo burni qizilni yenga olmadim” deyishadi.

Hutning ichida keluvchi mana shu kun, 90 kunlik qishdan-da ayozli. Bu kun, sovug‘i hammani uyga kiritadi-yu, ammo qorbo‘ron o‘ynovchi burni qizil bolalarni kirita olmagan.

Xalqimizning har bir kunga hikmatli qarashi bejiz emas. Bahor faslida urug‘ni yerga qadashdan oldin yillar davomida to‘plagan tajribasiga asoslanadi. Fasllarning qanday kelishini oldindan bilishadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hosilimiz doimo mo‘l, xirmonimiz barakali. 

O‘zMU jurnalistika fakulteti

1-bosqich talabasi

Fazilat ZIYODULLAEVA

 

 

Tabiatga e’tibor

Inson yer yuzidagi eng muqaddas mavjudot. U atrof-muhit va tabiat bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun tabiatga nisbatan ona so‘zini qo‘shib aytamiz. Onamiz bizga qanchalik qadrli, yaqin bo‘lsa, tabiat ham bizga shunchalik qadrli.

Har gal bahor faslida yurtimizda obodonlashtirish ishlari boshlanadi. Bolalik paytlarimda ota-onamga qiziqib, qo‘limga nihol olib, ular bilan birga ko‘chat ekardik. Bu xalqimizning ajoyib, milliy urf-odati sanaladi. Tagiga suv quyib, uning osmon uzra intilib qad ko‘tarayotgan ajoyib manzarasini ko‘rib ko‘zing quvonadi, kishi. Hosilga kirganida esa o‘qishga kirgan talaba singari quvonardim. 

Tabiatga bo‘lgan muhabbat har bir kishining, avvalo, uning kichik vatani bo‘lmish oilasida paydo bo‘ladi. “Hashar — elga yarashar” deya, yoshu qari birgalashib, oilaviy jamoat joylarini, ko‘chalarni, uylarni obodonlashtirishni boshlaydilar. Daraxtlar, gullar ekib barcha joylar ko‘kalamzorlashtiriladi. 

“Yaxshidan bog‘ qoladi, yomondan dog‘” deb bejiz aytilmagan. Shu tufayli barcha qo‘liga bir tup ko‘chat olib ekishga intiladi. Bunday ishlarning barchasi nima yoki kim uchun? Albatta, o‘zimiz uchun. Yashil o‘simliklar bizga havoni tozalab beradi. Biz tabiatga qanday munosabatda bo‘lsak, tabiat ham bizga shunday javob qaytaradi. Bunga hozir ko‘plab kuzatilayotgan ekologik muammolarni misol qilib olishimiz mumkin. Global ekologik muammolardan ozon qatlamining yemirilishi, ayrim hududlarda toza ichimlik suvining yetishmasligi, aholi sonining ortishi, iqlim o‘zgarishi va hokazo.

Biz uchun muhim bo‘lgan ozon qatlami yerda himoya vazifasini bajaradi va u quyoshdan tushadigan qisqa to‘lqinli zararli nurlarni o‘zida ushlab qolish xususiyatiga ega. Ozon qatlami koinotga uchirilayotgan raketalar, sanoat chiqindilari, ishlab chiqarish korxonayu zavodlardan chiqadigan gazlar hisobiga yemirilib tuynuklar hosil qilmoqda. Bu bizning ekologiyaga bo‘lgan munosabatimizga qarata javobi desak yanglishmaymiz.

Uy-joy qurilishi uchun ko‘plab daraxtlarni kesishga to‘g‘ri keladi. Bu, bizga kislorodni ta’minlab berayotgan o‘simlik dunyosining bir qismi nobud bo‘ldi, degani. Daraxtga in qurgan qushlar ham daraxtning kesilishi natijasida o‘z inidan mahrum bo‘lib, boshqa tomonlarga uchib ketadi. Shaharda aholi sonining ortishi natijasida oziq-ovqat va sanoat mahsulotlariga bo‘lgan talab yuqori bo‘ladi. Buning natijasida ko‘plab sanoat fabrikalari, ishlab chiqarish korxonalari aholining ehtiyojini qondirish maqsadida ishlaydi. Tanganing ikkinchi tomoni ham bor deganidek, bu korxona va fabrikalardan chiqadigan gazlar nafas olib turgan havoning ifloslanishiga, ozon qatlamining yemirilishiga olib keladi. Mazkur ishlab chiqarilgan mahsulotlardan foydalanib, iste’mol qilgandan so‘ng bu mahsulotlar chiqindi muammosini yuzaga keltiradi. Hozir ishlab chiqarilayotgan ko‘plab konserva, bir marta foydalaniladigan idishlar biz uchun juda qulay. Ammo ular yaroqsiz holga kelganda, atrof-muhitga zararli ta’sir etadi. Bular 60 yil mobaynida o‘z holatini saqlab qoladi.  

Shunday ekan, atrof-muhitning ifloslanishdan saqlash, aholini ichimlik suvi bilan taminlash, iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish, biologik xilma-xillikni asrash insoniyatning kelgusi taraqqiyotini belgilaydi. Zero, tabiatga e’tibor, o‘zimizga bo‘lgan e’tibordir.

 

O‘zMU jurnalistika fakulteti

1-bosqich talabasi

Madina HASANOVA

 

Onamga xat

 Assalomu alaykum, olisdagi yaqinim! 

Erta tongdanoq tandirda jizzali non yopayotgan onajon. Salomatmisiz? Qizingizdan so‘rasangiz, xavotir olmang. Men yaxshi. O‘ynab-kulib, o‘qib yuribman.

Bugun yana navbatdagi maktubimni yozayapman. Bunisi avvalgilariga o‘xshamaydi. Bayram tabrigi, dil so‘zlari desam, to‘g‘ri bo‘ladi. Bilaman, maktubimni o‘qib hoynahoy ko‘zingizga yana yosh kelyapti. “Yig‘lamang” der edimku-ya, bu quvonch va sog‘inch ko‘zyoshlaringiz yaxshilikka, albatta. 

Nima-nima? Sog‘indingiz. Men ham sizni juda sog‘indim...

Onajon, eslaysizmi, bolaligimda har gal erinibgina uyg‘onganimda, “Qizalog‘im, tong otdi, turaqol. Rizqing ulug‘ bo‘ladi”, deya sochlarimni silab erkalatardingiz. Vaqtning tez o‘tishini qarang, onajon. Kechagina qo‘limga qalam olib, yozishni o‘rgangan bo‘lsam, bugun talabaman. Talaba bo‘lganimni eshitganimda yig‘lab yuborgandim. Albatta, bu quvonch ko‘zyoshlari.

Bilasizmi, har bir bosgan qadamimdan sizning izingizni qidiraman. Har tong uyg‘onganimda shirin ovozingizni, mayin qo‘llaringiz va beg‘uborgina erkalatishingizni qo‘msayman. Aynan mana shu mehribonligingiz talaba bo‘lishimga ko‘mak berdi desam, xato bo‘lmaydi.

Talabalik — oltin davrim, deya bejiz aytilmas ekan. Do‘stlar orttirdim. Mehribon ustozlarim juda ko‘p. Siz aytgan o‘gitlarni har dam hayotimda qo‘llayman. Menga doim yaxshi niyat qil, albatta, ular amalga oshadi, deya ta’kidlar edingiz. Rost ekan. 

O‘tgan hafta yozgan maktubimda, albatta bir yutuqqa erishib, sizni xursand qilaman degandim. Yaxshi niyatim amalga oshdi. Talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan suhandonlik tanlovida g‘olib bo‘ldim. To‘g‘ri, bu kimgadir kichik g‘alaba bo‘lar, lekin men uchun katta ahamiyatga ega. Chunki katta shaharda o‘zimga bo‘lgan ishonch va tirishqoqligim bilan erishgan ilk yutug‘imdir. Mana shu g‘alabalarim sizni quvontirsa, ajab emas.

Ushbu yozayotganlarim yetarlicha bo‘lmasa-da, siz uchun ulkan baxtligini bilaman. Mayli. Maktubimni boshqa davom etolmayman. Mening ham ko‘zimga sog‘inch ko‘zyoshlari quyilib kelmoqda. 

Sizni sog‘inib qoluvchi qizingiz...

 

O‘zMU jurnalistika fakulteti

1-bosqich talabasi

Nilufar HOMIDOVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.