KITOBLARDA HAYOT NAFASI

O‘tgan yil yurtimiz mustaqilligining qutlug‘ 25 yilligini qanday ko‘tarinki ruh, tantanalar bilan nishonlagan bo‘lsak, bu ommaviy axborot vositalarida shunday aks etdi. Xususan, matbuotda istiqlolning chorak asrlik tarixi, xalqimizning o‘tgan qisqa davr ichida qanday ulkan yutuqlarga erishgani, oddiy odamlarning kayfiyati qalamga olingan publitsistik materiallar e’lon qilindi.

 

Bu ezgu ishlardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, jumladan, uning Badiiy publitsistika kengashi ham chetda turgani yo‘q. Yil davomida chop etilgan sara publitsistik asarlar Uyushma tashabbusi bilan to‘planib, kitob holida o‘quvchilar hukmiga havola etildi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan “Adolat yo‘li”, “Ko‘zim qarog‘isan, Vatan”, “Zalvorli qadamlar” nomli badiiy-publitsistik to‘plamlar, yoshlarning Vatanni madh etuvchi ijod namunalari, safarnomalari jamlangan “Seni sevamiz, O‘zbekiston!” nomli kitobi shular jumlasidan.

Yuzdan ziyod turli janrdagi publitsistik asarlar jamlangan kitoblar davrimizning o‘ziga xos solnomasini tashkil qiladi. 

“Adolat yo‘li” to‘plamidagi maqolalarda yurtimiz mustaqilligi arafasida ro‘y bergan mash’um qatag‘on — “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” deb nom olgan siyosiy buhronning dahshatlari har bir lavhada shunchalar jonli ifodalanganki, ularni o‘qib, mustaqillikning zarurati, tarixiy ahamiyati va mohiyatini yana bir karra dildan his etish mumkin. Bu kitobni har bir o‘quv yurti kutubxonasida bo‘lishini, uning maqolalari orqali mustamlakachilikning mohiyati har bir yosh avlodimizga yetib borishini xohlaymiz.

“Zalvorli qadamlar” to‘plamidan joy olgan jiddiy maqolalarning umumiy ruhi mustaqillik falsafasini anglashga yordam beradi. Chorak asr davomida halqimiz hayotining turli jabhalarida ro‘y bergan sifat o‘zgarishlarning ifodasi — kecha g‘ururi toptalgan, tarixidan, butun o‘tmishidan mosuvo qilinib, bosqinchilarning soyasiga salom berib yurishga mahkum qilingan xalq qisqa davrda qanday yutuqlarga erishganligi ta’sirchan aks ettirilganki, ularni o‘qib, yurtimiz kelajagi haqiqatan buyuk ekaniga ishonch hosil qilamiz. 

“Ko‘zim qarog‘isan, Vatan” to‘plamida ham shukrona ruhi bilan to‘lib-toshgan maqolalar jamlangan. To‘plamlarni sinchiklab ko‘zdan kechirgach, haqiqatan erishilgan yutuqlar ko‘pligiga imon keltirish bilan birga hali qalam ahli bu zafarnomani to‘la aks ettirishda xalqimizdan ancha qarzdor ekanini ham his qilamiz. Negaki, hali kashf etilmagan qahramonlar, qayd etilmagan yutuqlar anchagina. Bu boradagi sa’y-harakatlar izchil davom etmog‘i, matbuot xizmatga shay turmog‘i shart. Shuningdek, kitoblarni tartib berishda ma’lum talablarga amal qilish, ma’lumotlar sinchiklab o‘rganilishini ta’minlash (masalan, yirik davlat arbobi Sh.Rashidovning vafot etgan oyi xato ketgan), tahrir va korrekturaga yana ham talabchanlik bilan yondashish foydadan xoli bo‘lmasdi. 

Qayd etilgan xatolar “Seni yaxshi ko‘ramiz, O‘zbekiston!” to‘plamida bartaraf etilganga o‘xshaydi. 27 muallifning bitiklarini jamlagan kitob mavzularga ko‘ra to‘rt qismga ajratilgan, har bir bo‘limga alohida nom qo‘yilgan, mos keladigan epigraf tanlangan. Bu to‘plamning bejirim va xushbichim bo‘lishini ta’minlagan. Undagi har bir satrda yoshlikning jo‘shqin nafasi, beg‘ubor tuyg‘ularning tiniq ifodasi ufurib turibdi.  Mualliflar har jihatdan izlaniishlarga qo‘l urganlar. Bu yangi mavzularni tanlashda ham, ifodada o‘ziga xos shaklga intilishda ham, tesha tegmagan detallar, iboralar qo‘llashga urinishda ham sezilib turadi. Xullas, to‘plamda milliy jurnalistikamizning jami yaxshi an’analari aks etganga o‘xshaydi. 

Ammo shunday sehr, boylik borki, uni kitoblarni o‘qib ham, ustozlar nasihatini tinglab ham o‘zlashtirib bo‘lmaydi. Bu – tajriba. Bitiklarda tajribasizlik unsurlari shundoqqina bilinib turibdiki, buni afv etsa bo‘ladi. Masalan, hali shuurida ilk marta duch kelgani “mustaqillik” degan tushunchani hayotiy malakasi yetarli odamlar ham idrok etishga qiynalib turgan sharoitda besh yoshli go‘dakning bu hisdan junbushga tushib, qorong‘i tushguncha irg‘ishlashi, oqibatda, onasidan qattiq dakki eshitishi (mantiq nimada?) kishini ishontirmaydi. Yoki Samarqand haqida yozganda uning darvozasidagi mangu uyg‘oq posbon — Samarqand iftixori Sohibqiron Amir Temurni tilga olmaslik, o‘o‘bdintog‘ mo‘’jizalaridan mataassir bo‘lganda Temur qapug‘dagi tosh qoyalarga o‘yib yozilgan Ulug‘bek va Abdullaxon II ning toshbitiklarini tilga olmaslik ana shunday tajribasizlik asorati bo‘lib tuyuladi. Shuningdek, yosh mualliflar shuurida o‘tmish qiyinchiligi ramzi sifatida arpa non, jo‘xori non, umuman, moddiy qashshoqlik muhrlanib qolganga o‘xshaydi. Shu holat bilan bog‘liq lavhalar juda ta’sirchan ifodalangan. 

Ammo masalaning nozik va muhim bir tarafi bor. Mabodo, biz mustaqillikning mohiyatini faqat moddiy farovonlik istagidan kelib chiqqan edi, deb talqin etsak, masalaga juda yuzaki yondashgan bo‘lamiz. Bunday munosabatni parchalab tashlaydigan xalqimizning bir ibratli gapi bor: “Qornimga emas, qadrimga yig‘layman!”. Istiqlol, avvalo, toptalgan g‘urur, bulg‘angan or-nomus, unutilgan tarix, g‘orat qilingan qadriyatlarni tiklash uchun kerak edi. Qariyb bir yarim asrlik totalitar munosabat turmush tarzimizni butunlay izdan chiqarib yuborgandi. Chor istibdodi bilan ichkilikbozlik, zino, o‘g‘rilik urchib ketgan bo‘lsa, sho‘roning xo‘rlovchi, tahqir etuvchi tartiblari tufayli  munofiqlik (yurtdoshlarimiz garchi ichidan bo‘ron o‘tib tursa ham tirjayib turishga majbur edi), xoinlik (sharoit taqozosi bilan odamlar imonini sotgan, ota o‘g‘ilni, o‘g‘il otani qoralagan), sotqinlik, xushomadgo‘ylik, yolg‘onchilik (zug‘um jondan o‘tib ketgach, qalbaki ma’lumotlar tayyorlashga majbur bo‘lishgan), poraxo‘rlik, mahalliychilik (“Bo‘lib tashla va hukmronlik qil” degan tamoyil bunga yo‘l ochgan) singari ma’naviyatni xarob qiladigan tamoyillar qaror topdiki, shungacha bizning milliy qiyofamizda bunday ko‘rinishlar qattiq qoralangan edi. Sho‘ro tartiblari esa ularning tomiriga suv quyib rivojlantirdi, oqibatda, bu salbiy holatlar ijtimoiy qiyofa kasb etib, odamlarni domiga tortib ketdi va fojea darajasiga ko‘tarildi. Yoshlarga o‘tmish asoratlari haqida gapirganda, bu holni yoddan forig‘ qilmaslik shart. 

Bulardan tashqari, o‘tgan yil alohida mualliflarning ham ko‘plab kitoblari nashr etildi. “Men shoirman” (Abdusaid Ko‘chimov), “Jurnalist” (Habibulla Olimjonov), “Umid manzili” (Hakim Sattoriy), “To quyosh sochgayki nur” (Erkin Vohidov haqida zamondoshlari xotiralari), “Tarixning uzilgan parchasi” (Amirqul Karimov), “Hayot lavhalari” (Damin To‘raev) singari o‘nlab kitoblar o‘zining janr xususiyatlari, mualliflarning mahorati, hayot haqiqatini inkishof qilishdagi teranligi bilan publitsistikamizning o‘tgan yilgi eng yaxshi namunalari bo‘la oladi. Bunday kitoblar ko‘p, afsuski, ularning hammasini birgina  maqolada qamrab olish va tahlil qilib fikr bildirish favqulodda mushkul masala.

 

Hakim SATTORIY 

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.