Xitoy televideniyasiga nazar

Xitoy Xalq Respublikasi mamlakatimizning eng yirik va strategik hamkorlaridan biridir. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi munosabatlar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalar yil sayin rivojlanib bormoqda. Teleradio faoliyati sohasida XXR televidenielari bilan hamkorlik ham yillar davomida shakllanib borayotganini qayd etish o‘rinlidir. Ushbu maqola orqali Xitoyda televideniening rivojlanish tendentsiyasiga nazar tashlashni niyat qildik.

 

Mazkur davlatda televideniening paydo bo‘lish tarixi o‘tgan asrning 50-yillari oxirlariga borib taqaladi. O‘tgan yillar davomida teleradiokompaniya oddiylik va soddalikdan yetuklikkacha, atak-chechak qadam tashlashdan barqaror taraqqiyotgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Mutaxassislar Xitoyda televidenie rivojlanishini beshta bosqichga bo‘lishadi. Bular: 1958—1966 yillar – shakllanish davri. 1967—1976 yillar – “madaniy inqilob” bosqichi. 1977—1982 yillar – faol rivojlanish davri. 1983—1989 yillar – gullagan davri. 1990 yillar oxiri va 2000 yildan keyin – raqamli texnologiyalarga o‘tish bosqichi. 

Xitoydagi Pekin telestantsiyasi 1958 yil 1 may kuni o‘z ko‘rsatuvlarini efirga uzatgan bo‘lsa, o‘sha yilning 1 oktyabrida Shanxay, 20 dekabrda Xarbin telestantsiyalariga asos solinadi. Mamlakatning o‘zida televizorlar ishlab chiqarilmaydi va ular xorijdan import qilinadi. Shu bois dastlabki yillarda televizori bor xonadonlar soni ko‘p bo‘lgan, deya olmaymiz. 1960 yilga kelib, Xitoy telekanallari o‘z ko‘rsatuvlarini yettita mamlakatga uzata boshlagan bo‘lsa, oradan besh yil o‘tib, bu raqam 27 taga yetdi. 

“Madaniy inqilob” yillari mamlakat telekanallari uchun og‘ir sinov davriga aylandi. Jumladan, 1967 yil 1 yanvarda Pekin telestantsiyasi faoliyatini to‘xtatadi, tez orada esa mamlakatdagi aksariyat telekanallar ham yopib qo‘yiladi. Faqat 1968 yildagina hududiy telekanallar yana efirga chiqa boshlaydi. Statistikaning ko‘rsatishicha, 1975 yil oxirlariga kelib, Xitoyda har ming kishiga bitta televizor to‘g‘ri kelgan, ya’ni 463 mingta televizor mavjud bo‘lib, shundan olti mingga yaqini rangli edi.  

“Madaniy inqilob” intihosi bilan Xitoyda televidenie rivojining yangi davri boshlandi. 1979 yil 1 mayda Pekin telestantsiyasi “Xitoy markaziy televideniesi” (CCTV)ga aylantirildi. Shu yili sentyabr-oktyabr oylarida mamlakatning teleeshittirishlar bo‘yicha Markaziy boshqarmasi qarori bilan teledasturlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda Xitoydagi 25 ta televidenie ishtirok etib, umumiy hajmi 100 soatdan ortiq bo‘lgan teledasturlar namoyish etildi. Ana shu ko‘rgazmada Xitoy telekanallari o‘rtasida mahsulot almashinuviga tamal toshi qo‘yildi. 

Qizig‘i, 1979 yilgacha mamlakatdagi telekanallarda reklama bo‘lmagan. Aynan 1979 yilning 28 yanvarida Shanxay telekanali ilk reklama roligini efirga uzatadi. U har kuni sakkiz martadan namoyish etilgan. 2013 yilda Xitoyda reklama bilan bog‘liq ayrim cheklovlar joriy etildi. Jumladan, dori vositalarining reklamasi, hazil asosiga qurilgan, tilga yangi internet-leksikani olib kirishi mumkin bo‘lgan reklama roliklarini efirga berish mumkin emas. Mamlakatda amal qiladigan reklama qonunchiligiga ko‘ra, mashhur inson biror mahsulotni reklama qilar ekan, huquqiy majburiyatni zimmasiga oladi. Ya’ni reklama qilingan mahsulot bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa, uni ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) bilan birga o‘sha mashhur shaxs ham javobgarlikka tortiladi.  

1983–1989 yillar Xitoyda milliy televidenie gurkirab rivojlana boshladi. 1982 yil mamlakatda atigi 20 ga yaqin shahar va uezd telekanallari faoliyat olib borgan bo‘lsa, 1985 yilga kelib ularning soni 172 taga yetadi. 1984 yil sun’iy yo‘ldosh orqali uzatilayotgan televizion signallarni qabul qiluvchi yer usti stantsiyalari qurilishi boshlanadi. 1986 yilda ularning soni 2000 ga yetib, teledasturlar mamlakatning 78 foizini qamrab oldi. 1988 yil 15 martda CCTV zamonaviy rangli televizion markazni ishga tushirishi, Xitoy televidenie va radiosi yangi sifat bosqichiga chiqqanini anglatar edi.  

1990 yillardan keyin Xitoyda teledasturlarni uzatishning raqamli texnologiyalari joriy etila boshlandi. 1994 yil oxirlariga borib, mamlakatdagi telestantsiyalar soni 766 taga yetib, aholi foydalanuvidagi televizorlar soni 445 milliondan oshib ketdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat dunyoda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanilishi tayyorlanayotgan teledasturlar soni va sifati oshishiga xizmat qilishi bilan bir qatorda qamrovning kengayishini ham ta’minlar edi. Natijada 2003 yilga kelib, milliy telekanallar dasturlarini mamlakatning 94 foizdan ortiq aholisi tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi. Qolaversa, bu hol telekanallarning reklamadan oladigan daromadlari salmog‘i ham keskin ortishiga olib keldi. 2000 yil boshlarida Xitoy telekanallarining reklamadan oladigan bir yillik daromadi 16,9 milliard yuanni tashkil qildi.

Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, Markaziy televidenie (CCTV) Xitoy elektron ommaviy axborot vositalari orasida yetakchi o‘rinda turadi. Bugungi kunda uning tarkibida universal hisoblangan CCTV-1 dan tashqari, yana 20 dan ortiq kino, iqtisod, sport, fan va ta’lim, musiqa, harbiy, xalqaro yo‘nalishlarga ixtisoslashgan, bolalar uchun mo‘ljallangan telekanallar faoliyat olib bormoqda. CCTVning xalqaro telekanallari o‘z dasturlarini ingliz, ispan, frantsuz, arab va rus tillarida tayyorlab efirga uzatadi. Tizimdagi barcha kanallarning bir kunlik efir hajmi 270 soatdan ortiq bo‘lib, shuning 75 foizdan ziyodrog‘i CCTVning o‘z mahsulotlaridir. 

CCTV dunyoning 134 ta mamlakatidagi 200 dan ortiq televizion tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Yuqorida aytilganidek, ular orasida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi ham bor. Dunyoning turli mintaqalarida joylashgan muxbirlik punktlari orqali xorijda yuz berayotgan eng muhim va qiziqarli voqea-hodisalar tezkorlik bilan yoritib boriladi. 2009 yilda CCTVning balandligi 234 metr bo‘lgan 44 qavatli yangi shtab-kvartirasi foydalanishga topshirildi.     

Xullas, bugun CCTV nafaqat Xitoy, balki dunyodagi eng yirik va rivojlangan televizion tashkilotlardan biriga aylanib ulgurgan. 

 

Nargis QOSIMOVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.