Chiroqchilik chiroqli yigit

Qulman bilan bir qishloqda tug‘ilganmiz. Bolaligimiz birga o‘tdi. Bir maktabda oldinma-ketin o‘qidik. Qishlog‘imizning Do‘stmurod Haydarov, Rustam Usanov kabi fidoyi muallimlari ko‘nglimizda adabiyotga mehr uyg‘otdi. Maktabimiz va qishlog‘imiz kutubxonalaridagi badiiy kitoblarni almashib, talashib-tortishib o‘qidik. Yozgan insholarimizni, qizlarga bitgan xatlarimizni dastlab bir-birimizga ko‘rsatdik. Maktab devoriy gazetasiga, tuman, so‘ng viloyat gazetalariga bahslashib maqolalar yozdik. Birinchi mashqlarimiz matbuotda chiqqanida ilk hayajonlarimizni baham ko‘rdik.

 

 

Yana qaysi birini aytay?!

Oshnamiz 1974 yili o‘rta maktabni bitirib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi  Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMUning jurnalistika fakultetiga hujjat topshirdi. Birinchi yili omadi chopmadi. Qishloqqa borishga yuzi chidamay, Toshkentda qolib, qurilishda ishladi. Olti yil beton quydi, g‘isht terdi, duradgorlik qildi. Kechki bo‘limda o‘qidi. Harbiy xizmatga ham borib keldi.

Uning jurnalistikadagi faoliyati «Bir safda» jurnalidan boshlangan. Keyin «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasiga o‘tdi.  Yoshlar gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘ldi. «Mushtum» jurnalida ishladi. «Oila va jamiyat» gazetasini tashkil etdi. 

Qulman Ochilov qariyb qirq yil  umrini matbuotimiz rivojiga bag‘ishladi. Yonib-kuyib ishladi. Butun mehrini berib maqolalar yozdi. Uning o‘sha yillarda e’lon qilingan  ocherklari, xalqimizning Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Said Ahmad, Erkin A’zam kabi atoqli adiblari bilan suhbatlarini bugun o‘qisangiz ham xuddi hozir yozilgandek taassurot uyg‘otadi. Fikrlar, gaplar eskirmagan. Buning sababi  mahoratda, satrlarga singgan qalb haroratiyu samimiyatda, deb o‘ylayman.

Respublika yoshlar gazetasining ustoz Jabbor aka Razzoqov va uning o‘rinbosari Qulman Ochilov rahbarlik qilgan yillardagi nufuzini biz tengi gazetxonlar yaxshi eslaydi. Katta jur’at va el-yurt taqdiriga kuyinchaklik bilan berilgan maqolalar tufayli gazetani kiosklardan topib bo‘lmasdi. Yoki «Oila va jamiyat» gazetasining Qulman Ochilov muharrirlik qilgan yillardagi sonlarini bir varaqlab ko‘rsangiz, hamkasbimizning  sochidan tirnog‘iga qadar professional gazetachi ekaniga tan berasiz.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng u yigirma ikki yil O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zAda bosh direktor o‘rinbosari lavozimida ishladi. Do‘stimizning agentlikda qanday ishlaganini tushunishingiz  uchun bitta fakt  keltiraman: 22 yil mehnat ta’tiliga chiqmagan. Yigirma ikki yil yarim tunda uyiga qaytib, tongdan ishga kelgan. Uning o‘zi bu haqda: «Yigirma ikki yil yigirma ikki soatday o‘tib ketibdi-ya, jo‘ra?!» deydi.

Bu fidokorona mehnat, Vatanga xizmat davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi.  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoniga sazovor bo‘ldi.

Qulman — mehnatkash, g‘ayratli, tashabbuskor, tinib-tinchimaydigan va ayni paytda ta’bi nozik, biroz injiq odam. Buni  keyingi yillarda uning mamlakatimizdagi turli jurnal va gazetalarda ketma-ket chop etilayotgan hikoyalari, qissalaridan ham bilish mumkin. Tomchi kunlar o‘tib toshni teshganidek, Qulmanning bu badiiy izlanishlari yorqin natijalar berayotir.

Do‘stim Qulmanni hayot ko‘p bor sinovlardan  o‘tkazdi, hamon sinayapti.  Aslida tiriklikning o‘zi  bir sinov  ekan-ku, birodar. Uning farzandlari, nabiralari shunday otasi, bobosi, maslahatgo‘yi, g‘amxo‘ri borligidan faxrlansa arziydi.

Qulman Ochilovning omadi, baxti shundaki, hayotda ko‘p yaxshi odamlarga duch keldi. Ularning sabog‘ini oldi.  Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Ne’mat Aminov, Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam, Ibrohim o‘afurov, Mahmud Sa’diy, Mamatqul Hazratqulov kabi o‘zbek adabiyoti va jurnalistikasining  darg‘alari bilan birga ishlash nasib etdi. O‘zA mahorat maktabida tarbiyalanib, Qulman Ochilov saboqlaridan bahramand bo‘lib, jurnalist sifatida  shakllangan  yoshlarning butun bir avlodi kamolga yetdi va ular bugun o‘zbek matbuotini tebratib turibdi. Qutlug‘ yoshga to‘lgan Qulman do‘stimga mustahkam sog‘lik, hamisha yaxshi kayfiyat tilayman. Sizni sira g‘ayrat-shijoat, jo‘shqin ilhom tark etmasin. Gazeta-jurnallar, internet saytlari yozganlaringizni berib ulgurolmay, shogirdlaringizga, og‘aynilaringizga doimo ibrat bo‘lib yuring, oshna!

 

Abdujalol TAYPATOV,

jurnalist

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.