Elektron nashrlar: QAY BIRINI TANLAYSIZ?

Qisqa vaqt ichida dunyo jamoatchiligini o‘ziga rom etgan internet jurnalistika O‘zbekiston hududida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. An’anaviy jurnalistika to‘plagan tajribani o‘zida jamlagan, global tarmoqning keng imkoniyatlaridan foydalanuvchi va shu sabab o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turuvchi elektron nashrlar yildan-yilga ko‘paymoqda.

 

“Kun.uz” — O‘zbekistondagi ilk va eng faol  onlayn nashrlardan biri. Nashr o‘z oldiga O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘layotgan muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni maqsad qilgan. O‘zbek saytlari reytingining ikkinchi pog‘onasini kuniga 279 mingdan ortiq o‘quvchilar soni bilan egallab turibdi. O‘zbek tilidan tashqari, rus hamda ingliz tillarida ham faoliyat yuritayotgan mazkur sayt turli ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z sahifasiga ega.

“Kun.uz”ning “O‘zbekiston”, “Jahon”, “Iqtisodiyot”, “Jamiyat”, “Madaniyat”, “Texnologiya”, “LIFESTYLE” kabi  ruknlari bo‘lib, ular haqiqatda tezkor ravishda yangilanib turadi. Bundan tashqari, “Kunning asosiy yangiliklari”, “Tavsiya etamiz”, “Ommabop” singari qiziqarli yangiliklar turkumi, foto hamda videoyangiliklar ham o‘quvchi e’tiboriga havola etiladi. “Kun fotosi” nomli alohida rukn borki, unda izohsiz yangiliklardan xabardor bo‘lish mumkin. Fotoreportajlari ham o‘quvchiga mavzu yuzasidan yetarli axborot bera oladi.

Aksar dunyo yangiliklarida axborot manbalari nomi aniq keltirib o‘tiladi. Masalan, “...The Wall Street Journal nashri xabariga tayanib, ...deb  xabar bermoqda  Associated Press, ...deb yozadi Shimoliy Koreyaning “Nodon sinmun” markaziy gazetasi, ...” kabi. Saytning “Jahon” rukni ostida noyabr oyida e’lon qilingan “Xayrli tong, Halab! Biz hali tirikmiz”: suriyalik qizchaning tarmoqdagi blogi” sarlavhali yangilik ko‘plab o‘quvchilarning diqqatini tortgan edi. Sababi  Suriyaning Halab shahrida yashovchi yetti yoshli qizcha Bana o‘z blogida yarim vayron bo‘lgan va urush girdobida qolgan shahri haqida yozgan fikrlari hamda yosh muallifning o‘zi suratga olgan front chizig‘ida ro‘y berayotgan dahshatli kadrlar tasviri barchaning ruhiyatini junbushga keltirgan edi. Maqolani o‘qigan, fotosuratlarni ko‘rgan o‘quvchi qalbida achinish va tinch mamlakatda yashayotgani uchun shukronalik hissi uyg‘onishi tabiiy.

Saytning “O‘zbekiston” ruknida ham mamlakatimizda olib borilayotgan keng islohotlar, aholini qiynayotgan muammo va kamchiliklar tahliliy-tanqidiy maqolalar tarzida yoritib boriladi. Jumladan, yaqinda e’lon qilingan “Kartoshka nega qimmat?” savoliga javob izlab” maqolasida muallif Lutfullo Tursunov kartoshkaning nega qimmatlashib ketgani sababini axtarib, aytarli javobga ega bo‘lmagani xususida so‘z yuritadi. “Kartoshkaga nima bo‘ldi?” nomli ikkinchi maqolasida muammoning sabablari keltiriladi.

Bundan tashqari, “Toshkentdagi yangi uyning muammolari qachon hal etiladi?”, “Buxoro viloyati Olot tumanida joylashgan ko‘prik holati”, “Hech kim majburlab o‘qituvchi qilib qo‘ymagan (Tanqidga uchragan telejurnalistdan ochiq xat)” nomli  maqolalarning necha marta o‘qilganidan ham bilsa bo‘ladiki, mavzular ayni aholini qiynayotgan muammolarga yo‘naltirilgan.

“Daryo.uz” saytini ham mamlakatimiz va dunyoda ro‘y berayotgan so‘nggi yangiliklardan o‘zbek o‘quvchilarini sodda va tushunarli tilda voqif etuvchi faqat o‘zbek variantidagi elektron nashrlar sirasiga kiritish mumkin. “Yangiliklar daryosidan chetda qolib ketmang” shiori ostida faoliyat yurituvchi mazkur saytga har kuni 320 mingdan ortiq kishi tashrif buyuradi hamda u saytlar reytingida peshqadam. “Daryo.uz” hozir yoshlar uchun qiziqarli bo‘lgan jahon va yurtimizga oid yangiliklar, mobil qurilmalar va boshqa turdagi gajetlar, shou-biznes olami, avto va sport yangiliklarini o‘z ichiga olgan. Bundan tashqari, saytda “Kun tarixi”, “Bilasizmi?” va “Iqtiboslar” nomli bloklar ham mavjud. Turli maslahatlarga yo‘g‘rilgan maqolalar “Uzum uz” ruknidan joy olgan bo‘lsa, bir-biridan qiziqarli va kulgili foto va videolar jamlangan rukn “Qo‘ziqorin” deb nomlangan.

Bu saytni “Kun.uz”dan farqli o‘laroq, ko‘ngilochar yangiliklar sayti deya baholashimiz haqiqatga yaqin nazarimizda. Ushbu elektron nashrdagi yangiliklar ham o‘z manziliga ega, lekin tarjima qilingan ayrim xabarlarda g‘alizliklarga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, “Kommersant” gazetasi axborotiga tayanib berilgan “Merkel Germaniyada muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz qaytarilmasligini va’da qildi” sarlavhali yangilikda “Ma’lumot uchun, Germaniya ichki ishlar vaziri Tomas de Veyzerga ko‘ra, 2015 yili mamlakatga kamida 890 ming muhojir keldi” yoki “O‘ljaga tashlangan tulki qor uyumida tiqilib qoldi”  yangiligidagi “Qish paytida tulkilar mayda kemiruvchilarni olvash maqsadida qor uyushlariga sho‘ng‘iydi” kabi jumlalardagi imloviy va uslubiy xatolar mualliflarni hali matn ustida ishlash ko‘nikmalarini mukammallashtirishini taqozo qiladi. Chunki bosma nashrdagi har bir xabar yoki maqola bosqichma-bosqich avval o‘sha bo‘lim muharriri, keyin mas’ul kotib, navbatchi muharrirlar va nihoyat bosh muharrir nazoratidan o‘tadi va har bir so‘z, jumla, ayniqsa, faktlarning aniqligi va to‘g‘riligi imkon qadar tekshiriladi. Global tarmoq tekshirilmasligi va tartibga solinmasligi sabab aniqlik va to‘g‘rilik emas, tezkorlik birinchi o‘ringa chiqadi. Qolaversa, ularda muallif ismining ko‘rsatilmasligi yoxud taxallus bilan berilishi noto‘g‘ri xabar tarqatgan insonni topish ishini qiyinlashtiradi. Shu bois axborot xurujlari ham aynan internet saytlari orqali amalga oshiriladi.

“Yangiliklarimiz odamlar uchun” deya o‘z faoliyatini bir maromda olib borayotgan “Gazeta.uz” elektron nashri ham o‘z foydalanuvchilariga yangiliklar bilan bir qatorda turli mavzudagi maqolalarni berib bormoqda. Saytga kiruvchilar soni kuniga 53 mingdan ortiqligi bois u saytlar reytingida 11-pog‘onani egallab turibdi. Mazkur sayt ko‘proq rasmiy xabarlarga tayanib o‘z yangiliklarini auditoriyasiga yetkazadi. Saytdan joy olgan yangiliklardagi faktlar aniq va tushunarli. Axborot manbalarining nomi berilishi bilan bir qatorda giperhavolalar yordamida bevosita o‘sha saytdagi yangilikning asl nusxasini o‘qish imkoniyati ham mavjud.

Saytning ham rus, ham ingliz tillaridagi versiyalari borligi boshqa axboriy elektron nashrlardan ustunligini ko‘rsatsa-da, o‘zbekcha versiyadagi “Jahon” rukni yangiliklari mart oyidan, “Media” rukni esa sentyabrdan beri yangilanmagan (6-apreldagi holat. Lotin alifbosi variantidagi “Maqolalar” ruknida ham bor-yo‘g‘i uchta sarlavha turibdi. Ularning ikkitasi ham Yurtboshimizning dekabr oyidagi ma’ruzalari. Yana shuni aytib o‘tish joizki, sayt dizayn jihatidan yuqoridagi ikki elektron nashrlardan farq qiladi. Sahifalar foni oddiy ko‘rinishda bo‘lib, u o‘quvchini biroz zeriktirishi mumkin.

Xullas, yuqorida guvohi bo‘lganimiz elektron nashrlar bir-biridan qaysidir jihati bilan farq qiladi. Ba’zi mavzulari va ularning yoritilish jihatlari bilan o‘xshashlik tomonlari ham bor. “kun.uz” va “gazeta.uz” saytlarida aksar rasmiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy, sport  kabi yo‘nalishdagi yangiliklar yoritilsa, “daryo.uz”da esa yuqoridagi yo‘nalishlar bilan bir qatorda shou-biznes yangiliklariga ham keng o‘rin berilgan.

Axborot saytlarini kuzatib, ularning tili ham o‘ziga xosligiga, unda aniqlik, lo‘ndalik, tushunarlilik yetakchilik qilishiga amin bo‘ldik.

Qolaversa, saytlardagi maqolalarga o‘quvchi o‘z fikrini yozib qoldirish (izohlar) imkoni berilgani auditoriyani o‘ziga jalb etuvchi muhim jihatlardan biridir. 

 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.