Changi va dong‘i chiqqan yolg‘iz ot

Ochil Tog‘aev bilan bir universitet, bir fakultet, bir kafedrada yigirma yil birga ishlaganman. Ilgari bir-ikki marta yig‘in, marosimlardagina ko‘rgan, ayrim maqolalarini o‘qigan edim. Bo‘ydor, salobatli, jiddiy odam edi. Men, yangi o‘qituvchi, fan nomzodi ToshDU jurnalistika fakultetiga ishga kelganimda yaxshi kutib olgani, maslahatlar bergani yodimda. “Ham yosh olim, ham tajriba orttirgan jurnalist ekansiz, “Fan va turmush”, “Sharq yulduzi”da ba’zi maqolalaringizga ko‘zim tushgan edi, bizga ilm bilan ijodni birga qo‘shib olib boradigan odamlar kerak, ilmi bo‘lib yozishni bilmaydigan, tajribasi bo‘lsa ham, ilmi nochor o‘qituvchi talabalarga ko‘p narsa berolmaydi, shundaylar ham yo‘q emas”, — degandi o‘shanda. “Axboriy janrlar” nomli ma’ruza matnimni sinchiklab o‘qib, yutuq-kamchiliklarini ko‘rsatib berganiga xursand bo‘lgan edim.

 

Ilmiy jamoatchilik professor Ochil Tog‘aevni, avvalo, taniqli olim, mohir pedagog, o‘tkir publitsist sifatida bilardi va qadrlardi. Ochil akaning nomzodlik ishi Asqad Muxtor romanlarida konflikt masalasiga bag‘ishlangandi. Ma’lumki, o‘tgan asr 40-, 50-yillarida adabiyotda konfliktsizlik illati xiyla urchigan, bir qator asarlarda hayot silliq, qarama-qarshiliklarsiz tasvirlanar, go‘yo olam gulistondek tasavvur hosil qilardi, bu nuqs hatto yetuk adiblarning ayrim asarlarida ham uchrardi (masalan, Oybekning “Oltin vodiydan shabadalar” romani, A.Qahhorning “Kartina” hikoyasi). Sobiq ittifoq adabiyotida, uning bir qismi bo‘lgan o‘zbek adabiyotida  bu qusurdan qutulish ancha qiyin kechdi. Asqad Muxtor insonlar xarakterini ziddiyatlar og‘ushida ochishga azm qilgan iste’dodli adiblardan edi. Dolzarb mavzudagi tadqiqotga qo‘l urgan olimdan adabiyot nazariyasini puxta bilish, ko‘plab asarlarni sinchiklab o‘rganish, xulosalar chiqarish talab etilardi. O.Tog‘aev bu ishni yaxshi uddaladi.

Olim filologiya fakultetiga ishga o‘tgach, jurnalistika bo‘limi (keyinchalik fakulteti) talabalariga publitsistika janrlaridan ma’ruzalar o‘qiy boshladi. Sho‘rolar adabiyotida publitsistika nazariyasi hali tugal shakllanib ulgurmagan, bu soha mutaxassislari Ye.Proxorov, V.Uchenova, V.Pelt, M.Cherepaxov, V.Goroxov, A.Berejnoy, D.Prilyuk, V.Kantorovich, Ye.Jurbina, M.Barmonqulov va boshqalarning, publitsistika bilan shug‘ullanuvchi adiblarning qarashlari bir-biriga to‘g‘ri kelmas, har qaysisi o‘z nuqtai nazarini ma’qullab, boshqasinikini rad etishga urinar, matbuot sahifalari, yig‘in, himoyalarda “dahanaki jang”lar qizir edi. Soha nazariyasi aniq-tiniq shakllanmagan, publitsistika ta’rifida bir to‘xtamga kelinmagan sharoitda Ochil Tog‘aev 1973 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, “O‘zbek badiiy publitsistikasi”, “Publitsistika janrlari”, “Idrok va ijod”, “Qahramon — ijtimoiy hodisa” va boshqa kitob, risolalari, maqola, tadqiqotlarida ushbu muammo keng, batafsil yoritildi. Olim yozuvchi publitsistikasini badiiy maqolanavislik ham deb ataydi va Navoiyning “Majolisun-nafois”, “Hayratul-abror”, Boburning “Boburnoma”si mumtoz badiiy maqolanavislikning ko‘rkam, yetuk namunalari ekanligini ta’kidlaydi, jadid ma’rifatparvarlari, A.Qodiriy, Oybek, o‘.o‘ulom, H.Olimjon, A.Qahhor, N.Safarov, I.Rahim, A.Muxtor, O.Yoqubov, keyinroq matbuot sahniga chiqqan S.Nurov, P.Gadoev, Sh.o‘ulomov, Sh.Nuraliev, H.Eshonqulov ocherklari, K.Aliev, Said Ahmad, N.Aminov, X.To‘xtaboev feletonlarini tahlilga tortadi. Bugungi kunda poytaxtda, viloyatlarda qalam tebratayotgan ko‘pgina taniqli publitsistlar o‘z vaqtida professor O.Tog‘aevning mazmundor, muammoli ma’ruzalarini maroq bilan tinglagani, mahorat sirlaridan voqif bo‘lganini, “men ma’ruza o‘qib ijod qilaman, ijod qilib ma’ruza o‘qiyman”, — deya mag‘rurona e’tirofini eslab yurishadi.

Ochil Tog‘aev nazariyotchi olim bo‘lishi barobarida mohir publitsist ham edi, darslarda aytganlarini o‘tkir maqola, taqriz, ocherklari bilan amalda ko‘rsatib ham berardi. 80-yillar oxirlarida tilimizga davlat tili maqomi berish uchun qizg‘in kurash ketayotgan kezlarda matbuotda e’lon qilingan “Til erki — el erki” maqolasida taqdim etilgan ilk loyihaning xom, yaroqsiz ekanligi, ayyorona tuzilganini asosli dalil, misollar, mantiqiy muhokamalar bilan keskin tanqid qilgan edi. “Iftixor” publitsistik maqolasini e’lon qilgan hozirgi “Turkiston” gazetasi tahririyati so‘zboshisida, jumladan, shunday deyilgan: “Ochil Tog‘aev o‘zbek adabiyotshunosligida yangi yo‘nalish — publitsistika nazariyasi ilmining asoschilaridan”, — deb yozgan edi akademik yozuvchimiz Komil Yashin. Darhaqiqat, hozirgi o‘zbek jurnalistlari safida O.Tog‘aevning diltortar suhbatlari va lektsiyalarini tinglamagan, kitoblari va maqolalarini o‘qimagan kishi, dadil aytish mumkinki, yo‘q” (1988 yil, 5 mart). 

Butun bir sahifani band etgan “Iftixor” Navoiy dahosini ulug‘lash bilan boshlangani, bobokalonimiz ishonch va qudrat, dard-alam, kurash va saodat, vafo va sadoqat, do‘stlik va hamkorlik olami, ma’rifat va go‘zallik quyoshi, xalq buyukligi ulkan merosiga, ulug‘vor shaxsiga daxldorlik tuyg‘usi — iftixor tuyg‘usi ekani baland publitsistik pardalarda naqsh etiladi. Muallif ta’kidicha, zamirida sehrli joziba mujassam iftixor ideal bilan bog‘liq tushuncha, ideal inson hayotining tirgagi, oliy yulduzlar shu’lasi bo‘lib o‘ziga chorlayveradi. Oshkoralik epkini esa, hur fikr oshkor etila, erk, adolat, qadriyatlar haqida bemalol gapirish imkoni tug‘ila boshlagan kezlarda so‘zni Navoiydek buyuk idealimizga ehtirom bilan boshlanishi tabiiy va mantiqiy edi. 

Muallif iftixor negizida Vatan, millat, til, ota-ona, do‘st-birodarlar, ilm-fanga, maktabga sadoqat, mehnatni, kasb-korni ulug‘lash yotishini konkret misollar orqali asoslaydi. Turg‘unlik yillarida iftixor tuyg‘usining ohori tushib ketgani va bunga mas’uliyatsizlik, xo‘jasizlik, byurokratizm, tamagirlik, shuhratparastlik, maslaksizlik kabi illatlar sababchi ekanini afsus-nadomat bilan qayd etadi, dalillar keltiradi.

Sohibqiron bobokalonimiz haqida publitsistlarimiz ichida birinchilardan bo‘lib ham g‘urur-iftixor bilan, ham kuyinib-koyinib qalam tebratganlardan biri Ochil Tog‘aev bo‘ldi. Publitsist o‘sha davr entsiklopediyasi 11-jildida Amir Temurga bag‘ishlangan maqola tugallanmasida birorta ham tarixiy-ilmiy adabiyot ko‘rsatilmagani, uning qattiqqo‘l, ba’zan shafqatsiz bo‘lgani yetarli darajada ta’kidlangani holda qo‘mondonlik mahorati, bunyodkorlik salohiyati, shaxsiy sifatlarini eldan pinhon tutish lozim ko‘rilganini afsuslanib qayd etadi. Ispaniya qirolining elchisi bo‘lib Samarqandga kelgan, Sohibqironning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, uning faoliyati, fazilatlarini maroq bilan ta’rifini keltirgan Klavixoning esdaliklarini birinchi bo‘lib o‘girib, jurnalda chop etgan, O‘rta Osiyo, uning tabiati, mashhur shaxslarini tavsif etgan venger sayyohi Vamberini bot-bot eslab turishi Ochil Tog‘aevning Amir Temur bilan, yurtimiz, odamlarimiz bilan iftixor qilishidan dalolatdir.

Ochil aka ilm, ijod ahlini qadrlardi. Ilmiy rahbari akademik Vohid Zohidovga hurmati baland edi. Professor o‘aybulla Salomov bilan yaqin, bir-birlarining kitoblariga muharrirlik qilar, so‘zboshilar yozishar edi. 

Ochil Tog‘aev o‘ziga xos munaqqid ham edi. Badiiy, publitsistik asarlarni yaxshi tahlil etardi, aksariyat maqola, taqrizlari bunga dalolat. 

Ochil Tog‘aev halol odam edi, maoshi, qalam haqi bilan ro‘zg‘or tebratar, farzandlarini tarbiyalar edi. Kamtarona hayot kechirar, o‘aybulloh as-Salom hazil-chin iborasi bilan aytganda, gazeta to‘shab, gazeta yopinib yashardi. Asosiy boyligi kitoblari edi, uyining devorida Navoiy, Belinskiy portretlari osig‘lik turar, ulardan ilhom olardi. Mehnatsevar, o‘ziga o‘ta talabchan edi. 

Ochil Tog‘aev tamagirlik, poraxo‘rlik, laganbardorlik, shuhratparastlik, dabdababozlik, mahalliychilik kabi illatlarga toqat qilolmas, bunday qusurlarga duchor odamlarni ayab o‘tirmas, bisotidagi g‘azabnok so‘zlarni yuziga shartta aytib solar, o‘tkir maqolalarida qamchilab o‘tardi.

Turfa illatlar ancha-muncha urchigan muhitda O.Tog‘aevning g‘azabi, xatti-harakatlari Don Kixotning shamol tegirmoni bilan kurashini eslatar, qaytaga o‘ziga g‘anim orttirar edi. B.Do‘stqoraev, o‘.o‘afurov, H.Sattoriy, men domlaning ilmini, yoshini hurmat qilar, ot tepkisini ot ko‘tarar deganday, og‘irroq gaplariga ham chidar edik, lekin hamma ham, ayniqsa, g‘animlari chiday olmas, o‘ch olish tadorigini ko‘rishar edi. Bu yetmishinchi yillar oxirlarida O.Tog‘aevning partiyaviy ishlari ko‘rilgan kezlarda yaqqol bilindi. Olim faoliyati, tiynatidan bir qator xato, kamchiliklarga yangilarini qo‘shishdi, uni ayblovchi materiallar topish uchun joylarga odamlar yuborildi, o‘qlangan miltiqday tayyorlangan notiqlar qattiq chiqishlar qilishdi, nihoyat, jurnalistika fakultetida o‘tgan majlisda sarkash olimni partiyadan o‘chirishga qaror qabul qilindi, kimga to‘y, kimga aza bo‘ldi. Majlis bir kunda o‘tdi-yu, unga tayyorlanish, kompromat yig‘ishga ko‘p vaqt ketdi, jamoada asabiy bir vaziyat yuzaga keldi, hamma joyga gap chuvab ketdi, hatto Yakkaboqqacha yetdi. Iqtidorli olim, sofdil inson Boybo‘ta Do‘stqoraev Ochil Tog‘aevning shogirdi bo‘lgani uchun ko‘p yillar laborantlik lavozimida qolib ketdi, ilmiy rahbarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgandan keyingina nomzodlik ishini yoqlashga muvaffaq bo‘ldi, o‘.Salomov o‘z kafedrasiga o‘qituvchi qilib oldi (ko‘p o‘tmay universitet ilmiy kengashida ikki fan doktori, professorlar O.Saidov, O.Tog‘aevlardan ancha ko‘p ovoz olib matbuot kafedrasi mudirligiga saylandi, Ochil aka boshda Boybo‘tadan va uni ariza yozishga zo‘rg‘a ko‘ndirgan mendan achchiqlanib yurdi, keyin baribir yangi mudirni tabrikladi, muvaffaqiyat tiladi). Toshkent oblast partiya komiteti byurosi O.Tog‘aevni partiya safidan o‘chirish haqidagi qarorni bekor qilib, jazoni yumshatgach, fakultetda ham vaziyat bir qadar yumshadi. Murosa-madora qilib, tilini tiyib, o‘zini o‘tga-cho‘qqa urmay, g‘anim orttirmay, kerak bo‘lsa, uzrxohlik qilib, tinchgina ishlab yursa bo‘lardi, kafedrani boshqarishga salohiyati yetardi. Lekin u o‘zini doimo haq deb biladigan, xatolarini tan olish, kechirim so‘rashga bo‘yni yor bermaydigan qat’iyatli, g‘ururli odamlar toifasidan edi.

Ochil Tog‘aev irodali odam ekan, g‘avg‘olar tinchib, boshini ochib olgach, darsini berib, maqolalar yozib, Yozuvchilar uyushmasida jamoatchilik ishini davom ettirib yurdi. Sirtdan bildirmasa ham, chekkan azoblari beiz ketmagan bo‘lsa kerak, kutilmaganda ozib-to‘zib, kichrayib keta boshladi. Bir kuni dekanimiz Bekir Mamutov, Boybo‘ta va meni uyiga mehmonga taklif etdi, ayoli Norgul tayyorlagan tansiq taomlar dasturxonga qo‘yildi, o‘zi ichmaydigan odam, ichinglar, yenglar deb mulozamat qildi. Xursand bo‘ldik. Bilsak, og‘ir damlarda yonimda bo‘ldinglar, qattiq gaplarimni ko‘ngillaringga olmadinglar, deya so‘zsiz kechirim so‘ragani, rozi-rizolik bildirgani ekan. Bedavo dardga yo‘liqqan olim ko‘p o‘tmay vafot etdi, orzu qilgan, intilgan Mustaqillikni ko‘rolmay ketdi. Undan ko‘p kitoblar, yaxshi shogirdlar, o‘nlab maqola, ocherklar qoldi.

 

Saydi UMIROV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.