O‘zbekiston — Xitoy

Jurnalistlar hamkorligi avvalo, millatlarni birlashtiradi, do‘stlashtiradi, barcha sohadagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar yaqinda Xitoyda bo‘lib qaytishdi.

 

Ijodiy safarimiz davomida Xitoy ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan tanishish asosiy rejalardan edi. Rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yil oxirida Xitoyda 1915 gazeta chop etilgan. Ulardan 400 tasi partiya nashrlari, 300 tasi shahar va tuman gazetalari, qolganlari esa tarmoq nashrlaridir. Gazetalar adadi jihatidan Xitoy dunyoda birinchi  o‘rinda turadi. Masalan, “Jimen jibao” gazetasi 3,5, uning “Yangiliklar ilovasi” 3 million nusxada chop etiladi. Bir qancha gazetalar tahririyatlari allaqachon yirik xolding kompaniyalarga aylangan. “Chendu kundalik gazetasi”, “Chjetszyan kundalik gazetasi”, “Guandjo kundalik gazetasi”, “Xenan kundalik gazetasi”, “Dajong kundalik gazetasi” kabi nashrlar faoliyati bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ular katta daromad ko‘radigan nashrlardir. Xitoyda “Sinxua” va “Chinanews” kabi qudratli axborot agentliklari mavjud. Birgina “Sinxua” dunyoning 201 mamlakatida o‘z muxbirlik bo‘limlariga ega. 

1994 yil aprel oyida Xitoy ommaviy axborotlar tizimiga internet rasman kirib keldi. 2014 yil iyun oyida Xitoyda 632 million kishi internet tarmog‘idan foydalanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Eng ommaviy “Sinxua”, “people.com.cn”, “Sina.com” Xinhuanet.com” internet saytlarida bir kecha-kunduzda turli tillarda 10 mingga yaqin axborot tarqatiladi.

Xitoyda mamlakat media tizimlari rivojlanishi uchun katta sharoit yaratilmoqda. 2014 yil 14 avgustda “An’anaviy va zamonaviy media tarmoqlarini uyg‘unlikda rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarordan so‘ng, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari tuzilmalari yangi bosqichga ko‘tarila boshlandi. Mamlakatning barcha millat va elatlari tilidagi matbuot zamonaviy texnologiyalari bilan ta’minlandi. Jurnalistlar tayyorlash Davlat dasturi amalga oshirila boshlandi. 

“Sinxua” axborot agentligi Xitoy matbuotining eng muhim tarmog‘i hisoblanadi. Bizni bu yerda samimiy kutib olishdi. Tahririyatlar, multimedia tsexi, tarix muzeyi, dam olish akfabog‘larigacha tanishdik. Bu axborot agentligida 15 mingdan ziyod axborot yig‘uvchi jurnalist va muharrir ishlar ekan. Ularning 1500 nafari xorijdagi bo‘limlarda faoliyat olib boradi. Agentlik yuz foiz raqamli texnologiyaga o‘tgan.      

— Bizning elektron saytimizga bir kunda yuz milliondan ziyod o‘quvchi kiradi, — deydi agentlik xalqaro axborot bo‘limi boshlig‘i Tyan Yan. — Bundan tashqari Twitter va Facebookda 14 million o‘quvchimiz bor. 

“Sinxua” axborot agentligi o‘z internet saytidan tashqari yana bir internet axborot tarqatish saytini yaratdi. U “Xinhuanet.com” deb ataladi. Bu internet sayti 1997 yilda ochilgan va 20 yilda dunyoning barcha mamlakatlarida o‘qiladigan bo‘ldi. U o‘z axborotini eng ommaviy o‘n tilda tarqatadi. 

“Xinhuanet.com” internet sayti axborot texnologiyalarining eng so‘nggi yutuqlaridan foydalanmoqda. Uning bosh tahlil ekranida sayt tarqatayotgan axborotni dunyoning qaysi mamlakatida qancha o‘quvchi o‘qiyotgan yoki qaysi saytdagi axborot ko‘chirib, e’lon qilinayotgani haqidagi ma’lumot ko‘rinib turadi. 

Sayt tahririyati bir necha katta-katta xonalarga joylashgan. Hamma bir-birini ko‘rib turadi. Lekin har bir ijodiy xodimga g‘oyat qulay ish sharoiti yaratilgan: eng quvvatli kompyuter, yagona lokal tarmoq, harakatlanuvchi kreslo. Har bir xodim o‘rni atrofi oyna bilan o‘ralgan yarim aylana stol va 9 kvadrat metr joydan iborat. Jurnalistlar qisqa vaqt dam olishi uchun bino tomida sun’iy bog‘ ham yaratilgan. 

Bizga ma’lumotlar joylanayotgan bosh sahifani ko‘rsatishdi. Unda matn, fotosuratdan tashqari videotasvirlar, harakatdagi sxema, diagrammalar ham bor edi. 

— Voqelik haqida batafsil ma’lumot berish uchun dron (uchuvchisiz videoqurilma)lardan foydalanamiz. Bu qurilma boshqariladi. Uning yordamida havodan turib istalgan hududni tasvirga olish mumkin. Bunday tasvirlar matnni to‘ldiradi, voqea haqida batafsil ma’lumot beradi. Agar voqea yer osti shaxtasi, suv ostida ro‘y bergan bo‘lsa, kompyuterlar orqali “tiklovchi” animatsion tasvir yaratamiz. Bu usul ham o‘quvchilarni kengroq jalb etishga xizmat qiladi, — deydi “Xinhuanet.com” sayti bosh direktori Xia Xiapeng. 

Bu internet sayti tahririyatida telestudiya ham bor ekan. Mashhur kishilar bilan suhbatlar, muhim voqelikka sharh shu yerda tasvirga olinib, saytga joylashtirilar ekan. “Xinhuanet.com” saytida axborot izlash, qayta ishlash va tarqatish bilan 1700 xodim shug‘ullanadi. Xitoyning 31 provintsiyasida uning bo‘limlari bor. Belgiyada Yevropa bo‘limi ochilgan. Endi Amerika, Afrika va Osiyoda ham shunday bo‘limlarni ochish harakati olib borilmoqda. 

— Buyuk Britaniyaning “Telegraf”, “Qirg‘izistonning “Xabar” axborot agentliklari bilan axborot almashuv shartnomalarini tuzganmiz. O‘zbekistonning Milliy axborot agentligi bilan ham hamkorlik qilish niyatidamiz, — deydi Xia Xiapeng.

 “Xinhuanet.com” sayti ommaviyligi ham, daromadi ham kundan kun ortib bormoqda. Shuning uchun ham u o‘z aktsiyalarini Shanxay birjasiga qo‘ygan. 

Shenchjendagi elektron ommaviy axborot vositalarini Shenzhen Media Group birlashtirgan bo‘lib, uning tarkibida 11 telekanal, 4 radiostantsiya va kinostudiya faoliyat olib boradi. Shenzhen Press Group mediaxolding kompaniyasi esa 10 gazeta, 5 jurnal va 10 internet sayt hamda nashriyot-matbaa uyiga ega. 

Xitoyda hamkasblarimiz bilan jurnalistikaning bugungi muammolari va ularning yechimi haqida ham fikrlashdik. Har kuni 24 sahifada rangli chop etiladigan “Shenchjen iqtisodiy gazetasi” tahririyati shahar markazidagi eng muhtasham osmono‘par binolardan birida joylashgan. Bu gazeta Shenchjen iqtisodiy rivojlanish dasturini amalga oshirishga katta hissa qo‘shganligi e’tirof etiladi. Tahririyat muzeyida uning birinchi soni chop etilgan 1981 yil 6 iyundan bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li aks etgan. Bu gazetaning nufuzi balandligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, muzeyda Xitoyning birinchi rahbarlari tahririyatga tashrif buyurganini aks ettiruvchi fotolavhalarni ham ko‘rdik. 

— Tahririyatimizda 150 nafar ijodiy va texnik xodim ishlaydi. Ularning 100 nafari axborot yig‘uvchi jurnalistlar, 30 nafari esa muharrirlardir, — deydi kundalik “Shenchjen iqtisodiy gazetasi” Bosh muharriri Chjou Pin. — Biz tobora kengayib borayotgan iqtisodiy aloqalar orqali O‘zbekiston haqida bilamiz. Sizlarning kompaniyamizga tashrifingiz kelgusida o‘zaro axborot va tajriba almashuvlar tashkil etilishiga eshik ochsa, ajab emas. 

Xitoylik hamkasblarimiz O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari huquqiy asoslari haqida ko‘plab savollar berishdi.

— O‘zbekiston Markaziy Osiyo iqtisodiyotida yetakchi davlat sifatida o‘rin tutadi. U juda tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgani e’tiborlidir. Prezidentingiz Shavkat Mirziyoevning Xitoyga davlat tashrifi paytida o‘tkazilgan muzokaralarni katta qiziqish bilan kuzatdik. Turli sohalarda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha istiqbolli kelishuvlar bo‘ldi. Pekinda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumida Prezidentingiz so‘zlagan nutqni o‘quvchilarimiz qiziqish bilan kutib oldi, — deydi “Shenchjen Daily” gazetasi bosh muharriri Dun Xaytao. — Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishi, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi munosabatimizni yanada mustahkamlashiga ishonamiz. 

— Bugungi kunda gazetalar tezkorlikda internetdan ortda qoldi. Biz bugungi axborotni gazetxonga ertasi kuni yetkazamiz. Shu bois gazetalar ta’sir kuchini saqlab qolish uchun biz tahliliy maqolalar va ko‘ngilochar mavzularga ko‘proq joy berayapmiz, — deydi Chjou Pin.

Shenchjenda yana bir ibratli tajribani o‘rgandik. Gazetalar o‘z sof daromadining bir qismini ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirar ekan. Masalan, shu yilning o‘zida “Shenchjen iqtisodiy gazetasi” kam ta’minlangan oilalar bolalariga uyda dars tayyorlashda sharoit yaratib berish uchun mebel va kompyuterlar bilan ta’minlash, sport inshootlari qurish, iqtidorli talabalarga mamlakat bo‘ylab sayyohat uyushtirish kabi loyihalarni amalga oshirgan. 

Xarbindagi ommaviy axborot vositalari bilan tanishuv ham qiziqarli o‘tdi. Biroz bahs-munozara ham bo‘ldi. Avvalo, ma’lumot uchun aytish kerakki, bu shahar 1890 yillarda Sharqiy Xitoy temir yo‘li qurilishi davrida barpo etila boshlangan. Bu yerga Rossiyadan ko‘plab mutaxassislar kelib ishlagan. O‘sha yillarda shaharda rus tilida qator gazeta-jurnallar chop etilgan. Ularning aksariyati keyinchalik yopilgan. Lekin “Partnerы” jurnali hamon nashr etilmoqda. Tahririyatda bo‘lgan uchrashuvda jurnal boshqaruvi direktori Fan Juyxe bizga uning tarixi, tarqatilish makoni, yutuq va muammolari haqida gapirib berdi. 

— “Partnerы” asosan Xitoydagi rusiyzabon xalqlar va rossiyalik obunachilarga mo‘ljallangan bo‘lib, har oyda 20-40 ming nusxada chop etilardi, — deydi Fan Juyxe. — Biz noshirlikdan tashqari rus tili bilimdonlari tanlovlarini ham o‘tkazamiz, til o‘rgatish jamoatchilik o‘quv kurslarimiz ham bor. 

Xarbin bosma nashrlar korporatsiyasida uning rahbari Xu Minxiao bilan suhbatimiz bir soatdan ko‘proq davom etdi. Korporatsiya 6 ta kundalik, 2 ta haftalik gazeta va 2 ta oylik jurnal, internet sayt va nashriyot matbaa korxonasidan iborat. Xitoylik hamkasblarimiz internet tufayli bosma nashrlari adadlari qisqarib borayotgani natijasida sof daromad yildan-yilga kamayayotganini yashirishmadi. 

— Agar korporatsiyaning 2014 yilgi daromadi 600 million yuan (90 million dollar) bo‘lsa, 2016 yakuniga kelib, u 200 million yuanga (30 million dollarga) tushib qoldi, — deydi Xu Minxiao. — Biz asosiy e’tiborni tirajni saqlab qolishga qaratmoqdamiz. Har bir gazetaning o‘z mobil ilovasi bor. Unda biz qisqa axborot bera turib, qiziqarli dalillar e’lon qilinadigan joyda to‘xtatamiz. Mobil ilova o‘quvchisi endi voqelikni tavsiloti yoki natijasini bilish uchun gazetani olib o‘qishi kerak bo‘ladi. Bu ham tahririyat ichki siyosatining bir yo‘nalishidir. 

U bu masalada O‘zbekistonda qanday tajribalar borligi bilan qiziqdi. Biz tezkor axborot tarqatish uchun raqobat kuchayib borayotgan bugungi sharoitda gazetalarimizda tahliliy-tanqidiy maqolalarni ko‘paytirishga harakat qilinayotgani haqida gapirdik. Ayniqsa, milliy qadriyatlar, ma’naviyat bilan bog‘liq mavzular biz uchun o‘ta muhimligini ta’kidladik. Gazetalarimizning saytlari to‘g‘risida tushuncha berdik. 

— O‘zbekiston go‘zal diyor ekanini bilamiz. Orzuim bu yurtni bir bor ko‘rish, balki siz hamkasblar bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, xitoylik jurnalistlarning O‘zbekistonga, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz Xitoyga ko‘proq kelish imkoniyati kengayadi, deb o‘ylayman, — deydi Xu Minxiao. 

Biz uning fikrlarini qo‘llab-quvvatladik. Bugun O‘zbekiston — Xitoy o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar yangi yuksak bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zaro ishonch va mustahkam do‘stlikka asoslangan bu hamkorlikni yanada rivojlantirish, “xalq diplomatiyasi”ni kuchaytirishda jurnalistlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz. 

Safar OSTONOV,

Muhammadjon OBIDOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar.

Toshkent — Pekin — 

Shenchjon — Xarbin.     

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.