Tabiat farzandi

Mirkarim Mirsovurov ko‘p yillardan beri o‘zining turli mavzulardagi maqolalari bilan matbuotimiz sahifalarini to‘ldirib kelayotgan mahoratli jurnalistlardan biridir. Yoshlik yillarida qalamni sehrli tayoqchadek tebratib kichik esselar, qatralar, maqolalar yaratgan bo‘lsa, keyinchalik qilichdek o‘tkir qalami bilan vatanparvarlik, jasorat va yurt uchun jonini tikkan o‘g‘lonlarimiz hayoti to‘g‘risida publitsistik materiallar tayyorlagan. Bugungi kunda esa azim chinordek ildiz otgan qalami, tirgak bo‘lib tabiatni muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzi, ekologiya muammolari borasidagi yoshlarga o‘rnak bo‘luvchi fikrlarini qog‘ozga tushirib kelmoqda.

 

U To‘g‘on Ernazarov, Anvar Shomaqsudov, Ozod Sharafiddinov, Rasul Muhammadiy kabi yetuk olimlarning ta’lim-tarbiyasini oldi. Harbiy jurnalistika sohasiga qiziqishi ustun bo‘lgani uchun o‘sha davr atoqli jurnalistlarining soha to‘g‘risidagi fikrlarini jon-qulog‘i bilan tinglardi. Diplom ishining “Ikkinchi jahon urushi yillarida frontlarda chop etilgan o‘zbek tilidagi front gazetalari” mavzusida ekani ham so‘zimizni tasdiqlaydi.  

Universitetni tugallagach, 1970-81 yillarda turli mas’ul lavozimlarda xizmat qildi. Faoliyati davomida Sharof Rashidov, Oqil Salimov, Mahkam Kamolov, Mirzamahmud Musaxonov kabi ustozlarning o‘gitlariga amal qilib, mehrini qozondi.  Shundan keyin Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot bo‘limi rahbari lavozimlarida ishladi. 2006 yildan esa “EKOSAN” ekologiya va salomatlik xayriya jamoat fondi Matbuot xizmatiga rahbarlik qiladi. 

Mirkarim Mirsovurovning “Vatanparvar”, “Postda” gazetalarida chop etilgan maqolalari mardlik, vatanparvarlik tuyg‘usining tarannumi bo‘lib yoshlarimiz qalbidagi vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatini oshiradi, faxr hissini uyg‘otadi. Masalan, “Janggoh chandiqlari”, “Jang maydonlaridagi o‘zbek yigitlarining jasorati”, “Ular urush maydonida gazeta chop etganlar” kabi maqolalari Ikkinchi jahon urushi yillarini ko‘z oldingizda gavdalantiradi va bugungi tinch-totuv hayotimizga shukronalik keltirishga undaydi. Ayniqsa, “Janggoh chandiqlari” maqolasida bir jangchi misolida o‘zbek yigitlarining jasoratini mohirlik bilan tasvirlagan. Harbiy sohadagi maqolalari bilan birga “Toshkent viloyati militsiyasi” hujjatli filmi va “Xalq xizmatida 75 yil” kitobining viloyat qismini ham qalamga olgan. 

Tabiatni sevgan, barchani sevadi. Unga jon kuydirgan Vatan, millat, butun insoniyatning taqdiriga befarq qaramaydi. Mirkarim akaning “XXI asrda ekologiya va salomatlik muammolari”, “Suvning inson hayotidagi ahamiyati”, “Pedagog mutaxassislarga ekologiya haqida” kabi maqolalari kishilarning tabiatga bo‘lgan mehrini oshirib, uni asrab-avaylashga da’vat etadi. Hammualliflikda bitilgan “Sog‘lom turmush tarzi — farovon hayot garovidir”, “Ekologiya madaniyatini shakllantirishda qadriyatlarning o‘rni”, “Muqobil energiya — farovon turmush omili” to‘plamlari atrof-muhit, ekologiya fidoyisi, tabiatning asl farzandi ekanidan darak beradi. U inson salomatligiga zarar keltiruvchi omillarni, ekologik muammolarni o‘rganishdan charchamaydi va ommaning e’tiborini atrof-muhitni muhofaza qilishga chorlaydi. 

 Jamiyatimizning ijtimoiy faol kishilaridan biri Mirkarim aka har qanday savobli ishga o‘z hissasini qo‘shishga urinadi. Vazifasini ado etayotib halok bo‘lgan 36 nafar militsiya xodimlari xotirasiga barpo etilgan “Ma’yus ona” monumenti tashabbuskorlaridan biri, “Toshkent viloyati IIB tarixi muzeyi” asoschilaridan, “EKOSAN”ning turli aktsiyalari, ekologik madaniyatni shakllantirish ilmiy-amaliy konferentsiyalarining faol a’zosi ekani ham bundan dalolat beradi.   

  

Sanjar ESHMURODOV                  

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.