“O‘zbekiston 24” teleradiokanali efirda

O‘zbekistonda OAV rivojiga qaratilayotgan keng qamrovli e’tibor tufayli so‘nggi yillarda bu sohada ko‘plab muvaffaqiyatli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Mamlakatimizda davlat va nodavlat OAVlarning ortib borishi ularga bo‘lgan e’tibor, ishonch va ehtiyojning, so‘z erkinligining amaldagi in’ikosidan darak.

Malumki, axboriy ko‘rsatuvlar tahlili, eng avvalo, aholida faol fuqarolik pozitsiyasini va amalga oshirilayotgan islohotlarga aloqadorlik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qilishi kerak. Biroq Prezidentimiz mamlakatimizdagi teleradiokanallar axborot xizmatlaridan to‘laqonli foydalana olishmayotganini ta’kidlab,  joriy yilning 2 mayida Milliy teleradiokompaniya tizimida o‘z faoliyatini kunu tun olib boruvchi «O‘zbekiston 24» axborot-tahliliy teleradiokanali tashkil etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Qarorda fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda joylardagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ularni hal etish uchun davlat organlari va  tashkilotlarning mutasaddi rahbarlari, ekspertlar hamjamiyati, akademik doira vakillarining aholi bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarini tashkil etish telekanalning asosiy  vazifalari sifatida sanab o‘tilgandi.

Xorijda ham muxbirlik punktlariga ega bo‘ladigan mazkur yangi kanalning ishga tushirilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga xolis va ishonchli axborot yetkazish, mamlakat mediahududini sifatli axborot-tahlil mahsulotlari bilan boyitish, mamlakat va xorijda yuz berayotgan siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniyat, fan va sport sohalaridagi muhim voqealarni tezkorlik bilan ommaga havola etishdir.

“O‘zbekiston 24” telekanalining texnik imkoniyatlari, studiyasi boshqa mamlakatlarning jonli efirga chiqadigan axborot telekanallari bilan raqobatlashadigan darajada, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yurtboshimizning 27 iyun — “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni”da jurnalistlarga yo‘llangan bayram tabrigida ham ushbu telekanalga alohida urg‘u berilishi bejiz emasdi. “Men Siz, muhtaram matbuot ahlining hayotimizni yanada erkin, obod va farovon etish uchun doimo fidoyilik ko‘rsatib yashashingizni yaxshi bilaman va sizlarni shu yo‘lda o‘zimning eng yaqin hamkorlarim va yordamchilarim deb hisoblayman. Sizlarning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatingiz o‘z munosib bahosini topishi, yanada samarali bo‘lishi uchun biz davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlarini albatta safarbar etamiz.

Yaqin kunlarda ish boshlaydigan, kechayu kunduz uzluksiz faoliyat olib boradigan «O‘zbekiston 24» telekanali milliy axborot makonida o‘z munosib o‘rnini va o‘z tomoshabinlarini topadi, deb ishonamiz”. 

 24 iyul kuni mana shu ezgu niyatning samarasi o‘laroq, butun mamlakat hududi bo‘ylab ichki va  tashqi siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha yangiliklar jurnalistikasining yangi formatiga asoslangan «O‘zbekiston 24» teleradiokanali ilk marotaba efir yuzini ko‘rdi. Yangi kanal efiri xodimlar bilan salomlashish, xalqqa xizmat qilish, tezkor va  ochiq faoliyat olib borishga va’da berishdan boshlandi. Efir dasturlariga davlatimiz madhiyasi yo‘lchiroq bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘zbek, rus va  ingliz tillarida faoliyat yurituvchi jamoa bilan tanishtirildi. Efirning birinchi soati davomida kanal hayotidan lavhalar, TASS, «Onado‘li» kabi xalqaro agentliklar, taniqli shaxslar, jumladan, rossiyalik kardiojarroh Leo Bokeriya, Hindiston va Qozog‘iston elchilari, olimlar, jurnalistlar va  oddiy tomoshabinlar tabriklari namoyish etildi. 

«O‘zbekiston 24» SD  va  HD formatlarida barcha uchun ochiq bo‘lgan ijtimoiy raqamli uzatish paketiga kiritildi. Uning  HD formatdagi translyatsiyasi parallel ravishda UzHD kanalida ham efirga uzatiladi.

Mamlakatimiz media maydonida o‘ziga xos shijoat bilan faoliyat boshlagan «O‘zbekiston 24» teleradiokanali xalqimiz milliy shuurini yanada boyitishiga, xalqaro miqyosda obro‘-e’tibor qozonishiga tilakdoshmiz.

 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Suratlarda: “O‘zbekiston 24” axborot-tahliliy teleradiokanali ish jarayonidan lavhalar.

YO. SHAMSIDDINOV 

(O‘zA)  olgan suratlar

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.