MEGAYURTDAGI MEDIATURDAN MEGATAASSUROTLAR

Zamonaviy qo‘l telefonlarini taraqqiyot barometri deyish mumkin: kecha kimningdir qo‘lida ko‘rgan eng so‘nggi modeldagi planshetingiz bugun “eskirib”, o‘rnini uning yanada ko‘proq vazifalarni bajaradigan, qulayroq turi egallaydi. Hozirgi mediamakondagi vaziyat ham shunga o‘xshaydi: har kuni bir yangilik guvohi bo‘lasiz. Aslida yuz berayotgan voqea-hodisalar mohiyatan o‘sha-o‘sha, biroq unga yondashuv, ommaga yetkazish yo‘llari har xil. Kim o‘z faoliyatida muntazam yangilikka intilsa, marra uniki. Bu borada jahonning ilg‘or ommaviy axborot vositalari tajribasini o‘rganish beqiyos ahamiyatga ega.

 

 Prezidentimizning 2017 yil 10 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “hozirgi shiddatli axborot zamonida mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga tegishli ijodiy-uslubiy yordam va ko‘mak berish, jurnalistlarning professional malakasini oshirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash” masalalariga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Chin yurtiga uyushtirgan navbatdagi mediatur ham davlatimiz rahbarining mazkur Qarorida belgilangan vazifalarga hamohang tarzda amalga oshirildi. 

Bir haftalik mediatur davomida XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi “Oltin qalam” XII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov doirasida e’lon qilgan nominatsiyalari g‘oliblari — O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti Nargis Qosimova, “O‘zbekiston 24” teleradiokanali bo‘lim mudiri Sharofiddin To‘laganov, shuningdek, “Saodat” jurnali bosh muharriri Feruza Jalilova, “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri Ziyoda Ashurova, “Tafsilot.uz” sayti bosh muharriri Jamshid Niyozov, “Baxtiyor-Shahboz” telekanali (Jizzax viloyati) rahbari Baxtiyor Eshonqulov va men — “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Elmurod Nishonov hamda XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi attashesi Day Yanli xonimlardan iborat delegatsiya (safar davomida Day Yanli xonim bizga yo‘lboshlovchilik qildi) Xitoyning Pekin, Nankin va Jinan shaharlarida bo‘lib, mahalliy va mamlakat ahamiyatiga molik nashrlar tahririyatlari, telekompaniya va internet saytlari faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zaro tajriba almashdi. Ishlab chiqarish ob’ektlarida bo‘lib, Xitoyning qaysi omillarga ko‘ra bugun jahonning eng qudratli mamlakatlaridan biriga aylangani haqidagi tasavvurlarini boyitishdi. 

Xitoy dunyodagi iqtisodiyoti rivojlangan yetakchi davlatlardan biri. Vaholanki, u o‘tgan asrning 60—70-yillarida ko‘plab muammolar girdobida qolgan, ularning yechimini topish mushkuldek ko‘rinardi. Biroq 1978 yilda boshlangan iqtisodiy islohotlar tufayli qiyinchiliklar nafaqat bartaraf etildi, balki mamlakat keyingi 20-30 yil ichida dunyoning iqtisodiy lokomotivlaridan biriga aylandi. Mutaxassislar buni Xitoyda xususiy mulkchilikka asoslangan tarmoqlar rivojiga berilgan e’tibor, yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushining ortgani, ilm-fan va texnika taraqqiyoti singari omillar bilan izohlamoqda. Ayniqsa, XXI asrda Xitoy kompyuter texnologiyalari, elektron maishiy texnika uskunalarini ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha yetakchi davlatga aylandi. 

Mamlakatning g‘arbiy va shimoliy-sharqiy hududlarida neft va ko‘mir qazib olinadi. Rangli metall (mis, qo‘rg‘oshin, alyuminiy, rux, qalay va boshqalar), tsement, yonuvchi slanets konlari mavjud. Daryolari mo‘l va sersuv. Yiliga o‘rtacha 1654 milliard kVt/soat elektr energiyasi hosil qilinadi... Muxtasar aytganda, energiya resurslari yetarli. Biroq so‘nggi yillarda hukumat energiya tejovchi, ekologiyaga zarar yetkazmaydigan mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi natijasida Xitoyda elektr energiyasi bilan harakatlanuvchi transport vositalari — tezyurar elektropoezdlar, elektromobillar, mototsikllar va velosipedlar ishlab chiqarish jadal rivojlandi. 

Biz faoliyati bilan tanishgan “Beijing Automotive Industry Holding Co. Ltd.” korxonasida zamonaviy elektrokarlar ishlab chiqariladi. 1988 yilda asos solingan zavodda ishlab chiqarilayotgan “Senova D20 Hatchback” xetchbeki, “BAW Yusheng 007” krossoveri, “Foton View” mikroavtobusi va boshqa ko‘plab modellarga talab katta. Biz borgan Pekin, Nankin va Jinan ko‘chalarida mahalliy avtokompaniyalar ishlab chiqargan ulovlar juda ko‘p. Bu borada Xitoy O‘zbekistonga o‘xshab ketadi. Bir necha soniya kuzatsangiz, shaharlarimiz ko‘chalaridan o‘tayotgan har 100 ta avtoulovdan kamida 70 tasi o‘zbegim mashinalari bo‘lsa, Pekin yoki Nankin yo‘llarini to‘ldirib o‘tayotgan avtomobillarning har 100 tadan 70-80 tasi Xitoy mahsuloti ekanini ko‘rasiz. Qolgani ham asosan sanoqli davlatlar avtomobil rusumlari: Yaponiyaning “Toyota”, “Nissan” va “Honda”, Germaniyaning “Mersedes”, “BMV” va “Folksvagen”, AQShning “Jeneral motors” korporatsiyasi modellari...

Darvoqe, avtomobilsozlik Xitoy iqtisodiyotida yetakchi tarmoqlardan. Bu yerda yengil avtomobillardan tashqari, avtobuslar, og‘ir yuk avtomobillari, harbiy mashinalar, maxsus texnikalar ham ishlab chiqariladi. 

Yurtimiz yo‘llarini to‘ldirib o‘tadigan, oldida katta-katta harflar bilan “SINOTRUK”, “HOWO” deb yozilgan og‘ir yuk mashinalariga albatta ko‘zingiz tushgan. Ular ishlab chiqariladigan zavodning maxsus muzeyiga uyushtirilgan ekskursiya uzoq vaqtgacha xotiramizdan o‘chmaydigan bo‘ldi... 

26 avgust tongidan boshlangan safarimiz davomida (Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan yurtimiz vaqti bilan 25 avgust kechki soat 22.10 da havoga ko‘tarilib, Pekin xalqaro aeroportiga 26 avgust tonggi soat 3.06 da qo‘ndik. Bu paytda mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 6.06 edi), shuningdek, Jyansu provintsiyasining “Xinhua Daily Media Groupe” — “Sinhua kundalik media guruhi”ga tegishli “Xinhua Daily” kundalik gazetasi, “Yangtse evening post” kechki gazetasi, Jyansu provintsiyasi teleradiostantsiyasi, Shandun provintsiyasi teleradiostantsiyasi, “Dachjun” press-guruhi hamda dunyoga mashhur “Jenmin Jibao” gazetasi rasmiy veb-sayti tahririyati faoliyati bilan yaqindan tanishdik. 

Bugun dunyo jurnalistikasida qanday zamonaviy, ilg‘or tendentsiyalar kuzatilayotgan bo‘lsa, ularning in’ikosini Xitoy ommaviy axborot vositalari va ularda xizmat qilayotgan hamkasblarimiz faoliyatida ko‘rish mumkin. O‘zbek OAV delegatsiyasining har bir a’zosi o‘tkazilgan ijodiy muloqotlarda kelgusida o‘zlariga asqotishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni yondaftarlariga qayd etishdi. 

Masalan, Jyansu provintsiyasi teleradiostantsiyasi yo‘lga qo‘ygan tajriba barchamizning e’tiborimizni tortdi. Teleradiostantsiya ijodkorlari muntazam ravishda tomoshabin va tinglovchilarning fikr va munosabatlarini o‘rganib, ish faoliyatlarini muxlislar xohish-istagi asosida olib boradi. Biz borgan deyarli barcha ommaviy axborot vositalari qoshida ularga tegishli tijorat do‘konlari ishlab turibdi. Marhamat, rastalarga qo‘yilgan mahsulotlardan xarid qiling va o‘sha tahririyat iqtisodiyoti ravnaqiga o‘z hissangizni qo‘shing. 

Tahririyatlar bitta matbuot nashri bilan kifoyalanib qolmagan. Ularning tarkibida gazetadan tashqari uning elektron versiyasi, veb-sayti va mobil gazetalari ham o‘z o‘quvchilarini topgan. Xususan, “Dachjun” press-guruhi tarkibida jurnallar, gazetalar, saytlar va mobil gazetalar faoliyat yuritadi. “Dachjun” veb-sayti nafaqat Shandun provintsiyasida, balki butun mamlakatda yetakchi internet nashrlaridan hisoblanadi. Doimiy o‘quvchilari soni 60 million nafar bo‘lgan ushbu saytning mobil gazetasiga eng so‘nggi yangiliklar joylashtiriladi. Qiziqarli xabar, yangilik va maqolalarni qo‘l telefonida batafsil o‘qish imkoniyati hammada ham bo‘lmasligi tabiiy. Buni inobatga olgan shandunlik hamkasblarimiz mobil gazetaga materiallarning eng qiziqarli (qaymoq) qismini joylashtirib borishadi. Batafsil o‘qishni xohlaganlar uchun havola (ssыlka) beriladi. Marhamat, o‘sha materialni to‘liq o‘qiyman desangiz, saytning o‘ziga tashrif buyuring...

 

Muxtasar aytganda, safarimiz samarali kechdi. Buyuk Xitoy devoriga sayohat, Pekindagi Jyananmen maydoni va Gugun saroy-muzeyi, Nankindagi Syaolin (imperator Chju Yuanchjan) maqbarasi, qadimgi xitoy ierogliflari va bareleflari ko‘rgazmasi, Jinandagi Baotutsyuan parki va Daminhu ko‘liga sayohatdan olamjahon taassurotlar oldik. Qay go‘shaga qadam qo‘ymaylik, xitoyliklarning samimiy, xayrixoh munosabatini his qildik. Buni 29 avgust oqshomida bizni qabul qilgan Shandun provintsiyasi hukumatining Tashqi aloqalar bo‘yicha devonxonasi rahbari o‘rinbosari, janob Li Yun’senning: “Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik aloqalari uzoq tarixga ega. Siz, o‘zbekistonlik jurnalistlarning yurtimizga tashrifingiz ana shu qadrdonlik rishtalarining yanada mustahkamlanayotganidan darak beradi”, — degan so‘zlaridan ham anglash mumkin. 

O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikka asoslangan munosabatlar Buyuk Xitoy devori singari mustahkam, xalqlarimizga xos mehr-oqibat yanglig‘ abadiy bo‘lishiga umid qilgan holda, 1 sentyabr — Mustaqilligimizning 26 yilligi va muborak Qurbon hayiti keng nishonlanayotgan qutlug‘ kunda ona yurtimizga qaytdik. 

 

Elmurod NISHONOV,

“Hurriyat” muxbiri

Toshkent — Pekin — Toshkent

 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.