Britaniya OAVning besh qoidasi

Bugungi kunda o‘zbek telejurnalistikasining janrlari, yo‘nalishlari o‘zining yangi bir taraqqiyot bosqichiga o‘tmoqda. Xalq bilan muloqotga asoslangan efirlar, mutasaddi rahbarlar bilan intervyular ijtimoiy hayotimizdagi ulkan o‘zgarishlarning aks sadosiga aylandi.  YuNYeSKO xalqaro tashkiloti va Britaniya elchixonasi  tomonidan tashkil etilgan  seminar-trening televidenieda tok-shou tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari mavzusini bo‘ldi. Trening yakunida mahalliy OAV bilan mashg‘ulotlar olib borgan  VVS kompaniyasining tajribali mutaxassisi Jon Bell bilan asosiy mavzu va zamonaviy jurnalistikaning taraqqiyoti xususidagi fikrlari bilan qiziqdik.

 

 — VVS telekanalining jurnalistlar oldiga qo‘yadigan shunday qoidasi bor: entertaineeducate-inform. Auditoriya uchun qiziqarli  material tayyorlash yoki ularga biror narsa o‘rgatish, ularning saviyasini oshirish oson ish emas, — deydi u. — Shou ko‘rsatuvni tayyorlash ibtidosida ko‘rsatuv maqsadi, mavzusi, auditoriyasini aniqlashtirib olish zarur. Tomoshabinlarni jalb qilish uchun ko‘pchilikni ijtimoiy tarmoqlarda qiziqtirgan, dolzarb mavzuni tanlash mumkin. Bunda studiyaga ko‘tarilgan muammoga zid, o‘zgacha fikr yuritadigan insonlarni chaqirishni unutmaslik kerak. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tok-shou kabi yirik ko‘rsatuvlar barchaning diqqat e’tiboriga tushishi uchun boshlovchi jurnalist bilan birga katta ijodiy jamoa “sahna ortida” faoliyat ko‘rsatadi. Ular studiyaga taklif etilgan suhbatdoshlar bilan ishlaydi. Mavzuga doir lavhalar tayyorlaydilar. Kursatuvning maqsadli auditoriyasini yaxshi bilib, mutaxassislar bilan birga mashhur kishilardan birini ham ko‘rsatuvga taklif qilish mumkin.

Ba’zan jurnalistlar ko‘ngli tubida “men buni uddalay olamanmi?” degan ikkilanish bo‘lishi mumkin. Nazarimda, mavzuni yaxshi tushungan, suhbatdoshiga savol bera olgan, eng asosiysi esa — odamlarni yaxshi ko‘rgan jurnalist, albatta, hammaga manzur bo‘lgan ko‘rsatuv tayyorlay oladi. Ish jarayonida eng muhimi — tayyorlanayotgan materialning ichidagi o‘zagidir. Bunda maqsadli auditoriyani kengaytirish muhim. Suhbatdoshni tok-shouga chaqirganda u haqda iloji boricha ko‘proq ma’lumot yig‘ish, uni samimiy  muloqotga chorlash, tasvirga olish jarayonida uning kayfiyati yaxshi bo‘lishini ta’minlash kerak. Intervyuga tayyorlanayotgan pallada suhbat uchun bir nechta savolni o‘ylab, yozib qo‘yish lozim. Ammo keyingilarini respondentlarning  javoblaridan kelib chiqqan holda berish tavsiya qilinadi. Suhbat chog‘ida mavzuga chuqur yondashish muhim. Bilasizmi, men savollar ketma-ketligini sendvichga o‘xshataman. Avvaliga bir oz kayfiyatni ko‘taruvchi, yengil savol bo‘lishi, keyingisi tahliliy, so‘ng hissiyotlisini berish mumkin. Suhbatdoshga beradigan savollarni jurnalist avvaldan tayyorlab, kutilmagan holatda vaziyatdan chiqib keta olishi zarur. Boshlovchi har qanday vaziyatda o‘zining shaxsiy munosabatini, hissiyotlarini samimiy ifodalashi shart. 

Televideniening o‘ziga xosligini men — mo‘’jaz kadrda yaxlitlikni yarata olish deb tushunaman. Masalan, Britaniya matbuotida yaxlitlik  beshlik qoidasida aks etgan. Bitta maqolada beshtadan oshiq abzats,  har bir jumlada beshta so‘z, har bir so‘z beshta harfdan ortiq bo‘lmasligi kerak. 

Televidenieda tasvir  ta’sirchanligiga ko‘ra bitta kadrni 10 soniyadan ortiq vaqt mobaynida ko‘rsatib bo‘lmaydi. Dasturni suratga olishda bitta ob’ektni yetti xil ko‘rinishda, rakursda tasvirga olish joiz. Bunda qahramonning o‘zini ko‘rsatibgina qolmay, unga boshqalarning bahosini, oddiy muxlislarning munosabatini ham berish   mumkin. 

Buyuk Britaniyada har bir fuqaro yil boshida telekanallarni tomosha qilish huquqini beruvchi litsenziya uchun 180  dollar miqdordagi to‘lovni amalga oshiradi. Telekanallar paketida BBC kanallari ham bor. Bu pullar to‘laligicha  BBC kompaniyasiga kelib tushadi. O‘tgan asrning 60-70 yillarida tashkil etilgan bunday to‘lov usuli avvaliga radio uchun ta’sis etilgan. Davlat shu yo‘l bilan ularga moliyaviy yordam bermoqchi bo‘lgan. Boshqa barcha kanallarda reklama xizmatlari  mavjud.

Shanba kunlari chop etiladigan The Gardian Media section gazetasida OAV haqida so‘z yuritiladi. Unda malakali jurnalistlar tomonidan yozilgan maqolalar o‘rin olgan. The Gardian gazetasining muharriri bo‘lgan Peter Preston shu yo‘nalishda izlanishlar olib boradi. Mazkur tadqiqotlar maxsus homiylik bo‘yicha moliyalashtiriladi. Britaniyada  ham jurnalistlar uyushmasi bor. Televidenie, radio bo‘yicha turli tanlovlar ham o‘tkaziladi. 

Britaniya oliy ta’lim muassasalari qoshida bakalavr darajasini beradigan yigirmadan ortiq jurnalistika bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari bor. 1936 yilda tashkil etilib, asosiy binosi Londonning g‘arbiy qismida joylashgan BBC kompaniyasiga ishga olinayotganda, aynan, jurnalistika bo‘yicha oliy ma’lumot so‘ralmaydi. O‘zim, masalan, transport aviatsiyasi sohasida tahsil olganman. Bizda jurnalistika mutaxassisi bo‘lishi muhim emas, asosiysi shu soha bo‘yicha tajriba bo‘lishi kerak. Mutaxassislar maxsus saralash, suhbatlardan so‘ng ishga olinadi.  Ishga olinganlar avvaliga hududiy radioda, so‘ng milliy radioda faoliyat yuritadilar. Malaka oshganidan so‘ng, avval hududiy telekanalda, undan keyingina milliy telekanallarda ishlaydilar. Ana shu ketma-ketlikka doim rioya etiladi. Asta-sekinlik bilan mutaxassislarning malakasi oshib boradi. O‘zim ham avvaliga ishni radioda boshlaganman.  

        

Suhbatni Yulduz ORTIQOVA 

yozib oldi.

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yoshlar — bugun tayanchimiz, ertaga ...

2017-10-04 09:28:23

BOYSUN MO‘JIZALARI 2

2017-10-04 09:33:48

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.