“MUSTAQIL JURNALIST” KIM O‘ZI?

Asosiy faoliyati axborotni to‘plash va tarqatish bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan jurnalist kasbi faoliyatiga ta’rif berishda bir yoqlama yondashuvning to‘g‘ri kelmasligini bugun hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

 

Binobarin, kundalik axborot oqimi kuchayib borayotgan bir vaqtda qonunlar bilan kafolatlab qo‘yilgan huquq va vakolatlar egasi bo‘lgan jurnalist kim ekanligiga oydinlik kiritib olish ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib borayapti.

Shu o‘rinda amaliyotda jurnalistga ta’rif berish va uning maqomini qo‘llashda turlicha yondashuvlar borligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, zamonaviy axborot texnologiyalarining turmushimizga faol kirib kelishi bilan so‘nggi vaqtlarda ayrim ommaviy axborot vositalari orqali berilayotgan materiallarda “mustaqil jurnalist” yoki “frilanser jurnalist” singari yangi maqomdagi shaxslarning imzolariga, ularning faoliyati haqidagi munosabatlarga ham duch kelib turibmiz.

Xo‘sh, savol tug‘iladi: “Jurnalist”, “mustaqil jurnalist” va “frilanser jurnalist” kim o‘zi, ularning maqomlari qanday?

Har bir sohada bo‘lgani kabi mazkur yo‘nalishda ham shaxs maqomiining huquqiy asosi hisobga olinishi kerak, ushbu maqom orqali faoliyat yuritishi natijasida yuzaga keladigan huquqiy oqibatlar uchun. 

Amaldagi qonunchilikka murojaat etadigan bo‘lsak, “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida “Jurnalist — O‘zbekiston Respublikasining yoki xorijiy davlatning ommaviy axborot vositalarida xizmat qiladigan yoxud ularda shartnoma asosida ishlaydigan va ma’lum mavzudagi axborotni to‘plash, tahlil etish hamda tarqatish bilan shug‘ullanuvchi shaxsdir”, deya ta’rif berilgan.

Bir narsani tan olish kerak: ta’rifda jurnalist faoliyatining xususiyatlari to‘liq qamrab olinmagan, ya’ni uning axborotni tahrir qilish va tayyorlash bilan ham shug‘ullanishi keltirilmagan bo‘lsa-da, ayni paytda bu biz uchun muhim asos sifatida xizmat qilib kelayapti. Va masaladan chetlashmagan holda aytsak, ushbu qonun jurnalist maqomini belgilash bilan birga jurnalistning jurnalistlik faoliyati bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishini inobatga olsak, bunda jurnalistning boshqa maqomlari nazarda tutilmaganligi ko‘rinadi. 

O‘z o‘rnida yana bir tushuncha diqqatimizni tortadi. Xususan, ommaviy axborot vositalarining tashkil etilishi, faoliyat ko‘rsatishi va faoliyatining tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida “tahririyat xodimi” tushunchasi ham mavjud bo‘lib, unda tahririyat shtatida turgan, materiallarni to‘plash, tahlil, tahrir qilish hamda tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi shaxs tahririyat xodimi ekanligi belgilangan. 

Demak, huquqiy jihatdan olib qaralsa, qonunchiligimizda jurnalistdan farqli ravishda “mustaqil jurnalist”, “frilanser jurnalist” yoki yana boshqa xil jurnalist ta’rifi bilan bog‘liq tushunchalar mavjud emas. 

Biroq xalqaro va xorij amaliyotini va bugungi tezkor axborot oqimi kuchayib borayotgan sharoitni inobatga olib “mustaqil jurnalist” va “frilanser jurnalist”larning tushunchasiga izoh berishga harakat qilamiz. Bu ushbu maqom uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmaydi albatta.

Xorij amaliyotida jurnalistlarning “mustaqil jurnalist” yoki “frilanser jurnalist” maqomlarida faoliyat yuritishi ko‘lami kun sayin ortib borayotgani va ularning xizmatlaridan foydalanish ham ommalashayotganini ta’kidlab o‘tish kerak.

Bu borada xorijlik mutaxassislar, xususan, rossiyalik ekspert, jurnalist Igor Mintusov “Albatta, bizda mustaqil matbuot bor. Mustaqil jurnalistlarning o‘rni ham Rossiyada yomon emas. OAVda material e’lon qilganlik uchun ham aynan ular pul olishadi” (manba: “nikkolom.ru” sayti) deya o‘z so‘zida nodavlat nashrlarda faoliyat yuritadigan jurnalistlarni mustaqil jurnalistlar sifatida qayd etib o‘tadi.

Biroq Rossiya Federatsiyasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunida ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositasi tahririyati bilan mehnat yoki boshqa shartnomaviy munosabatlarga ega yo bo‘lmasa, uning topshirig‘i bilan tahririyat uchun xabar va materiallar tayyorlash, to‘plash, yaratish, tahrir qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxs jurnalist sifatida tushunilishi keltirib o‘tilgan. O‘zbekiston qonunchiligidan farqli ravishda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida jurnalist maqomiga tahririyat topshirig‘i bilan tahririyat uchun xabar va materiallar tayyorlash, to‘plash, yaratish, tahrir qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar kirishi ham qayd etilmoqda. 

Qozog‘iston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, jurnalist (ommaviy axborot vositasi vakili) — ommaviy axborot vositasi uchun mehnat yoki boshqa mehnat munosabatlariga asosan xabar va materiallarni to‘plash, qayta ishlash, va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs ekanligi ko‘rsatilgan.

Belarus Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunida ham jurnalist sifatida ommaviy axborot vositasi bilan mehnat yoki boshqa shartnomaviy munosabatlarga ega jismoniy shaxs tushunilishi belgilangan.

Ammo zamonaviy xalqaro amaliyotda “mustaqil jurnalist”ning muhim xususiyati har qanday topshiriq va buyurtmalardan xoli holda materiallar tayyorlovchi shaxs ekanligi bilan bog‘liq. Xususan, “vmnews.ru” internet nashrida 06.02.2017 sanasida e’lon qilingan «Nezavisimыy jurnalist» kormitsya iz byudjeta» (manba: vmnews.ru/bylo-ne-bylo/2017/02/06/nezavisimyi-zhurnalist-kormitsia-iz-biudzheta) sarlavhali maqoladagi asoslarga ko‘ra “mustaqil jurnalist” davlat byudjetidan daromad olish hisobiga faoliyat yuritmasligi kerak. Mohiyatan olib qaralganda, ushbu omil, ya’ni jurnalistning byudjetdan daromad ko‘rgan holda ma’lum ko‘rsatma va topshiriqlar asosida faoliyat yuritishi uning “mustaqilligi” maqomiga mos emas. 

Bozor qonuniyatlari asosida yashayotgan jamiyatlarda ayrim qarashlarga ko‘ra, davlat yoki ta’sischi mablag‘ bergani uchun jurnalist unga qaram bo‘lishi va uning buyurtmalarini bajarishi kerak, degan qarashlar bor. Biroq bu qarash totalitar rejimga xos bo‘lib, so‘z va axborot erkinligini chegaralashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu bois, ba’zi hollarda biron bir OAVda rasman mehnat qilmaydigan yoki shartnomaviy bitimi bo‘lmasa-da, materiallar tayyorlash bilan shug‘ullanuvchilar o‘zlarini “mustaqil jurnalist” sifatida ataydilar. Biroq bu fuqaro sifatida umumiy huquqlardan foydalangan holda faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lishni cheklamasa ham, qonunlarga ko‘ra unga jurnalistlar uchun mavjud bo‘lgan huquqlarni bermaydi. 

Yana bir muhim jihat: amaliyotda shtatsiz muxbirlar yoki zamonaviy “frilanser”lar tushunchasi ham keng qo‘llanib kelinmoqda. Frilanser atamasi jamiyatimizda yaqin yillardan buyon qo‘llanishni boshlagan bo‘lsa ham, g‘arb dunyosi ushbu toifa shaxslarning xizmatlaridan ko‘pdan buyon foydalanib kelmoqda. Frilanserlar biron bir mehnat va shartnomaviy munosabatsiz, ma’lum bir xizmatni bajarib berish evaziga haq olish bilan shug‘ullanuvchi kishilardir. 

Rossiyalik bloger va jurnalist Georgiy Yans “mustaqil jurnalist bu ishsiz jurnalistdir. U haqiqatan ham erkin, puli ham, ishi ham yo‘q. Boshqa barcha holatlarda jurnalist qaram figura” (manba: www.mk.ru/blogs/posts/prodazhnyiy-zhurnalist-eto-zvuchit-gordo.html) deydi. Rossiya Federatsiyasining ishga joylashtirish bo‘yicha entsiklopediyasi portalida esa “o‘zining materiallarini nashrlarga taklif etadigan, o‘z asarlari nashri uchun beriladigan qalam haqiga yashaydigan “shtatsiz muxbir” yoki “frilanser” bu “mustaqil jurnalist”dir” (manba: www.rabotka.ru/infoworker/018.php) deya ta’kidlanadi.

O‘z o‘rnida jurnalistdan farqli ravishda “mustaqil jurnalist” va “frilanser jurnalist” o‘rtasidagi jiddiy tafovutlarni inobatga oladigan bo‘lsak, jurnalist maqomidagi shaxsga amaldagi “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ko‘ra:

axborot to‘plash, uni tahlil etish va tarqatish;

axborot olish uchun davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga murojaat etish;

davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallar va axborotdan foydalana olish;

jurnalist tekshiruvi o‘tkazish;

o‘zi tayyorlagan xabarlar va materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali imzosini yoki taxallusini qo‘yib tarqatish, ularda o‘z fikr-mulohazasini ifodalash;

jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish yuzasidan mansabdor shaxs qabulida bo‘lish;

ma’lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish;

sudlarning ochiq majlislarida, harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish;

e’lon qilishga tayyorlangan ma’lumotlarni tekshirish uchun mutaxassislarga murojaat qilish;

basharti qonunni buzishga olib keladigan bo‘lsa, ommaviy axborot vositasi tomonidan berilgan topshiriqni bajarishni rad etish;

o‘zi tayyorlagan xabar yoki materialning mazmuni tahrir jarayonida buzilgan degan fikrga kelsa, unga imzo qo‘ymaslik yoxud uni nashrdan olib qolishni (efirga bermaslikni) talab etish;

axborot manbai yoki muallifning nomi sir saqlanishini talab qilish;

taqdim etgan xabarining mazmunini ommaviy axborot vositasi buzib e’lon qilishi oqibatida o‘ziga yetkazilgan ma’naviy zarar va moddiy ziyon qoplanishini sud orqali talab qilish; 

jamoat birlashmalariga, shu jumladan, jurnalistlarning xalqaro tashkilotlariga kirish kabi huquqlar kafolatlab qo‘yilgan.

Shuningdek, jurnalist o‘z faoliyati davomida xodim maqomida ham bir qator ijtimoiy imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega ekanligini ta’kidlab o‘tmoq joiz.

Shu bois, mustaqil jurnalist maqomida faoliyat yuritib yurgan ayrim shaxslar qonun bilan jurnalist uchun berilgan huquq va vakolatlardan foydalana olmaydilar.

Xulosa qilib aytganda, milliy qonunchiligimizga ko‘ra biz ayni vaqtda jurnalist sifatida aniq ta’rif berilgan, tegishli huquq, vakolat va majburiyatlarga ega shaxslarni tushunamiz. “Mustaqil jurnalist”, “frilanser jurnalist” kabi maqomlar amaliyotda ayrim shaxslar tomonidan qo‘llanib kelinayotgan bo‘lsa-da, u o‘zining huquqiy asosiga ega emas. Mazkur toifa shaxslarning faoliyati fuqarolik huquqlaridan faol foydalanish asosiga qurilgan bo‘lib, fuqarolarning axborotni erkin izlashi va tarqatishi kabi Konstitutsiyaviy printsipial qoidalarni amaliyotga tatbiq etish bilan izohlanadi.

 

Rasul KUSHERBAEV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari 

masalalari qo‘mitasi a’zosi

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Jar yoqasidagi olishuv

2018-04-17 15:13:06

UYG‘OQ YASHASH SAODATI

2018-04-17 15:19:10

TAHRIRIYATLARDAGI KO‘HNA AKSIOMA yoki ...

2018-04-17 15:06:40

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30

.