“NIMA,QACHON,QAYERDA ”ga javob izlab

Bugun dunyoda yuz berayotgan voqealardan xabardor bo‘lish insoniyatning zarur ehtiyojlaridan biriga aylandi. Ularni voqea-hodisalardan xolis va haqqoniy xabardor qilish talabi, o‘z navbatida, jurnalistikada yangilik janrini paydo qilgan.

 

Mutaxassislar uning tarixini XIX asrning o‘rtalarida Yevropa va AQShda axborotni izlash va tarqatishga ixtisoslashgan axborot agentliklari faoliyatining boshlanishi bilan bog‘lashadi. Bugungi kunda yangiliklar ijodkori axborot agentliklari tarqatayotgan ma’lumotlardan farqli o‘laroq, voqeaga har tomonlama baho berishga intilib, xolis xulosa chiqarishni auditoriyaning o‘ziga qo‘yib beradi. 

Har bir yangilik, asosan, o‘zining shakli, hajmi, yo‘nalishi, mavzusidan qat’i nazar, “nima?”, “qachon?”, “qaerda?” savollariga javob berishga qaratilgan. Yangiliklar auditoriyaga ma’lumot, axborot berish, xabardor qilish maqsadida yetkaziladi. Audiovizual shakldagi ma’lumotlar esa, insoniyatning yigirmanchi asrdagi eng sara kashfiyotlaridan biridir, u odamlarning axborotga bo‘lgan tabiiy ehtiyojini qondirishi bilan ahamiyatlidir. “Ming bora eshitgandan, bir bora ko‘rgan yaxshi” naqliga amal qilgan holda, muxlislar o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlariga ko‘proq ishonishadi. 

“Reyters” — Jurnalistikani tadqiq etish institutining 2017 yil iyun oyida chop etgan hisobotiga ko‘ra, auditoriyaning asosiy qismi on-layn videosyujetlardan bosma matbuotda chop etilgan yangiliklarni afzal ko‘rishlari aniqlangan. Ammo shu o‘rinda iste’molchilarda o‘ziga xos hayot tarzi haqida hikoya qiluvchi — “softnews” yangiliklar videolavhalariga qiziqish ortib borayotgani ta’kidlangan”. 

Televizion yangiliklar matbuotda o‘qilgan, radioda tinglangan axborotlardan ta’sirchanroqdir. Shu bilan birga internetdagidek ishonchliroqdir. Bugungi kun audiovizual yangiliklar industriyasi internet jurnalistikasi bilan jiddiy raqobatga kirishgan. Ahamiyatlisi, o‘z auditoriyasini yo‘qotishni istamagan gazetalar internetda videolavhalarni taqdim etuvchi yirik mediaxoldinglar shaklida o‘z faoliyatini davom ettirishmoqda. Brend bo‘lib shakllangan bosma nashrlar negizida o‘ziga xos telestudiyalar tashkil etilmoqda. Endilikda muxlislar o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni matn shaklida o‘qishlari yoki voqea-hodisalardan batafsil xabar topish uchun bu borada tayyorlangan lavhalarni tomosha qilishlari mumkin. “Norvegiyaning eng ommabop VG (“Verden Garden)” on-layn gazetasiga qarashli bo‘lgan VGTV mustaqil videokompaniyasida dolzarb mavzulardagi ko‘rsatuvlar hamda hujjatli filmlar tayyorlansa-da, uning faoliyati yangiliklar tayyorlashga qaratilgan. “VG brendi uchun asosiysi — eng so‘nggi yangiliklardir. Bu VGTVning eng muhim yo‘nalishidir”, — deydi VGTVning direktori va bosh muharriri Xele Solberg. Har oy kompaniyaning barcha platformalarida ko‘rsatiladigan 25 millionta videoni VG ro‘yxatdan o‘tkazadi. Matn shaklidagi maqolalarga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatiladigan videolavhalar auditoriyani ko‘proq o‘ziga jalb qiladi. Masalan, AQShdagi prezident saylovlarini VGning eng mashhur veb-saytlaridan ko‘ra VGTV orqali kuzatib boruvchilar soni ko‘proq edi”. 

Mamlakatimiz jurnalistikasi nazariyasida matbuot, radio, televidenie hamda internet yo‘nalishlariga bo‘lib o‘rgatish va o‘rganish tamoyiliga rioya qilinadi. Ba’zilar internet jurnalistikasini texnik imkoniyat deb baholaydilar. Hozirgi zamon jahon jurnalistikasi amaliyoti barcha yo‘nalishlarni uyg‘un holda, o‘ziga xos janrlar va yo‘nalishlar sintezi shaklida axborot tayyorlab auditoriyaga qulaylik yaratmoqda. Ayniqsa, yangiliklar tayyorlash va efirga berish yo‘lida o‘ziga xos yangilanishlar amaliyotga kiritilmoqda. Bu esa o‘z navbatida zamonaviy jurnalistikaning o‘ziga xos taraqqiyot tendentsiyasiga aylanmoqda. AQShning Lotin Amerikaci aholisiga xizmat qiluvchi “Univision” teletarmog‘ining raqamli bo‘limi bo‘lgan “Univision Noticias” kompaniyasi so‘nggi yillari on-layn videolar sifatini oshirish maqsadida qator o‘zgarishlarni boshidan kechirdi. Videotranslyatsiyalar ustida ishlash jarayonida “Univision Noticias” jonli efirda yarim soatlik “Edition Digital” nomidagi yangiliklar dasturini tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur dastur kompaniyaning veb-sayti qatorida televideniening “Facebook”, “Youtube” hamda “Periscope” platformalarida ko‘rsatiladi. 

Endilikda, o‘z auditoriyasini yo‘qotmaslik uchun, televizion yangiliklar tezkor, xolis hamda haqqoniy bo‘lishi shart. Ma’lumotlarning xolis va haqqoniyligi, real vaqtlarda bo‘layotgan voqealarning tomoshabinlarga yetkazilishi ularning o‘ziga xosligini belgilaydi. Boshqa jurnalistik janrlardan farqli o‘laroq, yangiliklar qisqa vaqt ichida batafsil va aniq axborotni berishi bilan ahamiyatlidir. Tomoshabinlarning axborotni qabul qilish imkoniyatiga ko‘ra oddiy xabarlar kamida 30 soniya, ko‘pi bilan 3 daqiqa davom etishi mumkin. Albatta, tahliliy hamda rasmiy xabarlar bundan mustasno. Ularning hajmini ma’lum bir chegaraga solib bo‘lmaydi. Yangiliklar ayni paytda yo‘nalishi hamda mavzusiga ko‘ra bir necha yo‘nalishlarga ajratilishiga ko‘nikib qolganmiz. Aslida yangilik bu yangilik. Hayotda tasodifan yuz bergan voqea yoki kashfiyot haqidagi kishini ajablantirishga asos bo‘lgan ma’lumotdir. Xabar esa har kuni qaerdadir bo‘lib o‘tgan odatiy, ammo muhim voqea tafsiloti. Axborot esa ular haqida ommaga yetkazish usuli — xabardor qilish vositasi, lug‘aviy ma’noda xabarning ko‘plik formasi. Ular: rasmiy-axborot, hisobotlar; tahliliy-reportaj, surishtiruv yoki erkin mavzularda bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda aksariyat auditoriya OAV xorij xabarlaridan xabardor bo‘lish uchun, asosan, jahonda nufuzli hisoblangan yangiliklar mediaindustriyasi mahsulotlariga murojaat qilishadi. Xo‘sh, xorij OAV tomonidan axborot mahsulotlarining qanday afzalliklar va kamchiliklari mavjud? Albatta, ularning tezkorligi, real tasvirga egaligi, tahliliy va ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. Bir necha daqiqa davom etib, professional tarzda tayyorlangan har bir materialni bir soniyada minglab muxlislar tomosha qilishadi.

Auditoriyaning ruhiyatini o‘rganishga qaratilgan izlanishlarda yangiliklar ularni muntazam kuzatuvchi muxlislarning ruhiyatiga salbiy ta’sir etishi aniqlangan. Chunki xorij OAV ma’lumotlarining katta qismini negativ ruhdagi xabarlar tashkil etadi. Ularni me’yordan ortiqcha qabul qilish kishida salbiy hissiyotlar uyg‘otar, hatto o‘ta tushkun ahvolga solib qo‘yar ekan. Bu esa o‘z navbatida, mazkur yo‘nalishda material tayyorlovchilar ishini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Yurtimizda yangiliklar markaziy, hududiy hamda ixtisoslashgan teleradiokanallarda tayyorlanib, efirga uzatiladi. Albatta, kanallarda tayyorlangan yangiliklar keng qamrovli auditoriyaga mo‘ljallanib efirga berilishi bilan ahamiyatlidir. Hozirgi kunda yurtimizdagi muhim ijtimoiy, siyosiy voqealarning shiddatli oqimini auditoriyaga o‘z vaqtida va batafsil yetkazib berish uchun “O‘zbekiston 24” yangiliklar kanalining faoliyatiga ehtiyoj ortib bormoqda. Bugungi kunda mazkur telekanalda tayyorlanayotgan informatsion materiallar auditoriyaning diqqat markazidadir. Voqea-hodisalar to‘g‘risida xolis, haqqoniy, tezkor va batafsil axborot beradigan lavhalar, albatta, yurtdoshlarimizning bu boradagi ehtiyojini to‘la qondirmoqda. Jonli efirdagi ko‘rsatuvlar muxlislarga yangiliklar telejurnalistikasining asl mo‘’jizasidan bahramand bo‘lish imkoniyatini bermoqda. 

Yulduz ORTIQOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.