BOLALAR qanday asarlarni istaydi

Uzoq yillar burun bolalar orasida o‘afur o‘ulomning “Shum bolasi”yu Xudoyberdi To‘xtaboevning Hoshimjoni ma’lumu mashhur edi. Buni qarangki, Qoravoyu Hoshimjon bugungi bolalar ko‘nglini ham zabt etgan. Biroq yangi qahramondan darak yo‘q. Qolaversa, bolalar adabiyotida Gulxaniydan (“Zarbulmasal”) so‘ng hayvonot olamini mufassal qalamga olgan biror ijodkor chiqmadi. Xo‘sh, nega? Ha, aytganday, hayvonot olami haqidagi bir-ikki kitobcha chop etildi. Biroq targ‘ibotning ko‘lmak suvdek tinchligi bois, uni bugun barmoq bilan sanarli odamlardan bo‘lak hech kim bilmaydi.

 

E’tibor bering, dunyo adabiyotida jahon xalqlarining qon-qoniga singib ketgan qahramonlar mavjud. “Buratino”, “Chippolino”, “O‘n to‘rt yoshli kapitan”, “Tom Soyerning sarguzashtlari”, “Gulliverning sayohatlari”... Ammo, bizning farzandlarimiz qanday kitob o‘qiyapti? Bolalar adabiyoti bolaning salohiyatini oshirish uchun qaysi kitobni behadik tavsiya eta oladi? Jimlik... 

Bizda bolalar shoiri deganda, ko‘pchilik jiddiy adabiyotni qabul qilmaydi. Aslida bolalar uchun asar yozishni adiblarning eng mohiri, qalami qilichi uddalaydi. Chunki bunday yozuvchining fikrati ham bolanikiday toza, tiynati ham samimiy, fikrlashi pokiza, boladay beg‘ubor bo‘lishi kerak. Bolalar yozuvchisi hech qachon ulg‘aymaydi. Biroq afsuski, bugungi kunda Xudoyberdi bobodek bir necha avlodni tarbiyalagan adib deyarli yo‘q hisob. She’rlar borasida ham fikr ayni xulosalar bilan katta tafovutga ega emas. Zafar Diyor, Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboev, Qambar Ota, Kavsar Turdieva... Ustoz shoirlarning she’rlarida o‘quvchini hayratlantirib yuboradigan topilmalar, qochirimlar, qofiyalar bor edi. Ularning izdoshlari esa negadir sustkash... To‘g‘ri, hozir ham yozilyapti. Biroq bir o‘qiysan, hatto xotirangda ham qolmaydi. Xuddi xo‘jako‘rsinga yozilayotganday... Bozorlarni, kitob do‘konlarini aylansang, rastalarni to‘ldirib turgan Xudoyberdi To‘xtaboevning asarlaridan boshqa asar yo‘qdek tuyuladi. Shuningdek, nashriyotlar ham buyurtma asosida tarjima qildirib, chet el hikoya va ertaklarini tom-tom qilib bosishyapti. Ular ham o‘qish va uqish uchun albatta. Lekin bir marta yayrab o‘qiydigan hikoyayu ertaklarning mazmuni ham haminqadar... Qisqasini aytganda, milliy bolalar adabiyoti oqsaganicha qolmoqda. Bolalar adabiyotining mezoni ham, asosi ham shubhasiz, xalq og‘zaki ijodi. Unda milliy tarixiy qahramonlarni yaratish batamom yo‘q bo‘lib ketdi. Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Kuntug‘mish, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Shiroq, To‘maris... sanab ado qilolmaysan. Butun dunyo tamadduniga asos solgan bobolar — daho qahramonlarning bari bizning ajdodlarimiz-ku! Bot-bot nasihatomuz jarayonlarni “tuhfa” qilavergandan ko‘ra, bobolarimizning qahramonliklarini bolalarimizga sodda yo‘sinda hikoya qilish, ekranlashtirish barkamol avlodni shakllantirishning tamal toshi bo‘lishi shubhasizdir. Farzandlarimiz esa ulardagi barcha yaxshi fazilatlarni o‘zlashtirishi turgan gap. 

Bugungi bolalarga o‘ynoqi ranglar, jonivorlar, mult yoki sarguzasht filmlar qahramonlarining  harakatlari qo‘l keladi. Negaki, zamon bilan hamnafas o‘sayotgan bolani “Seni Laylak tashlab ketgan” deya aldab bo‘lmaydi. Bugun bolalar oynai jahon orqali kosmosga sayohat qilyapti. Dunyoni o‘rganyapti. Xorijiy davlatlarda amalga oshirilayotgan bunday intellektuallik aslida bizning milliy qahramonlarimizga, xalq og‘zaki ijodining omillariga tegishli emasmi? O‘ylab ko‘raylik! Negaki, biz hamon “Zumrad va Qimmat”ni ekranlashtirishda boshini katta, ovozini do‘rildoq, voqeasini nasihatdan nariga o‘tkazmayapmiz. Albatta, nasihat ham kerak, ammo muttasil kelgan suv toshqini to‘g‘onni buzmay qolmaydi. Bu o‘rinda bolaning dunyoqarashini zeriktiradi. Nega chet el bolalar yozuvchilarini o‘z mamlakatining, boshqa yurtlarning, hatto bizning bolalar ham sevib mutolaa qiladi? Negaki, ular bolalarga ham kattalardek munosabatda bo‘lishadi. Bolalarga ham shaxs sifatida qaraydilar. Har qanday jiddiy mavzu ham bolalarga mos ravishda qalamga olinsa, muammo o‘z yechimi bilan berilsa qani edi... Boz ustiga jamiyatimizdagi og‘riqli nuqtalar, voqea-hodisalar, illatlarga qarshi kurashishga undaydigan asarlar yaratilsa nur ustiga nur degani-ku bu!  

— Aytish mumkinki, mustaqillikning dastlabki yillarida lotin alifbosiga o‘tish boshlandi. Quloqqa chalinishicha, o‘sha yillari ta’lim muassasalari kutubxonalaridan krill alifbosidagi turkum-turkum kitoblar yig‘ishtirib olingan, — deydi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi bobo To‘xtaboev. — Lotin va krill alifbosi o‘rtasidagi tafovut bois mutolaa yoppasiga susaygan. Mamlakat bozor iqtisodiyotiga o‘tish bosqichida bo‘lib, nashriyotlar ham “tirikchilik” yo‘lidan borgan. Nashr etilgan kitoblar ham to‘lov asosida lotin yozuvida chop etila boshlangan. Kitoblar o‘z o‘quvchisini yo‘qotib qo‘ygan. Kattalar esa, lotin alifbosini bilishmasdi. Ta’lim maskanlarida ham krill va lotin alifbosidagi kitoblar kam qolgandi. Ehtimol shu tufayli bolalar adabiyoti ham sustlasha boshlagandir. Ammo bu holat o‘tgan asrning so‘nggi yiliga qadar davom etdi. Bozor iqtisodiyoti sababli ota-onalarning ham iqtisodiga putur yetgandi. Umuman, so‘nggi yigirma yillar ichida o‘zbek adabiyotida oqsab qolgan janr bolalar adabiyoti bo‘ldi. Ayniqsa, bolalar adabiyotida nasrning yo‘qolib ketish arafasida turibmiz. O‘zimdan keyin biror izdoshimni ko‘rmayapman. Afsuski, bu jarayondagi mening kechinmalarimni hech kim tushunmaydi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilayotgan yoshlar kitoblarining orasida bolalar adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha bir-ikki kitob chop etildi. Biroq qaysidir sabab bois ular bugun adabiyotda yo‘q. 

Kishini o‘yga toldiradigan bir muammo shuki, chindan ham O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan har yili o‘nga yaqin yosh ijodkorlarning “Birinchi kitobim” loyihasida minglab nusxalarda ilk to‘plamchalari nashr etiladi. 

O‘sha paytlar Qobiljon Shermatov, Dinora Rahimova singari yosh, umidli qalamkashlarga Xudoyberdi bobo bir necha marta asarlarini tahrir qilib berdi. Yaxshi ijodkor bo‘lishga undadi. Biroq bugun Qobiljonu Dinoraday yoniq yoshlar ko‘zga tashlanmayapti. Borlari ham e’tibordan chetda qolganday, nazarimizda. Buning boisi bitta: bolalar ijodkorlari bilan samarali faoliyat olib borilmayapti. Buni bolalar uchun yaratilayotgan kitoblarning yo‘qolib ketayotganidan ham bilsa bo‘ladi. 

Gapning indallosini aytsak, shu paytgacha yozilgan asarga haq to‘lash miqdori ijodkorlarni qoniqtirgani yo‘q. Shu bois, bolalar yozuvchilari ham o‘z ishini tashlab, tirikchilikning turli yo‘llariga kirib ketishdi. To‘g‘ri-da, bolalar yozuvchisining ham oilasi, bola-chaqasi bor. Xonadonda to‘rt bosh yeyman-kiyaman deb tursa-yu, yozuvchi otaning ko‘ngliga asar yozish sig‘adimi?  

Ayniqsa, yaxshi ijodkorlar, yaxshi asarlarning targ‘iboti ham susayib ketgandi. So‘nggi uch yil ichida bolalar adabiyotining tahlili ham na televidenie, na matbuot va na Yozuvchilar uyushmasi tomonidan qoniqarli darajada amalga oshirilmadi. Faqatgina qog‘ozlarda raqamlarga tayangan holda “qilindi, qilinmadi” qabilida ma’lumotlar berib o‘tildi, xolos. Bu ham bo‘lsa e’tiborsizlik, Sulaymon ko‘rsa, devlarga jabr qabilida ish tutish oqibati edi...  

Adashmasam, o‘tgan yilni Rossiya “Adabiyot yili” deb nomladi va shu yilda bolalar adabiyotini rivojlantirish va uni ekranlashtirishga katta mablag‘ ajratdi. O‘rnak bo‘larli holat, albatta. 

Yana shuni ham alohida e’tirof etish kerakki, Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Qarori, 3 avgustda O‘zbekiston ziyoli ijodkorlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv va 14 avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq mualliflarga beriladigan qalam haqining 85 foizga ko‘paygani, bolalarga mo‘ljallangan asarlar uchun qalam haqi 2,5 barobarga ko‘tarilgani, shuningdek, Prezidentimizning Oliy majlisga murojaatnomasi yurtimiz ijodkorlari hayotida muhim o‘rin egallab, adabiyot sohasida o‘ziga xos inqilob bo‘ldi va har bir qalam tutgan shaxsning ertangi kunga ishonchini shubhasiz mustahkamladi. 

«Yaratganning o‘zi ato etgan yana bir bebaho boyligimiz borki, u ham bo‘lsa, xalqimizning beqiyos intellektual va ma’naviy — salohiyatidir» — deydi Prezidentimiz Sh.Mirziyoev. 

Beqiyos intellektual va ma’naviy salohiyatimiz samarasi o‘laroq, yaxshi asar yaratish uchun, avvalo, har bir ijodkor o‘z ona tilini yuksak darajada qadrlashi, bilishi lozim. Axir buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy umumbashariyat madaniy xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etgan. Har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o‘zligi, madaniy-ma’rifiy olami, milliy g‘oyasining asosi hisoblanishi ayni haqiqatdir. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning «Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak — millatning ruhini yo‘qotmakdur» degan hikmatli so‘zlari ham bejizga aytilgan emas.

Ijodkorlarimiz bu janrga unchalik talab yo‘q debmi, yoki janrning ko‘p e’tirof etilishiga qarabmi, balki tezroq tilga tushishga intilish nuqtai nazaridanmi moddiy manfaat, shuningdek, tan olinishga bo‘lgan xohishdan kelib chiqib asarlar yozayotgandir. Ehtimol, oliy ta’lim muassasalarining tegishli fakultetlarida bolalar adabiyotini o‘qitish, ijodkorlarni to‘g‘ri yo‘naltirish va tayyorlash susaygan bo‘lsa ajabmas. Qolaversa, bir paytlar mavjud bo‘lgan “ustoz-shogird” an’anasining bugun badiiy adabiyotda deyarli yo‘qolib ketgani ham bolalar adabiyotining rivojlanishiga keskin to‘sqinlik qilyaptimi? Shu tufayli, yarq etib chiqqan bolalar yozuvchisini ko‘rmayotgandirmiz. 

— Chindan ham so‘nggi yillarda bolalar adabiyotiga shiddat bilan kirib kelgan yozuvchi yoki shoirni ko‘rmadik. Bizning “Cho‘lpon” nashriyotimiz aynan bolalar nashriyoti hisoblanadi. Nashriyotimizda kitoblar chop etilyapti. Biroq avlodlarni o‘stiradigan, ongu-shuuringga, yurak-yuragingga o‘rnashib qoladigan kitob yaqin o‘rtada kelgani yo‘q, — deydi “Cho‘lpon” nashriyoti bosh muharriri Davron Ulug‘murodov. — Nashriyotlarning-ku iqtisodiy ahvoli ma’lum. Ba’zan adiblarimizning qalamlari sindimikan, degan xayolga borasan kishi. Ammo yozilayotgan, chop etilayotgan kitoblarni ham targ‘iboti o‘lda-jo‘lda bo‘lib turgan bir paytda yangi va zalvorli asarni ham o‘rtamiyona asarlar qatorida ko‘rgan kishini tabi xira tortishi turgan gap. Bir yoqadan bosh chiqarmas ekanmiz, bolalar adabiyotini rivojlantirish haqidagi gaplar quruq gap bo‘lib qolaveradi. 

Haqiqatning yuzaga chiqishida xasning ham hissasi bor, deydi huquqshunoslar. Shu ma’noda, bolalar adabiyotining rivojlanishi, targ‘ib etilishida asosiy rol o‘ynaydigan adabiyotshunoslarimiz, olimlarimiz, tanqidchilarimiz nega mum tishlab olishgan. Yaqin orada “o‘h, nuqtasiga uribdi” deydigan tanqidiy maqolani ko‘rmadik. Adabiy tanqidchilarimiz chop etilayotgan bolalar adabiyotiga oid kitoblar xususida nega yozishmayapti... Hajmi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, adabiyotshunoslarimiz emasmi o‘quvchilarga asarning yaxshi-yomonini ajratib beradigan. Sho‘rvasining sho‘rvasi bo‘layotgan tarjimalarni o‘quvchilar qo‘lidan uloqtirishga undaydiganlar ham tanqidchilarimiz emasmi? Ammo umidimiz bor: hozirgacha paysalga solinib kelinayotgan ishlarni Prezidentimiz, xalqimiz ishonch bildirayotgan yoshlar qiladi. Birining qalamida siyoh tugar, birining iste’dodi chalg‘ir... Lekin albatta, biri bo‘lmasa biri yaqin orada “portlab” chiqadi, bolalar adabiyotining qahramoniga aylanadi. Xuddi shu nuqtai nazardan olganda, bu kabi evrilishlar adabiy tanqidchilikda ham, noshirchilikda ham hodisa sifatida ro‘y berishiga shubha yo‘q. 

 

Faqat bugina emas, bugungi kunda yosh ijodkorlarning kitobini chop etish borasida noshirlar va nashriyotlar tomonidan izchillik ko‘zga tashlanmayapti. Kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, kitob va kitob mahsulotlarini targ‘ib qilish va chop etish borasidagi qator Qaror va Farmonlarga ko‘r-ko‘rona yondashish tufayli yuzakichilik yuzaga kelmoqda. Nashriyotlar tomonidan mablag‘ning yo‘qligi, she’riy yoki taniqli bo‘lmagan ijodkorlarning kitobi sotuvda o‘tmasligi vaj qilib ko‘rsatilish holatlari ham uchrab turibdi. Darvoqe, she’riy kitoblar masalasida: nima emish, xaridorgir emasmish. Ajabo, bog‘chada she’r, maktabda she’r, uyda she’r, to‘yda she’r, sahnada she’rlar o‘qilib tursa-yu, do‘konlarda shoirlarning kitoblari yo‘q. Borlari ham sanoqli... Ammo endi bu boshqa masala...

Shavkat ODILJON

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.