PUBLISISTIKA – davr bilan hamnafas ijod. 1-maqola

Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Badiiy publitsistika kengashining navbatdagi hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma mutasaddilari, publitsist adiblar, olimlar va yosh ijodkorlar ishtirok etdilar.

 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, Badiiy publitsistika kengashi raisi O‘ktam Mirzayor va boshqalar bugungi kunda ijodkorlar oldida turgan dolzarb masalalar mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlangan 2017 yilda amalga oshirilgan ulug‘vor ishlar haqida qay darajada yoritib borilgani hamda galdagi vazifalar haqida so‘z yuritdilar. 

Yig‘ilishda 2017 yil mobaynida gazeta, jurnal, internet saytlarida yoritilgan, shuningdek, alohida to‘plam holida nashr etilgan badiiy publitsistik materiallar tahlil qilindi.

Quyida qator jurnallarda hamda internet saytlarida yoritilgan publitsistik asarlar tahliliga bag‘ishlangan maqola havola etilmoqda.  

 Bugungi publisistikamiz haqida so‘z yuritganda mamlakatimizda 2017 yil – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlangani hamda shunga yarasha jamiyatimizda qanday tub o‘zgarishlar yuz berayotgani-yu, bu jarayonlar adiblarimiz ijodida qay darajada o‘z aksini topayotganiga e’tibor qaratish darkor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 3 avgust kuni yurtimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvida aytilgan ko‘pgina fikrlari, ilg‘or g‘oyalari qalam ahli uchun o‘ziga xos “yo‘l xaritasi”ga aylanib qoldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Davlatimiz rahbarining “Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” sarlavhali o‘sha ma’ruzasida ijod ahli bilishi, dildan his etishi zarur bo‘lgan ayrim fikrlarga e’tibor qaratamiz: 

– 15-20 yildan keyin O‘zbekistonning madaniy rivojlanishi qanday kechadi, bugun biz yashayotgan Internet va yuksak texnologiyalar asrida adabiyot va san’at, madaniyatimizning o‘rni va ta’sirini nafaqat saqlab qolish, balki qanday qilib uni kuchaytirish mumkin, degan to‘g‘ri va odilona savollar barchamizni, birinchi navbatda, xalqimizning eng ilg‘or vakillari bo‘lgan ijod ahlini o‘ylantirishi zarur emasmi? 

Hozirgi paytda yurtimizda turli mulk shakliga ega bo‘lgan 1513 ta ommaviy axborot vositasi, shuningdek, 122 ta nashriyot faoliyat olib bormoqda. Ammo ularning barchasi ham bizning milliy g‘oyamizni rivojlantirish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilyaptimi, degan savol ko‘ndalang turibdi. 

Bu fikrlarni – davr hikmati, deb ta’riflaging keladi. Bu hikmatlar – tom ma’noda hayot haqiqatiga aylanib qolmog‘i uchun har bir qalamkash hayotga teran nazar bilan qarab, izlanmog‘i zarur. Davlatimiz rahbarining quyidagi so‘zlarini barcha ijodkorlar zimmasiga yuklatilgan eng muhim vazifalar sifatida qabul qilishlarini istardim: 

– Bugungi kunda O‘zbekiston ulkan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylanmoqda. Zamonaviy korxona va inshootlar, avtomobil va neft zavodlari, to‘qimachilik kombinatlari, erkin iqtisodiy zonalar barpo etilyapti. Yangi-yangi konlar ishga tushirilmoqda, mintaqa va hududlarimizda avtomobil va temir yo‘llari, suv omborlari, muhtasham ko‘priklar, aholi uchun arzon uy-joylar, ko‘plab ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va sport markazlari qurilmoqda, minglab gektar maydonlarda katta-katta bog‘-rog‘lar yaratilmoqda. Eng muhimi, murakkab va og‘ir, chuqur bilim va tajribani talab qiladigan sharoitlarda, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan, mana shunday katta loyihalarni kim amalga oshiryapti, kim bu ishlarni qilyapti? O‘zimizning odamlar, o‘zimizning yigit-qizlarimiz. Ana shu qora ko‘zlarning mehnati va jasorati, Vatanga fidoyiligi har qanday e’tirof va tahsinga loyiq emasmi? Bunday bunyodkorlik ishlari har qanday ijodkor uchun ilhom manbai bo‘lib, yangi asarlar uchun mavzu bo‘lib xizmat qilishi mumkin. 

Zamonamizning haqiqiy qahramonlari bo‘lgan mana shunday quruvchi va muhandislar, dala zahmatkashlari haqida, jonkuyar muallim va shifokorlarimiz, jasur harbiylarimiz, navqiron yoshlarimiz erishayotgan yutuq va marralar haqida sizlar yozmasangiz, Vatanimiz tarixining badiiy solnomasini sizlar yaratmasangiz, kim yaratadi? Agar biz iste’dod va mahoratimizni shu muqaddas zamin, shu olijanob xalqimiz uchun safarbar etmasak, hazrat Navoiy aytmoqchi, bu hunarni asrab nima qilamiz, qaerga opketamiz uni? 

Bu hayotbaxsh va ilhombaxsh so‘zlar navbatdagi publitsistikamiz mavzulariga zamin yaratishi shubhasiz. Demak, uni o‘qish barobarida tub mazmun-mohiyatini uqish, anglash, his etish lozim. Bu ezgu fikrlar ijodimizda – ezgu so‘zlarga ulanmog‘i va o‘z navbatida ezgu amallarga aylanmog‘i zarur. 

Publitsistikaning OAVda yoritilishi masalasiga kelganda shuni aytish joizki, u imkon qadar tezroq, hozirjavoblik bilan ommaga yetkazilishi maqsadga muvofiqdir. Unda ko‘tarilgan muhim va dolzarb masalalardan odamlar qancha tez xabardor bo‘lishsa, shuncha yaxshi. Negaki, publitsistika o‘quvchi qalbini ma’nan boyitish bilan bir qatorda insonni o‘ylashga, fikrlashga undaydi. Ko‘pdan ko‘p fikr chiqadi, deganlaridek, ba’zi masalalar yechimini ijobiy hal etishda jamoatchilik fikri ham g‘oyat muhim. Demak, tezkor xabar kabi publitsistikani ham ommaga tezkorlik bilan yetkazish maqsadga muvofiqdir. Bu borada milliy internet saytlarining o‘rni beqiyos. 

2017 yil dekabr oyida www.uza.uz saytida yoritilgan adib Ahmadjon Meliboevning “Jurnalistga jur’at kerakmi?” sarlavhali publitsistikasidagi quyidagi da’vatkor so‘zlar hech kimni befarq qoldirmaydi: “Dunyo davlatchiligi tarixidan ma’lumki, davlat boshqaruviga kelgan har bir rahbar o‘z faoliyatini islohotlardan boshlaydi, boshqaruv tizimiga, qonunchilikka turli o‘zgarishlar kiritilishiga harakat qiladi. Ammo bu harakatlarning barchasi ham kutilgan natijani bermaydi. Buning sababi shuki, islohotlar bir kishining xohish-istagini emas, butun xalqning, el-yurtning, jamiyatdagi barcha qatlamlarning, sodda qilib aytganda, kattayu kichik, yoshu qari, sog‘lom va dardmanning xohish-istagini, davlat, jamiyat va millat manfaatlarini, yondosh va jondosh qo‘shnilar, uzoq-yaqindagi hamkorlar, strategik sheriklar bilan bo‘ladigan aloqalar rivojiga uyg‘un va hamohang bo‘lsagina amalga oshadi. Bunday xususiyatlarga ega bo‘lmaganlari esa qog‘ozlarda qolib ketadi”. Axir, bu har bir ongli fuqaro dilidan kechayotgan o‘ylarga hamohang fikr-ku. 

2017 yilda www.kitobdunyosi.uz saytida Ahmadjon Meliboevning qator publitsistikalari yoritildi va ularni o‘quvchilar katta qiziqish bilan kutib oldilar. Adibning “Aytmatov afsonasi” sarlavhali publitsistikasida “Yozuvchi xalqimiz tarixi va madaniyatini, boy ma’naviy merosimizni yaxshi biladi, chuqur his etadi, buyuk allomalarimiz bilan o‘zbek xalqi kabi faxrlanadi. Uning qissa va romanlarida, publitsistik maqolalarida O‘zbekiston, o‘zbek xalqi, qadim tariximiz, ajdodlarimizning buyuk ma’naviy merosi, Samarqand va Buxoro tarixi bilan faxrlanish, Orol ko‘lining taqdiri bilan bog‘liq o‘rinlar ko‘plab uchraydi, publitsistik maqolasi g‘oyat ahamiyatlidir” degan fikrlari har bir o‘quvchida iftixor tuyg‘usini jo‘sh urdiradi. 

Adibning www.kitobdunyosi.uz, http://dia.uz saytlarida yoritilgan “Kompyuter hunar ko‘rsatganda...”, “Oq uy”ning qirq beshinchi sohibi” kabi publitsistikalari haqida ham shunday iliq fikrlar aytishimiz mumkin. 

2017 yil mart oyida http://hordiq.uz saytida yoritilgan adib va olim Xurshid Do‘stmuhammadning “Hayot haqiqatlari” sarlavhali publitsistikasi o‘quvchini mushohadaga chorlaydi. “Inson hayoti o‘rganishdan iborat. Tug‘ilganidan to umrining so‘nggi lahzasigacha biron daqiqa bo‘lsin, o‘rganishdan to‘xtamaydi odam, – deb yozadi muallif. – Bu jarayon goh ixtiyoriy, goh ixtiyorsiz sur’atda davom etadi. Shu maqsad, shu niyatda u o‘zidagi bor imkoniyatni safarbar etadi: ko‘zi, qulog‘i, fahm-farosati, ilmi-bilimi, xotirasi, zakovati, iste’dodi, epchilligi, uddaburonligi, boyligi… yana allaqancha “vositalari” ham yalpisiga uning o‘rganishi yo‘lida tinim bilmay xizmat qiladi”. Mazkur publitsistika va adib taqdim etgan bitiklar o‘quvchi tafakkurini boyitish bilan bir qatorda uni ilg‘or fikrlashga chorlaydi. 

2017 yilda internet saytlarida yoritilgan Sharifa Salimova, Zulfiya Mo‘minova, O‘ktam Mirzayor, Farida Afro‘z, Abdumajid Azim, Risolat Haydarova, Sharofiddin To‘laganov, Baxtiyor Haydarov, Murod Abdullaev, Humoyun Akbar kabi ko‘plab ijodkorlarning dolzarb mavzudagi publitsistikalarida davrimizning dolg‘ali voqea-hodisalari yuksak mahorat bilan tasvirlanganini e’tirof etish mumkin. 

Bunday mavzular qator jurnallarda ham keng o‘rin olgan. Jumladan, “Sharq yulduzi” –jurnalining har bir sonida “Publitsistika” rukni muntazam ravishda berilayotgani mualliflarni ham ilhomlantiradi. 

Jurnalning 2017 yil 1-sonida Sirojiddin Raufning “Zamon shiddatiga mos yangi marralar” sarlavhali publitsistikasida o‘quvchi e’tiborini tortadigan quyidagi fikr va tashbehlarni o‘qiymiz: “Bir yil aslida sayyoramiz hayotida katta vaqt emas. Lekin bir yil davomida kechadigan uch yuz oltmish besh kun inson, jamiyat, va nihoyat, mamlakat hayotida chuqur iz qoldirishga, ulkan o‘zgarishlar yasashga qodirdir”. 

Muallif “Yangi yilni qanday kutib olsang, yil bo‘yi shunday yashaysan”, degan naql yuradi. Biz 2017 yilni katta orzu-umidlar, muhimi, yangi marralarni zabt etishga qat’iy ishonch ruhida qarshiladik”, deya mavzuga ko‘tarinki ruh beradi. Yangi yilning ilk kunlarida Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi Farmoyishi e’lon qilingani xalqimizni, ayniqsa, ziyolilarimizni to‘lqinlantirib yubordi. Bu Farmoyish mustaqil mamlakatimizda shaxs kamoloti va jamiyat kelajagi uchun davlatimizning juda katta e’tibori, intellektual taraqqiyotimizni ta’minlashdagi g‘amxo‘rligi namunasi ekanligi va u jamiyatimizning ma’naviy rivojida qanchalik muhim o‘rin tutishi ushbu publitsistikada teran tahlil etilgan. 

Jurnalning 2017 yil 2-sonida Azamat Haydarovning “Ma’naviy jasorat timsoli” sarlavhali publitsistikasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori xalqimiz ko‘nglidagi niyatning yorqin ifodasi bo‘lgani va ushbu qaror ijrosi ijtimoiy-ma’naviy hayotimizda muhim voqelik bo‘lgani teran tahlil etiladi. “Inson yaralibdiki, ilmga, ma’rifatga intiladi. Shuning uchun ham madaniyat hukmdorlar, olimlar va taraqqiyparvar ziyolilar e’tiborida bo‘lib kelgan. Tarixdan ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur milliy davlatchiligimizning shakllanishida muhim o‘rin tutadigan omillardan biri hisoblangan madaniyat rivojiga katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan siymolardan biridir. Ayni paytda biz O‘zbekiston yangi milliy davlatchiligining asoschisi sifatida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan madaniyat va san’atga ko‘rsatilgan juda katta g‘amxo‘rlikning ba’zi bir jihatlari haqida qisqacha to‘xtaldik, xolos” deb yozadi muallif. 

Taniqli jurnalist Shuhrat Jabborovning jurnal 3-sonidan o‘rin olgan “Shunday o‘lka doim bor bo‘lsin!..” sarlavhali publitsistikasida milliy qadriyatlarimiz o‘ziga xos tarzda tasvirlanadi: “Ba’zan xorij filmlarida, e’tibor qilsangiz, qahramonlar uchrashishganda oddiy salom-alikni ham nasiya qilib, muomalaga kirishib ketaveradi. Bizda-chi? So‘z boshi – assalom! Aytaylik, hosil yig‘ishtirayotgan yurtdoshimiz huzuriga kelgan mehmon, albatta, “Hormanglar, xirmonga baraka!” deya mehrini namoyon etishi tabiiy. Bu lutfga, albatta, “Salomat bo‘ling, umringizga baraka!” degan javob olinadi,– deb yozadi muallif.– “Umringizga baraka”. Naqadar ezgu, samimiy tilak! Uzoq yillar hayot kechiring, mehnatlaringiz huzurini ko‘ring, niyatlaringizga yeting, degan katta ma’no bor shu lo‘nda xalqona iborada”. 

Jurnalning 4-sonida yoritilgan O‘ktam Barnoevning “Bunyodkor el himmati” sarlavhali publitsistikasida asosiy e’tibor iqtisodiy tahlillarga qaratiladi. “Bir paytlar gektaridan bir amallab 18-20 tsentnerdan hosil olinib kelgan bo‘lsa, endilikda yerning haqiqiy sohibi paxta hosildorligini 29-32 tsentnerga yetkazmoqda. Bu mirishkorlar yetishtirayotgan paxta, g‘alla, poliz, sabzavot va boshqa xomashyo hamda noz-ne’matlar nafaqat buxoroliklar ehtiyojini qondirmoqda, balki bu ne’matlardan mamlakatimiz, eksport asnosida dunyo ahli bahramand bo‘lmoqda” deb yozadi muallif. Ayni paytda Buxoro viloyati iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari haqida so‘z yuritar ekan, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi tarkibiga yiliga 8,1 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod, 114 ta qazish qudug‘i, 11 ta maxsus maydon va 4 ta yig‘uv punktini o‘z ichiga olgan tabiiy gazni to‘plash tizimi kirishini, 370 kilometr gaz quvuri, 160 kilometr avtomobil yo‘li qurish rejalashtirilgan bu loyiha O‘zbekiston gaz konlarini o‘zlashtirishni yangi bosqichga ko‘tarishi, ushbu zavodda 2 mingdan ziyod doimiy ish o‘rni yaratilishini teran tahlil etadi. 

So‘nggi paytlarda matbuotda, milliy internet saytlarida Surxondaryo vohasida amalga oshirilayotgan ulug‘vor ishlar, viloyat  rahbari Erkinjon Turdimovning tashabbusi haqida ko‘plab maqolalar yoritilmoqda. Jurnalning 5-sonida uning “Quyosh ardog‘idagi yurt” deb nomlangan badiasida Surxon vohasining bugungi manzaralari, turfa muammolar yechimi qanday hal etilayotgani teran tahlil etiladi. 

“Viloyatimizning iqtisodiy salohiyati, tabiiy imkoniyatlari mamlakatimiz taraqqiyotida alohida ahamiyatga ega ekanligi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ham takror va takror ta’kidlanmoqda,– deb yozadi muallif.– Shu bilan birga davlatimiz rahbari bu yurtning, bu zaminning buyukligi faqat iqtisodiy imkoniyatlariyu sarxil ne’matlari orqaligina emas, balki o‘z aqlu zakovati bilan dunyo tamadduniga munosib ulush qo‘shgan, yaratgan ixtirolariyu bitgan asotirlari bilan bani bashar yo‘lini yoritgan bobokalonlarimiz nomlari ila e’tirof etilajagini ham faxr ila ta’kidlamoqda”. 

Azaldan ma’rifatparvar elning bugungi avlodlari uchun ana shu ma’naviy ne’matning qadri o‘zgacha. Jurnalning 6-sonida yoritilgan Turobjon Jo‘raevning “Ma’rifatga yo‘l ochgan zamin” sarlavhali publitsistikasi yunon solnomachisi Istaxrining Samarqand haqidagi so‘zlari bilan boshlangan: “Marokand Sug‘di shunday joyki, u men ko‘rgan boshqa hech qaysi shaharlarga o‘xshamaydi. Birorta tepalikdan turib atrofga qaralsa, ko‘z faqat yashillikka tushadi. Har bir qal’a va shahar yam-yashil daraxtlar qo‘ynida ko‘rinadi. Go‘yo yashil parchadan tikilgan libosning har qaerida yarqirab ko‘ringan bezaklardek, ariqlar, hovuzlar va chiroyli qal’alar bor…” 

Jurnalning 7-sonida yoritilgan Po‘lat Bobojonovning “So‘z qadrini baland tutgan el” sarlavhali publitsistikasida Xorazm ahli azaldan o‘z qadrini va so‘z qadrini yuksak tutib kelishiga e’tibor qaratadi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 27-28 yanvar kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi davomida tashkil etilgan xalq qabulxonalarini borib ko‘rganida, dehqonlar va tadbirkorlar, ziyolilar, viloyat faollari bilan uchrashganida aytilgan hayotbaxsh so‘zlar qanchalik voqelikka aylanib borayotgani teran tahlil etilgan. 

Jurnalning 9-sonida o‘ulomjon Ibragimovning “Beqiyos imkoniyat va salohiyat maydoni” sarlavhali publitsistikasida Toshkent viloyati yangi markazi haqida quyidagi fikrlar bor. “Qariyb 2 milliard AQSh dollari hisobidan bunyod etiladigan yangi kent Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mamlakatimizning eng go‘zal, eng zamonaviy, eng taraqqiy etgan shaharlaridan biriga aylanishiga aslo shak-shubha yo‘q, – deb yozadi muallif. – Nurafshon bejiz viloyatimiz markaziga aylantirilmadi. Uning geografik joylashuvi talabga har jihatdan mos. Unga viloyatimiz shahar va tumanlaridan qatnash qulay va yaqin”. 

Jurnalning ushbu sonidan o‘rin olgan Zarifa Eralievaning “Oqayotgan daryo” sarlavhali publitsistikasida 1985 yildagi ayanchli voqealar, xususan, “Paxta ishi”, “Pilla ishi”, “O‘zbeklar ishi” nomi bilan “qama-qama”lar avj olgan, mehnatkash o‘zbek xalqi boshiga tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirilgan musibatli kunlarning birida Oqqo‘rg‘on tumanidagi Navoiy nomli xo‘jalik raisi Ubaydulla Isroilovning boshidan kechgan ko‘rguliklar juda ta’sirli yoritilgan. 

Jurnalning 10-sonida yoritilgan Ergash Solievning “Mehnat balog‘idan daryo yaralgay”, Murod Abdullaevning “Oliyhimmat odamlar”, 11-sonida Qobiljon Tursunovning “Taraqqiyotning yangi to‘lqini”, 12-sonida Qahramon Sarievning “Yangilanish va yuksalishlar yo‘li” sarlavhali publitsistikalarda ham davrimiz qahramonlari siymolari yuksak mahorat bilan yaratilgan. 

“Yoshlik” jurnalida yoritilgan publitsistikalar ham dolzarbligi, mavzulari rang-barangligi, yuksak mahorat bilan yozilgani bilan o‘quvchi e’tiborini o‘ziga jalb etadi. Chunonchi, jurnalning 2017 yil 1-sonida o‘afur Shermuhammadning “Yo‘lbars yuragini yegan ayol”, 3-sonida O‘rozboy Abdurahmonovning “Boysunda tong otdi”, 6-sonida Rustam Musurmonning “Salom, Zomin tog‘lari!”, 9-sonida Ilhom Ahrorning “Sham va bo‘ron”, 11-sonida Husan Maqsudning “Bo‘stonliq bag‘ridagi bedorlik”, 12-sonida yoritilgan Nodir Jonuzoqning “Ezgu orzular ro‘yobi” sarlavhali publitsistikalari davrimizning o‘ziga xos solnomasiga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

 

Xulosa o‘rnida aytish joizki, 2017 yil – publitsistlar uchun o‘ziga xos ijod, yangi-yangi mavzularga limmo-lim yil bo‘ldi, desak mubolag‘a hisoblanmaydi. Aslida, qalam ahli bundan ham barakaliroq ijod qilishlari va davrimiz qahramonlari siymolarini yuksak mahorat ila yaratishlari uchun imkoniyatlar beqiyosdir. Umid qilamizki, bu yil ortda qolgan damlarda ulgura olmagan ishlarimizni poyoniga yetkazib, haqiqiy “davr solnomasi” deyishga arzigulik publitsistik asarlar yaratishimiz ham farz, ham qarzdir. 

 

To‘lqin ESHBEK, 

O‘zMU dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.