Uyimizga “Hurriyat” keldi

– Buvijon, qarang, uyimizga gazeta olib kelishdi, – suyunchiladi nabiram yugurgancha yonimga kelib. – “Hurriyat” gazetasi ekan, siz obuna bo‘lganmidingiz?

 

– Yo‘q, – dedim ajablanib. – Balki yanglishib tashlab ketishgandir. Kim olib keldi o‘zi, qani ko‘ray-chi.

–Bir ayol tashlab ketdi.

Ko‘chaga chiqib u yoq, bu yoqqa qaradim, hech kim ko‘rinmadi. Gazetani kelinimning qo‘liga tutqazdim-da: 

 – Bu gazetani ehtiyot qilib olib qo‘ying. Pochtachi ayol manzilni adashtirib yuborgan ko‘rinadi, qaytib kelsa, berib yuboring, – deb tayinladim.

Ertasi kuni masala oydinlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan uyushma qoshidagi “Ilhom” fondi hisobidan   matbuot sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan 400 nafar jurnalist “Hurriyat”ga obuna qilinibdi. Pochtachi ayol manzilda yanglishmabdi, bu faxriy jurnalistlar qatorida men ham bor ekanman. Bunday e’tibordan boshim ko‘kka yetdi. Ayniqsa, keksalik gashtini surib, nafaqada o‘tirgan hamkasblarimiz bu yangilikdan behad mamnun bo‘lishdi...

– Oyijon, kechagi gazeta juda qiziqarli, mavzulari rang-barang ekan, – deb qoldi kechki ovqat mahali kelinim. – Undagi tanqidiy-tahliliy maqolalarni qoldirmay o‘qib chiqdim.  Lekin hali pochtachi ayol kelganicha yo‘q... Biz ham birorta  gazeta yoki jurnalga obuna bo‘laylik. Bo‘sh vaqtlarimizda o‘qirdik. Gazeta do‘konlariga borishga har doim ham fursat ajratolmaymiz-ku...  

Pochtachi ayol to‘g‘ri manzilga olib kelganini, endi yil davomida uyimizga “Hurriyat” kelib turishini aytgandim, go‘dak parvarishi  bilan mashg‘ul bo‘lib, uyda o‘tirgan kelinim quvonib ketdi. Lekin uning gaplari meni o‘ylantirib qo‘ydi. 

Haqiqatan ham, nega keyingi paytlarda ko‘pchiligimiz matbuot nashrlariga uy manzilimiz orqali obuna bo‘lmay qo‘ydik? Yodimda bor, avvallari pochtachilar darvozamizga ilingan pochta qutisiga bir talay gazeta-jurnallar tashlab ketardi. Har bir oila a’zosi uchun yoshiga, qiziqishlariga mos nashrlar kelardi. Dadam asosan ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi nashrlarni  o‘qirdi. Onamga “Saodat”, bizga esa bolalar nashrlari kelardi, ularni talashib, tortishib o‘qib chiqardik. Endilikda esa... O‘zim-ku, jurnalistman, tahririyatimizga keladigan davriy nashrlar bilan har kuni tanishib chiqaman. Lekin nabiralarimni, demakki, kelajagimiz vorislarini tarbiyalayotgan kelinim, hademay bir xonadonning bekasi bo‘ladigan bo‘y qizim-chi, ularning ma’naviy ehtiyoji qanday qondirilyapti? Turli yoshdagi nabiralarim  nimalarni o‘qishyapti? Shu kabi savollar girdobida qoldim. 12 yoshli nabiramdan, maktabda qaysi  nashrga obuna bo‘lganini so‘ragandim: “Obuna uchun sinfimiz bilan pul yig‘ib berganmiz. Bizni qandaydir gazetaga obuna qildirishgan, lekin nomini bilmayman”, degan mujmal javobni eshitib, ko‘nglim xijil bo‘ldi. Shunda tahririyatimizga  kelgan bir maktubning mazmuni  beixtiyor yodimga tushdi: “... Ikki qizimni qo‘shni qishloqqa turmushga uzatganman. Qizlarim bilan tez-tez ko‘rishib, diydorlashib  tursak-da, ularga aytar so‘zlarimni, kelinlik, ayollik odobi, oila, ro‘zg‘or tutumi, farzand tarbiyasiga oid pandu nasihatlarimni xat orqali yozib yuboraman. Bu gapim kimlar uchundir erish tuyular, hozirgi texnika asrida, internet, mobil aloqalar rivojlangan bir paytda xat yozib, uning javobini kutib o‘tirishga ne hojat, deydiganlar ham topilar. Lekin, men muloqotning eng samarali, ta’sirchan vositasi baribir maktub bo‘lib qolaveradi, deb o‘ylayman. Afsuski, yozishmalarimizni ololmay dilimiz hufton bo‘ladi. Obuna bo‘lgan nashrlarimizning qo‘limizga yetib kelmayotgani ham biz – obunachilarni ranjitadi. Aloqa bo‘limi bilan bog‘liq bunday muammolar bo‘lmaganida, men uchun ota-onam bag‘rida o‘tgan ma’sud damlarim, bolaligim, yoshligim bilan bog‘liq xotiralarim kabi qadrli bo‘lgan “Saodat” jurnaliga obuna bo‘lardim. Bu sevimli nashrimni matbuot do‘konlaridan ham topa olmayman. “Bekajon”, “Sug‘diyona”,  “Darakchi” kabi tijorat nashrlariga aslo e’tirozim yo‘q, lekin hech biri onaxon jurnalimiz “Saodat”ga bo‘lgan sog‘inchimni qondira olmaydi. U qalb tug‘yonlarimni o‘rtoqlashadigan yagona sirdoshim...”. 

Navoiylik kuyunchak muallifimiz Gulhayo Mannonova qalamga olgan ushbu muammo nafaqat uni, balki ko‘plab obunachilarimizni ham o‘ylantirayotgani tahririyatimizga bo‘layotgan telefon qo‘ng‘iroqlari yoki og‘zaki murojaatlardan ham ayon bo‘lyapti. Yechimi aloqa bo‘limi xodimlari bilan osongina hal bo‘ladigandek ko‘ringan bu masala chuqurroq tahlil qilinsa, ildizi katta muammolarga borib taqaladi.  

Mahalla faollaridan bo‘lgan poytaxtlik  bir onaxon ham aynan shu masalada bizga telefon qilib, mahallasida yashovchi bir necha ayollarni “Gul chehralar” gazetasiga obuna qildirganini, lekin gazeta egalariga vaqtida yetkazib berilmayotganini aytgan edi. Bu holat o‘rganilganda, pochtachi ayol: “Hozir ko‘p qavatli uylardagi xonadon eshiklarining birortasida pochta qutisi yo‘q. Xonadon egalarining uyda bo‘lishi bor, bo‘lmasligi bor, men gazetalarni yo‘lakka tashlab keta olmayman-ku, axir!” tarzidagi javobni bergandi.

Pochtachi ayolning e’tirozi o‘rinli. Hozir ko‘p qavatli uylardagina emas, balki mahallalardagi aksariyat xonadonlarda ham pochta qutilarining yo‘qligi ayni haqiqat! Mana sizga mushtariylarning gazeta, jurnal mutolaasidan uzoqlashishiga sabab bo‘layotgan yana bir jihat!

Kasbimiz taqozosi bilan maktablar, litsey va kollejlarda bo‘lamiz, o‘quvchilar davrasida “Saodat”xonlik kechalari”, uchrashuvlar o‘tkazamiz. Ba’zan muloqotlar chog‘ida muallimalardan: “Nima uchun har yili obuna mavsumi oldidan tavsiya qilinadigan nashrlar ro‘yxatida “Saodat” jurnali yo‘q? Bo‘lganida biz unga bajonidil obuna bo‘lar edik. Jamoamiz bilan o‘rtada pul yig‘iladi va taqsimotga kiritilgan nashrlargagina obuna qilinadi. Aslida obuna bo‘lingan nashrlarning hammasi ham biz uchun kerakli, qiziqarli emas”, tarzidagi e’tirozlarni eshitib qolamiz. Farzandlar kamolini o‘ylagan oqil Yurtboshimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishni davlat siyosati darajasiga ko‘tarayotgan, fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni kitobxonlikka qaytarish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda, obuna borasida eskirgan usullardan voz kecholmayotganimiz, bu jarayon mushtariylarning ma’naviy ehtiyojiga qarab emas, qandaydir manfaatlarni ko‘zlab amalga oshirilayotganini qanday izohlash mumkin?! 

Bugungi kunda har bir insonni tashvishga solayotgan jamiyatimizdagi illatlar, nafaqat erkaklar, balki xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar ildizi aynan ma’naviyatsizlikka borib taqalmayaptimi? Yosh oilalarda ajrashishlarning ortib borayotganiga ham ularning ma’naviy qashshoqligi sabab bo‘lmayaptimi?! O‘smirlar orasidagi huquqbuzarlik, jinoyatchilik holatlarining aksariyati ota-onasi qo‘lida kitob, gazeta-jurnal ko‘rmay voyaga yetayotgan bolalar hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ham ayni haqiqat-ku!

Germaniyalik mutaxassislar bir tadqiqot o‘tkazishibdi. Uning natijalariga ko‘ra mamlakatda sodir etilayotgan jinoyatlarning 87 foizi kitob o‘qimaydigan odamlar hisobiga to‘g‘ri kelar ekan. Demak, milliy madaniyatimizning eng nodir ko‘rinishlaridan bo‘lgan kitobxonlik, unga yo‘l ochuvchi gazetxonlik, jurnalxonlik  madaniyati  shaxsning ma’naviy kamoloti uchungina emas, davlat, jamiyat osoyishtaligi uchun ham  juda muhim ekan. Zero, insonlar qalbi ma’rifat ziyosidan nurlanib turmog‘i zarur. 

–Bugun davralarda, yoshlar kitob o‘qimay qo‘yishdi, degan fikr ko‘p aylanadi. Nazarimda o‘g‘il-qizlarimiz bugun har doimgidan ham ko‘proq o‘qishyapti, internet orqali, mobil telefonlari orqali o‘qishyapti. Faqat bizni, yoshlarimiz nimalarni, kimlarning asarlarini o‘qishyapti, degan savol doimiy ravishda bezovta qilishi zarur. “Ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi ma’naviy tahdidlar ularning ongiga, tafakkuriga, tarbiyasiga daxl qilmayaptimi?! Yovuz niyatli kimsalar buzg‘unchi g‘oyalari bilan dilbandlarimizni noto‘g‘ri yo‘llarga boshlamayaptimi?! Turli oqimlar e’tiqodini sinovdan o‘tkazmayaptimi?! Shu kabi savollarga “yo‘q” deya javob qaytara olishimiz uchun farzandlarimiz qo‘liga yoshiga, qiziqish va intilishlariga mos, ma’naviy kamolotiga  ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan kitoblarni, nashrlarni tutqazish bizning asosiy  vazifamizdir. Oilada mutolaa madaniyatini shakllantirish maqsadida dunyo tajribasiga tayangan holda nashrlar obunasi pochta orqali uy manzillariga rasmiylashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Toki, yurtimizdagi har bir xonadonga  gazeta, jurnallar kirib borsin.

Xullas, birgina “Hurriyat” gazetasining xonadonimizga kelishi dilimdagi shuncha gapni to‘kib solishimga turtki bo‘ldi. Uyimizga “Hurriyat”ning eshik ochib kelgani rost bo‘lsin!  Xulosa o‘rnida,  ustoz shoir o‘afur o‘ulomning bozorga bozorlik qilish uchun borganingizda hech bo‘lmasa bitta kitob sotib olib, uyingizga qo‘yib qo‘ying, bolalaringiz uning ustidan hatlab o‘tsa ham, hech bo‘lmaganda bitta harfini ilib oladi, degan hayotiy fikrini keltirishni joiz topdik. 

 

Feruza JALILOVA,

Jurnalist