TAHRIRIYATLARDAGI KO‘HNA AKSIOMA yoki eski hammom, eski tosdan qachon va qanday qutulamiz?

Gazetxonga ma’lumki, “Hurriyat” – O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi nashri sifatida viloyat va tumanlar gazetalari sharhini yo‘lga qo‘ygan edi. Bundan maqsad – bir-birimizga ko‘zgu bo‘lish, kamchiliklarni bartaraf etib, mushtariylar qo‘liga sifatli mahsulot yetkazib berish, ommani gazetxonlikka chorlashdan iborat. Ushbu faoliyatni davom ettirib, bugungi sonda e’tiborni Namangan viloyatiga qaratdik.

 

Bir donishmandga ikkita xabar bor, biri yaxshi, biri yomon, qaysi biridan boshlaylik deyishsa, “Yomonidan boshlay qoling, so‘nggida yaxshisini eshitsam, yomonini hazm qilish oson bo‘ladi”, degan ekan. Biz ham shu yo‘ldan borib, avval nashrlarda ko‘p uchrayotgan xatolarga to‘xtalishni lozim topdik.

Gazetalarni qo‘lga olishingiz bilan birinchi galda shakl ko‘zga tashlanadi. Afsuski, shaklda oqsash, ya’ni mas’ul kotib va dizaynerlarga tegishli xatolar hamon barham topmayapti, aksariyatida uchraydigan kamchilik matnlarning noto‘g‘ri joylashtirilishi bo‘lib qolayotir. Yonma-yon turgan ikki maqola biri o‘ta siqiq, biri erkin bo‘lishi mumkinmi?! Tahririyat xodimlari, jumladan, professional jurnalist gazetalar uchun belgilangan me’yorlardan xabardor bo‘lishi kerak emasmi?! 9 shrift bilan qatorlar oralig‘i 1,5 millimetr bo‘lishi zarurligi haqida ko‘p gapirildi, yozildi, ammo negadir mas’ullar ushbu talabga qo‘l siltab kelishmoqda. Hatto so‘zlar oralig‘i (probel) ham betartib, go‘yo matn sochib yuborilganday, ayrim qatorlarda ikkita so‘zu, biri bu boshda, biri u boshda joylashib qolgan. Sarlavhalar uchun tanlangan shriftlar ham qoniqarsiz. Bir xil hajmni egallab turgan ikki maqolaning sarlavhalari biri katta, biri ancha mayda qilib berilgan. Tirening o‘rnida va kichik chiziq zarur paytda ham bir xil chiziqchadan foydalanilgan. Sarlavhalar diqqatni tortmaydigan darak gaplardan iborat: Masalan, “Nomzod qo‘llab-quvvatlandi”, “Farovonlikka xizmat qiladi”, “Avtomaktab ochildi”, “Tadbirkorlar dasturxon yozishdi” (“Namangan haqiqati”, 24-son) singari siyqa so‘zlar o‘quvchi diqqatini tortish o‘rniga zeriktiradi. Yuqorida sanab o‘tilgan nuqsonlar esa nashr shakl-shamoyilini o‘ta nochor qilib ko‘rsatadi. Bunday kamchiliklar viloyatning bosh nashrida ham uchrayotgani esa faoliyatga jiddiy yondashuvni talab qilmoqda. Qizig‘i shundaki, “Namanganskaya pravda” gazetasida matn joylashtirish talablariga to‘la rioya qilingan, sarlavhalar shrifti ham matnga mos tanlangan. Holbuki, bir rahbar qo‘l ostida, yonma-yon ishlaydigan ikki tahririyat xodimlari shakl borasida ham bir-biridan o‘rnak olishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ayrim matnlardagi siqiqlikni aytmasa, viloyat tibbiyot xodimlari nashri “Shifokor va hayot” gazetasi shakl-shamoyili, mavzular rang-barangligi, jumladan, adadi (10 mingdan ziyod nusxada) bilan mushtariyni qoniqtiradi.

“Kelajakning nurli ufqlari” MChJ muassisligidagi “Taraqqiyot mezoni” gazetasi esa tahliliy, mulohazali maqolalari bilan e’tiborimizni tortdi. Xususan, nashrning joriy yil 26 martdagi 10-sonida chop etilgan “Umr dovonlari osha ruknida berilgan “Otasiga o‘xshagan qiz” nomli esse yengil va miriqib o‘qiladigan materiallardan biri bo‘libdi. Mahalliy ishbilarmon fermer Ra’noxon Qorieva haqidagi ushbu maqola hajman ancha katta bo‘lsa-da, muallif (Boqiy Mirzo) mulohazalari, o‘rinli tashbehlari o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Mazkur sondan joy olgan “Yomon tarbiya achchiq ko‘z yoshlarimizdir” tahliliy maqolasida esa voyaga yetmay turib jinoyatga qo‘l urgan o‘spirinlar hayoti haqida so‘z boradi va ota-onalar hushyorlikka chaqiriladi. Nashrning boshqa sonlarida ham ayni paytda kun tartibida turgan dolzarb mavzularda materiallar berib borilayotgani quvonarli hol. 9-sondagi “Jahonga yuz tutayotgan diyor: qadriyatlar, an’analar, yaqin qo‘shnichilik, iqtisodiy taraqqiyot va turizm”, “Murojaatlar orqali muammolar yechim topmoqda”, “302 million so‘m evaziga (tagsarl: g‘isht zavodi xatlovga olindi)” kabilar fikrimizni tasdiqlaydi.

E’tiborimizni jalb qilgan nashrlardan yana biri “Dunyo va davr” MChJ muassisligida chop etilayotgan shu nomdagi gazeta bo‘ldi. Har bir sahifasida yarq etib ko‘zga tashlanadigan sarlavhalarni uchratish mumkin: “To‘ylar qiling, lekin me’yorida”, “Qarindoshingiz sudlanganmi? Endi bu savol berilmasligi mumkin”, “Muammolar ko‘p, hal etishda hamkorlik kerak!”, “Yetti kunlik baxtim, yetti yillik armonim...”, “Ayanchli ahvolda yashayotgan oila”, “Uydagi ahlatni ko‘chaga chiqarma, kambag‘allik keltiradi”, degan aqida qani?” kabi materiallarni ko‘rib, “Mana bu gazetani o‘qisa bo‘larkan” deya zavq bilan qo‘lga olasiz. Ammo nashrning barcha sonlaridagi maqoalalarning yarmidan ko‘pi boshqa manbalardan olinganini bilgach, hafsalangiz pir bo‘ladi. To‘g‘ri, manba aniq ko‘rsatilgan, o‘quvchilar auditoriyasi ham turlicha bo‘lishi mumkin, lekin bu tarzda gazeta chop ettirishdan maqsad nima, sababi qanday, xodimlar yetishmasligimi yo... Nashrning 29 martdagi 10-sonida jami 11 ta material berilgan, shundan 8 tasi “O‘zA”, “Sog‘lom avlod gazetasi”, “Daryo”, “xs.uz” va boshqa manbalardan olinganini qanday izohlash mumkin? Shu o‘rinda yuqorida sanab o‘tilgan sarlavhalardan biriga e’tibor bering: “ahlat” so‘zida “x” o‘rnida “h” ishlatilgani mayda-chuyda xatolardan biri sifatida uzrli holatdir, ularning o‘ta katta shriftda berilganini esa o‘ziga xos uslub deya baholay qolaylik, biroq axlat bilan chiqindining farqiga borish kerak. Mazkur sarlavhada aynan “chiqindi” so‘zi qo‘llanishi zarur edi.

“MEGA MEDIYA SERVIS” MChJ muassisligidagi “Tamaddun” gazetasi o‘qishli materiallarga boy, ammo nashrda andak tartibsizlik kuzatiladi (13 mart sonida birinchi betda ham, uchinchi betda ham she’rlar berilgan). Ijtimoiy-ommabop axborot gazetasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, asosiy e’tibor adabiy-badiiy yo‘nalish-ga qaratilgan. Birinchi bet aralash mavzular, ikkinchi bet “Publitsistika”, uchinchi bet “Nazm, nasr” (shu sahifa O‘zASni aynan takrorlagan), to‘rtinchi bet esa “Gulshan” deb nomlangan, demak, materiallar ham shunga monand. “Ijtimoiy-ommabop axborot gazetasi” bugunning muhim masalalariga urg‘u berishi lozim emasmidi?!

O‘tgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan islohotlar, xususan, davlatimiz rahbarining qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarga katta e’tibor qaratayotgani ko‘plab nashrlar singari “Chust haqiqati” va “Pop tongi” gazetalarining ham diqqat markazida turibdi. Mazkur nashrlarda O‘zbekiston va Tojikistonning qo‘shnichilik munosabatlari asnosida boshlangan yangi davrni aks ettiruvchi maxsus sahifalar, tojik tilidagi maqolalar berilgani hayot bilan hamqadamligidan dalolat bersa-da, shakl borasida hamon eski uslub. Mavzular rang-barangligi va tahliliy-tanqidiy, mulohazaga chorlovchi maqolalarni-da uchratmadik. Xususan, “Pop tongi” tuman hokimligi nashrida ham “Dunyo va davr” xususiy gazetasidagi holatni ko‘rib, hayratda qoldik. Bor-yo‘g‘i to‘rt sahifalik gazetaning 27 mart 12-sonida sakkizta material boshqa manbalar (shundan yettitasi O‘zA)dan olingan va yuqoridagi xususiy nashr bilan bir xil bo‘lib qolgan.

“Marg‘ilon haqiqati”, “Yangiqo‘rg‘on hayoti” gazetalarida ham shakl e’tiborni tortmaydi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy mavzular yoritilgan, ammo tahlil, tanqid, mulohaza biz kuzatgan mart oyi sonlarida deyarli uchramadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mintaqaviy siyosiy nashri “Xalq irodasi”ni har jihatdan qoniqarli, deyish mumkin. Shakl yangicha, mavzular rang-barangligi kuzatiladi, tahliliy, mulohazali maqolalar ham doimiy berib borilmoqda. Gazetaning joriy yilgi 3-, 4-sonlarida “Muammo: tahlil va tanqid” rukni ostida “Tanishim yuqori tashkilotdan”, “Tadbirkorning buzilgan huquqi tiklandi”, “Gaz nazoratchilari millionlarni talon-taroj qildi” kabi maqolalar, shuningdek, bugun kun tartibida muhim o‘rin tutayotgan nikoh to‘ylari haqida deputatlar, huquqshunoslar, o‘qituvchi va madaniyat xodimlari vakillarining davra suhbati va mulohazalari ham gazetxonni mushohadaga chorlaydi. “Adolat media” MChJning shu nomdagi yuridik, ijtimoiy-siyosiy nashri haqida ham xuddi shunday ijobiy fikrlar aytsa arziydi.

Qisqasi, har jihatdan mukammal nashrni chop ettirib, gazetxon qo‘liga yetkazish va yuqorida qayd etilgan nuqsonlarga barham berish uchun ishga yangicha yondashuv zarurligi ko‘rinib turibdi. Ammo chekka hududlardagi shart-sharoitni hisobga oladigan bo‘lsak, taniqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinovning quyidagi so‘zlari yodga tushadi: “Inson mehnatiga yarasha haq olmasa, shunga yarasha mehnat qila boshlaydi”. Haq gap, rag‘bat bor joyda rivojlanish bo‘lishini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Viloyat va tumanlar mutasaddilari bu borada tashabbuskor bo‘lib, mahalliy nashrlar tahririyatlari moddiy-texnika bazasini yaxshilashga e’tibor berishlari va shu yo‘l bilan samaraga erishishlari mumkin. Aks holda eski hammom, eski tosdan qutulish qiyin. Aslida, markaziy nashrlarda ham ahvol bir xilda yaxshi deb bo‘lmaydi. Ko‘pchilik sevib o‘qiydigan birgina “Hurriyat” gazetasi tahririyatidagi shart-sharoit hamkasblarimizga yaxshi ma’lum. Ayni paytda mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar hech bir sohani chetlab o‘tmaydi, shubhasiz, bundan biz jurnalistlar ham umidvor va manfaatdormiz. Muhimi, unda har birimizning hissamiz bo‘lishi darkor.

Xolida FAYZIYEVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.