MAHORAT — ASTOYDIL MEHNAT MAHSULI

Tezkor davr shiddatini hech bir ta’rifu tavsiflarga sig‘dirib bo‘lmasligini bugungi kunning bir-biridan qiziqarli turli voqea-hodisalari isbotlab turibdi. Odatdagi har bir kunimiz yangi-yangi tafsilotu, biri ikkinchisini takrorlamaydigan voqealar bilan boshlanadi. O‘tayotgan har bir kun xilma-xil voqealarga boy bo‘lsa-da, ma’lum vaqt o‘tmasdanoq, ular ham o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Hayot shunisi bilan qiziq bo‘lsa, ne ajab...

 

Davrimizning tezkor yangilik va muhim axborotlarini muxlislarga qisqa vaqtda yetkazish ilinjida yurgan kuydi-pishdi jurnalistlar zamonaviy texnika, texnologiyalar yordamida va yillar davomida to‘plagan mahoratlari ila voqea joylaridan eng muhim yangiliklarni tinglovchilarga uzluksiz tarzda yetkazib turishibdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida “O‘zbekiston-24” teleradiokanalining tajribali jurnalistlari — Axborot-tahliliy eshittirishlar bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Buzrukov va katta muharrir Dilshod Bo‘riyevning talabalar bilan muloqoti mavzusi zamonaviy radiojurnalistikaning dolzarb muammolari haqida bo‘ldi.

A. BUZRUKOV: — Davr talabi radiojurnalistlar oldiga ham har bir eshittirishni yangicha fikrlash va yondashuvlar asosida tayyorlashni vazifa qilib qo‘ymoqda. Radio — OAVning tezkor vositasi sifatida jurnalistdan teran fikrlash bilan birga, yangiliklarga boy, qisqa, lo‘nda va mazmunli eshittirishlar tayyorlab, tinglovchilariga taqdim etishni talab etayapti. Qolaversa, radiokanallar orasida ham o‘zaro raqobat kuchayib ketdi, shu bois, tinglovchilarda tanlab eshitish imkoniyati paydo bo‘ldi. Har bir radiokanal ko‘proq muxlislar orttirishga va kattaroq auditoriyani o‘ziga jalb etishga harakat qilishi tabiiy. Buning uchun jurnalistdan tinimsiz harakat va astoydil mehnat talab etiladi.

D. BO‘RIYEV: — Ustozimiz A.Buzrukov juda to‘g‘ri aytdilar, hozirgi radiojurnalistikani bundan 5-6 yil, hatto 1-2 yil ilgarigi davr bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Keyingi yillarda sohada juda katta o‘zgarishlar ro‘y berayotganligini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Yangi tashkil etilgan “O‘zbekiston-24” teleradiokanali, teleradiokanalning ko‘rsatuv va eshittirishlari yangi format va uslub asosida tayyorlanmoqda. Radioeshittirishlarimizning asosiy qismi efirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilyapti. Yangitdan shakllangan jamoamiz yangi radiokanalga tezda moslashib oldi. Informatsion-tahliliy eshittirishlar ko‘lami kengaydi, kechayu kunduz uzluksiz uzatib turiladigan eshittirishlar mazmun-mundarijasi ham bugungi kunning talablariga javob beryapti desak, hech bir mubolag‘a bo‘lmaydi. Teleradiokanalimizga bir guruh yosh jurnalistlarning kirib kelganligi, to‘g‘risi, bizni quvontirdi. Chunki g‘ayrat-shijoatli yoshlardan yangi g‘oya va takliflar, jo‘yali tavsiyalar chiqadi. 

SAVOL: — Qanday qilib mahoratli jurnalist bo‘lish mumkin?

A. BUZRUKOV: — Istalgan kasb egasi, shuningdek, jurnalistda ham mahorat yillar davomida shakllanib boradi. Taniqli adiblardan biri “Iqtidorning 99 foizi mehnatdan iborat”, — degan ekan. Mahorat haqida ham shuni aytgan bo‘lardim. Ko‘pincha yoshlarimiz taniqli adib yoki jurnalistlarga havas qilishadi, ularga o‘xshagilari keladi. Mahoratning zamirida o‘qish, o‘rganish, kuzatish, tinimsiz mehnat yotadi. Yillar davomida mehnatdan qochmasdan izlanish, o‘z ustida jiddiy ishlash mahoratni kamolga yetkazadi. Shunday ekan, kasbga sadoqatli bo‘lish barobarida ko‘p o‘qish, mehnat qilishdan erinmaslik, albatta, kutilgan natijani beradi.

SAVOL: — Radiokanallarning ayni vaqtdagi faoliyati haqida qanday fikrdasiz?

D. BO‘RIYEV: — Avvalo, kechirasizlaru, men sizlarga xuddi shu savol bilan murojaat qilmoqchi edim. Ammo siz birinchi bo‘ldingiz.

Radio bizga har kuni ko‘plab qiziqarli informatsiyalar beradi. Iborali qilib aytganda, dunyodan boxabar bo‘lamiz. Milliy teleradiokompaniyamiz tizimidagi to‘rtta radiokanalni olib qaraydigan bo‘lsak, har birining o‘z o‘rni, tinglaydigan muxlislari bor. “O‘zbekiston” radiokanali boshqa radiokanallar orasida tajribali kanal sifatida turli-tuman eshittirishlari bilan muxlislariga manzur bo‘layotgan bo‘lsa, “Yoshlar” radiokanalini ham har kuni millionlab yoshlar tinglashadi. “Mahalla” radiokanali o‘ziga xos eshittirishlari bilan muxlislariga manzur bo‘lmoqda. “O‘zbekiston-24” radiokanali ham o‘zining informatsion-tahliliy eshittirishlari bilan muxlislari ko‘ngliga kirishga harakat qilyapti.

Radiokanalimizning har bir viloyatda muxbirlari bo‘lib, ular hududlarda kechayotgan islohotlar haqida muntazam tarzda eshittirishlar tayyorlab, bizga yuboradi. Yana, ma’lumotlarni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, vazirlik, idora, tashkilotlar axborot xizmatlaridan olamiz. Xorij xabarlarini tayyorlashda internet tarmog‘idan foydalanamiz.

Ma’lumotlarning ishonchliligiga kelsak, biz odatda, biron-bir eshittirish tayyorlash uchun internet yoki ma’lum axborot agentligidan olgan ma’lumotlarni bir-biriga solishtirgan holda, uning ishonchliligini aniqlaymiz. Har bir eshittirish efirga uzatilishidan oldin unda keltirilgan fakt, dalil, raqamlar obdon tekshiriladi, aniqlanadi. Ularga ishonch hosil qilinganidan so‘nggina, efirga qo‘yishga ruxsat beriladi.

SAVOL: — Radioda informatsion dasturlarning o‘z o‘rni bor. Informatsion eshittirishlar tayyorlash davomida qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor berish kerak?

D. BO‘RIYEV — Informatsion dasturlarni tayyorlashda har bir radiojurnalistdan tezkor harakat, hozirjavoblik talab etiladi. Chunki har soatda mamlakatimiz va xorijda ro‘y bergan muhim yangiliklarni tinglovchilarga yetkazib turish lozim. Mas’uliyat shundan iboratki, efirga ijtimoiy ahamiyatga molik, muhim yangilik, xabarlargina berilishi kerak. Yana bir jihati, informatsion dastur orqali berilgan xabar, reportaj, intervyu yoki tezkor sharh bo‘ladimi, qisqa, aniq va mazmunli bo‘lishi talab etiladi. Ilgarilari bitta reportaj efirda 5-6 daqiqa davom etgan bo‘lsa, hozirda 2 yoki 2 yarim daqiqagacha boradi. Ana shunda informatsion dastur tayyorlayotgan jurnalistning tajriba va mahorati juda asqotadi. Voqea sodir bo‘lgan joydagi tafsilotlarni ikki yarim daqiqaga tushunarli, mazmunli tarzda joylashtirishni radiojurnalistga oson tutib bo‘lmaydi. Efirga uzatiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshittirishlarni olib borish ham jurnalistdan katta mas’uliyat va mahorat talab etadi. Eshittirish davomida uzoq pauza qilish, bitta so‘zni qayta-qayta aytish, til qoidalariga rioya qilmaslik radiokanal obro‘siga salbiy ta’sir qiladi. 

ERKIN ABDUSATTOROV: — Jurnalistika fakulteti oliy jurnalistika kurslari I bosqich tinlovchisi:

— Bizning guruh tinglovchilari oldin turli sohalar bo‘yicha o‘qib, bakalavr darajasini olishgan. Biz jurnalistikaga ixtisoslashish maqsadida fakultetda ustozlardan kasb sir-sinoatlarini o‘rganyapmiz. Oramizdan kimdir gazetachilikka qiziqsa, kimdir o‘z oldiga telejurnalist bo‘lishni maqsad qilib qo‘ygan. Yana kimdir internet jurnalistikasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lmoqchi. To‘g‘risi, boy tajribaga ega, ko‘pni ko‘rgan taniqli jurnalistlar bilan bugungi muloqot radiojurnalistikaga havasimizni uyg‘otdi. Ajab emas, oramizdan tinglovchilarga manzur bo‘ladigan, bir-biridan mazmunli eshittirishlar tayyorlab, xalqimiz hurmatini qozonadigan radiojurnalistlar chiqishsa. 

 

Yusufjon HAMDAMOV yozib oldi.

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.