JURNALIST SURISHTIRUVI

Milliy matbuotimizning eng muhim vazifalaridan biri shuki, u jamiyatning demokratik institutlaridan biri sifatida demokratik taraqqiyotga xizmat qilishi, faqat asosli, tekshirilgan axborotlarni tarqatishi, kamchilik va nuqsonlarga murosasiz bo‘lishi, har qanday holatda ham xolis va adolat printsiplaridan chekinmasligi, jamiyat rivojiga xizmat qilmaydigan shov-shuv ko‘tarmasligi, odamlarning shaxsiy hayotiga aralashmasligi, insoniy his-tuyg‘ularini hurmat qilishi, ayrim kuch va doiralarning g‘arazli minbariga aylanib qolmasligi kerak.


Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida amal qilayotgan xartiya va kodekslarda, jurnalistlar xalqaro federatsiyasining rasmiy hujjatlarida va mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qabul qilingan qonunlarda, shuningdek, davlatimiz rahbarining nutq va ma’ruzalarida bu talablar aniq-ravshan belgilab qo‘yilgan.
Istiqlol yillari matbuotining maqsad va vazifalari to‘g‘risida gap borar ekan, bu matbuot, eng avvalo, “inson manfaatlarining himoyachisi, davlat va jamiyat o‘rtasida xolis vositachi sifatida faoliyat yuritishi, faqat shu yo‘l bilan erkin va xolis minbarga aylanishi, kuchli va keskir qurol bo‘lgan So‘zdan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarurligi” ta’kidlanadi. O‘zbekiston bosma axborot vositalari va axborot agentliklari jurnalistlarining axloq-odob kodeksida e’tirof etilganidek, “Jurnalist o‘z vazifasini ado etishda... inson sha’ni va uning shaxsiy hayot kechirishga bo‘lgan huquqini hurmat qilishi, xalqaro huquq va milliy qonunlar talablariga muvofiq inson huquqlari va uning sha’nini haqoratlar, g‘iybatlar, uydirma va ayblovlardan himoyalashi... zarur”. Shu vazifadan kelib chiqib, jurnalist belgilangan tartib asosida jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan (to‘la ma’lum bo‘lmagan, oshkor qilinmagan yoki qasddan yashirilgan) biror voqea-hodisa tafsilotini, tahririyatlarga kelgan shikoyat xatlarida bayon qilingan yoki o‘zi hayotda, kundalik turmushda kuzatgan holatlarni mustaqil ravishda o‘rganib, jurnalist tekshiruvi o‘tkazishi va tanqidiy-tahliliy maqola, teleko‘rsatuv, radioeshittirish tayyorlashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunining 9-moddasida “Jurnalist tekshiruvi”ga shunday tarif berilgan: “Tahririyat xodimi murojaatlardan yoki boshqa manbalardan o‘ziga ma’lum bo‘lgan yoxud o‘zi guvoh bo‘lgan muayyan voqea, holat yuzasidan jurnalist tekshiruvi o‘tkazishga, faktlarni, guvohlik ko‘rsatmalarini to‘plashda audio va video texnikadan foydalanishga haqli”. Tadqiqotchi A.Konstantinovning fikricha, o‘arb mamlakatlarida jurnalist tekshiruvining (ruscha “Jurnalistskoe rassledovanie”) maqsadi — biror bir muhim, ancha vaqtdan beri sir bo‘lib kelayotgan faktni oshkor qilishdan iborat. Jamiyat uchun shuning o‘zi kifoya. Rossiya uchun esa sirli faktni oshkor qilishning o‘zi bilan ish bitmaydi, bu ish bilan shug‘ullanuvchi jurnalist ayni chog‘da ma’lum sotsial vazifani ham bajarishi kerak. Ya’ni oshkor qilingan bu sirning tub mohiyatini, nega u shu choqqacha oshkor qilinmaganini, bundan kimlar va qanday manfaatdorligini ko‘rsatib berishi va bu bilan jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatishi lozim. Keyingi bir yarim yil ichida matbuot, radio va televidenieda e’lon qilinayotgan tanqidiy-tahliliy materiallar jamiyat rivojining bugungi bosqichida jurnalist surishtiruvi nihoyatda zarurligini ko‘rsatib turibdi.
Jurnalistikaga oid ilmiy tadqiqotlarda bu termin dastlab Amerikada qo‘llanilgani aytiladi. Ammo ushbu sohada ma’lum surishtiruvlar olib borib, uning natijasi asosida maqola, ocherk, badiiy asar yozish boshqa joylarda ham bor edi. Jurnalist Mett Dradj Amerikaning sobiq Prezidenti Bill Klinton va Oq uyda stajyorlik vazifasini o‘tayotgan Monika Levinski o‘rtasidagi ishqiy munosabatlarga doir jurnalist tekshiruvi esa bu janrni olamaro mashhur qilib yubordi.
Jurnalist surishtiruvi o‘zbek matbuoti uchun ham begona emas, ommaviy axborot vositalarida uning bir necha turlarini ko‘rishimiz mumkin. Habibulla Olimjonov, Safar Ostonov, Dadaxon Nuriy, Yoqubjon Xo‘jamberdiev, Kamol Matyoqubov, Bekqul Egamqulov, Abdunabi Haydarov, Dilmurod Qirg‘izboev, Elvira Tuxvatullina kabi hamkasblarimizning jurnalist surishtiruvi asosida tayyorlagan ko‘plab materiallari istiqlol yillari matbuotining sermazmun sahifalariga aylangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Taniqli telejurnalist Muhammadjon Obidov ko‘p yillar mobaynida jamiyat hayotida mavjud bo‘lgan muammolarni chuqur va har taraflama o‘rganib, teleekran orqali efirga uzatilgan va kuchli munozaralarga sabab bo‘lgan turkum ko‘rsatuvlarning muallifi sifatida tanilgan. Hamkasbimizning ushbu janr rivojiga qo‘shgan hissasi shundaki, uning mualliflik ko‘rsatuvlarida bu muhim tadqiqot bilan shug‘ullanishga ahd qilgan jurnalistning so‘z va fikrga, xulosa va qarorga mas’ulligi, kasbiga sadoqati, ijodkorlik mahorati, jur’at va qat’iyati qanday bo‘lishi lozimligini amalda ko‘rsatib berilgani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Buni shu kunlarda muxlislar qo‘liga borib yetgan “Jurnalist surishtiruvi: tajriba va tahlil” risolasida ham (“Farg‘ona” nashriyoti, muharrir H.Boyboboev) ko‘rish mumkin. Unda jurnalist surishtiruvining o‘ziga xos xususiyatlari, me’yoriy chegaralari, surishtiruv o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad va uning bosqichlari, bu ishga kirishish uchun jurnalistdan nimalar talab etilishi, surishtiruv jarayonida nimalarga amal qilish lozimligi kabi jihatlar fakt va dalillar, surishtiruv yakunida va, ayniqsa, uni matbuotda e’lon qilish, efirga uzatish chog‘ida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xush-noxush holatlar bayon etilgan.
Chindan ham o‘quvchi, bo‘lajak jurnalist ushbu amaliy qo‘llanmaga kiritilgan “Boy buvaning hotamtoyligi kimning hisobidan?”, “Muammoning ildizi qaerda?”, “Lo‘li aravasidan chiqqan mojaro”, “Import sariyog‘ kimga kerak edi” kabi teleko‘rsatuvlarning o‘ziga xos “tarixi” bilan tanishar ekan, bu ishning naqadar murakkabligini his etish bilan birga, jurnalist surishtiruvi ommaviy axborot vositalari uchun bugun g‘oyat zarurligini anglab yetadi. Zero, davlatimiz rahbarining odamlarni tinglash, jamiyatning har bir a’zosiga e’tiborli bo‘lish, yutuqlarni e’tirof etish bilan birga, mavjud kamchilik va nuqsonlarni ham o‘z vaqtida yuzaga chiqarish, ularning yechimlari haqida o‘ylash, har bir ishni inson va uning manfaatlariga mos ravishda olib borish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalari jurnalistlardan yanada samarali faoliyat yuritishni talab etadi.
Mamlakatimizda jurnalist kadrlarni tayyorlash ishiga alohida e’tibor berilayotgan ekan, iste’dodli hamkasbimizning ushbu risolasi kabi amaliy qo‘llanmalar yanada ko‘p bo‘lishini tilab qolamiz. Buning zarurati shundaki, ushbu to‘plamning so‘ngso‘zida filologiya fanlari nomzodi Nazira Toshpo‘latova e’tirof etganidek, yosh hamkasblarimizning yetakchi jurnalistlar tamal toshini qo‘ygan jurnalist surishtiruvi janrining an’analari, tamoyillari va uslublarini o‘rganishlari bugun g‘oyat muhimdir.

                                                                                                                           Ahmadjon MELIBOYEV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.