JURNALISTIKAMIZDAGI MUHIM VOQEA

2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazishga oid muhim vazifalar belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 24 may kuni qabul qilingan  “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi  qarori shu jihatdan milliy jurnalistikamizning qariyb 150 yillik tarixida katta voqea bo‘ldi.

MUAMMOLAR GIRDOBIDA

Tan olishimiz kerak, respublikamizda zamon talablariga mos, bir nechta xorijiy tillarni puxta biladigan, zamonaviy multimedia texnologiyalarini mukammal o‘zlashtirgan jurnalist kadrlarni tayyorlashda yechimini kutib yotgan masalalar yillar davomida yig‘ilib qolgan edi.
Davlatimiz rahbari qarorida qayd etilganidek, ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi, davlat va nodavlat davriy bosma nashrlar, teleradiostudiyalar, tahririyat-matbaa komplekslarining miqdor va sifat jihatidan o‘sishi, fuqarolik jamiyati institutlari, reklama agentliklari, axborot xizmatlari, media kommunikatsiya, internet jurnalistikasining shakllanishi raqobatbardosh, yangicha shart-sharoitlarda ishlay oladigan jurnalist kadrlarni tayyorlash zaruratini taqozo etmoqda.
Shuningdek, respublikamiz aholisi uchun yozadigan chet eldagi O‘zbekistonning o‘z muxbirlik punktlarida ishlay oladigan kadrlar bazasi shu davrga qadar to‘liq shakllanmagan edi. Ayni paytda mamlakatimizda turib xorijga – turli tillarda, misol uchun ingliz va boshqa yetakchi tillarda axborot uzatuvchi muxbirlarni tayyorlash ishi yillar o‘tsa-da takomillashtirilmadi. O‘qish jarayonida talabalarni chet el ommaviy axborot vositalariga muntazam ravishda  amaliyotga yuborish uchun zarur ishlar qilinganicha yo‘q.
Jurnalistikani fan darajasiga olib chiqishga qaratilgan ilmiy maktab faoliyati, sohada olib borilayotgan yangi ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmadi. Xususan, yosh olimlarning maqolalarini yetakchi xalqaro nashrlarda chop etishni tizimlashtirish, ularning xalqaro anjumanlardagi ishtirokini ta’minlash, ilmiy tadqiqotlarni bevosita moliyalashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilmagan edi. Yuksak intellektual salohiyatga ega ijodiy kadrlarni tayyorlashga bevosita xizmat qiladigan o‘quv laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasi zamon talablariga javob bermas edi.
Bugungi jurnalistikaga axborot texnologiyalari qanchalik kirib kelmasin, baribir uning asosini mohirona yozilgan yoki aytilgan so‘z tashkil etadi. So‘zning qudrati, ta’sir kuchini hech bir texnik vosita egallay olmaydi. Shu jihatdan sohada tahsil olayotgan talabalarga hozirgi zamon o‘quvchisi didiga mos, uslubiy jihatdan to‘g‘ri va tushunarli tilda yozish sirlarini o‘rgatish zarurati doim bo‘ladi.
Bo‘lg‘usi muxbirlar an’anaviy jurnalistika qonun-qoidalarini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida o‘zlashtirishlari kerak. Radio, televidenie, matbuot, matbaachilik, rejissyorlik va umuman, barcha ijodiy yo‘nalishlar bilan bog‘liq kasb sirlarini AKT imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o‘rganish, so‘zsiz, yaxshi samara beradi.

XALQARO ALOQALAR KENGAYSA

Xorijiy  turdosh oliy o‘quv yurtlari bilan jurnalistik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, talaba va o‘qituvchilar almashinuvlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish zarurati mavjud. Buni o‘sha mamlakatdagi hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda bajargan ma’qul.
Misol uchun, Janubiy Koreyadagi jurnalistika o‘qitiladigan muassasalar o‘z talabalarini amaliyot uchun asosan AQShdagi ommaviy axborot vositalariga yuboradi. Sohada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning ham aksariyati Amerika bilan bog‘liq. Ular Janubiy Koreya va AQSh tajribasining turli jihatlarini o‘zaro qiyosiy tahlil shaklida o‘rganadilar. Hindistonlik yosh jurnalistlar esa, asosan Angliya va Singapur ommaviy axborot vositalarida malaka oshiradi.
Mazkur qarorda xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgani g‘oyat ulug‘ ishdir. Shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda talabalarning malakaviy amaliyotlarini belgilangan tartibda milliy hamda ilg‘or xorijiy ommaviy axborot vositalari bazasida tashkil etish masalasi nazarda tutilgan.
Umidli va istiqbolli yosh bitiruvchilarni chet ellardagi turdosh oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarining magistratura va doktoranturasiga yuborish orqali yangi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining ilmiy-pedagogik salohiyati oshirib borilishi rejalashtirilgan.

YANGI IMKONIYATLAR

Davlatimiz rahbari imzolagan qaror qayd etilgan va boshqa qator dolzarb muammolarni hal etishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Jumladan, universitetning boshlang‘ich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida bino va inshootlarni joriy ta’mirlash, jihozlash,  zarur mebellar, kompyuter texnikasi, o‘quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlash ishlari amalga oshiriladi.
Universitetda jurnalist kadrlarni aniq ixtisosliklar bo‘yicha o‘qitishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, reklamachi-marketologlar, jamoatchilik bilan aloqalar, ya’ni PRmenlar, imijmeykerlar, spichrayterlar tayyorlanadi.
Qayd etish kerak, faqat axborot kommunikatsiya texnologiyalari, media dizayn, infografika, stori-telling, longrid kabi yangi formatlarni chuqur bilish bilan ish bitmaydi. Biz hozir jurnalist kadrlarni xuddi xorijdagi kabi bir-biridan keskin farq qiladigan darajada ixtisoslashtirib yuborishga shoshilmasligimiz kerak.
Mamlakatimizdagi markaziy va hududiy ommaviy axborot vositalarining real talabidan kelib chiqib, talabalarning universallashuvini ham nazardan chetda qoldirmasligimiz darkor. Misol uchun, telejurnalist emas, videojurnalist tayyorlash zarur. Toki, muxbir faqat matn yozish bilan cheklanmasin. O‘zi tasvirga olsin, o‘zi montaj qilsin va o‘zi efirga uzatsin.
Yangi qarorda media sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va umuman, jurnalistika fanini rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Aynan shu maqsadda universitetda jurnalistika sohasi bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning ochilishi mavjud muammolarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Muhim yangiliklardan biri – ushbu qaror asosida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Vasiylik kengashi tashkil etiladi.
Qabul qilingan hujjatning yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, universitetda zamon talablariga mos moddiy-texnika bazasi yaratiladi, talabalar turar joyi quriladi, shuningdek, kichik bosmaxona va o‘quv telestudiyasi barpo etiladi.
Qarorga ko‘ra, korxona va tashkilotlar ob’ektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va “ustoz-shogird” tizimi asosida o‘talishi ta’minlanadi. Ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qo‘shimcha ish haqi ajratiladi.

AXBOROT – NEFT

Zamonaviy tsivilizatsiyaning o‘ziga xos muhim xususiyatlaridan biri, uning mavqei, salohiyati, taqdiri ko‘p jihatdan axborotga bog‘liq bo‘lib qolganida. Oddiy insonlardan tortib mashhur shaxslar, davlat rahbarlari, shuningdek, xalqlar, davlatlarning hayoti, yashash tarzi, istiqboli axborot maydonlarida hal etilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘rinadiki, vujudga kelgan yosh mustaqil davlatlarning oyoqqa turishi, mintaqada va jahon hamjamiyatida mustahkam o‘ringa ega bo‘lishi, har jihatdan axborotga, yana bir karra milliy va jahon axborot makonida kechadigan jarayonlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumki, har qanday milliy jurnalistika, ya’ni milliy matbuot, birinchi navbatda, mamlakat aholisining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Bir yo‘la xalq, jamiyat va davlat haqida muayyan tasavvur yaratadi.

XORIJIY EKSPERTLAR NIMA DEYDI?

Davlatimiz rahbarining qarorida ta’kidlanganidek, yangi universitetning professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarini xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga malaka oshirish va doktoranturaga yuborish, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashi tashkil etiladi.
Biz ushbu maqolani tayyorlash jarayonida jahondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, olimlar hamda media ekspertlar bilan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetinining tashkil etilishi haqida suhbatlashib, ularning bu boradagi fikr-mulohazalarini o‘rgandik.
Jon BYeLL,  Bi-Bi-Si treneri: – Britaniyada jurnalistika ma’lum bir universitetlar qoshidagi maktablarda va ayrim kurslarda o‘qitiladi, xolos. O‘zbekistonda jurnalistika ta’limiga davlat rahbarining o‘zi jiddiy e’tibor qaratayotganligi, albatta, yaqin kelajakda ijobiy natija beradi, deb o‘ylayman.
Men o‘tgan ikki yil davomida Toshkent va Namangan shaharlarida bo‘lib o‘tgan media treninglar davomida mahalliy yoshlarda bilimga, yangilikka chanqoqlikni sezdim. Ularda o‘ziga xos intiluvchanlik, jurnalistikaning eski, “klassik” formatlaridan chiqib ketishga bo‘lgan intilishni ko‘rdim. Yangi universitet ana shu chanqoqlikni qondiribgina qolmay, yaqin kelajakda O‘zbekiston jurnalistikasining yangi sahifasini ochishiga hissa qo‘shishiga ishonaman.

Mogens SHMIDT, Yevropa jurnalistika maktabining sobiq direktori, professor: – Bugungi kunga kelib butun dunyoda haqiqiy jurnalistika ta’limi har qachongidan ham dolzarb muammolarga duch kelmoqda. Chunki, Internetning rivojlanishi bilan sohamizda tahsil olmaganlar ham o‘zlarini “jurnalistman” deb o‘ylay boshlashdi.
To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlar keyingi yillarda juda ommalashib ketdi. Ular, avvalo tezkorligi, har qanday voqeani joyidan olib ko‘rsatishi bilan ajralib turadi. Shu bilan,  ijtimoiy tarmoqlarni “Tez yordam” mashinasiga o‘xshatish mumkin. Misol uchun, bunday “Tez yordam” mashinalari bemorni avtohalokat sodir bo‘lgan joydan shifoxonaga tezda eltib boradi. Biroq, haqiqiy tibbiy xizmat shifoxonada,  “diplomli” va malakali jarrohlar tomonidan ko‘rsatiladi. Buni unutmasligimiz kerak. Demak, professional darajadagi jurnalist kadrlarni tayyorlash masalasiga yanada jiddiyroq yondashilishi zarur.

Juliana PERRONI, Harvard  universiteti professori: – O‘zbekistonda jurnalistika ta’limi sohasida bo‘layotgan o‘zgarishlardan juda xursandman. Men yaqinda Toshkentda yosh jurnalistlar uchun media trening o‘tkazdim va ularning sohaga doir zamonaviy tendentsiyalarga bo‘lgan qiziqishlarini ko‘rib, hayratda qoldim. O‘ylaymanki, yangi universitet ana shunday qiziqishlarga mos o‘quv maskani sifatida faoliyat boshlaydi. Men o‘zbekistonlik hamkasblarim bilan yaqin hamkorlik olib borishga har doim tayyorman.

Vontay SEOL, Koreya Respublikasi jurnalistika tadqiqotlari institutining prorektori, professor:

– Koreyada jurnalistikadan ta’lim beruvchi alohida universitet mavjud emas. Bu bilan sizlar dunyoda yagona oliy ta’lim muassasasini bunyod etishdek katta va jiddiy masalani o‘z oldingizga qo‘ydingiz. Bu, so‘zsiz, tahsinga loyiq. Men o‘zbek yoshlarining bilimga intiluvchanligini yaxshi bilaman. Ular, misol uchun, Koreyadagi tengqurlariga nisbatan chet tillarini juda tez o‘zlashtirib olish qobiliyatiga ega. Men keyingi uch yil davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida ishlash jarayonida bunga to‘la ishonch hosil qildim.

Beruniy ALIMOV,
filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori,
PhD.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.