AXBOROT BOZORI: NAVQIRONLAR G‘AYRATI. Internet nashrlar faoliyatiga nazar

 

Jahon media makonida yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlar mamlakatimiz axborot maydonida o‘z aksini topib borayotirki, quvonmay ilojing yo‘q. Mazkur jarayonda, ayniqsa, texnik jihatdan zamonaviy shakldagi ommaviy axborot vositalarining dadil odimlayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Milliy jurnalistikamizning zamon talablari darajasida faoliyat yuritishi uchun ham huquqiy, ham iqtisodiy jihatdan qulay sharoit yaratilayotgani o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 24 mayda imzolangan “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori sohaga yuksak e’tiborning amaldagi yana bir ifodasi bo‘ldi. Ushbu hujjatda qayd etilganidek, “jahon axborot makoni globallashuvining kuchayishi ommaviy axborot vositalari sohasida dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga tez va mos ravishda munosabat bildirish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik qayta o‘zgarishlar haqida respublika aholisini, dunyo hamjamiyatini o‘z vaqtida va xolisona xabardor qilish tizimini takomillashtirish masalasi eng dolzarb vazifalardan biriga aylanib bormoqda”. 

 Shularni inobatga olgan holda haqiqiy jurnalistika maktabini shakllantirish, xususan, internet jurnalistikaga alohida e’tibor qaratish, jahon tarmog‘idagi milliy saytlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni jahon standartlariga mos kadrlar bilan ta’minlash muhim ahamiyatga egadir. 

Keyingi ikki yil ichida mamlakatimiz axborot makonida shunday fenomen yuzaga keldiki, qalami o‘tkir jurnalistning har qanday o‘tkir maqolasi e’tiborsiz qolmayapti. Ayniqsa, internet nashrlarida berilayotgan jurnalist surishtiruvlari natijasida “to‘rtinchi hokimiyat”  o‘zining haqiqiy kuch-qudratini ko‘rsata boshladi.

Yana bir muhim jihati – xalqaro miqyosda e’tirof etilgan xorijiy internet qidiruv saytlari keyingi paytda O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan milliy media manbalariga tayanib, bevosita ular tarqatayotgan xabarlardan faol foydalana boshladi. Bu, albatta, ijobiy holat, muxbirlarimizning jahon axborot makoniga bevosita kirib borish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Rossiyaning nufuzli “Yandex.ru” qidiruv portali O‘zbekistondagi “Gazeta.uz”, “UzReport.com”, “UzDaily.uz”, “Podrobno.uz”, “Sports.uz” kabi internet nashrlari tomonidan tarqatilayotgan materiallarni o‘zining yangiliklar lentasida muntazam e’lon qilishga kirishgani buning dalilidir.

 OMMALASHAYOTGAN INTERNET GAZETALAR

2012 yilning yanvarida faoliyatini boshlagan Kun.uz loyihasi oradan uch yil o‘tib, ya’ni 2015 yilda O‘zbekistondagi internet nashrlarning birinchi beshtaligiga kirishga muvaffaq bo‘lgan edi. 

Hozir,  www.uz milliy qidiruv tizimi reytingiga ko‘ra, u eng mashhur saytlar ichida ikkinchi o‘rinda. Birinchi o‘rinda — daryo.uz. Keyingi o‘rinlardan esa olx.uz, stadion.uz, chempionat.asia, mover.uz loyihalari joy olgan.

Google Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, Kun.uz saytiga har kuni o‘rtacha 350 ming kishi tashrif buyurmoqda. Bunday katta auditoriyani shu paytgacha O‘zbekistonda bironta internet gazeta yig‘a olmagan edi.

Sayt ijtimoiy tarmoqlar platformasidan ham samarali foydalanmoqda. Xususan, Facebook, Twitter, Instagram, Odnoklassnikidagi sahifalar ancha faol ko‘rinishga ega. Telegram messenjerida esa @KunUzOfficial nomli kanal dadil faoliyat yuritmoqda.

Toshkent aeroporti zallaridagi monitor ekranlarida kun.uz xabarlari va sayt reklamasini ko‘rganimda g‘oyat quvongandim. Chunki bozorda axborotlarimiz tovar sifatida o‘z qadrini topayotgani faxrlanadigan yangilikdir. 

Ushbu saytning Android va iOS qurilmalari uchun mo‘ljallangan mobil dasturlari ham mavjudligi e’tiborga molik. Ularni Google Play va App Store’dan yuklab olish mumkin.

Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida o‘rganilgan yana bir sayt – xabar.uz axborot-tahliliy portali milliy reytingda yettinchi o‘rinda. 

2017 yilning 27 dekabrida davlat ro‘yxatiga olingan ushbu sayt o‘tgan 5-6 oy ichida juda katta kuch va dadillik bilan milliy axborot maydoniga kirib keldi. Muhimi, oz fursat ichida o‘z xabar va maqolalarida ko‘tarilgan jiddiy masalalar bilan  nazarga tushdi.

Xabar.uzning o‘ziga xosligi shundaki, texnologik jihatdan ancha mukammal imkoniyatga ega bo‘lsa-da, o‘zida oddiylikni saqlab qola oldi. Rubrikalar qalashtirib tashlanmagan. Interfeysdagi ustunlar talab darajasida – ikki-uchtadan oshmaydi.

Bunda zamonaviy nashrning eng muhim qirralaridan biri interaktivlikka, ya’ni o‘quvchilar bilan aloqa o‘rnatishga, ularning ma’lum mavzuda bevosita fikr bildirishga qulaylik yaratilgan. Misol uchun, “O‘zbekistonda sifatsiz mahsulotlarga qarshi kurashishga qaratilgan «Nazorat xaridi» loyihasi joriy etilishiga qanday qaraysiz?” degan savol sayt o‘quvchilari e’tiboriga havola qilinadi. Va ana shu savolga: “Allaqachon qilish kerak edi!”, “Ayni muddao. Yoqlayman!”, “Kerak emas” kabi javob variantlari beriladi. 

Sayt o‘quvchilari atrof-javonibda sodir bo‘layotgan muhim voqea-hodisalarga bemalol fikr bildirishga odatlanayotgan bir paytda ularni qo‘llab-quvvatlash, xalq ovozini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitish, auditoriyaning munosabatiga, dardiga quloq tutish bugungi jurnalistikaning eng muhim vazifalaridandir. Xorijlik olimlar tili bilan aytganda bugungi kunda “fidbak”siz, ya’ni interaktivliksiz jurnalistika – jurnalistika emas.

O‘zbekiston yangiliklarini birinchilar qatorida berib borayotgan gazeta.uz kirib bormagan kompyuter, telefon yoki gadjetlar qolmagan bo‘lsa kerak. 2008 yildan boshlab faoliyat boshlagan saytning xorijlik o‘quvchilar e’tiboriga tushgani shundan. O‘tgan o‘n yil davomida ushbu internet gazeta eng murakkab mavzularga, dolzarb muammolarga, yangi qabul qilingan hujjatlarga birinchilardan bo‘lib sharh berishi, munosabat bildirishi bilan e’tiborni tortdi.

Mazkur sayt milliy reytingda 10-o‘rinda bo‘lsa-da, uning yangi media muhitda o‘ziga xos boy tajribasi bor. Xabar.uz hamda gazeta.uz saytlari o‘zining doimiy mualliflariga ega. Chunki ularda muayyan voqeaga munosabat bildiriladi. Bu internet gazetalarimiz faoliyatining yanada kengayib borayotganidan dalolatdir. 

 

KO‘RGAN ESLAB QOLSA

Ayni paytda, kun.uz, avvalo, O‘zbekiston va jahon yangiliklari sayti ekani ma’lum. Biroq unda chop etilayotgan chuqur tahliliy maqolalar soni va salmog‘i yanada oshsa, foydadan holi bo‘lmaydi. 

Vizual materiallarni nisbatan ko‘proq berishga intilishda xabar.uz boshqa nashrlardan ancha oldinda. Shuningdek, ichki qidiruv imkoniyati ham bu yerda ancha qulay.

Saytlarda mavjud o‘zbek va rus tillaridan tashqari jahondagi yetakchi tillardan, masalan, ingliz tilidagi versiyani shakllantirish zarurati bor. Chunki biz faqat til va boshqa kognitiv vositalar bilangina jahon media makoniga kirib borishimiz mumkin.

 TAHLIL VA TAKLIF

“O‘zbekiston” ruknida 2018 yil 19 may kuni e’lon qilingan xabarning “Endi STIRni DXMdan olish mumkin” sarlavhasida birdaniga ikkita qisqartma ishlatilgan. Bu oddiy o‘quvchi uchun tushunarsiz bo‘lishi mumkin. Albatta matn bilan to‘liq tanishgach, bu qisqartmalarni anglab olsa bo‘ladi. Lekin aksariyat hollarda o‘quvchilar murakkab qisqartmalarni xush ko‘rmaydi. O‘zbek adabiy tili va xususan ommaviy axborot vositalari tili tabiati  qisqartmalarga ko‘pdan to‘g‘ri kelavermaydi.

Boshqa bir xabarning sarlavhasi naqd to‘qqizta so‘zdan iborat: “Bo‘lg‘usi qishloq xo‘jalik ekinlari hosilini sug‘urta qilish mexanizmi takomillashtiriladi”. Vaholanki, yangiliklar va umuman aksariyat jurnalistik janrlar talabiga ko‘ra, yaxshi sarlavha 3-4 so‘zdan oshmasligi maqsadga muvofiq. 

11 so‘zdan iborat “Havayida vulqon otilishi vaqtidagi golf o‘yini suratlari internet ahlini lol qoldirdi” (17 may) sarlavhasi ham o‘quvchini qiynab qo‘yishi mumkin. Bu yerda boshqa bir ijobiy holat ham bor – AQSh shtatining nomi “Gavayi” emas, balki aslidagidek “Havayi” (“Hawaii”)  ko‘rinishida berib to‘g‘ri qilingan. 

Biroq xuddi shunga yaqin boshqa bir holatda “Shahzoda Garri va Megan Markl oila qurdi” (19 may) sarlavhasida ismning asliyati ya’ni “Harri” (“Harry”) emas, nima uchundir uning ruscha talqini ishlatilgan. Binobarin, o‘zbek tili tabiati va qolaversa, ismning originalidan kelib chiqib, uni “Harri” ko‘rinishida berish o‘rinli bo‘lar edi.

Veb nashrlar foydalanuvchilar uchun qulay shaklda, ruknlari mantiqan to‘g‘ri joylashtirilgan. Navigatsiyasi oson.

Saytlarning start-sahifasi sodda, yaltir-yultur emas. Masalan, kun.uz ning o‘z brend rangi hisoblangan to‘q ko‘kdan oqilona, me’yorida foydalanilgan. Sahifa atrofida, mutaxassislar tili bilan aytganda, “nafas olish uchun yetarli miqdorda havo” qoldirilgan.

 SABOQ

Milliy axborot makonida kun.uz, xabar.uz, gazeta.uz kabi yangi fenomenning paydo bo‘lishi albatta o‘quvchilar auditoriyasining tezkor va xolis xabarlarlarga bo‘lgan ehtiyojini tom ma’noda ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga xalqimizni o‘ylantirayotgan, mahalliy boshqaruv organlari rahbarlari panja ortidan qarab kelayotgan muammolarni ko‘tarib, ularning yechimini topishda faol ishtirok etmoqda.

Yillar davomida chet ellik ekspertlar va turli darajadagi opponentlarning tanqidiga uchrab, xalqaro media makonidagi O‘zbekistonning imijiga salbiy ta’sir o‘tkazib kelayotgan muammolardan biri, sir emaski, majburiy mehnat edi.

«Xabar.uz» saytining maxsus muxbiri Karimberdi To‘ramurodning katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “23 yoshli o‘qituvchining o‘limida kim aybdor?” sarlavhali maqolasi qator saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi.

Maqolaning Kun.uzda berilgan versiyasini (17 mart 2018 yil) qariyb 210 ming kishi o‘qidi. Unda mutassaddi rahbarlar bu borada o‘z va’dalarida turmagani qattiq tanqid ostiga olindi. 

Davlatimiz rahbari 13 aprel kuni Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumanida faollar ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘cha supurishga majbur bo‘layotgan o‘qituvchilar va Prezident uchun hozirlanayotgan ko‘zbo‘yamachiliklar haqida gapirganini birinchilardan bo‘lib aynan, kun.uz xabar berdi: “Yana bir bora va so‘nggi marta barcha rahbarlarni alohida ogohlantiraman: bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talaba obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Ishdan olish bilan birga o‘sha rahbar (qilmishi uchun) qonun oldida javobgar bo‘ladi”.

Davlatimiz rahbari ishga yuksak mas’uliyat, izchillik, qat’iyat bilan yondoshish,  xalqparvarlik borasida yana barchamizga ibrat ko‘rsatdilar. Ko‘p o‘tmay, Prezidentimiz tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasida mamlakatimizda majburiy mehnatni taqiqlashga bag‘ishlangan katta yig‘ilish  o‘tkazilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Hukumat qarori qabul qilindi.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Milliy jurnalistikamiz  tobora faollashib va dadillashib bormoqda.

Beruniy ALIMOV,

filologiya fanlari bo‘yicha

falsafa doktori, 

PhD.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.