Blogerlar chempionati: MUHIM E’TIROF

Bor-yo‘g‘i 5-6 yil oldin ularni yaxshi tanimasdik. Tanisak ham ertaga raqobatchi sifatida maydonga chiqishini sezmas, sezsak-da, tan olgimiz kelmasdi.
Bugun esa blogerlar professionallikda hech kimdan kam emasligini isbotladilar. Hatto biz, jurnalistlarning, ishonchli hamkorimiz va yaqin do‘stimizga aylanishga ham ulgirdilar. Eng muhimi, ular milliy axborot makonida minglab muxlislar orttirib, hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ldilar.
To‘g‘ri, aksariyat nashrlarning jurnalistlaridan farqli o‘laroq, ular ko‘proq shaxsiy fikrlarini o‘rtaga suradilar. Biroq bu kabi o‘ziga xoslik ularning dadilligidan. Xalqimiz barpo etayotgan erkin va demokratik jamiyatimizda ular o‘zlarining munosib o‘rnini topib, mustahkamlab bormoqdaki, bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida amalga oshirilayotgan jadal, izchil va samarali islohatlarga g‘oyat hamohangdir. 
Xalqaro ekspertlar tomonidan “fuqarolik jurnalistikasi” deb nom berilgan blogerlar harakati mamlakatimizda shakllandi, deyish mumkin. Buni ular ko‘targan salmoqli masala-yu muammolar aksariyat hollarda ijobiy yechimini topayotganidan ham bilsa bo‘ladi.

BLOGER VA VLOGER

Blog (ing. blog), ya’ni web log, voqea-hodisalarni aks ettiruvchi internet-jurnal, internet-kundalik ma’nosini anglatib,  doimiy ravishda yangilanadigan matn, surat yoki multimediadan iborat veb-saytdir.
An’anaviy kundaliklardan farqli ravishda blogdagi yozuvlar ommabop bo‘lib, foydalanuvchilar muallif bilan bahsga kirishishlari ham mumkin. Blog yurituvchi esa bloger.
Tarixga nazar tashlasak, birinchi blog egasi Tim Berners-Li 1992 yili internetda o‘z sahifasini ochib, unga yangiliklarni joylashtira boshlagan. 1994 yild esa Jastin Xol Links.net sahifasini, 1997 yili Deyv Vayner Scripting News, Slashdot sahifalarini ishga tushiradi va Jon Barger “weblog” (veb-log) so‘zini iste’molga kiritadi. 1999 yili  Piter Merxolz uni qisqartirib, blog deb ataydi.
 Bloger ko‘proq matn bilan ishlasa, vloger o‘z materiallarini video formatida internetga joylashtirib boradi. Bizda vlogerlik, blogerlikdan sal orqada bo‘lsa-da, dadil rivojlanmoqda.

TARMOQLAR SALOHIYATI

Ijtimoiy tarmoqlarni boshqaruvchi “Hootsuite” platformasi hamda “Social” agentligining joriy yilning yanvar oyidagi ma’lumotlariga binoan yer yuzi aholisining 53 foizi internetdan foydalanadi. Onlayndagilarning 3,2 milliardi ijtimoiy tarmoqlarga kiruvchilardir. Bu raqam bir yil davomida 13 foizga oshgan.
Bugun yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy muhim voqealar haqida rasmiy manbalar tarqatgan xabarlarni o‘qish bilan birga ular haqida ko‘zga ko‘ringan blogerlarning fikrlarini bilish ham qiziq. Zamonaviy, faol ijtimoiy pozitsiyaga ega o‘quvchi barchasidan boxabar bo‘lishni istaydi.

MUROSASIZ TANLOV

Toshkentdagi “Lotte sity” mehmonxonasida 14 iyun – Xalqaro blogerlari kuni O‘zbekiston blogerlar chempionati g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Chempionatning yakunlovchi bosqichi g‘oyat murosasiz, lekin erkin va demokratik tamoyillar asosida o‘tganini alohida ta’kidlamoq zarur. Jarayonni uch mingdan ortiq mushtariy bevosita kuzatib, blogerlarning ijodiy ishlariga o‘z fikrlarini bildirib bordi. Tanlov saytidagi maqolalar 170161 marotaba o‘qilib, 3061 izoh qoldirildi.
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Yoshlar Ittifoqi va Xabar.uz internet sayti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonda uchinchi marotaba o‘tkazilgan mazkur tanlovda jamoatchilik fikrini haqiqatan ham shakllantirishga xizmat qilgan, muayyan ijtimoiy muammolarni yechishga faol hissa qo‘shgan haqiqiy blog postlar ishtirok etdi.
2018 yilning 12 aprelida start berilgan chempionat jamoatchilikda katta qiziqish o‘yg‘otib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Sog‘lom raqobat ruhida o‘tdi va mushtariylar ajoyib bloglardan bahramand bo‘lishdi. Tanlovda qatnashgan 387 nafar blogerning qariyb besh yuzga yaqin ijodiy ishi ko‘rib chiqildi.
Chempionat hakamlar hay’atiga turli yosh va soha vakillari — bloger, kolumnist, iqtisodchi, deputat, axborot texnologiyalari mutaxassisi, pedogog, moliyachi, huquqshunos, biolog kabi kasb egalari tanlab olindi.
Tashkilotchilarning fikricha, mazkur tanlovni tashkil etishdan maqsad birinchidan yurtimizda internet-bloging sohasini va blogerlik faoliyatini rivojlantirish bo‘lsa, ikkinchidan, bugun shiddat bilan o‘zgarib, dunyoni boshqarib borayotgan axborot almashinuvi davrida ijtimoiy mas’uliyatli blogerlarni rag‘batlantirishdir. 

OLDINGILARGA O‘XSHAMAS

Taniqli jurnalist, xabar.uz sayti bosh muharriri Jamshid Niyozovning ta’kidlashicha, chempionat uch bosqichda o‘tgan va finalga 21 ijodiy ish kelib tushgan.
— Bu galgi chempionat avvalgilaridan juda farq qildi, — deydi Jamshid Niyozov. — Eng avvalo, ishtirokchilar soni ancha ko‘paydi. Yurtdoshlarimiz muayyan munosabat bilan o‘z fikrini bildirar ekanlar, yengil-elpi yo‘llardan qochib, o‘zganing fikriga hurmat bilan qarashga   o‘rganib bormoqdalar. Jamiyatimizda fikr aytish mas’uliyati va madaniyati sezilarli darajada o‘smoqda. Bu – so‘nggi ikki yilda erishilgan  eng katta yutug‘imizdir. Ikkinchidan, blogerlar chempionatida yuborilgan ishlarning aksariyatida ilgarigidek faqat maishiy mavzularga emas, Prezidentimiz tomonidan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarning bugungi kundagi ijrosi joylarda qanday bajarilayotganiga alohida e’tibor qaratilgan.
Bizni quvontiradigani, qator blogpostlarda ko‘tarilgan muammolar tegishli sohalarning mutasaddilari tomonidan  o‘rganilib, ularni bartaraf etish borasida amaliy sa’y-harakatlar ko‘rilayotir. Bu ham chempionat jamoatchilik orasida keng aks-sado bergani, qiziqish o‘yg‘otganining yorqin namoyonidir.

G‘OLIBLAR
 

Tanlovda Adliya vazirligi mas’ul xodimi Shahnoza To‘raxo‘jaeva “Bizga turli ittifoqlar kerak” blogposti bilan birinchi o‘rinni egalladi va 15 millon so‘mlik sovrinni qo‘lga kiritdi. Ushbu blogpost katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. 100 ming martadan ortiq o‘qilgan mazkur maqolada O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining bir yillik faoliyati tahlil qilinib, mavjud muaommalarni hal etish borasida aniq takliflar berilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi huquqshunosi  Xushnudbek Xudoyberdiev “Mehnatning tagi mehnat. Rohat qachon?”,  orbita.uz ilmiy-ommabop portali adminstratori, “Farg’onaazot” zavodining yetakchi muhandisi Muzaffar Qosimov “Ortda qolib bo‘lmaydigan poyga” maqolalari uchun ikkinchi – 8 million so‘mlik sovrinlarni qo‘lga kiritdi.
To‘rt nafar bloger — Muslim Mirzajonov (“O‘zpaxtasanoat” aktsiyadorlik jamiyati matbuot kotibi), Javohir Izzatullaev (Janubiy Koreyada “Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish menejmenti” yo‘nalishi bo‘yicha magistrlik bo‘limida ta’lim olmoqda), Feruza Sattorova (bloger) va Isroil Tillaboev (Yaypan tumanidagi 65-ixtisoslashtirilgan maktabning matematika o‘qituvchisi) uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Ularga 5 million so‘mdan pul mukofoti berildi.

Beruniy ALIMOV,
filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori, PhD.