OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI BIZNESGA AYLANMASIN

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 3 avgust kuni yurtimiz ziyolilari bilan o‘tgan uchrashuvda «O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz», deb alohida ta’kidladi.

  Nazarimda, davlatimiz rahbarining ushbu so‘zlari ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan ham, mazkur sohani rivojlantirish uchun mas’ul davlat organlari, xususan deputatlik korpusi tomonidan hali yetarlicha anglab yetilganicha yo‘q. 
Globallashuv va internet tufayli dunyoda barcha narsa ochiq-oshkor bo‘lib ketdi. Ommaviy axborot vositalari haddan ziyod ko‘paydi.
Nega xaddan ziyod?
Chunki insonning axborot qabul qilish qobiliyatining chegarasi bor.
O‘zingiz o‘ylang: millionlab «uxlamaydigan» internet saytlar, kunu tun ishlaydigan yuzlab telekanallar... gazeta, jurnal, radio...
Bularning hammasini odam bolasi qachon ko‘radi, eshitadi, o‘qib ulguradi? Axir insonning jismoniy va aqliy  imkoniyatlari ming yillardan beri o‘zgargani yo‘q.  Ilgari qanday shakllangan bo‘lsa, shundayligicha qolgan-ku –bir boshi, ikki qo‘li, ikki oyog‘i, bir juft ko‘zi va yagona oshqozoni bor... 24 soatlik sutka ham shundayligicha qolgan! Shundan 8 soatida odam uxlashi, 8 soatida ishlashi, ilm o‘rganishi, boshqa bir talay ishlarni bajarishi kerak... Shunday ekan, bugungi ommaviy axborot vositalari unga taqdim etayotgan axborotni u qachon va qanday «hazm» qilsin?
Axborot liberalizmi — ommaviy axborot vositalarining behad ko‘pligi, turining xilma-xilligi, rang-barangligi, axborotning sermavzuligi – insoniyatning muhim yutuqlaridan biri. Ammo, insoniyat erishgan muvaffaqiyatlarning ayrimlari singari axborot  liberalizmi ham azbaroyi insoniyatning taqdim etilayotgan axborot uchun javobgarlikni yetarlicha anglamasligi va globallashuv asrida davlat tomonidan tartibga solishning takomillashmagani sababidan  o‘zining salbiy bo‘y-bastini ham ko‘rsatib qo‘ymoqda. Qabihlik, shafqatsizlik, zo‘ravonlik, johilligu nodonliq reklama-yu targ‘ib qilinayotgan hollar kam emas.
Umuminsoniy qadriyatlar – ezgulik, mehribonlik, go‘zallik, mehnatsevarlik, tabiat bilan uyg‘unlik, asl san’at «qaynoq axborot»ni taqdim etish orqali pul topish poygasida borgan sayin keyingi  soyaga surilib borayotir. 
Bir qarashda beozor, o‘yinqaroq, serzavq «Masha va Maymoqvoy» multseriali farzandlarimiz va nabiralarimizni nimaga o‘rgatmoqda? Yengiltaklikkami?
Zamonaviy odamlar bilan ibtidoiy maxluqlar o‘rtasidagi jangu jadalga oid jangari filmlarning mazmun-mohiyati nimada? Ular inson ruhiyatiga  qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Nima uchun otasini o‘ldirgan padarkush haqidagi axborot qonga belangan pichoq tasviri bilan saytlarga joylashtirilmoqda? Nega xojatxona xandagiga tushib ketib, hayotdan ko‘z yumgan bechoralar haqidagi xabarni qayta-qayta chop etish va saytlar reytingini ko‘tarish mumkin? Nega bunday axborotlarni yangiliklar tizmida joylashtirishning maxsus qoidalari haligacha ishlab chiqilmagan?
Qay sabab bilan aslida qo‘shiqchilik san’atidan mutlaqo yiroq, lekin studiyada elektron qayta ishlangan tovushlar va musiqasimon shovqin ostida og‘zini ochib-yopishdan boshqa ishga yaramaydiganlar birdaniga tele «yulduzlar»ga va «sanamlar»ga aylanib qolmoqda?..
Bularning barchasiga axborot faoliyatiga aynan tadbirkorlik faoliyati sifatida qaralayotgani sabab bo‘lmayaptimi?
Inson ongi, kayfiyati, dunyoqarashi, ruhiyatiga ta’sir etadigan, ma’naviy olami va shaxsini shakllantiradigan xizmatlar va unsurlar biznesning tag-zamirida qolib ketmasligi darkor. 
O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq tadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir (3-modda).
Demak, ommaviy axborot vositasi  xususiy biznes-tuzilma bo‘lsa, uning asosiy maqsadi muassislarni dividendlar bilan ta’minlash uchun foyda olishdan iborat. Amaliyotning ko‘rsatishicha, ana shu maqsadga erishish uchun bugun ommaviy axborot vositalari to‘g‘ri kelgan axborotni keng tarqatib, reytingini, demak, daromadini oshirish payida. 
Nodavlat ommaviy axborot vositalari xususiy biznes-tuzilma sifatida emas, balki nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat ko‘rsatishi zarurligini nazarda tutuvchi me’yorni qonun yo‘li bilan belgilab qo‘yish vaqti keldi, chamamda. 
NNT – ommaviy axborot vositalarining muqobil tashkiliy-huquqiy shakli aynan shunday bo‘lishi lozim. Bu o‘rinda ommaviy axborot vositalarining daromadlari, faoliyatining moddiy manbalarini hech kim cheklayotgani yo‘q. Ayni vaqtda foyda olish axborot tarqatishning pirovard maqsadi bo‘lmasligi kerak. Foyda ko‘rilishi mumkin, lekin uni muassislar o‘rtasida dividend tarzida taqsimlash mumkin emas. 
Shulardan kelib chiqib, mamlakatimizda nodavlat ommaviy axborot vositalarini biznes-tuzilma sifatida tashkil etishni nazarda tutmaydigan va umuminsoniy hamda milliy ma’naviy qadriyatlarimizga zid keluvchi axborotni tarqatishga yo‘l qo‘ymaydigan ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qilish kerak, deb o‘ylayman. 
Amaldagi qonunchilikda, xususan, ommaviy axborot vositalarida zo‘ravonlik, pornografiya, diniy ekstremizmni targ‘ib qilish, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini,  obro‘sini to‘kish va tahqirlash  taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi yangi qonunda mazkur bo‘limni kengaytirish, insonga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborotga ta’rif berish,  davlat ijroiya organlari zimmasiga salbiy axborotni tarqatganlik dalillarini aniqlash borasida ommaviy axborot vositalari ustidan monitoring o‘rnatish va qonunbuzarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish mas’uliyatini yuklash maqsadga muvofiq bo‘ladi. 
Taklif etilayotgan me’yorlar ommaviy axborot vositalari erkinligi tamoyillariga zid kelmaydi.
Insoniyat yaratilibdiki, u hamma rioya qilishga majbur bo‘lgan muayyan umumiy qoidalar asosida umrguzaronlik qiladi. Mutlaq erkinlik hech bir jamiyatda bo‘lmagan va bo‘lishi  ham mumkin emas.
O‘z avtomobilingizda siz istalgan joyga borishingiz mumkin... Siz erkinsiz! Lekin bu borada yo‘l harakati qoidalariga rioya etishga burchlisiz, bu bilan o‘zingiz va boshqalarning xavfsizligini ta’minlaysiz!
Axborot borasidagi ko‘pgina salbiy holatlar nodavlat ommaviy axborot vositalari xususiy biznes-tuzilma shaklida tashkil etilganligi bilan bog‘liqdir. Xususiy tele- va radiodasturlardagi tijorat shou dasturlari bunga misol bo‘la oladi. Ayrim davlat kanallari ham shou-biznes vakillarining badiiy sayoz kliplarini pullik asosda efirga uzatmoqda.  
Ha, mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan chuqur islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalariga oid qonunchilikni va ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatishi amaliyotini mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 3 avgustda  O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvidagi ko‘rsatmalariga muvofiq tubdan qayta ko‘rib chiqish mavridi kelgan ko‘rinadi.

Farhod QURBONBOYEV,
iqtisod fanlari nomzodi,
“Soliq va bojxona xabarlari»
gazetasi bosh muharriri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.