Maqsad — dunyoni zabt etish

Gazetamizning o‘tgan sonida tadqiqotchi Parvina Omonovaning mamlakatimizning xalqaro maydondagi imkoniyatini yanada yaxshilash, ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish xususidagi mulohazalarini chop etgan edik. Bugun shu mavzuni taniqli olim davom ettiradi.

Bugungi globallashuv davrida axborot makonlari va manbalari ko‘paygandan ko‘payib, ommaga tezkor, yangi-yangi axborotlarni yetkazish muhim o‘ringa chiqmoqda. Bu jarayonda media bozorlar o‘rtasidagi raqobat kuchayib, iste’molchi uchun tanlash va saralash imkoniyati kengayib borayotir. Ammo bu axborotlarning qay darajada xolis va haqqoniyligi kishini mushohadaga chorlaydi.
Bugun bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish va axborotni har qanday noxolisliklardan himoya qilish muhim masalalardan biri bo‘lib turibdi. Ayniqsa, axboriy telekanallar oldida.
Bir yildirki, Prezidentimizning 2017 yil 2 mayda qabul qilingan Milliy teleradiokompaniya tarkibida “O’zbekiston 24” axborot-tahliliy teleradiokanali faoliyatini tashkil etish va  tuzish to‘g‘risida”gi qarori asosida, “O’zbekiston 24” telekanali mamlakatimiz va dunyoda ro‘y berayotgan voqealar bo‘yicha auditoriyani tunu kun muhim yangilik va xabarlar bilan ta’minlayapti. Nazarimizda, eng muhim jihat ham shu. Chunki tomoshabinlarda yangi axborotlarga ehtiyoji ortib bormoqda.
Aytish joizki, telekanal qisqa vaqt ichida auditoriyaga yangiliklarni tezkor yetkazib berish borasidagi amaliy ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘ydi. Bunga kanalning kechki hamda kunduzgi dasturlarini kuzatganda to‘la, ishonch hosil qilish mumkin. Albatta, ishning boshlanishida telekanalga yangicha qiyofa va chuqur mazmun kasb etish oson kechmadi. Chunki O‘zbekiston televideniesi tarixida 24 soat davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqish, ko‘rsatuvlarni uzluksiz tarzda uzatish tajribasi hali shakllanmagan edi. Boshlanishida ko‘rsatuvlarni tayyorlab, efirga tezkor uzatish jarayonida ba’zida texnik nosozliklar ham bo‘ldi, ammo ular vaqt o‘tishi bilan iziga tushdi.
Telekanal ko‘rsatuvlarida aholini qiynayotgan muammolar, dolzarb masalalarni muhokama qilish, hal etish uchun davlat organlari va tashkilotlarning mutasaddi rahbarlari, ekspertlar hamjamiyati va akademik doiralar vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etish, auditoriyaning yanada kengayishiga xizmat qilayotir. Shuningdek, boshlovchilarning ko‘rsatuvlarni jonli, emin-erkin, rasmiyatchiliksiz olib borayotganligini ham e’tirof etish lozim. 
Telekanalning tahliliy dasturlari haqida so‘z ketganda, sharhlovchilarning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, fan, sport va yana boshqa qator mavzulardagi sharhlari o‘ziga xos tarzda efirga olib chiqilmoqda.
 Misol uchun, joriy yilning 29 may kungi “Axborot 24” informatsion-tahliliy dasturida mamlakatimiz va xorijdan olingan muhim xabarlar, telekanal muxbirlari tomonidan tayyorlangan sharh, lavha, intervyu, reportaj, hisobotlar joy olganligining guvohi bo‘ldik. Dastur davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Rosatom” davlat korporatsiyasi Bosh direktori Lixachyov bilan uchrashuvi haqidagi reportaji, jurnalist Akbar Xolmamatovning “Obod qishloq” Davlat dasturi asosida Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari haqidagi, poytaxtimizda o‘tgan O‘zbekiston – Xitoy biznes forumidan tayyorlangan reportaj va bir necha yangiliklar ko‘rsatuvni boyitdi. Dasturda tajribali telejurnalist Mahmud Oripovning O‘zbekistonning chetga eksport qilinayotgan mahsulotlari lavhasi ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi. Ko‘rsatuvda mamlakatimizning xorijga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlari, bu borada olib borilayotgan ishlar haqida to‘liq ma’lumot berilib, xorijiy mutaxassislardan ko‘plab fikr-mulohazalar olingani bu ishlar ko‘lami, salmog‘ini ko‘rsatib berdi.
Dasturdan joy olgan keyingi lavha ham dolzarb, desak xato bo‘lmaydi. Jurnalist Navro‘z Rizaev tomonidan tayyorlangan lavhada yurtimizda yaponiyalik yo‘l quruvchilar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Gulnoza Murodovaning “Bolalar festivali”dan tayyorlagan lavhasi ko‘rsatuvni qiziqarli chiqishiga zamin yaratdi.  Bunday xilma-xil janrlarda tayyorlangan dolzarb mavzulardagi lavhalar mazmuni va sifati, yangiliklarga boyligi bilan tomoshabinni o‘ziga jalb etadi.
Qayd etish kerakki, telekanal ish boshlagach, yosh kuchlar kirib keldi. Jamoada  qaynoq ijodiy muhit shakllandi. Muxbirlarning tezkor axborot yetkazib berish, yangilikka intilish, muammoni ko‘tarib chiqish barobarida, avvalgidek suhbatdoshiga mikrofonni tutib, ikki og‘iz gapini yozib olish emas, qizg‘in ish jarayonida yonma-yon, emin-erkin muloqot asosidagi lavhalari millionlab muxlislarga manzur bo‘lmoqda.
Hozir mamlakatimiz aholisining aksariyat qismi kechki “Axborot 24” informatsion dasturi va kunduzi bir necha marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqadigan “Yangiliklar 24”ni tomosha qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunda viloyat muxbirlarining ham hissasi bor.
“O’zbekiston 24”ning viloyatlardagi muxbirlari ijodiy faoliyatida ham ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayapti. Sanobar Boymurodova (Qashqadaryo), o‘ayratbek Sirojiddinov (Andijon), Lutfulla Shomurodov (Samarqand), Faxriddin Ubaydullaev (Navoiy), Rustam Norqulov (Surxondaryo), Akbar Xolmamatov (Jizzax), Elyor Abdulvohidov (Namangan), Intizor Matchonova (Xorazm)ning joylardan tayyorlayotgan reportajlari barchaga manzur bo‘lmoqda. Ularning chekka qishloqlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, turli sohalarda kechayotgan ulkan islohotlar, odamlarimiz fikri, ongidagi o‘zgarishlar haqidagi lavhalari tomoshabinni befarq qoldirayotgani yo‘q.
Birinchi bo‘lib, “O’zbekiston 24” telekanali maxsus muxbirlari AQSh, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Frantsiya, Qozog‘iston, Turkmaniston va boshqa uzoq-yaqin davlatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatuvlar olib bordilar. Xorijdan axborot berish, reportaj tayyorlashda ilk qadamlar tashlandi. Ajab emas, yaqin orada boshqa ommaviy axborot vositalari ham xorijda doimiy faoliyat yuritadigan ana shunday muxbirlariga ega bo‘lsa.
Qisqacha aytganda, bugun tomoshabinlar mamlakatimiz va jahonda ro‘y berayotgan yangiliklardan tezkorlik bilan xabardor bo‘lmoqda. Bunda dunyoni zabt etayotgan, axborot maydonida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan, “O’zbekiston 24” telekanalining munosib hissasi bor.

Yusufjon HAMDAMOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.