Savatdagi suv

Kitobxon xalqning farzandlarimiz. Bobolarimiz, momolarimizdan kitoblar kam bo‘lgan davrlarda ularni qo‘lma-qo‘l qilib, jam bo‘lib o‘qiganlari haqida, muqovalari sarg‘ayib, titilib ketganda ham avaylab-asraganliklari to‘g‘risida eshitganmiz. Bugun mustaqillik sharofati bilan kitob nashr qilish ishlari rivojlandi, mamlakatimiz nashriyotlarida chop etilgan kitoblar nafaqat mamlakatimiz balki xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda ham yuqori baholanmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni tanqidiy tahlil qilish va muammolarni bartaraf etish yo‘li bilan yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida dasturilamal bo‘lmoqda.
Tabiatda har bir chechakning o‘z o‘rni bo‘lganidek, kitoblarning ko‘p va rang-barang bo‘lgani ham bir jihatdan yaxshi. Biroq, oldi-qochdi, yengil-elpi gaplardan iborat, o‘quvchining ma’naviy dunyosi va badiiy didini o‘stirishga emas, balki pasaytirishga xizmat qiladigan saviyasiz nashrlarning borligi ham sir emas. Shu bois farzandlarimizda tanlab o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga jiddiy e’tibor zarur. Farzandlarimizga “shirinlikni ko‘p yema, yoqmaydi”, “sovuq suv ichma, tomog‘ing og‘riydi” deb ogohlantiramiz-u, ularning ruhini oziqlantiruvchi manbalardan nimani o‘qiyotgani, nimani o‘qimagani ma’qulligini eslatib turishni unutib qo‘yamiz.
Xalq orasida “Kitob ko‘rgan odam” degan ibora bor. Bu ilmli, oq-qorani farqiga boradigan odam degani. Barkamol avlod tarbiyasi barchamizning dolzarb vazifamiz ekan, komil insonni kamol toptirishda yaxshi ota-ona va yaxshi o‘qituvchi bilan birga yaxshi kitobning ham o‘rni beqiyosligini unutmasligimiz lozim.
Ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlarining fondini o‘quv adabiyotlari bilan birga badiiy adabiyotlar bilan ham boyitish kerak. Chunki, bo‘lg‘usi mutaxassisning nafaqat kasb egasi, balki ma’nan barkamol inson bo‘lishidan manfaatdormiz.
Ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor faxr tuyg‘ularini his qilish bilan bir qatorda zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish keng jamoatchilikning, birinchi navbatda ijodkor ziyolilarning ham vazifasidir.   
O‘qishdan to‘xtagan fikrlashdan to‘xtaydi, deydi buyuklar. Yashirishning hojati yo‘q. Istiqlolning dastlabki yillarida ko‘pchiligimiz tirikchilik tashvishlari bilan andarmon bo‘lib, kitobdan bir muncha uzoqlashgandik. Shukur, bugun ruhimizni oziqlantirish, ma’naviyatimizni yuksaltirishga e’tibor har qachongidan katta.
Rivoyat qilishlaricha, bir otaxon nabirasi bilan daryo bo‘yida yashar ekan. Nabira har tong bobosining kitob o‘qib o‘tirganini ko‘rar va sekin yoniga borib, unga quloq solar edi. Bora-bora o‘zi ham o‘qishni o‘rgangan nabira kunlarning birida shunday debdi:
— Bobo, men ham sizdek o‘qiyman, ammo ma’nosini tushunmayman. O‘qiganlarim tezda yodimdan chiqib ketadi. Bunday o‘qishdan nima foyda? 
Bobo savatdagi ko‘mirni pechga solib, nabirasini yoniga chaqiribdi:
— Mana bu savatni ol-da, daryoga borib, bir savat suv keltir.
Nabira bobosining aytganini qilibdi, ammo uyga qaytguncha suv savatdan oqib ketibdi. Bobosi kulib — debdi.
— Keyingi safar tezroq yurishingga to‘g‘ri keladi.
Bola bu gal daryodan suvni oliboq, uyga yuguribdi, lekin suv yana oqib ketibdi.
Bola hansirab kelib:
— Bobo, savatda suv keltirib bo‘lmaydi! — debdi.
— Harakatim behuda ketdi, deb o‘yladingmi, bolam? Savatga bir qaragin.
Savatga qaragan bola ko‘mir solinadigan qop-qora, kir va eski savatning ichi va tashi toza bo‘lganini ko‘ribdi. Shunda qariya unga:
— Bolajonim, sen kitob o‘qiganingda ham shunday hol yuz beradi. Sen hech narsa tushunmasliging yoki eslab qololmasliging mumkin, lekin uni o‘qiganing sari ruhiyatingni poklab boraverasan, — degan ekan.
Bugungi kunga kelib kitob o‘qish kamaygani ham nisbiy gap, aslida. Boz ustiga, buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Teletomoshalar, videofilmlar, seriallar, internet, soni tobora ko‘payib borayotgan kundalik va xaftalik nashrlar borki, insonlar ular orqali ham nimadir olishga harakat qilyapti va ko‘pincha izlaganini topyapti ham. Qolaversa, zamon shitobi tez, hamma xarakatda, vaqt masalasi ham muammo. Kitoblarning ko‘pligi ham kitobxon uchun sarasini ajratib olishga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shularga qaramay, yaxshi kitoblar do‘kon peshtaxtalarida qolib ketmayotgani ko‘ngilga biroz bo‘lsa-da, taskin beradi.
O‘ylaymanki, tizimli targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va ixlosmandlarda tanlab o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Andijon viloyati
Habib SIDDIQ

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.