Savod g‘ovlab ketganda

Odatda biron so‘zning yozilishi xususida bahs ketsa, kitoblar  yoki gazetalardan mazkur so‘z axtarib topiladi. Shunga qarab uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yozilgani aniqlanadi. Chunki, odamlar orasida kitob yoki gazetada so‘z xato yozilishi mumkin emas, degan tushuncha mavjud.

Navoiy viloyatidagi Alisher Navoiy nomli nashriyot tomonidan chop etilgan yosh shoirlarning she’riy to‘plamlarini, tadqiqotchi olimlarning asarlarini ko‘zdan kechirayotib, ayrim texnik kamchiliklar va imloviy xatolar e’tiborimni tortdi.

Tilshunos olim Mahmud Ravshanovning “Semiotika va til birliklari xususiyatlari” monografiyasini o‘zbek tilshunosligi takomili yo‘lidagi yangi tadqiqot deyish mumkin. Ammo kitob muqovasida “birliklari” so‘zi “biriliklari”, so‘nggi varag‘ida esa “birikliklari” shaklida yozilibdi. Muqovada “semiotika” atamasi “semioteka”, chiqish ma’lumotlarida “semoitika” tarzida bitilgan. Balki, “semiotika” atamasining uch xil ko‘rinishini navoiylik noshirlar kashf etishgandir, yana kim bilsin...    

Kitobda “Monografiya Navoiy konchilik instituti Kengashida (2018 yil 30 aprel 8 bayonnoma) tasdiqlangan” degan izoh bor. Qiziq, bu monografiya Konchilik institutining qaysi Kengashida tasdiqlangan ekan, bilolmadim. Tilshunoslikka oid kitobning ahvoli shu bo‘lsa, qolganini varaqlashga ham yurak bezillab qolarkan. 

Nashrga mas’ullar ro‘yxatida “Badiiy texnik muharrir: Sanobar Shasimova”ning ismi bor, xolos. Axir texnik xodim ham badiiy, ham bosh muharrirning vazifasini bajarishi mumkin emasligi kundek ravshan-ku! 

Shundan so‘ng nashriyotda ishlovchilarning mutaxassisligi va ixtisosligi bilan qiziqdim. Ajab, buni qarangki, 5 nafar xodimning (rahbardan tashqari) to‘rt nafari o‘rta maxsus ma’lumotli, ulardan biri 15 yillik tajribaga ega hamshira, biri avtomobil transporti ishchisi, biri  texnik va yana biri esa soliq mutaxassisi ekan...    

O‘zimcha, balki noshirlar til-adabiyot sohasidan ko‘ra aniq fanlarga oid mavzuda ustamonroqdir, deb o‘yladim. Harholda diplom bo‘yicha mutaxassisliklariga qarab, shunday o‘yga borish mumkin edi. 

Nashriyot tomonidan 2017 yilda chop etilgan N.Ashurovaning “O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sish sharoitida tadbirkorlik faoliyatini soliqlar vositasida rag‘batlantirish” risolasini varaqlay boshladim. 

Ochig‘ini aytsam, mazkur risola bir qaraganda risoladagidek, ammo... Kitob muqovasida muallif nomi “Ashurova N.B.” tarzida, birinchi betda “N.B.Ashurova” va chiqish sahifasida “Ashurova Nasiba Batirovna” tarzida (ism va familiyasi qo‘shilib) yozilgan.

Internet manbalari asosida tayyorlangan risola 132 betdan iboratligi ko‘rsatilgan. Aslida uning sahifalari ko‘proq, ya’ni 144 betni tashkil etadi. Ajablanarlisi, 85-betdan boshlab sahifalar ketma-ketligi o‘ta qo‘pol ravishda buzilgan (85, 88, 90, 89, 92, 94, 93, 96, 95, 98, 97, 100, 99, 102, 99, 104, 101, 106, 103, 108, 105, 110,105, 112, 107,....... va nihoyat 133, 142, 135, 144 bilan yakunlanadi).  

E’tiborsizlik va loqaydlik oqibatida kitobning ichki sahifalaridagi sarlavhalar  jiddiy xatoliklar bilan yozilgan. Jumladan, 101-betdagi sarlavha “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatinisoliqimtiyozlari qali rag‘batlantirishning amaldagi holati tahlili” tarzida berilgan (aslida: “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini soliq imtiyozlari orqali rag‘batlantirishning amaldagi  holati tahlili” deb yozilishi kerak). 100-betdagi sarlavhada so‘zlar “Boshqa majburiy to‘lovlarbo‘yicha tushum ko‘rsatgichlari” yoki 88-betdagi sarlavha “Soliq hisobot shakllarini va soliq hisobotlarini taqdim etish davriyliginiqisqartirish bo‘yicha taqqoslama jadvaltahlili” shaklida qo‘shib yozilgan.

Risolaning poligrafik tayyorlanishidagi sifatsizlik oqibatida 100-betdan keyingi sahifalaridagi yozuvlarni o‘qib bo‘lmaydi. Harflar chaplanib-bo‘yalib ketgan, buning ustiga, ayrim betlar davlat standarti talabiga javob bermaydi.

Xullas, ulug‘ bobokalonimiz nomi bilan ataladigan nashriyotdan chiqqan o‘nga yaqin kitobni ko‘rib, uni o‘qiydiganlarga achindim. Ular bu kitobdan nima o‘rganadi? Savodsizlik cho‘qqisiga chiqish yo‘l-yo‘riqlarinimi?..

Dilshod  MUHAMMAD RAJAB

Jurnalist

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.