Xalqaro sharhlar ishonarlimi?

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi tomonidan Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu savolga javob berildi.

 

Tadbirda mamlakatimizning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov, Xalqaro sharhlovchilar kengashi raisi Qobilbek Karimbekov va boshqalar mamlakatimiz imijini xalqaro maydonda shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va xalqaro tajriba, shuningdek, xalqaro sharhlarni tayyorlashda qo‘yiladigan talablar samaradorligi, ta’sirchanligini oshirish to‘g‘risida  so‘z yuritishdi. 

Anjumanda xalqaro jamoatchilik bilan aloqalar, internet tarmog‘ida jurnalistlar odob-axloq me’yorlariga amal qilish qoidalariga oid masalalar bo‘yicha fikr almashildi. 

— Dunyo hamjamiyatida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir, — dedi Qobilbek Karimbekov (suratda chapda). — Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalariga asoslanadi. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqaro sharhlarni berishda ana shu omillarga amal qiladi. Xorijiy davlatlar hayotiga oid siyosiy voqealar mohiyatini to‘la anglamagan holda sharhlash keskin vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ehtiyotkorona yondashuv va har bir so‘z mas’uliyatini his qilish xalqaro sharhlovchining zimmasidagi mas’uliyat hisoblanadi. Bu borada bugungi yosh sharhlovchilar ustozlardan tajriba o‘rganishga qunt qilishlari zarur. Kengash faoliyatini rivojlantirish bevosita xalqaro sharhlarni yorita oladigan  jurnalistlarni tayyorlashga yordam beradi.

Yig‘ilishda terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalar kontrabandasi, ekologik inqirozlar bilan bog‘liq muammolarning dolzarbligi oshib borayotgan, ular haqida har kuni xorijiy ommaviy axborot vositalarida bong urilayotgan hozirgi davrda milliy matbuotimizda ayni mavzulardagi  chiqishlar ozligi aytib o‘tildi. Mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan teng huquqli, do‘stona munosabatlarining tobora mustahkamlanib borayotgan yo‘nalishlari keng va tahliliy aks ettirilgan materiallarga o‘quvchilarda katta ehtiyoj bor.

— Davlatimiz rahbari rahnamoligida tashqi siyosatda, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarimiz mustahkamlanmoqda, — deydi “Dunyo bo‘ylab” telekanali bosh muharriri o‘ofur Jamolov (suratda o‘ngda). — Yillar davomida xalqimizni bezovta qilib kelgan muammolar o‘z yechimini topmoqda. Kimgadir bu ishlar oson hal bo‘layotgandek tuyulishi mumkin, biroq unday emas. Erishilayotgan yutuqlarni xalqimizga to‘g‘ri va tahliliy tushuntirish borasida xalqaro jurnalistlarimiz faol bo‘lishlari lozim. Ko‘cha-kuyda odamlar dunyoda bo‘layotgan voqealarni ko‘p muhokama qiladi. Bu — tabiiy. Biroq, ularning gaplariga quloq tutsangiz, xorijiy ommaviy axborot vositalari nuqtai nazaridan kelib chiqib jarayonga baho berayotganiga guvoh bo‘lasiz. Bu milliy ommaviy axborot vositalarimizning eng katta yutqizig‘i. Chunki biz  xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga O‘zbekiston pozitsiyasidan kelib chiqib, zarur axborotni yetkazib berolmayapmiz. Yoki bizning sharhlarimizdan tomoshabin o‘zi uchun zarur ma’lumotni ololmayapti, desak xato bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, kengash xalqaro sharhlovchilarning yangi avlodini tarbiyalashda ko‘makchi bo‘ladi.

Anjumanda xalqaro sharhlovchilar maktabini shakllantirish va kengash faoliyatini rivojlantirishga doir aniq yo‘nalishlar belgilab olindi. 

 

Jobir RAZZOQOV

Sholaziz Shoxidoyev fotosi

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.