«Fransiya hukumati gazetalarga moliyaviy ko‘makni ko‘paytirmoqda» Fransuz jurnalisti Regis JENTE bilan suhbat

— Janob Jente, avvalo, o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz, Frantsiyaning qaysi gazetalari bilan hamkorlik qilasiz? Ko‘proq qaysi mavzularda yozasiz? 

 — Yoshim ellikda, 2002 yildan buyon Gruziya poytaxti Tbilisida Frantsiya matbuoti uchun frilanslik qilib kelaman. Shu vaqt oralig‘ida men Markaziy Osiyo mamlakatlarida, jumladan, Olma-ota va Bishkekda ikki yil yashadim. MDHdagi davlatlar hayotini yoritaman. Asosan, Frantsiyaning «Le Figaro» kundalik gazetasi uchun maqolalar yozaman, bundan tashqari, mamlakatning yetakchi xalqaro radiosi Radio France Internationale hamda boshqa ommaviy axborot vositalari bilan ham hamkorlik qilaman. Aksariyat maqolalarimda MDH mamlakatlarida yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni yoritaman. Masalan, oxirgi yozganlarimdan biri Gruziyadagi prezidentlik saylovi haqida edi. Markaziy Osiyodan yozgan so‘nggi maqolam Tojikistondagi Rog‘un gidroelektr stantsiyasining rasmiy ochilishi haqida bo‘ldi. Avvalroq, ya’ni, mart oyida Toshkentda ham bo‘ldim va Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha o‘tkazilgan  konferentsiyani yoritdim. Shuningdek, Rossiya, Kasbiy ko‘rfazi atrofidagi hududlar va Ukrainadagi gaz va benzin muammolari kabi mavzularni ham yoritdim.     

— Ayni vaqtda O‘zbekistonda bosma nashrlarning iqtisodiy ahvoli va obuna masalasi dolzarb mavzulardan biriga aylangan.  Frantsiyada ham shu kabi muammolar mavjudmi?  

— Ha, albatta. Frantsiyada ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy holati  O‘zbekistondagi vaziyatdan shubhasiz farq qiladi, ammo muammo deyarli o‘xshash. Frantsiyadagi matbuot haligacha “internet inqilobi”dan keyin yuz bergan o‘zgarishlarga moslasha olmayapti, ya’ni internetdan tekinga topish mumkin bo‘lgan axborotni gazetalar qanday qilib odamlarga sotish yo‘lini topa olmayapti. Albatta, men bu yerda bosma matbuot haqida gapiryapman. Masalan, telekanallardagi vaziyat butunlay boshqacha. Yana bir narsani ta’kidlashni istardimki, hozirgi bosma nashrlardagi inqirozning asl sababi faqat internet bilan bog‘liq emas, balki 2008 yilda rivojlangan davlatlarda boshlangan global moliyaviy va iqtisodiy inqiroz oqibatidir. Natijada bosma nashrlarning ommabopligi, reklama va e’lon beruvchilar uchun jozibadorligi kamayib, iqtisodiy ahvoli keskin yomonlashdi. Buni, so‘nggi ikki yil ichida bosma nashrlarning daromadi olti-etti foizgacha tushganidan ham bilish mumkin. 

Frantsiyada ham gazetalar faqat obuna hisobiga yashab qola olmaydi albatta. Reklama beruvchilarning hissasi muhim. Misol uchun «Le Monde» gazetasining 25 foiz byudjetini reklama tashkil qiladi, «Le Figaro» gazetasida esa bu raqam 50 foizdir. Ushbu ko‘rsatkich turli nashrlarda ularning yo‘nalishiga qarab turlichadir. Ayrim kundalik eng yirik gazetalar, masalan men ishlaydigan «Le Figaro» ba’zan iqtisodiy qiyin ahvolda qoladi, ammo ko‘pincha qiyinchiliklarni yengib o‘tadi. Agar gazetalarning sotilishi statistikasi haqida gapirsak, «Le Figaro» va «Le Monde» gazetalarining sotilishida 0,72 va 1,75 foiz o‘sish kuzatilgan. Biroq tarixan Parijning eng yirik uchta gazetasidan biri hisoblangan «Libereyshn» tobora tanazzulga uchramoqda. Uning sotilishi 2017 yilga nisbatan bu yil 8,16 foiz pasaygan. Afsonaviy sport nashri «El Ekuip»ning sotilishi 4,3 foiz  o‘sgan. Biroq Frantsiyaning siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etishi bilan mashhur haftalik jurnallar sotuvi tobora kamaymoqda. Masalan, «El Ekspress»ning sotilishi 13 foiz, «Le Point» 7,5 foiz hamda «El Obs» 19 foiz kamaygan. Muayyan bir soha, masalan, madaniyat, san’at, sport va ermak-hobbilar bo‘yicha yoki turli hayotiy-amaliy maslahatlar beruvchi jurnallar, shuningdek, mahalliy ro‘znomalar ham haligacha yaxshi natijalarga erishib kelmoqda. 

— Frantsiyadagi aksariyat gazetalar xususiy. To‘g‘rimi?  

— Mamlakatimizdagi barcha gazetalar xususiy, lekin ular hukumat yordamidan foydalanadi. Hukumatning bu yordami 1796 yildan (Frantsiya inqilobidan keyin) boshlangan. Ommaviy axborot vositalarida ko‘pfikrlilik muhitini yuzaga keltirish uchun xususiy gazetalarga yordam maxsus imtiyozli pochta tariflari joriy etish orqali hal qilingan. Pochta hukumat tashkiloti bo‘lgani uchun matbuotga qonunan  imtiyozli tarif belgilagan va bu hozirgacha amal qiladi. Bundan tashqari, yordamning boshqacha turlari ham mavjud, masalan, soliq va ijtimoiy imtiyozlar taqdim etish, ba’zan bevosita, ba’zan bilvosita ko‘mak ko‘rsatish kabi. 

Internet inqilobi tufayli inqirozga yuz tutgan bosma matbuotning og‘ir vaziyatdan chiqib ketishi uchun Frantsiya hukumati gazetalarning siyosiy qarashlaridan qat’i nazar ularning barchasiga ko‘mak berishni ko‘paytirmoqda. 2017 yili hukumat bosma matbuotni qo‘llash uchun 580 million yevro ajratdi, lekin yana boshqa yordamlarni ham hisobga olganda, davlatning jami moliyaviy ko‘magi 1,8 milliard yevroni tashkil qildi.  

 — Ushbu yordamlarga qaramay bugungi kunda  aksari aholi onlayn o‘qishni afzal ko‘rayotgani gazeta-jurnallarni yanada qiyin ahvolga solib qo‘ymaydimi?  

— Davlat ko‘magi muhim, albatta. Lekin bosma nashrlarning o‘zlari ham qarab turgani yo‘q. Ular ko‘pincha yangi jurnallar chop etish, yakshanba sonlarini chiqarish kabi mushtariylarga yangi mahsulotlar taklif etyapti va ayni paytda nashrning tarixiy mashhur nomi foyda bermay qolganda, ko‘proq daromad keltiradigan boshqa jurnallarni sotib olmoqda. Bundan tashqari, ular gazetalarning internet sahifalarini ham yaratmoqda hamda bir paytda bosma nashr va vebsahifa uchun yozadigan jurnalistlarni jalb qilmoqda. 

Misol uchun, «Le Monde» o‘zining tarixan jiddiy va sifatli gazeta degan obro‘siga sodiq qolgan holda faoliyat ko‘rsatmoqda. 2010 yili gazetada 310 nafar jurnalist faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2017 yilga kelib ularning soni 430 nafarga yetdi. Maqsad o‘quvchilarni onlayn maqolalarni pul to‘lab o‘qishga jalb qilishdir. Ularning marketing bo‘limi juda kuchli, turli ko‘rinishdagi obunalar orqali o‘quvchilarni o‘ziga tortib olmoqda. 2017 yili «Le Monde» onlayn obunachilar sonini 44 foizga oshirishi tufayli gazetaning o‘quvchilari soni keskin oshdi. Bugungi kunda «Le Monde»ning onlayn obunachilari soni gazetaning bosma nashridan ko‘ra ko‘proqdir. Bundan tashqari, «Le Monde» gazeta uchun pul topishning boshqacha strategiyasini ham qo‘llayapti. Masalan, dolzarb mavzularda anjumanlar uyushtirish yoki Afrikaga bag‘ishlangan internet telekanali ochish. Chunki, «Qora qit’a» frantsuz matbuoti uchun hamisha yirik bozor bo‘lib kelgan.   

— Bugun axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir paytda frantsuzlar yangiliklarni o‘qish uchun qo‘liga gazeta olishni ma’qul ko‘ryaptimi yoki  smartfonini titkilashni? 

— Ha, zamon o‘zgarmoqda. Biroq yoshi katta avlod vakillari haligacha gazeta hidini yaxshi ko‘radi va kundalik gazetani sotib olish uchun matbuot do‘konlariga borishni kanda qilmadi. Albatta, yosh avlodda «gazeta hidi» degan tushuncha yo‘q va ular  yangilik o‘qish uchun telefon yoki kompyuterini titkilaydi. O‘zimga kelsak, o‘n yil avval onlayn tarzda o‘qishni xush ko‘rmas edim, lekin hozir gazetalarning qog‘oz nusxasini deyarli sotib olmayman.         

— Sizning fikringizcha, yaqin yillarda bosma nashrlarining taqdiri nima bo‘ladi?

—O‘ylaymanki, bosma nashrlarning kelajagi to‘la onlaynga o‘tish bilan bog‘liq. Fikrimcha, kelajakda  bosma nashrlar umuman qolmaydi. Lekin bunga fojia deb qaramaslik kerak. O‘rmonlarni yoppasiga kesib, qog‘oz qilishga zarurat qolmaydi va atrof-muhitga zarar kamayadi. Biroq, umid qilamanki, bosma nashrlarning ruhi, ya’nikim, jiddiy maqolalar, jurnalist tekshiruvi, sharhlar, voqealar sodir bo‘layotgan joydan reportajlar tayyorlash yanada rivojlanadi.

Farzona NABIYEVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2019
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.